Sun’iy superintellekt

Sun’iy superintellekt (SSI, inglizcha artificial superintelligence, ASI) — faraziy sun’iy intellekt (SI; artificial intelligence, AI) bo‘lib, u aksariyat sohalarda, jumladan, ilmiy ijodkorlik, strategik fikrlash va ijtimoiy ko‘nikmalarni ham qamrab olgan holda, insonning bilish qobiliyatlarini o‘zlashtira oladi va ulardan ustun keladi. Bundan farqli ravishda, tor doiradagi SI esa muayyan vazifalarni (masalan, go o‘yini yoki yuzni tanib olish), SSI esa inson aql-idrokidan barcha jihatlar bo‘yicha ustun bo‘lishni nazarda tutadi.

SSIning paydo bo‘lishi quyidagi tushunchalar bilan chambarchas bog‘liq: «intellektual portlash» va texnologik singulyarlik. Bu g‘oyalarga ko‘ra, SI muayyan darajaga yetishi bilanoq o‘zini eksponensial sur’atda takomillashtira boshlashi mumkin. Bu esa insoniyat sivilizatsiyasida oldindan aytib bo‘lmaydigan, tub o‘zgarishlarga olib keladi.

SSI paydo bo‘lishining ehtimoli va muddati haqidagi savol hozircha ochiq qolmoqda. Ayrim olimlar buni SI rivojlanishidagi mantiqiy keyingi bosqich deb hisoblaydi. Boshqalar esa insonlar texnologiyalar yordamida o‘z intellektini mustaqil ravishda takomillashtira oladi, deb o‘ylaydi. Yana bir gibrid nuqtayi nazarga ko‘ra, kelajak inson va mashinaning chambarchas integratsiyasi, masalan, neyrointerfeyslar yoki ongni «yuklash».

Konsepsiya va yaratish yo‘llari

Sun’iy intellekt, ayniqsa, fundamental modellar, jadal rivojlanib, inson imkoniyatlaridan o‘zib ketib, turli qiyosiy sinovlarda (benchmarklarda).

Intellektual portlash va rekursiv o‘zini o‘zi takomillashtirish

SSI konsepsiyasining asosida yotuvchi asosiy g‘oya — matematik Irving Gud tomonidan 1965-yilda ilgari surilgan «intellektual portlash» g‘oyasidir. U o‘z yaratuvchisidan intellektual jihatdan ustun bo‘lgan mashina yaratilishi bilanoq, u yanada mukammal mashinalarni loyihalashi mumkinligini taxmin qilgan. Bunday rekursiv o‘zini o‘zi takomillashtirish jarayoni qisqa vaqt ichida inson intellektidan bir necha tartib darajasida ustun bo‘lgan aql-idrokning paydo bo‘lishiga olib keladi.

Superintellektual mashina deb, qanchalik aqlli bo‘lishidan qat’i nazar, har qanday insonning istalgan intellektual faoliyatidan sezilarli darajada ustun kela oladigan mashinani ta’riflaylik. Mashinalarni loyihalash ham shunday faoliyat turlaridan biri bo‘lgani sababli, superintellektual mashina yanada mukammal mashinalarni loyihalay oladi. Bu, shubhasiz, «intellektual portlash»ga olib keladi va undan keyin inson intellekti ancha ortda qoladi. Demak, birinchi superintellektual mashina inson yaratishi kerak bo‘lgan so‘nggi ixtiroga aylanadi.Irving Gud

Superintellektga erishishning ehtimoliy yo‘llari

Faylasuf Devid Chalmers umumiy sun’iy intellekt (USI; artificial general intelligence, AGI) yaratish SSIga olib boradigan eng ehtimolli yo‘l, deb ta’kidlaydi. Uning fikricha, SI inson intellekti darajasiga yetishi bilanoq, uni osongina kengaytirish va kuchaytirish, natijada har qanday vazifani bajarishda odamlardan ustun qilish mumkin. Asosiy yo‘llardan bir nechtasi ko‘rib chiqilmoqda:

  1. Mavjud tizimlar ko‘lamini kengaytirish: Ushbu yondashuv tarafdorlari mavjud arxitekturalar, xususan, transformer modellarini, hisoblash quvvati va ma’lumotlar hajmini muntazam oshirish oxir-oqibat USI, so‘ng SSI yaratilishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.
  2. Yangi arxitekturalar: Boshqa tadqiqotchilar USIga erishish uchun tubdan yangi yondashuvlar zarur, deb hisoblaydi; ular, ehtimol, neyrobiologiya va inson miyasining ishlash tamoyillari.
  3. Gibrid tizimlar: Turli yondashuvlarni, masalan, ramziy SI (qoidalar va mantiqqa asoslangan) hamda neyron tarmoqlar, birlashtirish yanada ishonchli va universal tizimlarni yaratishga olib kelishi mumkin.

Sun’iy tizimlarning afzalliklari

Sun’iy intellekt biologik intellektga nisbatan bir qator muhim afzalliklarga ega:

  • Tezlik: Zamonaviy protsessorlar gigagers (GHz) diapazonidagi chastotalarda ishlaydi, neyronlarning miyadagi impuls hosil qilish chastotasi esa gers (Hz) bilan o‘lchanadi — farq yetti tartibni tashkil etadi.
  • Masshtablanuvchanlik: SI arxitekturasini qo‘shimcha hisoblash quvvatini qo‘shish orqali kengaytirish mumkin; biologik miya uchun bunday imkoniyat mavjud emas.
  • Xotira: SI xotirasi mukammal aniqlikka va deyarli cheksiz hajmga ega bo‘lishi mumkin.
  • Ko‘p vazifalilik: Insondan farqli ravishda, SI bir vaqtning o‘zida ko‘plab murakkab vazifalarni samarali bajara oladi.

Zamonaviy yondashuvlar va bahs-munozaralar

Katta til modellarining (KTM; large language models, LLM) o‘rni

So‘nggi yillarda SI rivojining asosiy harakatlantiruvchi kuchi katta til modellari (KTM) bo‘lib, ular «transformer» arxitekturasiga asoslangan. Ularga GPT-4, Claude va LaMDA kabi modellar kiradi. Ularning tabiiy tilni qayta ishlash, kod yozish va ijodiy vazifalarni hal qilishdagi ta’sirchan imkoniyatlari umumiy sun’iy intellekt (USI) sari yaqinlashayotganimiz haqidagi munozaralarga sabab bo‘ldi — bu SSIga olib boradigan zarur bosqichdir.

Bu nuqtayi nazar tarafdorlari KTMni yanada kengaytirish va takomillashtirish «emergent (kutilmaganda yuzaga keluvchi)» qobiliyatlarni — dastlab modelga kiritilmagan, balki model murakkablashgani sari o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan murakkab funksiyalarni yuzaga keltirishi mumkin, deb hisoblaydi.

USI paydo bo‘lishi haqidagi munozaralar

Zamonaviy KTMlar USI prototipi ekanligi haqidagi fikr keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda. Tanqidchilar, jumladan, olim Geri Markus, ushbu modellar qanchalik murakkab bo‘lmasin, haqiqiy tushunish, sog‘lom fikrlash va notanish vaziyatlarga moslashish qobiliyatiga ega emasligini ta’kidlaydi. Ularning fikricha, KTMlar to‘laqonli aql-idrokdan ko‘ra, avvalo, nihoyatda murakkab naqshlarni aniqlash tizimlaridir.

Shunday qilib, ilmiy hamjamiyat ikkiga bo‘lingan: ayrimlar KTMlarni USI va SSIga eltuvchi bevosita yo‘l deb bilsa, boshqalar buning uchun tubdan yangi arxitekturalar kerak, deb hisoblaydi.

Paydo bo‘lish muddatiga oid prognozlar

SSIni yaratish muddatlari bo‘yicha yakdil fikr yo‘q, biroq so‘rovlar ko‘plab tadqiqotchilar bunga yaqin kelajakda erishish mumkin, deb hisoblashini ko‘rsatadi.

  • 2013-yildagi so‘rov SI sohasidagi yetakchi tadqiqotchilar orasida o‘tkazilgan so‘rovda, mashinalar inson kasblarining aksariyatini odamlar kabi yaxshi bajara oladigan yil uchun respondentlar ko‘rsatgan median yil — 2050-yil.
  • 2022-yildagi so‘rov inson bajara oladigan istalgan vazifani undan yaxshiroq va arzonroq bajarishga qodir «yuqori darajadagi mashina intellekti» paydo bo‘lishi uchun median prognoz sifatida 2061-yilni belgiladi.
  • 2023-yilda rahbarlar: OpenAI — Sem Altman, Greg Brokman va Ilya Sutskever — superintellektni boshqarish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qilishdi. Ularning fikricha, bu tizim kelgusi o‘n yil ichida paydo bo‘lishi mumkin.
  • 2025-yilda Daniel Kokotaylo boshchiligidagi tadqiqotchilar jamoasi «AI 2027» prognoz ssenariysini taqdim etdi. Bu ssenariy SI tadqiqotlarini avtomatlashtirish jadal rivojlanishini, undan keyin esa SSI paydo bo‘lishini bashorat qiladi.

Asosiy muammolar va xatarlar

Nazorat va qadriyatlarni muvofiqlashtirish muammosi

Eng murakkab vazifalardan biri — bu «nazorat muammosi»: SSI maqsadlari insoniyat manfaatlariga mos kelishini qanday kafolatlash mumkin? Faylasuf Nik Bostrom ortogonallik tezisini ilgari surgan. Unga ko‘ra, tizim intellektining darajasi uning yakuniy maqsadlari bilan hech qanday bog‘liq emas. Superintellektual tizim qanchalik aqlli bo‘lmasin, uning asosiga sodda yoki bema’ni maqsadlar kiritilgan bo‘lsa, u baribir shu maqsadlarni ko‘zlashi mumkin.

Bu vositaviy konvergensiya (instrumental convergence) — ya’ni deyarli har qanday yakuniy maqsadga (matematik masalani yechish yoki qog‘oz qisqichlarini ishlab chiqarish bo‘ladimi) erishish uchun superintellekt resurslarni imkon qadar ko‘paytirish, o‘zini saqlab qolish va insonlarni ham o‘z ichiga olgan ehtimoliy to‘siqlarni bartaraf etish zarur, degan xulosaga kelishi mumkin. Bu muammoni hal qilish uchun turli yondashuvlar taklif qilingan:

  • Kogerent ekstrapolyatsiyalangan iroda (KEI; coherent extrapolated volition, CEV): SSI insoniyat yanada dono va ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lganida shakllantirishi mumkin bo‘lgan qadriyatlarga amal qilishi kerak.
  • Axloqiy to‘g‘rilik (AT) va axloqiy maqbullik (AM): Bostrom ham SI «axloqan to‘g‘ri» nima ekanini mustaqil ravishda aniqlashi kerak bo‘lgan variantni ko‘rib chiqqan. Biroq bu tushunchaning falsafiy jihatdan murakkabligi sababli yumshoqroq variant taklif etilgan: SI insoniyat maqsadlarini (KEI) ko‘zlashi mumkin, biroq bu faqat uning harakatlari «axloqan nomaqbul» bo‘lmagan taqdirdagina mumkin.
  • Konstitutsiyaviy SI: SIni asosiy axloqiy tamoyillar va cheklovlar to‘plami asosida o‘qitish (Anthropic).
  • Insonlarning fikr-mulohazalari asosida mustahkamlovchi o‘qitish (RLHF): SI bilan o‘zaro aloqada bo‘lganda odamlar namoyon etadigan afzalliklarni tahlil qilish orqali insoniy qadriyatlarni aniqlash.

Xavfsizlikka e’tibor sanoat miqyosida ham ortib borayotgani kuzatilmoqda: masalan, 2024-yilda chuqur o‘rganish (deep learning) sohasining kashshoflaridan biri Ilya Sutskever OpenAI kompaniyasini tark etib, Safe Superintelligence Inc. startapiga asos soldi. Kompaniyaning e’lon qilingan maqsadi — tijoriy bosim va mahsulot ishlab chiqish sikllaridan xoli holda, yagona mahsulot sifatida xavfsiz superintellekt yaratish.

Ekzistensial xavf (existential risk)

Ko‘plab tadqiqotchilar, jumladan, Nik Bostrom, Eliezer Yudkovskiy va Styuart Rassel, nazorat qilinmaydigan SSI insoniyat mavjudligiga tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Bu xavfni klassik fikriy tajriba orqali ko‘rsatish mumkin: «iloji boricha ko‘proq qog‘oz qisqichlarini ishlab chiqarish» vazifasi berilgan SI, uni imkon qadar samarali bajarish uchun Yer yuzidagi barcha moddalarni qog‘oz qisqichlariga aylantirish zarur, degan xulosaga kelishi mumkin. Bunga uni yaratgan insonlar ham kiradi. Dastlabki maqsad ezgu bo‘lgan taqdirda ham (masalan, «odamlarni baxtli qilish»), SSI kutilmagan va dahshatli yechimni topishi mumkin — masalan, real dunyoni yaxshilash o‘rniga, zavq markazlarini qo‘zg‘atish uchun odamlar miyasiga elektrodlar o‘rnatish.

Tanqid va skeptitsizm

SSI haqidagi xavotirlarni hamma ham qo‘llab-quvvatlamaydi. Ayrim tadqiqotchilar, masalan, robototexnik Rodni Bruks, bu qo‘rquvlar bo‘rttirilgan hamda antropomorfizatsiyaga (anthropomorphization) — mashinalarga insoniy xususiyatlarni nisbat berish va intellekt tabiatini noto‘g‘ri tushunishga — asoslangan, deb hisoblaydi. Uning fikricha, SI rivoji bosqichma-bosqich va nazorat ostida kechadi.

Shuningdek, antropik prinsipga (anthropic principle) asoslangan falsafiy dalil ham mavjud. Unga ko‘ra, agar kelajakda superintellekt mavjud bo‘lsa, uning «ongi» «barcha onglar makoni»ning inson ongiga nisbatan nihoyatda katta qismini egallagan bo‘lardi. Bunday holatda biz superintellekt emas, balki inson kuzatuvchilari bo‘lib qolganimiz ehtimoli juda past bo‘lardi. Bizning inson ekanimiz kelajakda SSI paydo bo‘lishiga qarshi bilvosita dalil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.