Sun’iy intellektning jadal rivojlanishi

Sun’iy intellekt bumi (shuningdek, sun’iy intellekt bahori deb ham ataladi) — sun’iy intellekt sohasidagi jadal va misli ko‘rilmagan rivojlanish davridir. Bunda sun’iy intellekt (SI) poygasining generativ sun’iy intellekt (generative AI) asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu «bum»ning boshlanishi odatda OpenAI kompaniyasining 2016—2017 yillarda tashkil etilishi bilan bog‘lanadi. OpenAI’ning generativ sun’iy intellekt tizimlari, jumladan, turli GPT modellari (2018-yildan boshlab) va DALL-E (2021-yil) ushbu rivojlanishda muhim rol o‘ynadi.

2022-yilda katta til modellari (large language models, LLM) shu darajada takomillashdiki, ulardan chatbotlar yaratishda foydalanish mumkin bo‘ldi; matndan tasvir yaratish modellari (text-to-image) shunday darajaga yetdiki, ularni inson yaratgan tasvirlardan deyarli farqlab bo‘lmasdi; nutq sintezi (speech synthesis) dasturi esa inson nutqini samarali tarzda takrorlay oladigan bo‘ldi.

2022-yil oxiri va 2023-yilda o‘nlab yangi veb-saytlar hamda sun’iy intellektli chatbotlar paydo bo‘ldi, yirik texnologiya kompaniyalarining aksariyati bozorda o‘z o‘rnini egallashga urindi. Natijada sun’iy intellekt vositalari misli ko‘rilmagan darajada rivojlandi va keng tarqaldi.

Sun’iy intellekt bumi jamoatchilik tomonidan turlicha kutib olindi: ayrimlar SI yaratgan yangi imkoniyatlar, uning insoniyatga foyda keltirish salohiyati va murakkabligini olqishladi; boshqalar esa uni insonlar bandligiga tahdid solishi, «tahdidli» izohlar berishi va noto‘g‘ri javoblar taqdim etishi uchun tanqid qildi.

Til modellari

GPT-3 — 2020-yilda OpenAI kompaniyasi tomonidan ishga tushirilgan katta til modeli bo‘lib, inson yozgan matnga o‘xshash, yuqori sifatli matn yarata oladi. Matnni inson yozganmi yoki til modeli yaratganmi, buni aniqlash qiyin bo‘lib chiqdi. GPT-3.5 deb nomlangan yangilangan versiya ChatGPT dasturida qo‘llanildi. Keyinchalik u turli bilim sohalariga oid savollarga batafsil va aniq javoblari bilan katta e’tibor qozondi.

Yangi GPT-4 nomli versiya 2023-yil mart oyida chiqarildi va Microsoft Bing.

Bundan tashqari, boshqa til modellari ham chiqarildi, jumladan, Google kompaniyasining PaLM modeli va LLaMA modelini ishlab chiqqan Meta Platforms.

2023-yil yanvar oyida DeepL Write taqdim etildi. Bu bir tildagi matnlarni yaxshilash uchun mo‘ljallangan sun’iy intellekt vositasidir.

Matndan tasvir yaratish modellari

Jamoatchilik e’tiborini keng jalb qilgan ilk matndan tasvir yaratish modellaridan biri DALL-E — OpenAI kompaniyasining transformer arxitekturasiga asoslangan tizimi bo‘lib, 2021-yil yanvar oyida taqdim etilgan.

2022-yil aprel oyida DALL-E 2 ning takomillashtirilgan versiyasi taqdim etildi. U yanada murakkab va realistik tasvirlarni yarata olardi.

2022-yil avgust oyida Stable Diffusion ochiq kodli muqobil model sifatida chiqarildi.

Matndan tasvir yaratish bo‘yicha boshqa modellardan keyin til modellari asosida matndan video yaratish (text-to-video) platformalari ham rivojlana boshladi. Bunday platformalarga DAMO, Make-A-Video, Imagen Video va Phenaki misol bo‘ladi.

Bu tizimlar matnli va/yoki grafik ko‘rsatmalar asosida video yaratishga qodir.

Nutq sintezi

15.ai insonlarga turli media manbalaridagi xayoliy qahramonlar ovozlari asosida matnni nutqqa yuqori aniqlikda aylantirib, tabiiy va hissiyotga boy ovozlar yaratish imkonini bergan ilk ommaviy nutq sintezi dasturlaridan biri edi. U ilk bor 2020-yil mart oyida taqdim etildi. ElevenLabs foydalanuvchilar ovoz namunalarini yuklashi mumkin bo‘lgan veb-saytni ishga tushirdi; bu esa shu namunalar asosida boshqa ovozlarni yaratish imkonini beradi. Foydalanuvchilar uning dasturiy ta’minotidan mashhurlar, davlat xizmatchilari va boshqa taniqli shaxslarning ovozlarida bahsli bayonotlar yaratish uchun suiiste’mol qila boshlagach, kompaniya tanqidga uchradi. Shuningdek, bu texnologiyadan yanada ishonarli dipfeyklar (deepfakes). Musiqachilar Dreyk va The Weeknd ovozlaridan foydalangan holda, nutq sintezi dasturi yordamida yaratilgan norasmiy qo‘shiq bunday dasturiy ta’minotdan foydalanishning axloqiy va huquqiy jihatlari haqida savollar tug‘dirdi.

Ta’siri

Energetika

Sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan uskunalarning elektr energiyasi iste’moli elektr tarmoqlariga tushadigan yukni oshirdi. Natijada, aks holda yopilishi kerak bo‘lgan qazilma yoqilg‘ida ishlaydigan elektr stansiyalari faoliyatini davom ettirishga majbur bo‘ldi.

Microsoft, Google va Amazon ushbu ehtiyojni qondirish uchun mavjud yoki rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyalariga sarmoya kiritdi. 2024-yil sentabr oyida Microsoft Constellation Energy bilan Tri-Mil-Aylend orolidagi 2019-yilda yopilgan reaktordan energiya sotib olish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Ushbu reaktorni Microsoft ma’lumotlar markazlarini energiya bilan ta’minlash uchun 2028-yilda qayta ishga tushirish rejalashtirilgan. Reaktor 1979-yilda AQSh tarixidagi eng yirik yadroviy avariyaga sabab bo‘lgan boshqa reaktor yonida joylashgan.

Madaniyat

  • «Promt» (prompt; SI chatbotiga yuboriladigan so‘rov) so‘zi 2024-yilda Gramota.ru portalining «Axborot texnologiyalari» nominatsiyasida yil so‘zi deb topildi.
  • SI bumi davrida turli guruhlar shakllandi: SI rivojlanishini imkon qadar tezlashtirishga intiluvchilardan tortib, uning xavfsizligidan ko‘proq xavotirlanib, rivojlanishini «sekinlashtirish» tarafdorlarigacha.

Biznes va iqtisodiyot

Ayrim iqtisodchilar SI rivojlanishining hozirgi to‘lqini mehnat unumdorligi va iqtisodiy o‘sishni oshirish salohiyatiga ega ekaniga umid bilan qaraydi. Jumladan, Stenford universiteti iqtisodchisi Erik Brinyolfsson bir qator maqolalarida «SIga asoslangan unumdorlik bumi (AI-powered productivity boom)» va «yaqinlashib kelayotgan unumdorlik bumi (productivity boom)» ehtimolini asoslab berdi. Boshqa iqtisodchilar, masalan, Nortvestern universiteti iqtisodchisi Robert J. Gordon, esa ancha pessimistik qarashda qolmoqda. Brinyolfsson va Gordon rasmiy garov tuzishdi. Bu garov Long Bets saytida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, 2020-yillarda mehnat unumdorligi o‘sish sur’atlariga oid; uning natijasi o‘n yillik oxirida aniqlanadi.

Yirik texnologiya kompaniyalari (Big Tech) SI bumini bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham tahdid sifatida ko‘rmoqda. Masalan, Alphabet (Google) ChatGPT tufayli innovator dilemmasi (innovator’s dilemma) yuzaga kelib, Google Qidiruv xizmatini xavf ostida qoldirishi mumkinligini anglab yetdi. Kompaniya SI sohasidagi tadqiqotlarni tezlashtirish maqsadida DeepMind va Google Brain — ilgari o‘zaro raqobatlashib kelgan ichki bo‘linmalarni — birlashtirdi.

Bozor kapitallashuvi (market capitalization) 3,3 trillion AQSh dollaridan oshgan Nvidia kompaniyasining grafik protsessorlariga generativ SI modellarini o‘qitish va ulardan foydalanish uchun talab yuqori. Natijada, 19-iyun kuni (2024-yilda), Nvidia bozor kapitallashuvi bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyaga aylandi.

2023-yilda San-Fransisko aholisi bir necha yil ichida ilk bor ko‘payishni boshladi. Bu holat SI sohasidagi bum bilan bog‘lanmoqda.

Mashinali o‘rganish (machine learning) uchun zarur resurslarni, jumladan, apparat va dasturiy ta’minotni tayyor yechim sifatida sotib olish yoki litsenziyalash, yoxud bulutli platformalar (cloud platforms) asosidagi xizmatlar orqali olish mumkin. Bu texnologiyalardan keng va ommaviy foydalanish imkonini berib, SI sohasidagi ko‘nikmalarning tarqalishiga yordam beradi. Kompaniyalarning yarmidan ko‘pi SIni ustuvor vazifalardan biri va so‘nggi o‘n yilliklardagi eng muhim texnologik yutuq deb hisoblaydi.

SI bumi tufayli generativ SI vositalari ko‘plab sohalarda keng ommalashib, dunyo bo‘ylab kompaniyalarda tobora ko‘proq qo‘llanmoqda. Ulardan foydalanishning asosiy yo‘nalishi — ma’lumotlar tahlili (data analytics). Mashinali o‘rganish turli sohalar unumdorligini bosqichma-bosqich oshirishga yordam beradi, deb hisoblanadi. Kompaniyalar SI jarayonlar samaradorligini oshirish, qaror qabul qilishni yaxshilash hamda mavjud xizmat va mahsulotlarni takomillashtirishda ayniqsa foydali ekanini ta’kidlaydi. SI joriy etilishi natijasida kompaniyalar turli biznes yo‘nalishlarida daromad shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini allaqachon sezishgan. Ishlab chiqarish, risklarni boshqarish (risk management) va tadqiqot va ishlanmalar (research and development, R&D) kabi ayrim sohalarda daromad o‘sishi 16 % ga yetgan.

Sun’iy intellekt va generativ SI sohasiga kiritilgan investitsiyalar bum boshlanganidan beri oshdi: ular 18 milliard dollarlik hajmdan (2014-yilda) 119 milliard dollarlik hajmgacha (2021-yilda) ko‘tarildi. Ayniqsa, generativ SIga kiritilgan investitsiyalar ulushi taxminan 30 % ni (2023-yilda) tashkil etgani diqqatga sazovor. Bundan tashqari, generativ SI bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar tartibga solish va iqtisodiy prognozlardagi noaniqliklarga qaramay, venchur kapital (venture capital) hisobidan katta miqdorda investitsiya jalb qildi.

Texnologiya gigantlari SI sohasidagi moliyaviy daromadlarning asosiy qismini qo‘lga kiritmoqda hamda xususiy foydalanuvchilar va boshqa kompaniyalar uchun yirik yetkazib beruvchi yoki buyurtmachi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Xavotirlar

SI bilan bog‘liq asosiy xatarlar qatoriga aniqlikdagi kamchiliklar, xatolar, kiberxavfsizlik (cybersecurity) muammolari va intellektual mulk (intellectual property) huquqlarining buzilishi kiradi. Ayrim kompaniya va tashkilotlar bu xatarlarni kamaytirishga faol urinayotgan bo‘lsa-da, ular SI bumi bilan bog‘liq asosiy muammolar hisoblanadi. Katta til modellari o‘quv ma’lumotlaridan meros bo‘lib qolgan algoritmik tarafkashliklarni (algorithmic bias) takrorlashi uchun tanqidga uchradi. Bunga etnik kelib chiqish yoki jins bilan bog‘liq kamsituvchi og‘ishlar ham kiradi. Ikki maqsadda foydalaniladigan texnologiya (dual-use technology) sifatida SI yomon niyatli shaxslar tomonidan noto‘g‘ri qo‘llanish xavfini tug‘diradi. SI murakkablashgani sari inson mehnatiga qaraganda arzonroq va samaraliroq bo‘lib qolishi mumkin. Bu esa texnologik ishsizlik (technological unemployment) va iqtisodiy larzalar davrining boshlanishiga olib kelishi ehtimoli bor. SI bumi jamoatchilik tomonidan turlicha kutib olindi: ayrimlar SI yaratadigan yangi imkoniyatlarni, uning murakkabligi va insoniyatga foyda keltirish salohiyatini olqishladi; boshqalar esa uni ish o‘rinlari saqlanib qolishiga tahdid solishi hamda «g‘ayritabiiy» yoki noto‘g‘ri javoblar berishi uchun tanqid qildi.

Texnologiya gigantlarining ustunligi

SI dan tijoriy maqsadda foydalanishda AQSh texnologiya gigantlari, jumladan, Alphabet Inc., Amazon, Apple Inc., Meta Platforms va Microsoft ustunlik qiladi. Ularning bu sohaga kiritgan investitsiyalari AQShdagi venchur investorlar investitsiyalaridan ham oshib ketgan. Ushbu ishtirokchilarning ayrimlari mavjud bulutli infratuzilma (cloud infrastructure), SI chiplari va hisoblash quvvatining (computational power) katta qismini ma’lumotlar markazlarida (data centers) nazorat qiladi. Bu ularga bozordagi mavqeini mustahkamlash imkonini beradi. SI bilan bog‘liq patentlar AQShning eng yirik texnologiya kompaniyalari qo‘lida jamlangan bo‘lib, IBM 1200 ta patent bilan yetakchilik qiladi.

SI rivojlanishidagi davrlar

SI bumi davridan oldin ham SI rivojlanish tarixida tanazzul va umidsizlik davrlari bo‘lgan. Jumladan, sun’iy intellekt tadqiqotlari tarixida moliyalashtirish qisqarishi va sohaga bo‘lgan umumiy qiziqish pasayishi bilan kechgan davr sun’iy intellekt qishi (AI winter) deb atalgan. Bu atama «yadro qishi (nuclear winter)» atamasiga o‘xshatib kiritilgan. Sun’iy intellekt sohasi yuqori qiziqish va shov-shuv bilan kechadigan bir necha davrlarni boshdan kechirdi. Ularning ortidan «qishlar» — umidsizlik, tanqid va moliyalashtirishning qisqarishi davrlari kelgan, keyin esa bir necha yil yoki o‘n yillikdan so‘ng qiziqish yana tiklangan.

«Sun’iy intellekt qishi» atamasi ilk bor 1984-yilda «AAAI» (Amerika Sun’iy intellekt assotsiatsiyasi)ning yillik yig‘ilishida tilga olingan. Muhokamalardan birida Rodjer Shenk[inglizcha] va Marvin Minski — sun’iy intellekt sohasidagi ikki yetakchi tadqiqotchi — biznes hamjamiyatini bu sohaga nisbatan ishtiyoq nazoratdan chiqib ketgani va buning ortidan umidsizlik kelishi haqida ogohlantirdi. Bunga 1970-yillarda boshdan kechirilgan sohaning «birinchi qishi» misol qilib keltirildi. Ushbu muhokamadan keyin tadqiqotchilar orasida pessimizm kuchayib, bu kayfiyat ommaviy axborot vositalariga ham tarqaldi. Oxir-oqibat, moliyalashtirish kamaydi va yirik loyihalar to‘xtadi; uch yil o‘tib, milliard dollarlik sun’iy intellekt sanoati amalda tanazzulga yuz tutdi.