Astronomiya — havaskorlarga (mutaxassis bo‘lmaganlarga) professional ilmiy tadqiqotlarning eng ilg‘or yo‘nalishlariga ham hissa qo‘shish imkonini beradigan fan. Endi sizda “Qanday qilib?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Bir asrdan ortiq vaqt davomida havaskorlar oddiy uy teleskoplari yordamida bir nechta muhim turdagi o‘zgaruvchan yulduzlarning yorqinligi bo‘yicha kuzatuv ma’lumotlarini to‘plab kelishmoqda. Ushbu maqolada biz o‘zgaruvchan yulduzlar haqida va nega ularni kuzatishimiz kerakligi haqida gaplashamiz.
O‘zgaruvchan yulduzlar nima?

Karina tumanligida joylashgan Eta Karina (Eta Carinae) o‘zgaruvchan yulduzi
O‘zgaruvchan yulduzlar — yorqinligi o‘zgarib turadigan yulduzlardir. Bu o‘zgarish sekundning juda kichik ulushidan tortib yillargacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, kattalik (yulduz kattaligi, magnitude) ning mingdan bir qismigacha kamayishi yoki hatto yigirma kattalikkacha (20 magnitude) yetishi mumkin. Hozirga qadar deyarli 150 000 ta o‘zgaruvchan yulduz ma’lum va hujjatlashtirilgan, yana minglab yulduzlar ham o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi.
Nega o‘zgaruvchan yulduzlar yorqinligini o‘zgartiradi?
O‘zgaruvchan yulduzlar bir nechta sabablar tufayli yorqinligini o‘zgartiradi. Masalan, pulsatsiyalanuvchi o‘zgaruvchilar (pulsating variables) ichki kuchlar ta’sirida navbatma-navbat qisqarib va kengayib turadi. Xuddi shuningdek, tutiluvchi qo‘shaloq yulduzlar tizimida (eclipsing binary) yulduz xira sherigi tomonidan to‘sib qo‘yilganda xiralashadi, keyin esa to‘suvchi hamroh chetga siljigach yana yorishadi. O‘zgaruvchan yulduzlarda yorug‘likning turlicha o‘zgarish sabablari yulduzlarni turli toifalarga ajratish (tasniflash) uchun asos bo‘ladi.
O‘zgaruvchan yulduzlarning turlari qanday?
O‘zgaruvchan yulduzlar yorqinlikning tebranishi (fluctuation) sababiga qarab ichki (intrinsic) va tashqi (extrinsic) turlarga tasniflanadi.
- Ichki — yulduz yoki kosmik tizimning o‘zida sodir bo‘ladigan pulsatsiya yoki portlash (eruption) kabi fizik o‘zgarishlar natijasida yorqinlik o‘zgaradi
- Tashqi — o‘zgaruvchanlik bir yulduzni boshqasi tutilishi (eclipse), Quyosh tizimidan tashqaridagi sayyora (extrasolar planet) ning tranziti (transit) yoki yulduzning aylanishi (stellar rotation) ta’siri tufayli yuzaga keladi
Ichki o‘zgaruvchilarning turli turlariga quyidagilar kiradi:
- Pulsatsiyalanuvchi o‘zgaruvchilar (pulsating variables)
- Eruptiv o‘zgaruvchilar (eruptive variables)
- Kataklizmik yoki portlovchi o‘zgaruvchilar (cataclysmic or explosive variables)
Tashqi o‘zgaruvchilarning ikkita asosiy kichik guruhi mavjud:
- Tutiluvchi qo‘shaloq yulduzlar (eclipsing binaries)
- Aylanuvchi yulduzlar (rotating stars)
Nega o‘zgaruvchan yulduzlarni kuzatamiz?
O‘zgaruvchan yulduzlar bo‘yicha ma’lumot to‘plash muhim va foydali faoliyat ekanining ko‘plab sabablari bor. Bu yulduzlarni tadqiq qilish yulduzlarning massa, yorqinlik (luminosity), radius va tarkib (composition) kabi xossalari haqida juda ko‘p ma’lumot beradi. Bu ma’lumotlardan boshqa yulduzlarni ham o‘rganishda foydalanish mumkin. O‘zgaruvchan yulduzlar ularning uzoq muddatli xatti-harakatini aniqlash uchun o‘nlab yillar davomida kuzatiladi; ayrim o‘zgaruvchilarning davri (period) ko‘p yillarga cho‘zilishi mumkin.
O‘zgaruvchan yulduzlarni qanday kuzatamiz?
Har kim o‘zgaruvchan yulduz kuzatuvchisi bo‘lishi mumkin. Kuzatishni boshlash uchun sizga quyidagilar kerak bo‘ladi:
- Durbin (binoculars) yoki teleskop
- Yo‘nalishni topishga yordam beradigan o‘zgaruvchan yulduzlar xaritasi (variable star chart)
- Bir nechta asosiy ko‘rsatmalar
- Biroz sabr
Bularning barchasi yodda tutish uchun ko‘pdek tuyulishi mumkin. Ammo vaqt o‘tishi bilan osonlashadi. O‘zgaruvchan yulduzlarni chin dildan kuzatuvchi havaskorlar tartib-qoidalarni shu qadar yaxshi o‘zlashtirib oladilarki, ular bir kechada o‘nlab yulduzlarni biridan boshqasiga tez-tez o‘tib, hatto xaritalarsiz ham kuzata oladi.
