Shakar o‘rnini bosuvchilar

Shakar o‘rnini bosuvchi moddalar — moddalar va kimyoviy birikmalar bo‘lib, oziq-ovqat mahsulotlariga shirin ta’m beradi hamda shakar va unga o‘xshash shirinlashtiruvchi moddalar (patoka, asal) o‘rniga ishlatiladi. Odatda, shakar o‘rnini bosuvchi moddalarning kaloriyaliligi bir xil darajadagi shirin ta’mga erishish uchun zarur bo‘lgan shakar miqdorinikidan pastroq bo‘ladi.

Shakar o‘rnini bosuvchi moddalar kaloriyaliligi kamaytirilgan (kaloriya miqdori shakarnikiga yaqin) va past kaloriyali turlarga bo‘linadi. Past kaloriyali shakar o‘rnini bosuvchi moddalar orasida muayyan kaloriyaga ega bo‘lsa-da, shirinligi saxarozanikidan bir necha baravar yuqori bo‘lgan moddalar ham, umuman moddalar almashinuvida ishtirok etmaydigan va organizm tomonidan o‘zlashtirilmaydigan moddalar ham bor. Ikkinchi turdagi moddalarning kaloriyaliligi — aynan 0 kkal.

Bu atama torroq ma’noda, faqat kaloriyaliligi kamaytirilgan shirinlashtiruvchi moddalarga nisbatan ham qo‘llanadi. Bunda past kaloriyali (yuqori intensivlikdagi) shirinlashtiruvchilar alohida guruh hisoblanadi. Shirinlashtiruvchi moddalar va past kaloriyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarning xalqaro assotsiatsiyasi (Calorie Control Council) tasnifiga ko‘ra, shakar o‘rnini bosuvchi moddalar guruhiga fruktoza, ksilit va sorbit kiradi. Moddalar almashinuvida ishtirok etmaydigan kimyoviy moddalardan iborat yuqori intensivlikdagi shirinlashtiruvchilarning alohida guruhiga esa siklamat, sukraloza, neogesperidin, taumatin, glitsirrizin, steviozid va laktuloza[manbada keltirilmagan].

Boshqa yondashuvga ko‘ra, saxaroza va asaldan tashqari barcha shirin ta’mli moddalar shakar o‘rnini bosuvchi moddalarga kiritiladi. Bunda kraxmal patokasidan olinadigan glyukoza-fruktoza siroplari, tabiiy kelib chiqishga ega shirin moddalar, sun’iy usulda olingan shirin moddalar, shuningdek, bir nechta shirin moddaning aralashmalari alohida guruhlarga ajratilishi mumkin.

Salomatlikka ta’siri

Taqrizdan o‘tgan randomizatsiyalangan klinik tadqiqotlarning ayrim sharhlari past kaloriyali va moddalar almashinuvida ishtirok etmaydigan shakar o‘rnini bosuvchi moddalarni me’yorida iste’mol qilish energiya iste’molini cheklash hisobiga vazn kamaytirishga va qondagi glyukoza miqdorini nazorat qilishga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq 2019-yilda e’lon qilingan sharh maqolasi mualliflari 56 ta tadqiqotni tahlil qilib, shakar o‘rnini bosuvchi moddalarning salomatlik uchun foydali ekaniga ishonchli dalillar yo‘q, degan xulosaga kelgan.

AQSH dietologlar assotsiatsiyasi fikricha, shirinlashtiruvchi moddalarni ham, shakar o‘rnini bosuvchi moddalarni ham me’yorida ishlatish salomatlikka zarar yetkazmaydi. Bundan tashqari, ko‘p atomli spirtlar kabi shakar o‘rnini bosuvchilar tish kariyesi xavfini kamaytirishi mumkin.

2023-yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tana vaznini nazorat qilish yoki yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfini kamaytirish maqsadida oziqlantiruvchi qiymatga ega bo‘lmagan shirinlashtiruvchilardan foydalanishni tavsiya etmadi. Tashkilot bunday sun’iy shirinlashtiruvchilar kattalar yoki bolalarda tana yog‘ini kamaytirish bo‘yicha uzoq muddatli foyda bermasligini bildirdi.

Tadqiqot natijasi chop etilgan Cell Metabolism jurnaliga ko‘ra, shakar o‘rnini bosuvchi moddalar ayrim odamlarning ortiqcha ovqat yeyishiga sabab bo‘ladi. Bunga ularning nerv tizimida oddiy uglevodlar kaloriyaliligini noto‘g‘ri baholashga olib keladigan bog‘lanishlarni yuzaga keltirishi sabab bo‘ladi.

Monosaxaridlar

Fruktoza

Fruktoza — 1,7 baravar shirinroq bo‘lgan shakar muqobili bo‘lib, begona ta’mga ega emas. Oqilona ovqatlanishda organizmga tabiiy mevalar, rezavor mevalar va sabzavotlar bilan kiradi, biroq 2—3 baravar sekinroq so‘riladi. AQSHda uzoq vaqtdan beri salqin ichimliklar hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda shakar o‘rnini bosuvchi modda sifatida qo‘llanadi. Biroq so‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, qandli diabet va semizlik bilan yashovchi odamlarda shakar o‘rniga asosan fruktozadan foydalanish asosli emas, chunki metabolizm jarayonida organizmda fruktozaning aylanish mahsuloti — glyukoza.

Glyukoza

Glyukoza — monosaxarid bo‘lib, tirik organizmlarning eng keng tarqalgan energiya manbalaridan biridir. Glyukoza bo‘g‘ini polisaxaridlar tarkibiga kiradi. Glyukoza ko‘plab o‘simliklar, jumladan, uzum mevalarida uchraydi. Shu bois u «uzum shakari» deb ham ataladi. Glyukoza shakardan kamroq shirin (shirinlik koeffitsiyenti 0,7 birlik).

Ko‘p atomli spirtlar

Ksilit

Ksilit (ilk bor 1891-yilda Fisher va Bertran tomonidan olingan, sanoat miqyosida ishlab chiqarish esa faqat 1960-yilda yo‘lga qo‘yilgan) — suvda yaxshi eriydigan, hidsiz kristallardan iborat besh atomli spirt. Shirinligi shakarnikidan farq qilmaydi (shirinlik intensivligi — 0,9…1,2; kaloriyaliligi — taxminan 4,0 kkal/g). Hozirda u gidrolizlangan makkajo‘xori so‘talari o‘zaklaridan, Finlyandiyada esa qayin po‘stlog‘idan olinadi.

Sorbit

Sorbit (ilk bor 1868-yilda chetan mevasidan olingan, lot. sorbos) — shirin ta’mli olti atomli spirt (shakardan kamroq shirin: shirinlik intensivligi — 0,6; kaloriyaliligi — 3,5 kkal/g). Tibbiyot amaliyotida eng keng qo‘llanadi.

Maltit

Maltit — ko‘p atomli spirt bo‘lib, alditlar sinfiga kiradi, kraxmaldan olinadi va shakar o‘rnida ishlatiladi. Saxarozadan 10-25 % kamroq shirin, uning xossalari deyarli saxarozanikidek, lekin kaloriyaliligi pastroq va tishlarning yemirilishiga sabab bo‘lmaydi. Maltit 2 dan 3 kkal/g gacha energiya beradi.

Adabiyotlar

  • Korpachev V. V. Shakar va shakar o‘rnini bosuvchi moddalar. — Kiyev: Kniga plyus, 2004. — 320 bet. — ISBN 966-7619-47-8.
  • Mazovetskiy A. G., Alekseyev Yu. P., Klyachko V. P. Fruktoza va uning klinikada qo‘llanilishi // Endokrinologiya muammolari : jurnal. — 1973. — 19-jild, № 5. — 114—121-betlar.
  • Rodin J., Rid D., Jammer L. Fruktoza va glyukozaning metabolik ta’siri hamda oziq-ovqat iste’moliga ta’siri // Amer. J. Clin. Nutr. — 1988. — 47-jild. — 683—689-betlar.

Havolalar