Nosoz piksellar

Kompyuter monitorlari kabi ko‘p sonli bir xil katakchalardan tashkil topgan matritsali qurilmalarda tasvir nuqsonlari tez-tez uchraydi. Bunday nuqsonlar faqat bitta katakchada yoki katakchalarning kichik guruhida namoyon bo‘ladi. Eng keng tarqalgan nuqsonlar quyidagilar:

«Sovuq piksellar»

Nuqsonli piksel — LCD monitor (fotoapparat modeli: Nikon Coolpix 3100), taxminan 20 marta kattalashtirilgan

«Buzilgan piksellar» (shuningdek, «o‘lik» yoki «yomon» piksellar deb ham ataladi; rasmiy nomi — nuqsonli piksellar, ingl. defective pixels) — tasvirni qabul qiladigan yoki aks ettiradigan, pikselli tuzilishga ega elektron qurilmaning nuqsonidir. Bunda bir nechta pikselning chiqish signali o‘zgarmay qoladi (monitorlarda — pikselning yorqinligi, raqamli faylda esa — raqamli fotoapparat matritsasidagi piksellarning maʼlumotlari).

«Issiq piksellar» (ingl. hot pixels) — chiqish signali qiymatining kirish signaliga bog‘liqligi noto‘g‘ri bo‘ladigan yoki chiqish signali asosan boshqa omillarga (haroratga, qo‘shni piksellarning qiymatlariga) bog‘liq bo‘lib qoladigan nuqson.

«Bog‘liq piksellar» — muayyan piksel qiymatining atrofidagi piksellar qiymatiga bog‘liqligini bildiradigan norasmiy atama. Odatda bunday nuqson hayotiy, tabiiy ko‘rinishdagi tasvirlarda sezilmaydi. Uni monitorda faqat «shaxmat taxtasi» yoki «to‘r» shaklidagi tasvir orqali aniqlash mumkin.

«Qotib qolgan piksellar» — doimo «yoqilgan» holatda turadigan piksellar. Ular ko‘pincha tashqi taʼsir oqibatida paydo bo‘ladi. Odatda tranzistor energiya olmay qoladi va shu sababli elektr tokini uzluksiz ravishda RGB qatlamiga o‘tkazadi[aniqlashtirish kerak].

Bunday nuqsonning paydo bo‘lishiga matritsa elementining nosozligi sabab bo‘ladi. «Buzilgan piksel» holatida esa bu — doimiy nosozlik. Matritsa ishlab chiqarish qimmat va ko‘p mehnat talab qiladigan jarayon bo‘lgani, uning nosozligini esa faqat ishlab chiqarish to‘liq yakunlangach tekshirish mumkinligi sababli ishlab chiqaruvchilar iloji boricha kamroq mahsulotni yaroqsiz deb topishga intiladi. Sinov natijalariga ko‘ra mahsulot sifat sinflaridan biriga kiritiladi.

Maʼlumotlarni saqlovchi elektron qurilmalar (operativ xotira, flesh-xotira) uchun odatda «buzilgan katak», «nosoz katak» yoki «nosoz blok» atamalari qo‘llanadi. Chunki fotoqurilmalar va tasvirni aks ettiruvchi qurilmalardan farqli ravishda, bu yerda nuqsonning tasvirdagi muayyan joy bilan bevosita bog‘liqligi yo‘q.

Fotoqurilmalar matritsalaridagi nuqsonli piksellar

Agar raqamli fotoapparat matritsasi, videokamera, skaner, hujjat-kamera yoki tasvirni qabul qiladigan boshqa qurilma haqida gap ketsa, chiqish signalining kattaligi raqamli fotoapparat faylidagi tegishli pikselning sonli qiymati bilan ifodalanadi. Raqamli fotoapparatlarning aksariyatida nuqsonli piksellar qiymati qo‘shni piksellar qiymatlaridan interpolyatsiya (interpolation) yo‘li bilan hisoblanib, nuqson yashiriladi (natijada bunday piksellar «bog‘liq» piksellarga aylanadi).

Ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilar uchta, ayrimlari esa beshtagacha nuqsonli piksel mavjudligini matritsa nuqsoni deb hisoblamaydi.

«Issiq» piksellarning qator bo‘lib joylashishi, shuningdek, bir-biriga yaqin joylashgan «issiq» piksellar guruhlari matritsa nuqsoni hisoblanadi.

Monitorlardagi nuqsonli piksellar

Monitorlar sifatiga oid standart — ISO 9241-307. U ruxsat etiladigan nuqsonli piksellar soniga ko‘ra monitorlar uchun to‘rtta sifat sinfini belgilaydi. Monitor sotuvchilari ham o‘z mahsulotlari uchun maʼlum bir chegarani belgilaydi; u odatda shu sinflardan biriga mos keladi. Nuqsonli piksellari belgilangan meʼyordan ko‘p bo‘lgan monitorlar yaroqsiz hisoblanadi va almashtirilishi kerak. Bunday nuqsonlarga ayniqsa moyil bo‘lgan TN film matritsali zamonaviy monitorlarda «issiq piksellar» remapping (qayta xaritalash), yaʼni ayrim piksellarni o‘chirib qo‘yish orqali bartaraf etiladi.

Monitorda nuqsonli piksellar bor-yo‘qligini tekshirish uchun ekranni navbatma-navbat butunlay qora, oq, qizil, yashil va ko‘k rangga bo‘yab, tasvirni diqqat bilan kuzatish mumkin. Ushbu ketma-ketlikda boshqa rangdagi nuqtalar ko‘rinmasa, katta ehtimol bilan nuqsonli piksellar yo‘q.

«Issiq» va «bog‘liq» piksellar yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun ekranda qo‘shimcha ravishda shaxmat taxtasi kataklari va mayda to‘r ko‘rinishidagi tasvirlarni ko‘rsatish tavsiya etiladi.

Videokartadagi nuqsonli piksellar

Baʼzi hollarda kompyuter videokartasidagi yoki tasvirni shunga o‘xshash usulda hosil qiladigan boshqa elektron qurilmadagi videoxotiraning nosoz kataklari har qanday turdagi monitorda nuqsonli piksel effektini keltirib chiqaradi. Odatda faqat bitta bit nosoz bo‘lgani uchun bunday nuqsonning o‘ziga xos belgisi uning tasvir aniqligi (rezolyutsiyasi), muayyan videorejimdagi rang chuqurligi va piksel rangiga bog‘liq bo‘lishidir.

«Qotib qolgan» piksellarni tiklash usullari

«Qotib qolgan» piksellarni tiklashning bir nechta asosiy usuli mavjud:

  • Maxsus dasturiy yechimlardan foydalanish.
  • «Qotib qolgan» pikselni uqalash. Buning uchun diametri kichik bo‘lgan yumshoq buyumdan (paxtali tayoqcha) foydalanish maʼqul. Baʼzan qurilmaga harorat bilan taʼsir qilish ham displeydagi nosozliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Buning uchun yumshoq buyumni isitib, muammoli joyni xuddi shu tarzda uqalash kerak.

Yuqoridagi usullarni birgalikda qo‘llash ularni alohida-alohida qo‘llashdan ko‘ra samaraliroqdir.

Havolalar