Purpur bakteriyalar nima

Polifiletik guruh: bakteriyalar
Nomi
Purpur bakteriyalar
Nomning maqomi
aniqlanmagan
Yuqori takson
Tip Proteobacteria
Urug‘lar

qarang: matn

Purpur bakteriyalar (Purple bacteria) — sho‘r va chuchuk suvlarda yashaydigan, kelib chiqishi turlicha bo‘lgan fotosintez qiluvchi proteobakteriyalar guruhi. Purpur bakteriyalar alfa-, beta- va gamma-proteobakteriyalar sinflariga mansub. Ularning rangi binafsha, och binafsha yoki purpur tusda bo‘ladi.

O‘rganilish tarixi

Purpur bakteriyalar kislorod ajralib chiqmaydigan fotosintez o‘rganilayotganda kashf etilgan. Fotosintez jarayonida ular qo‘shimcha mahsulot sifatida kislorod emas, balki oltingugurt ajratishi isbotlangan. Keyinchalik ularning ko‘pchiligiga xos anaeroblik ham aniqlangan. Dastlabki tajribalarda bakteriyalarning kislorodning turli konsentratsiyalariga munosabati o‘rganilgan. Ma’lum bo‘lishicha, muhitda kislorod juda oz miqdorda bo‘lsa ham, bakteriyalar Petri kosachalarining kislorodsiz qismiga ko‘chgan. So‘ng kosachaning bir tomoniga yorug‘lik yo‘naltirilib, ikkinchi tomoni qorong‘i qoldirilganida bakteriyalar yorug‘ joyga intilgan.

Tavsifi

Polimorf bo‘lib, o‘lchamlari keng oraliqda (1 dan 20 mkm gacha) o‘zgaradi. Ular ikkiga bo‘linish yoki kurtaklanish orqali ko‘payadi. Bu hujayralarga sitoplazma ichida juda yaxshi rivojlangan fotosintetik membranalar tizimi xosdir. Ayrim suvda yashovchi shakllarida gaz vakuolalari mavjud. Harakatchan turlar faol fototaksis xususiyatiga ega. Ayrim turlari sistalar va ekzosporalar hosil qilishi mumkin. Ular yorug‘likda, anaerob sharoitda o‘sishni afzal ko‘radi. Hujayra devori grammanfiy turga mansub bo‘lib, shilimshiq qobiq yoki kapsula bilan qoplangan. Ayrim vakillarida olti burchakli tartibda joylashgan oqsillardan iborat S-qatlam mavjud. Ularning zaxira moddalari orasida poli-β-gidroksialkanoatlar va glikogen ham aniqlangan.

Turli xil azot birikmalaridan foydalanadi, ko‘pchiligi azot fiksatsiyasini amalga oshira oladi. Uglerod manbai karbonat angidrid yoki organik moddalar bo‘lishi mumkin. Karbonat angidrid Kalvin siklida fiksatsiyalanadi, ammo organik moddalar qo‘shilganda bu siklning faolligi susayadi. Qorong‘ida organik moddalarning energiya manbai sifatidagi ahamiyati ortadi va turli xil bijg‘ish jarayonlari kechadi. Energiya, shuningdek, anaerob nafas olish orqali olinishi mumkin; bunda sulfat, oltingugurt, Fe3+, CO va organik birikmalar elektron akseptorlari vazifasini bajaradi. Shakarlar glikoliz yoki Entner — Dudorov yo‘li (KDFG yo‘li) orqali parchalanadi. Ularga quyidagilar xos: to‘liq yoki to‘liq bo‘lmagan trikarbon kislotalar sikli (TKS) va glioksilat shunti.

Ulardagi bakterioxlorofillarning sintezi kislorod ta’sirida susayadi, biroq qorong‘ida ham kechishi mumkin. Ular qizil rangli pigmentlarga ega: bakterioxlorofillar a va b hamda karotinoidlar. Shu sababli ularning koloniyalari yoki hujayralar to‘plami purpur rangda ko‘rinadi. Pigmentlar ularga spektrning to‘q qizil, qizil, to‘q sariq va binafsha diapazonlaridagi yorug‘likdan foydalanish imkonini beradi. Fotosintetik membranalar sitoplazmatik membrananing hosilalari bo‘lib, u bilan aniq bog‘liqligini saqlaydi. Ular hujayraning chekka qismida joylashgan alohida pufakchalar, naychalar yoki plastinkalar (lamellalar) shaklida bo‘ladi. Fotosintez uchun elektron donorlari sifatida H2S, S0 yoki organik moddalardan foydalanadi.

Ko‘pchilik vakillariga yuqori yorug‘lik intensivligi (~500 lk) zarur, faqat Amoebobacter urug‘i past haroratda o‘sayotganda kuchsiz yorug‘likka (50—100 lk) muhtoj bo‘ladi. Turlarning aksariyati mezofillar, psixroaktiv organizmlar jumlasiga esa Amoebobacter va Lamprocystis kiradi. Termofil turlar Halorhodospira, Rhodocista va Thermochromatium urug‘lariga mansub. Purpur bakteriyalar orasida ekstremal termofillar aniqlanmagan. Asosan, ular pH 6—8 da yaxshi o‘sadigan neytrofil mikroorganizmlardir. Biroq kislotasevar (Rhodobacter acidophila) va ishqorsevar (Ectothiorhodospira, Halospira) turlar ham uchraydi. Ushbu urug‘larda o‘ta galofil vakillar ham uchraydi. Ular osmoprotektorlarni sintez qiladi (glitsin-betain, ektoin, trehaloza).

Oltingugurtning to‘planish xususiyatiga ko‘ra purpur bakteriyalar oltingugurtli purpur bakteriyalarga ( oltingugurt zarralari sitoplazmada to‘planadigan) va oltingugurtsiz purpur bakteriyalarga (oltingugurtni hujayra tashqarisida to‘playdigan) bo‘linadi.

Oltingugurtli purpur bakteriyalar

Bu guruhga asosan gamma-proteobakteriyalar vakillari kiradi. Ular obligat anaeroblar. Ular prototroflar va fotolitoavtotroflardir. Thiocapsa va Thiospirillum urug‘larida molekulyar vodorod hamda sulfidni elektron donori sifatida ishlatib, xemolitoavtotrof yo‘l bilan o‘sish imkoniyati aniqlangan. Harakatchan shakllari qutbiy xivchinlarga ega. Organik moddalardan elektron donori sifatida foydalanish imkoniyati cheklangan. Ular asosan uglerod manbai bo‘lib xizmat qiladi. Bu bakteriyalar piruvat ni atsetatgacha bijg‘itishi mumkin. Bakterioxlorofillar uchun maksimal yutilish to‘lqin uzunliklari 470 nm, 870 nm va 1070 nm ni tashkil qiladi.

Oltingugurtsiz purpur bakteriyalar

Bu guruhga odatda Rhodospirillales, Rhodobacterales va Rhodocyclales turkumlari vakillari kiradi. Ular O2 dan himoyalovchi fermentlarga ega. Mikroaerofil va aerob sharoitda qorong‘ida ham o‘sa oladi. Fotoorganogeterotrof hayot tarziga moyil bo‘lib, elektron donori va uglerod manbai sifatida organik moddalardan foydalanishni afzal ko‘radi, ammo fotolitoavtotrof ham bo‘lishi mumkin. Harakatchan shakllarida xivchinlar, ko‘p turlarida esa gaz vakuolalari bor. Harakatsiz shakllari ham mavjud. Ular ayrim vitaminlarga muhtoj. Bakterioxlorofillarning maksimal yutilish to‘lqin uzunliklari 400 nm, 800 nm va 1030 nm ni tashkil etadi.

Glioksilat shuntiga ega bo‘lmagan ayrim oltingugurtsiz purpur bakteriyalarda (Rhodospirillum rubrum, Rhodobacter sphaeroides) sitrat-malat sikli aniqlangan. Bu siklda atsetil-KoA ketma-ket reaksiyalar orqali glioksilat ga aylanadi:

atsetil-KoA + piruvat → sitramalil-KoA → sitramalat → mezakonil-KoA → 3-metilmalil-KoA → glioksilat + propionil-KoA.

Hosil bo‘lgan glioksilat malat sintaza ishtirokida trikarbon kislotalar sikliga qo‘shiladi, piruvat esa propionil-KoA dan karboksillanish reaksiyasi orqali qayta hosil bo‘ladi:

propionil-KoA → metilmalonil-KoA → suksinil-KoA → suksinat → fumarat → malat → oksaloatsetat → fosfoenolpiruvat (FEP) → piruvat.

Yashash muhiti

Oltingugurtli purpur bakteriyalar asosan suvda yashaydigan mikroorganizmlardir. Ular tuproqda ham uchraydi, ammo u yerdagi ahamiyati katta emas. Odatda, yorug‘lik yetib boradigan, vodorod sulfidli kislorodsiz suvlarda rivojlanadi; kam hollarda chuqurroq qatlamlarda ham aniqlanadi. Oltingugurtsiz purpur bakteriyalar organik moddalarga boy suvlar va botqoqlashgan tuproqlarni afzal ko‘radi. Ular kamdan-kam hollarda suv rangini o‘zgartiradigan to‘plamlar hosil qiladi. Ba’zan dengizning qirg‘oqbo‘yi suvlarida rivojlanadi. Oltingugurtli purpur bakteriyalar esa aksincha, tiniq suv havzalarining anaerob zona chegarasida ko‘zga ko‘rinadigan to‘plamlar hosil qiladi. Bunday qatlamlar, ayniqsa, meromiktik (tubida sho‘rlanish darajasi yuqori bo‘lgan) yoki golomiktik (mavsumiy qatlamlanish kuzatiladigan) suv havzalarida hamda dengiz qirg‘oqlaridagi liman hududlarida yaxshi shakllanadi. Dengizning qirg‘oqbo‘yi zonalarida ular qizil suv gullashi hodisasini keltirib chiqarishi mumkin. Ectothiorhodospira urug‘i vakillari sho‘r va ishqoriy yashash muhitlariga, dengizdagi estuariylarga moyil. Global oltingugurt aylanishida ular funksional jihatdan sulfatni qaytaruvchi bakteriyalar.

bilan chambarchas bog‘liq. Purpur bakteriyalarning o‘xshash turlari suv havzasining bir qatlamida vaqt bo‘yicha faolligini ajratib, birga yashashi kuzatilgan. Masalan, Chromatium okenii va Chromatium vinosum turlari sulfidni oksidlashning yaqinlik konstantasi va tezligi bilan farqlanadi. Aralash kulturada ikkinchi tur birinchisini siqib chiqaradi, tabiatda esa ular sutka davomida navbatma-navbat faollashadi: ertalab sulfid ko‘p bo‘lganda C. okenii tezda vodorod sulfidni oksidlaydi va uning konsentratsiyasi pasayadi; kechqurun esa C. vinosum oz miqdordagi H2S ni sekin oksidlay boshlaydi, birinchi mikroorganizm esa o‘sishni to‘xtatadi.

Taksonomiya

Oltingugurtsiz purpur bakteriyalar

Quyidagi sinfga kiruvchilar: alfa-proteobakteriyalar

Quyidagi sinfga kiruvchilar: beta-proteobakteriyalar

  • Urug‘: Rhodocyclus — halqasimon egilgan hujayralar
  • Urug‘: Rubrivivax — egilgan tayoqchasimon bakteriyalar
  • Urug‘: Rhodoferax — egilgan tayoqchasimon bakteriyalar

Oltingugurtli purpur bakteriyalar

Quyidagi sinfga kiruvchilar: gamma-proteobakteriyalar

gaz vakuolalari yo‘q

  • Urug‘: Chromatium — qutbiy xivchinli oval tayoqchasimon bakteriyalar
  • Urug‘: Thiocapsa — diplokokklar va tetradalar; harakatsiz
  • Urug‘: Thiocystis — qutbiy xivchinli sharsimon yoki oval hujayralar
  • Urug‘: Thiospirillum — qutbiy xivchinli yirik spirillalar
  • Urug‘: Thiorhodovibrio — kichik spirillalar
  • Urug‘: Rhabdochromatium — yirik, urchuqsimon tayoqchalar (1,5—1,7 × 16—32 mkm)

gaz vakuolalari bor

  • Urug‘: Amoebobacter — noto‘g‘ri sharsimon yoki oval shakldagi, harakatsiz hujayralar
  • Urug‘: Lamprobacter — qutbiy xivchinli tayoqchasimon bakteriyalar
  • Urug‘: Lamprocystis — qutbiy xivchinli sharsimon yoki oval hujayralar
  • Urug‘: Thiodiction — to‘r hosil qiladigan harakatsiz tayoqchasimon bakteriyalar
  • Urug‘: Thiopedia — yassi tetradalar shaklida joylashgan harakatsiz sharsimon hujayralar

Adabiyotlar

  • Netrusov A. I., Kotova I. B. Mikrobiologiya. — 4-nashr, qayta ishlangan va to‘ldirilgan. — M.: «Akademiya» nashriyot markazi, 2012. — Hajmi: 46. — 384 bet. — ISBN 978-5-7695-7979-0.
  • Gusev M. V., Mineyeva L. A. Mikrobiologiya. — 4-nashr, o‘zgarishsiz qayta chop etilgan. — Moskva: «Akademiya» nashriyot markazi, 2003. — 464 b. — ISBN 5-7695-1403-5.
  • [bse.sci-lib.com/article094222.html Katta sovet ensiklopediyasi]. Murojaat qilingan sana: 22-yanvar, 2010-yil. Arxivlangan 15-aprel, 2012-yil.
  • Biologiya va tibbiyot — Purpur bakteriyalar. Murojaat qilingan sana: 22-yanvar, 2010-yil.
  • Bilich G. L., Krizhanovskiy V. A. Biologiya. To‘liq kurs: 4 jildda. — 5-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan. — M.: «Oniks» nashriyoti, 2009. — 1-jild. — 864 b. — ISBN 978-5-488-02311-6