Shampun haqida

Sochdagi shampun ko‘pigi

Shampun (inglizcha shampooing — yuvish; hindiycha चाँपना Champna — bosmoq, bosib uqalamoq, ezmoq) — sochni yuvish uchun mo‘ljallangan gigiyenik kosmetik vosita. U bir nechta modda aralashmasidan iborat. Tarkibida eng ko‘p miqdorda suv bo‘ladi, undan keyin sirt faol moddalar (SFM) keladi. Shuningdek, tarkibida konservantlar, xushbo‘ylantiruvchi moddalar, noorganik tuzlar — natriy xlorid yoki kerakli qovushqoqlikni saqlash uchun boshqa tuzlar ham bo‘ladi. Zamonaviy shampunlar tarkibiga ko‘pincha tabiiy moylar, vitaminlar yoki ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, sochni mustahkamlashga yordam beradigan yoxud iste’molchilarga boshqa foyda keltiradigan tarkibiy qismlar kiradi. Biroq buni tasdiqlovchi eksperimental dalillar mavjud emas.

Shampundan foydalangandan so‘ng ko‘pchilik darhol soch konditsioneri yoki chayiladigan soch balzami yoxud soch uchun maxsus moy surtadi.

Yirik kompaniyalarning aksariyatida mahsulotlarning butun bir turkumi mavjud: shampun, balzam/konditsioner, soch niqobi, soch uchun muss, mum, soch laki.

Shampun tarixi

Shampun so‘zi «shampo» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, hindiy tilida «massaj qilmoq», «uqalamoq» degan ma’nolarni bildiradi. Bu so‘z hindiy tilidan ingliz tili orqali o‘zlashgan. U Hindistonda o‘sadigan, sochga surtish uchun moy olinadigan gulning «champa» nomi bilan ham bog‘liq (shundan inglizcha champo — «uqalamoq» so‘zi kelib chiqqan).

Shampun XIX asrda Angliyada ixtiro qilingan. Shampun tarixiga Keysi Gerbert asos solgan. Uning shampuni quruq kukun — sovun kukuni va o‘tlar aralashmasidan iborat edi. U o‘tlarni sovun kukuni bilan aralashtirib, hosil bo‘lgan aralashmaga quyidagi nomni berdi: Shaempoo.

Keyinchalik nemis dorishunosi va kimyogari Hans Shvartskopf Angliyadan bir paket shampun olib kelgan xaridor ayollardan biridan olgan kukunli shampunni takomillashtirdi. U qora sochli bosh tasviri tushirilgan logotip bilan o‘zining dastlabki binafsha iforli shampunini ishlab chiqardi («Shvartskopf» familiyasi nemis tilida «qora bosh» degan ma’noni anglatadi).

Shvartskopfning kukunli shampuni soch parvarishi kosmetikasi sohasidagi birinchi brend mahsulot bo‘ldi. Shvartskopf 1903-yilda shampunni patentladi. 1904-yilda Berlinda Schwarzkopf kompaniyasining soch yuvish vositalarini ishlab chiqaruvchi birinchi zavodi ishga tushirildi. Shampun turlari tez ko‘payib, sakkiz xilga yetdi: tuxum sarig‘ili, moychechakli, kislorodli, o‘simlikli, lanolinli, qayinli, oltingugurtli va qatron ekstraktli. 1919-yilda ishlab chiqarish sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi va mahsulot Schaumpoon deb nomlandi. Sakkiz yil o‘tib, kompaniya — Shvartskopf korxonasi — yangi ixtiro, ya’ni suyuq shampunni taqdim etdi. 1931-yilda parvarishlovchi tarkibiy qismlarga ega shampun, 1933-yilda esa ko‘plab zamonaviy shampunlar formulasiga asos bo‘lgan birinchi ishqorsiz soch shampuni yaratildi. Shampunlar va soch parvarishi vositalarini ishlab chiqarish doimiy ravishda kengayib bormoqda.

1934-yilda Fransiyaning L’Oreal fabrikasi bozorga tarkibida sovun bo‘lmagan soch yuvish vositasini chiqardi. L’Orealning birinchi suyuq shampuni Dop deb atalgan. Ammo Dop shampuni bozorda qiyinchilik bilan ommalashdi. Buning sababini aniqlash uchun Ejen Shueller tadqiqot buyurdi. Tadqiqot natijasida fransuzlarning 30 foizi umuman sochini yuvmasligi ma’lum bo‘ldi.

Mohir marketolog Shueller yechim topdi: u reklamasida bolalar va ularning ota-onalariga murojaat qildi. Aynan uning xizmatlari tufayli fransuzlarning keyingi avlodi sochini faqat shampun bilan yuvadigan bo‘ldi.

1930-yilda amerikalik Jon Brek soch yuvish vositasining o‘z retseptini ishlab chiqdi va uni iste’molchilar uchun nihoyatda jozibali narxda sota boshladi. 1943-yilda Ikkinchi front ochilishi bilan Breck shampuni Yevropaga kirib keldi.

1947-yilda Schwarzkopf kompaniyasi barcha zamonaviy shampunlarning dastlabki namunasi hisoblangan Onalcali nomli birinchi ishqorsiz shampunni chiqardi.

Hozir turli xil soch turlari uchun mo‘ljallangan shampunlar, chayiladigan balzamlar va niqoblarning ko‘plab turlari mavjud. Shuningdek, soch tolasi tuzilishini buzmasdan vaqtinchalik rang beradigan ranglovchi shampunlar ham ishlab chiqarilmoqda.

Tarkibi

Shampun tarkibiga quyidagi moddalar kirishi mumkin:

  1. Suv — boshqa tarkibiy qismlar aralashtiriladigan asos bo‘lib, barcha tarkibiy qismlarning taxminan 80 % ini tashkil etadi.
  2. Detergentlar — sirt faol moddalar, ular kirlarni faol ravishda ketkazadi. Ammoniy laurilsulfat (Ammonium Lauryl Sulfate)/ ammoniy lauretsulfat (Ammonium Laureth Sulfate)/ Natriy laurilsulfat (Sodium Lauryl Sulfate);
  3. O‘rtacha miqdorda ko‘pik hosil qiluvchi yuvish vositalari (detergentlar) sovunli ko‘pik hosil qilish uchun qo‘shiladi. Bular — kokamid DEA, MEA yoki TEA (Cocamide DEA, MEA, or TEA)/ Kokamidopropil betain (Cocamidopropyl Betaine). Bundan tashqari, bu moddalar shampun tarkibini namlantiradi va quyuqlashtiradi, bu esa uni sochga osonroq taqsimlashga yordam beradi. Muqobil moddalar — detsilglyukozid, kokamidopropilbetain, glitseret kokoat, kokoamfodiatsetat.
  4. Natriy sitrat, ya’ni limon kislotasining natriy tuzi (Sodium Citrate). Bu bufer modda soch yuvish vaqtida shampunning pH ko‘rsatkichini zarur darajada (biroz kislotali muhitda) ushlab turadi. Natriy sitrat sochdagi kir va yog‘ni ketkazishga yordam beradi, shuningdek, har bir soch tolasi yuzasidagi kutikula tangachalarini tekislab, sochni silliq va yaltiroq ko‘rsatadi.
  5. Glikol distearat (Glycol Distearate) / Stearat (Stearate). Bu moddalar mumlar bo‘lib, shampunning tashqi ko‘rinishi va konsistensiyasini yaxshilash uchun qo‘shiladi: ular shampunga sadafdek tovlanish beradi hamda uning idishdan oson oqib chiqishini ta’minlaydi.
  6. Polikvaternium (Polyquaternium) / Kvaternium (Quaternium). Bular shampunni quyuqlashtiradigan va sochni konditsionerlaydigan yumshatuvchi tarkibiy qismlardir.
  7. Dimetikon (Dimethicone) / Siklometikon (Cyclomethicone). Bu silikon moylar soch kutikulasini qoplab, silliqlaydi, soch tolasini qalinroq qiladi, statik elektrlanishni kamaytiradi va sochga jilo beradi. Bundan tashqari, ular sochning og‘irligini oshiradi va tarashni osonlashtiradi. Biroq sochning yog‘lanishini kuchaytirishi, hatto bosh terisida qichishish keltirib chiqarishi mumkin.
  8. Konservantlar (parabenlar, fenoksietanol, metilizotiazolinon, natriy benzoat, DMDM-gidantoin). Konservantlar tufayli vosita bir necha yil davomida buzilmasdan saqlanadi.
  9. Pantenol (Panthenol) — B vitaminining bir shakli bo‘lib, soch kutikulasiga kirib, uni kengaytiradigan, shuningdek, yuzasini qoplab, jilo beradigan namlantiruvchi moddadir.
  10. Setil (Cetyl) / oleil (Oleyl) / stearil (Stearyl) spirtlari. Bular gidratlangan spirtlar bo‘lib, soch tolasi tashqi yuzasiga birikadi va sochni oson tarash uchun moylovchi modda vazifasini bajaradi.
  11. Turli xil «parvarishlovchi» qo‘shimchalar: keratin, oqsil, glitsin, biotin, vitaminlar va hokazolar.

Zararli tarkibiy qismlar:

Adabiyotlar

  • Ye. V. Kuzina, O. V. Larina, T. V. Titkova, O. A. Shcheglova. Insoniyat kashfiyotlari va ixtirolari ensiklopediyasi. — «Dom Slavyanskoy knigi» MChJ, 2006. — B. 696—697.