Genetik shajara nima

Genetik genealogiya — etnogenomikaning bir bo‘limi[manba 1933 kundan beri ko‘rsatilmagan], unda DNK-testlardan an’anaviy genealogik tadqiqot usullari bilan birgalikda foydalaniladi va odamlar o‘rtasidagi qarindoshlik aniqlanadi. DNK testini o‘tkazish va DNK profilini aniqlash genetik qarindoshlik darajasi haqida taxmin qilish imkonini beradi. Oila tarixini o‘rganishda genetik usullardan foydalanish 21-asrda testlar arzonlashishi bilan keng tarqaldi. Testlar xususiy guruhlar tomonidan ham, ilmiy tadqiqot loyihalari doirasida ham o‘tkaziladi (qarang: Genogeografiya).

2019-yil holatiga ko‘ra, taxminan 30 million kishi DNK testidan o‘tgan, bu testlarning natijalaridan nasl-nasabni aniqlashda foydalanish mumkin.

Kirish

An’anaviy usullarning muvaffaqiyati odatda hujjatlarning mavjudligi va saqlanib qolganiga (masalan, aholini ro‘yxatga olish daftarlari, yer-mulk va aholi ro‘yxatlari, taftish ro‘yxatlari va hokazolarga) to‘liq bog‘liq. Har bir inson o‘zida hech qachon yo‘qolmaydigan o‘ziga xos «biologik hujjat»ni — o‘z DNKsini olib yuradi. Genetik genealogiya usullari DNKning ota tomondan to‘g‘ridan to‘g‘ri erkaklar avlodiga deyarli o‘zgarmasdan o‘tadigan qismlarini (Y-xromosoma) va ona tomondan o‘tadigan qismlarini (mitoxondrial DNK) o‘rganish hamda DNKning boshqa qismlariga asoslanib taxminlar qilish imkonini beradi.

Masalan, Y-xromosoma DNK testi ikki erkak kishining ota tomondan umumiy ajdodi bor-yo‘qligini aniqlashga yordam beradi. DNK testlari genealogik tadqiqotlarga shunchaki ko‘makchi vosita emas, balki genealoglar bir necha kishi o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini tasdiqlash yoki inkor etish uchun foydalanadigan zamonaviy, ilg‘or usuldir.

STR

Maxsus DNK markerlarini testdan o‘tkazishda ulardagi nukleotid asoslarining ketma-ketligi ko‘p marta takrorlanadi (bu hodisa «qisqa tandem takrorlanish» (ingl. Short Tandem Repeat) deb ataladi). Masalan, maxsus uskuna DNK ketma-ketligini quyidagicha o‘qiydi:

… CTGT TCTA TCTA TCTA TCTA TCTA TCTA TCTA TCTA TCTA TCTGCC …

Ko‘rish mumkinki, TCTA 9 marta takrorlangan. Ushbu STR markerining nomi DYS391 (Y-xromosoma DNK segmenti № 391), shuning uchun natija quyidagicha yoziladi: DYS391 = 9.

Bu markerda takrorlanishlar soni 7 dan 14 gacha bo‘lishi mumkin. Y-xromosomaning bu boradagi o‘ziga xosligi shundaki, u har bir yangi avlodda krossingoverga uchramaydi.

Urug‘lanish jarayonida tuxum hujayra bilan spermatozoid qo‘shilib, bola ota va onadan genlarni oladi; uning genlari ota-ona genlarining aralashmasidan iborat bo‘ladi. Biroq Y-xromosoma faqat otadan o‘g‘ilga o‘tadi, shu sababli o‘g‘ildagi markerlar takrorlanishlari soni otasiniki bilan bir xil bo‘ladi. Genetik amakivachchalar ham ota tomondan umumiy ajdodlariga xos bo‘lgan Y-xromosomaga ega bo‘ladilar.

Ba’zan takrorlanishlar soni, odatda, nasliy tarmoqlardan birida ortadi yoki kamayadi. Masalan, otada DYS391 = 9 bo‘lsa, o‘g‘lida DYS391 = 10 bo‘lishi mumkin. Bu mutatsiya deb ataladi va DNK noto‘g‘ri nusxalanganda yuz beradi. Mutatsiyalar yuz berishining taxminiy tezligini bilgan holda eng so‘nggi umumiy ajdod (MRCA, Most Recent Common Ancestor) qachon yashaganini taxminan aniqlash mumkin (Y-xromosomali Odam Ato, Mitoxondrial Momo Havo).

Natijalarni talqin qilish

Bir xil genom tarkibidagi bir nechta STR natijalari tekshirilib, birlashtirilgach, gaplotip aniqlanadi. Uni har bir markerdagi takrorlanishlar sonining ketma-ketligi sifatida ko‘rsatish mumkin. 12 ta marker bo‘yicha test natijasi quyidagi jadvalga o‘xshashi mumkin:

Y-DNK STR markerlari
19385a385b388389i389ii390391392393425426
Sizning gaplotipingiz141217121329241113131210

STR markerlari jadval sarlavhasida, gaplotip esa jadval kataklarida ko‘rsatilgan. Masalan, DYS19 uchun 14 ta takrorlanish qayd etilgan. Gaplotip Y-xromosomangiz qayerdan kelib chiqqani haqida ma’lumot berishi, ya’ni inson ajdodlarining 100 ming yil davomida bosib o‘tgan yo‘lini kuzatish imkonini yaratishi mumkin. Masalan, atlantik modal gaplotip (AMH) atigi oltita marker bilan aniqlanadi va G‘arbiy Yevropada eng keng tarqalgan gaplotip hisoblanadi.

19388390391392393
141224111313

«YHRD» ma’lumotlar bazasida har bir kishi o‘z gaplotipini bazaga kiritilgan boshqa namunalar bilan taqqoslashi mumkin. Bu ma’lumotlar bazasida Yevrosiyodan olingan ko‘plab namunalar bor. Hozir unda amerikaliklar, Sharqiy Osiyo aholisi, shuningdek, eskimoslar namunalari ham mavjud. YHDR ma’lumotlar bazasi o‘n bittagacha markerdan foydalanadi.

Bundan tashqari, Ybase — tadqiqotchilar uchun foydali vosita bo‘lib, Y-xromosoma testlari natijalarini ma’lumotlar bazasiga qo‘shish imkonini beradi.

Qiziqarli loyihalardan biri — gaplotiplar va genealogik ma’lumotlar bazasini jamlagan «Sorenson Molecular Genealogy Foundation». Qidiruv mezonlariga gaplotip kiritilgandan so‘ng dastur natijalarda unga eng yaqin mos keladigan gaplotiplarni, ularning egalarining familiyalarini ko‘rsatadi, shuningdek, shajara daraxtini taqdim etadi. Unda taxminiy umumiy ajdod va marker natijalari mos kelgan boshqa barcha namunalar aks etadi. Bu ma’lumotlar bazasida 50000 dan ortiq gaplotip ro‘yxatga olingan. Hozirda loyiha yopilgan.

Y-xromosomani testdan o‘tkazish, ayniqsa, ikki yoki undan ortiq kishining natijalarini an’anaviy genealogik izlanishlar natijalari bilan birga taqqoslaganda qiziqarli bo‘ladi. Quyida bir xil familiyaga ega uch nafar genetik amakivachcha testdan o‘tgan faraziy holat tasvirlangan.

Ushbu oilaning o‘tmishida muayyan bir vaqtda Y-xromosomada yagona mutatsiya yuz bergan. Bu mutatsiya oiladagi barcha erkaklarning DNKsida iz qoldirgan. Ularning gaplotiplari taqqoslanganda quyidagi holat kuzatiladi:

Y-DNK STR markerlari
19385a385b388389i389ii390391392393425426
Amakivachcha 1141217121329241113131210
Amakivachcha 2141217121329241113131210
Amakivachcha 3141217121329241114131210

Bu jadvalda kulrang bilan belgilangan markerdan tashqari ko‘pchilik sonlar bir xil. № 3 ishtirokchida DYS392 markerining mutatsiyasi ko‘rsatilgan. Ko‘rsatkichlari to‘liq mos kelgan № 1 va № 2 ishtirokchilar juda yaqin qarindoshlardir. № 3 ishtirokchi ham ularga qarindosh, ammo qarindoshlik darajasi uzoqroq.

Natijalardan foydalanish

Genetik genealogiya an’anaviy arxiv tadqiqotlari natijalarini tasdiqlashga yordam beradi: bir xil familiyadagi ikki yoki undan ortiq shaxs qarindosh, ya’ni umumiy ajdodga ega ekanini ko‘rsatadi. Ularning taxminiy umumiy ajdodi yashagan davrni baholash matematika va statistikaga asoslanadi. Tadqiqotlar har qanday markerdagi mutatsiya kamdan kam, taxminan har 500 avlodda (ya’ni 10000 yilda bir marta) sodir bo‘lishini ko‘rsatadi. Agar 21 ta marker to‘liq mos kelsa, umumiy ajdod (MRCA) yashagan vaqtdan buyon o‘tgan o‘rtacha muddat atigi 8,3 avlodni tashkil etadi. Agar hech bo‘lmaganda bitta nomuvofiqlik (mutatsiya) bo‘lsa, bu muddat 20,5 avlodgacha ortadi.

Ikki kishi bir urug‘ga mansub emas degan xulosaga kelish uchun ularning test natijalarida nechta mutatsiya (nomuvofiqlik) bo‘lishi kerak? Mutatsiyalar sonining ko‘pligi qarindoshlik ancha uzoq ekanini yoki umuman mavjud emasligini bildiradi. 21 ta marker tekshirilganda, gaplotiplar o‘rtasidagi 2 ta mutatsiya chegaraviy natija hisoblanadi, 3 ta mutatsiya esa odatda bu odamlar o‘rtasida yetarlicha yaqin qarindoshlik (ming yillar doirasida) mavjudligini inkor etadi.

Kriminalistikada

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlashda genetik genealogiyadan foydalanishi mumkin. Kriminalistikada qo‘llanadigan ushbu tergovga oid genetik genealogiya usuli, ayniqsa, Jozef Deanjelo — amerikalik seriyali qotil, jinsiy zo‘ravon va talonchi hibsga olinganidan so‘ng mashhur bo‘ldi. Jinoyatchining DNK profili GEDmatch genealogik ma’lumotlar bazasiga joylashtirildi va shu orqali uning uzoq qarindoshlari topildi. Keyingi tergov jinoyatchining shaxsini aniqlashga yordam berdi. Shu bilan birga, genetik genealogiyadan bunday foydalanish shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassislarning salbiy munosabatiga sabab bo‘ldi.

2019-yilda ayrim ommaviy axborot vositalari genetik genealogiyani «DNK kashf etilganidan beri jinoyatchilikka qarshi kurashdagi eng kuchli vosita» deb atadi.

Genetik genealogiyaning ayrim tadqiqotchilari

Shuningdek o‘qing

Havolalar

Ochiq DNK ma’lumotlar bazalari

Familiyalar bilan bog‘liq Y-DNK loyihalari

Y-DNKni o‘rganish uchun kompyuter dasturlari

Mavzuga oid maqolalar