| Pnevmokokk infeksiyasi | |
|---|---|
| Hujayralar: Streptococcus pneumoniae — elektron mikroskop ostida | |
| KXT-11 | 1B53, 1G40, CA00, CA40.07 |
| KXT-10 | A40.3,G00.1,M00.1 |
| KXT-9-KM | 041.2 |
| MeSH | D011008 |
Pnevmokokk infeksiyasi — quyidagi bakteriya keltirib chiqaradigan kasalliklar majmuasi: Streptococcus pneumoniae (pnevmokokk). Bularga pnevmokokkli pnevmoniya (barcha pnevmoniyalarning 70 % igacha), o‘tkir o‘rta quloq otiti (barcha otitlarning qariyb 25 % i), yiringli pnevmokokkli meningit (barcha bakterial meningitlarning 5–15 % i), endokarditlar (qariyb 3 %), plevritlar, artritlar kiradi. Pnevmokokk infeksiyasi, odatda, boshqa infeksiyalarning asorati hisoblanadi. Bunga pnevmokokkli pnevmoniya (boshdan kechirilgan gripp yoki qizamiqdan keyin) hamda bolalardagi, o‘rta quloq yallig‘lanishi (otit; har qanday respirator virusli infeksiyadan keyin yoki uning fonida) misol bo‘ladi[manba 1517 kundan beri ko‘rsatilmagan].
Infeksiya qo‘zg‘atuvchisi
Pnevmokokkli pnevmoniya qo‘zg‘atuvchisi — Streptococcus pneumoniae — inson yuqori nafas yo‘llarining normal mikroflorasi vakili hisoblanadi. Odatda odamlarning 5 dan 70 % gacha bo‘lgan qismi pnevmokokkning bir yoki bir nechta turini tashuvchi hisoblanadi. Jamoalarda yashaydigan yoki bo‘ladigan bolalar va kattalar orasida tashuvchilik darajasi eng yuqori. Hozirgacha pnevmokokklarning 90 dan ortiq turli serotiplari (immunologik variantlari) ajratib olingan. Ularning barchasi potensial patogen, taxminan yigirmatasi esa og‘ir infeksiyalarni keltirib chiqaradi.
Pnevmokokk infeksiyasi va u bilan bog‘liq kasalliklar
Pnevmokokk infeksiyasi havo-tomchi yo‘li orqali, masalan, yo‘talish paytida, ayniqsa yaqin muloqotda yuqadi. Hech qanday klinik belgilari bo‘lmagan odam ham infeksiya manbai bo‘lishi mumkin. Bu ko‘pincha qishda yoki erta bahorda kuzatiladi. Qo‘zg‘atuvchi o‘pkaga tushganda pnevmoniyani keltirib chiqarishi mumkin. U qon oqimiga kirib, bakteriyemiyani yuzaga keltirishi ham mumkin; bosh miya yoki orqa miyani o‘rab turgan to‘qimalarga tushganda esa yiringli meningitni keltirib chiqaradi.
Inkubatsiya davri 1 kundan 3 kungacha davom etadi.
Alomatlar quyidagilardan iborat: pnevmokokkli pnevmoniyada — isitma, yo‘tal, hansirash va ko‘krak qafasida og‘riq; pnevmokokkli yiringli meningitda — rigidlik (ensa mushaklarining qotishi), isitma, ongning chalkashishi va mo‘ljal olish qobiliyatining buzilishi, yorug‘likdan qo‘rqish (fotofobiya). Pnevmokokkli bakteriyemiyaning (qonning zararlanishi, o‘lim darajasi 50 % gacha yetadigan eng og‘ir shakl) dastlabki belgilari pnevmoniya va meningitning ayrim alomatlariga o‘xshash bo‘lishi, shuningdek, bo‘g‘imlarda og‘riq va titroqni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Og‘ir pnevmokokk infeksiyalari bilan kasallanishning eng yuqori darajasi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar va keksa yoshdagi odamlar (65 yoshdan kattalar) orasida qayd etiladi. Aynan shu yosh guruhlarida gripp va pnevmoniya o‘lim sabablari orasida barcha infeksiyalar bo‘yicha birinchi, barcha o‘lim sabablari orasida esa 5-o‘rinni egallaydi. Pnevmokokk infeksiyalarining og‘ir kechishi xavfi yuqori bo‘lgan boshqa guruhlar ham mavjud. Rossiya Federatsiyasida turli mualliflarning ma’lumotlariga ko‘ra, shifoxonadan tashqarida orttirilgan pnevmokokkli pnevmoniya etiologiyasi aniqlangan holatlarning kattalarda 15 dan 76 % gacha, bolalarda esa 94 % gacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. Pnevmokokk ko‘pincha surunkali bronxitning zo‘rayishiga ham sabab bo‘ladi.
O‘tkir o‘rta otit (O‘OO) 4 yoshgacha bo‘lgan bolalarga antibiotik buyurilishining eng asosiy sababidir. Deyarli har bir bola 5 yoshga to‘lguniga qadar O‘OOni bir yoki bir necha marta boshdan kechiradi. AQSH statistikasiga ko‘ra, pnevmokokkli otit bolalarda eshitish qobiliyati pasayishining eng ko‘p uchraydigan sababidir.
Xavf guruhlari
Xavf guruhlari (pnevmokokk infeksiyasi bilan kasallanish bo‘yicha):
- 65 yosh va undan katta yoshdagi shaxslar (birinchi navbatda, keksalarni parvarishlashga mo‘ljallangan maxsus muassasalarda doimiy yashovchilar). Dunyoning ko‘plab iqtisodiy rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarida bu yoshda pnevmokokk infeksiyasiga qarshi emlash majburiy hisoblanadi.
- yurak-qon tomir va nafas olish tizimlarining surunkali kasalliklari, qandli diabet, jigar sirrozi, surunkali buyrak yetishmovchiligi, Xodjkin kasalligi bo‘lgan bolalar va kattalar;
- talog‘ini olib tashlash rejalashtirilgan yoki talog‘i olib tashlangan bolalar va kattalar
- bolalar va kattalar — o‘roqsimon hujayrali anemiyasi borlar
- onkogematologik kasalliklari bo‘lgan bolalar va kattalar
- orqa miya suyuqligi sizib chiqadigan bolalar va kattalar
- OIV infeksiyasi yuqqan bolalar va kattalar
- jamoaviy sharoitda yashovchi guruhlar (harbiy xizmatchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat muassasalarida yashovchilar, mahbuslar va odamlar zich joylashgan sharoitda bo‘ladigan boshqa kattalar va bolalar)
- alkogolga qaramligi bo‘lgan shaxslar
- sigaret chekuvchilar
Pnevmokokk infeksiyasiga qarshi kurash
Qo‘llanilgan antibiotiklarga javoban pnevmokokklar ularning ko‘pchiligiga chidamlilik hosil qilgan. Masalan, antibiotiklar keng qo‘llanadigan mamlakatlarda ajratib olingan barcha pnevmokokklar orasida penitsillinga chidamlilik darajasi 50 % gacha, tetratsiklin va levomitsetinga nisbatan esa qariyb 30 % ni tashkil etadi. Bundan tashqari, kasallik tez rivojlanishi (2–3 kun) sababli, odatda, antibiotiklarga sezuvchanlikni maxsus aniqlash uchun vaqt bo‘lmaydi. Og‘ir infeksiyaga chalingan bemorlar standart antibakterial preparatlar yuborilganiga qaramay ko‘pincha vafot etadi.
Pnevmokokkka qarshi vaksinalarning ikki turi mavjud: konyugatsiyalangan va polisaxaridli. Konyugatsiyalangan vaksina (tarkibiga kiritilgan serotiplar soniga ko‘ra PKV 7, 10 yoki 13) kuchli immun javobni yuzaga keltiradigan yot oqsilni o‘z ichiga oladi, bu kichik yoshdagi bolalarda immunitet shakllanishi uchun zarur. Polisaxaridli vaksina (PPV 23) Streptococcus pneumoniae bakteriyasining ko‘proq serotiplarini qamrab oladi hamda xavf guruhidagi kattalar va keksa yoshdagi odamlarga tavsiya etiladi.
Rossiyada pnevmokokkning serologik turlarini aniqlash amaliyotda keng qo‘llanmaydi. Biroq Rossiyada o‘tkazilgan tadqiqot bemorlarda (bronxitlar misolida) aynan 23 valentli pnevmokokk vaksinasiga kiritilgan serotiplar ajratib olinishini ko‘rsatgan. Vaksinaning o‘zi hatto nazariy jihatdan ham kasallikni keltirib chiqara olmaydi, chunki uning tarkibida faqat o‘ldirilgan mikroorganizmlarning qismlari (tozalangan kapsula polisaxaridlari) mavjud. Ular inson organizmida, hatto laboratoriya sharoitida ham ko‘paya olmaydi.
Rossiya dori vositalari davlat reyestrining «Pnevmokokk infeksiyalarining oldini olish uchun vaksina» toifasiga quyidagi preparatlar kiritilgan: Prevenar 13 (PKV13), Pnevmovaks 23 (PPV23), Sinfloriks (PKV10).
Rossiya Federatsiyasida pnevmokokkka qarshi konyugatsiyalangan vaksina (PCV-16) ishlab chiqilmoqda. Uning tarkibiga Rossiya va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlarda keng tarqalgan serotiplar, shuningdek, yuqori invazivlikka va antibiotiklarga chidamlilikka ega serotiplar kiritilgan.