| Nikopol jangi | |||
|---|---|---|---|
| Asosiy mojaro: Salib yurishlari, usmonli-venger urushlari | |||
| Miniatyura — «Xronikalar» (Jan Fruassar) asaridan | |||
| Sana | 25-sentabr 1396-yil | ||
| Joy | Nikopol, Bolgariya | ||
| Natija | Usmonlilarning qat’iy g‘alabasi, salibchilarning tor-mor etilishi | ||
| Qarama-qarshi tomonlar | |||
| Qo‘mondonlar | |||
|
|||
| Tomonlarning kuchlari | |||
|
|||
| Yo‘qotishlar | |||
|
|||
|
|
|||
Nikopol jangi — bir tomondan, Vengriya qiroli Sigizmund, Fransiya qirolligi, Gospitalyerlar ordeni va Venetsiya respublikasining birlashgan kuchlari, ikkinchi tomondan, usmonli sultoni Boyazid I qo‘shini o‘rtasidagi yirik jang. U 25-sentabr 1396-yilda Shimoliy Bolgariyadagi Nikopol shahri yaqinida bo‘lib o‘tgan. Turk qo‘shini qat’iy g‘alaba qozongan.
Tarixiy shart-sharoit
Milodiy XIV asrda an’anaviy salib yurishlari susaya boshladi. Shu sababli bu asr ayrim ritsarlar va qirollar uyushtirgan ko‘plab kichik salib yurishlari bilan ajralib turdi. Ularning eng muhimlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan Barbariyaga salib yurishi (1390-yil, Mahdiyaga yurish), shuningdek, Boltiqbo‘yida davom etgan ko‘plab mojarolar edi. Kosovo maydonidagi g‘alabadan (1389-yil) so‘ng turklar Bolqonning katta qismini o‘zlariga bo‘ysundirdilar va vizantiyaliklarni deyarli hamma joydan siqib chiqarib, ularni faqat Konstantinopol va uning atrofidagi hududlar bilan kifoyalanishga majbur qildilar. Keyinchalik Konstantinopol turklar tomonidan ko‘p marta qamal qilindi.
1393-yilda Bolgariya podshosi Ioann Shishman o‘z poytaxti — Nikopolni turklar egallashi oqibatida boy berdi, uning ukasi Ivan Sratsimir esa Vidinni o‘z qo‘lida saqlab qoldi, biroq turk sultonining syuzerenitetini (oliy hukmronligini) tan olishga majbur bo‘ldi. Bolgar boyarlari (zodagonlari), despotlari va turli mustaqil Bolqon hukmdorlari nazarida bu vaziyat sharoitni o‘z foydasiga o‘zgartirish va turklar hukmronligidan qutulish uchun ajoyib imkoniyatdek ko‘rindi.
Bundan tashqari, xristian dunyosi bilan tobora kengayayotgan Usmonli imperiyasi o‘rtasidagi chegara asta-sekin Vengriya qirolligiga yaqinlashib, uning mustaqilligiga jiddiy xavf tug‘dirdi. Bu uning hukmdorlarini davlatni himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘rishga majbur etdi. O‘z navbatida, Venetsiya respublikasi ham turk davlatining Bolqonda kuchayib borayotgan ekspansiyasidan xavotirda edi, chunki urush davomida Venetsiyaning Moreya va Dalmatsiya kabi mulklaridan ayrilishi uning Adriatika, Egey va Ioniya dengizlaridagi ta’siri pasayishini anglatardi. O‘z navbatida, Genuya respublikasi turklar Dunay va Qora dengiz bo‘g‘ozlari ustidan nazorat o‘rnatishi Yevropa bilan Qora dengiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi va savdo yo‘llariga nisbatan Genuyaning savdo monopoliyasiga jiddiy zarba berishidan asosli ravishda xavfsirardi. Qora dengiz sohillarida Genuyaning boy koloniyalari, jumladan, Kafa va Sinop joylashgan edi. Genuyaliklar Galatani — Oltin Shox qo‘ltig‘ining shimoliy qismidagi, 1395-yilda turklar qamal qilgan qal’ani ham nazorat qilardilar.
1394-yilda Rim papasi Bonifatsiy IX turklarga qarshi yangi salib yurishini e’lon qildi. Biroq Buyuk g‘arbiy bo‘linish papalik nufuziga katta zarar yetkazgan edi, shuning uchun bu da’vat avvalgi keng ko‘lamli yurishlardagidek keng aks sado bermadi. Bo‘lajak yurishni tashkil etishda katta rol o‘ynagan muhim voqealardan biri urush edi. U Angliya qiroli Richard II bilan Fransiya hukmdori Karl VI o‘rtasida kechgan.
1389-yilda qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida navbatdagi sulh tuzildi. 1395-yilda Richard II tinchlikni mustahkamlash maqsadida Fransiya qirolining qizi Izabellaga uylanishni taklif qildi. 1396-yil oktabrida qirollar chegaradagi Kale shahrida kelgusidagi ittifoq shartlarini muhokama qilish uchun uchrashdilar va oldingi sulh shartnomasining amal qilish muddatini uzaytirishga kelishdilar. Shuningdek, Yevropa qirolliklari orasida o‘z obro‘-e’tibori va nufuzini mustahkamlashga intilgan Burgundiyaning yurishda ishtirok etishi ham muhim omil bo‘ldi.
120 000 livr miqdoridagi mablag‘ni Flandriyadan olgan Burgundiya salib yurishiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi va 1395-yil yanvarida Vengriya qiroli Sigizmundga Fransiya uning iltimoslarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligi haqida xabar yubordi. Avgustda Sigizmundning delegatsiyasi Parijga yetib keldi. U yerda delegatsiya xristian yerlarini talayotgan va vayron qilayotgan qirq ming kishilik turk qo‘shini haqida batafsil so‘zlab berdi va Vengriya qiroli nomidan yordam so‘radi.
Karl VI Angliya bilan tinchlikka erishganidan so‘ng, xristian qirollari orasida yetakchi sifatida xristian dunyosining taqdiri va uni turklar tahdididan himoya qilish mas’uliyati o‘z zimmasiga tushishini aytdi. Fransuz zodagonlari qirolning da’vatini katta ishtiyoq bilan qarshi oldilar. Fransiya konnetabli (oliy harbiy qo‘mondoni) Filipp d’Artua, d’E grafi va Fransiya marshali Jan II le Mengr Busiko yurishda ishtirok etishga bajonidil rozi bo‘ldilar va o‘z fuqarolarini qurollanishga chaqirdilar.
Qo‘shinlarning soni va tarkibi
Qarama-qarshi tomonlarning soni haqidagi ma’lumotlar ziddiyatli. O‘rta asr mualliflari jangda 70 ming ritsar (vengerlar, fransuzlar, inglizlar, nemislar, italyanlar va chexlar) 200 ming kishilik turk qo‘shiniga qarshi qatnashganini ta’kidlasalar, zamonaviy ma’lumotlarga ko‘ra[qaysi ma’lumotlarga?], kuchlar nisbati taxminan ~50 ming salibchiga qarshi 15-25 ming usmonlidan iborat bo‘lgan (shu jumladan Stefan Lazarevichning serblari). Solnomachilar voqealarning alohida ahamiyatini ta’kidlash maqsadida jang ishtirokchilari sonini odatda ancha oshirib ko‘rsatganlar. Manbalarda jangchilar soni hayratlanarli darajadagi 400 000 nafargacha yetadi. Salibchilarning zaifligini oqlash uchun solnomachilar ba’zan usmonlilar raqiblaridan son jihatidan ikki baravar ustun bo‘lganini alohida qayd etadilar. Xuddi shunday xususiyat (buning butunlay aksi shaklida) turk solnomachilarining asarlarida ham uchraydi: ular turk qo‘shinining g‘alabasini ulug‘lash uchun salibchilarning ikki baravar ustunligini ta’kidlaganlar.
Yollanma bavariyalik askar, jang guvohi va ishtirokchisi Iogann Shiltberger o‘z qaydlarida salibchilar soni taxminan 16 000 kishi bo‘lganini ta’kidlagan, usmonli qo‘shinlari sonini esa «200 000 jangchi» deb baholagan. XIX asr nemis tarixchilari manbalarni tahlil qilish va qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish natijasida aniqlaganlarki[qanday?], jangda 7500-9000 salibchi va 12 000-20 000 turk ishtirok etgan. Xuddi shu tarixchilar[kimlar?] ta’minot nuqtayi nazaridan Nikopol atrofi o‘n minglab odamlar va otlarni oziq-ovqat bilan ta’minlay olmasligini qayd etganlar.
| Manba | Yil | Mansubligi | # Salibchilar | # Usmonlilar | Jami # | Havola |
|---|---|---|---|---|---|---|
| Iogann Shiltberger | 1427-yil | Yevropa | 16 000 | 200 000 | 216 000 | |
| Nemis tarixchilari (XIX asr) | 1800-yillar | Yevropa | 7500—9000 | 12 000-20 000 | 19 500—29 000 | |
| Shukrulloh, Behjet ut-tavorix (Behçetu't-Tevârih) | 1400-yillar | Turkiya | 130 000 | 60 000 | 190 000 | |
| Devid K. Nikol | 1999-yil | Yevropa | 16 000 | 15 000 | 31 000 | |
| Grant | 1882-yil | Yevropa (Germaniya, Polsha) | 50 000-53 000 | 16 000-20 000 | 67 000-73 000 |
Salibchilar armiyasi
Jangda Fransiya qirolligi tomonidan taxminan 2000 nafar ritsar va serviyent (harbiy xizmatkor) 6000 nafar kamonchi va piyoda askar ko‘magida ishtirok etgan. Yurishga tayyorgarlik ko‘rishda Burgundiya — Yevropaning eng qudratli gersogliklaridan biri — yetakchi rol o‘ynagan. Burgundiya qo‘shinining asosini piyoda ham, ot ustida ham jang qila oladigan og‘ir qurollangan ritsarlar bo‘linmalari tashkil etgan. Uning sezilarli qismini (13,6 %) kamonchilar va arbaletchilar bo‘linmalari tashkil qilgan. Burgundiyaliklar o‘sha davr uchun rivojlangan artilleriyaga ham ega bo‘lganlar. U toblangan temirdan yasalgan bombardalardan iborat bo‘lib, ular tosh yadrolar va kartech (mayda snaryadlar to‘plami) bilan o‘t ochgan (yuqorida Fruassar qo‘lyozmasidagi miniatyuraga qarang). Burgundiya armiyasiga transport vositasi sifatida ko‘plab xizmatkorlari bor arava-vagonlar hamrohlik qilgan. Salibchilarning birlashgan kuchlari tarkibidagi eng katta qismni tashkil qilgan fransuz-burgund qo‘shinining jangovar ruhi juda yuqori edi. Bu ko‘p jihatdan ritsarlarning salib yurishidek mas’uliyatli va muqaddas tadbirda qatnashishni yuksak sharaf deb bilganlari bilan bog‘liq edi. Ularning yunon «shizmatiklari» (cherkov bo‘linishi tarafdorlari) va musulmonlarga dushmanona munosabati hammaga ma’lum bo‘lgan va bu ham bo‘lajak jangda o‘z rolini o‘ynagan. Fransuzlar va inglizlarning umumiy soni 10 ming kishiga yetgan.
Ko‘pgina tarixchilarning fikricha, fransuz-nemis otliqlarining o‘ziga haddan tashqari ishonishi va takabburligi salibchilar armiyasining mag‘lubiyatida hal qiluvchi rol o‘ynagan. Nemis kontingenti ham asosan og‘ir qurollangan ritsar otliqlaridan iborat bo‘lib, uning harbiy tuzilishi fransuzlarnikiga taqlid qilingan edi. Bo‘lajak harbiy yurishning eng mutaassib tarafdorlari gospitalyer ritsarlar bo‘lib, ular ittifoq qo‘shinlari tarkibida salmoqli kuchni tashkil etganlar.
Vengriya armiyasi XIV asrda sezilarli o‘zgarishlarni boshdan kechirgan, biroq qadimgi dasht an’analarini yo‘qotmagan edi. U asosan G‘arbiy Yevropa namunasi bo‘yicha tashkil etilgan venger feodallarining og‘ir qurollangan bo‘linmalaridan iborat edi. Biroq unga ko‘p sonli yengil otliqlar hamrohlik qilgan, ularning ancha qismini otliq kamonchilar, shuningdek, Transilvaniya va janubiy slavyan viloyatlarining turli qabila va urug‘laridan to‘plangan xalq lashkarlari tashkil etgan.
Salibchilarning ittifoqchilari sifatida valaxlar qatnashdilar. Ularning qo‘shinlari salmoqli kuchga ega bo‘lsa-da, bo‘lajak harbiy yurishda ishonchsiz edi. Valaxiya qo‘shinlari tog‘lar va tog‘oldi hududlaridagi ko‘chmanchi chorvador qabilalardan chiqqan jangchilardan iborat edi. O‘sha davrda Bolqon yarimorolining eng yaxshi jangchilari hisoblangan valaxlar asosan otliq kamonchilar edilar.
Salibchilar qo‘shini dengizda ham deyarli to‘liq ustunlikka ega edi. Bunga ittifoqchilarining yordami sabab bo‘ldi: Venetsiya va Genuya.
Usmonli va serb qo‘shinlari
O‘zaro til to‘siqlari mavjud bo‘lgan yevropalik raqiblaridan farqli o‘laroq, turkiy jangchilar temir intizom va boshliqlarning buyruqlariga itoatkorlik ruhi bilan birlashgan edilar. Bu hatto ularning eng ashaddiy dushmanlarida ham hurmat uyg‘otgan. Usmonli qo‘shinining asosiy kuchi otliqlar edi. Jangchilarning bir qismi o‘z yer-mulklari — timorlar hisobiga kun kechirgan, boshqa qismi davlatdan muntazam maosh olgan. Sara gvardiya polklaridan tashqari, usmonli kuchlari Onado‘lidan to‘plangan qo‘shinlar va Bolqondan yuborilgan bo‘linmalardan iborat edi. Qo‘shinning har bir qismi (sharqiy — Onado‘li va g‘arbiy — Bolqon) beklarbegiga bo‘ysungan, alohida viloyatlardan kelgan jangchilarga esa sanjoqbeklar qo‘mondonlik qilgan.
Sara bo‘linmalardan tashqari, usmonli armiyasining sezilarli qismini turli turkiy tilli qabilalardan to‘plangan yengil qurollangan otliq kamonchilar bo‘linmalari tashkil etgan. Ularning katta qismini aqinchilar — yengil hujumkor otliqlar, ya’ni chegara hududlari jangchilari tashkil qilgan. Ularga xristian harbiy tabaqalarining ko‘plab vakillari ham qo‘shilgan edi. Aqinchilar safiga Bolqon tog‘laridagi ko‘chmanchi chorvador qabilalarning jangchilari ham jalb qilingan. Natijada bu jangchilar hududni juda yaxshi bilganlar, bu esa bo‘lajak yurish muvaffaqiyatining muhim omillaridan biri bo‘lgan.
Usmonli otliq qo‘shinining asosini sipohiylarning feodal bo‘linmalari tashkil etgan. Ular tarixiy jihatdan rus dvoryanlariga o‘xshab, urushga o‘z qurollangan xizmatkorlari bo‘linmalari bilan kelganlar. Usmonli otliqlarining eng jangovar qismlari bevosita sulton qo‘mondonligi ostidagi yaxshi qurollangan va tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘linmalardan iborat edi. Usmonli piyoda qo‘shini dehqonlardan to‘plangan yengil qurollangan kamonchilar — azaplar, shuningdek, mashhur yanicharlarning sara polklaridan iborat edi.
Usmonlilar tomonida qirol Stefan boshchiligidagi serb qo‘shini ham jang qilgan. Serb armiyasi og‘ir otliqlar safida xizmat qiluvchi kvazifeodal (feodal tuzumga yaqin) harbiy elita vakillarining birlashmalaridan, shuningdek, turli yollanma askarlardan iborat edi. Ular asosan serb zodagonlari og‘ir sovutlar va qurol-aslaha sotib oladigan Italiyadan kelganlar. Serb ritsarlarining jang maydonidagi taktikasi Vizantiya va Bolgariya taktikalariga o‘xshash edi.
Tayyorgarlik

Garchi Burgundiyalik Filipp yurishga Lankaster gersogi Jon Gont va Orleanlik Lyudovik bilan birgalikda chiqishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, uchalasi ham oxir-oqibat harbiy yurishda qatnashishdan voz kechdilar. Ularning aytishicha, Angliya bilan tinchlik muzokaralarida hozir bo‘lishlari zarur edi. Shunga qaramay, Burgundiya bo‘lajak yurishning yetakchi kuchi bo‘lib qoldi va Burgundiya armiyasiga rahbarlik rasman 24 yoshli gersog Ioannga — Burgundiya gersogining to‘ng‘ich o‘g‘liga o‘tdi. Otasi yosh gersogning tajribasizligini va bunday mas’uliyatli ishga tayyor emasligini yaxshi tushunib, o‘g‘li bilan birga eng tajribali va qobiliyatli sarkardalaridan birini — Angerran VII de Kusini yubordi. Gersogga yurishda ko‘plab maslahatchilar hamrohlik qilganiga qaramay, u qo‘shinlarga yagona rahbarlik qilishning ahamiyatini to‘liq anglamadi. Bu keyinchalik yurish va jangda halokatli rol o‘ynadi. Harbiy kengashda 26-mart 1396-yilda bo‘lajak yurishda ritsarlarning o‘zini tutish qoidalari muhokama qilindi va qabul etildi.
Buda tomon yurish
30-aprel 1396-yilda salibchilar Dijondan yo‘lga chiqdilar va Bavariyani yo‘l orqali, Strasburgdan to Dunayning yuqori oqimigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdilar. U yerda daryo kemalariga o‘tirib, Vengriya qiroli joylashgan Budaga yetib keldilar. Salibchilarning keyingi maqsadi turklarni Bolqondan siqib chiqarish, Konstantinopol himoyachilariga yordam berish uchun u yerga yurish edi. Shundan so‘ng ritsarlar Gellespontni kesib o‘tib, butun Turkiya va Suriya orqali yurib, Falastin va Muqaddas Qabrni ozod qilishni, so‘ngra g‘olib sifatida dengiz yo‘li orqali Yevropaga qaytishni rejalashtirganlar. Venetsiya flotiga turklarni Marmar dengizida qamal qilib, kemalarni Dunay bo‘ylab yuqoriga, Valaxiya sohillariga yo‘naltirish va iyulda u yerda salibchilar qo‘shinini kutib olish buyurilgan edi.
Jang
Jang dushanba kuni, 25-sentabr 1396-yilda shahar mudofaa inshootlari yaqinidagi ochiq hududda bo‘lib o‘tgan. Jangning aniq joyi bahsli masaladir. Turk jangovar safining chap qanoti o‘rmonga tutashgan, o‘ng qanoti esa Dunay bo‘yidagi botqoqliklarga borib taqaladigan notekis hudud bilan himoyalangan edi. Turk qo‘shini oldida o‘rmon bilan qoplangan tor pastlik joylashgan edi. Turk armiyasining asosiy kuchlari otliqlardan iborat bo‘lib, markaz va ikki qanotga bo‘lingan, ular oldinga siljib, yarimoy shaklini hosil qila olganlar.
An’anaga ko‘ra, Bolqon va Rumeliyadan kelgan otliqlar o‘ng qanotda joylashgan, Onado‘li otliqlari esa chap qanotni tashkil etgan. Asosiy kuchlar oldida piyoda kamonchilar joylashtirilgan edi. Piyoda qo‘shin markazda joylashgan bo‘lib, yerga qoqilgan yog‘och qoziqlar qatorlari bilan himoyalangan edi. Jangda bir nechta yanichar polklari — ortalar ham ishtirok etgan. Jangovar saf oldida yengil qurollangan otliqlar — aqinchilar bo‘linmalari joylashgan bo‘lib, ularning vazifasi raqibni turk armiyasining yaxshi mustahkamlangan asosiy kuchlari tomon yo‘naltirish va uni usmonli otliqlarining yon tomondan zarbasiga duchor qilish edi.
Salibchilarning jangovar safi markazida fransuz-burgund qo‘shinlari joylashgan, ularning ortida keng front bo‘ylab vengerlar, nemislar, gospitalyerlar va polyaklar saf tortgan edilar. O‘ng qanotda transilvaniyaliklar, chap qanotda esa — valaxlar joylashgan edi. Erta tongda Sigizmund o‘zining Buyuk marshalini Qo‘rqmas Jan huzuriga yuborib, razvedkachilari dushmanning ilg‘or bo‘linmalarini aniqlaganini bildirdi. U razvedkachilarga turk askarlarining joylashuvi va sonini o‘rganish uchun vaqt berish maqsadida hujumni 2 soatga kechiktirishni so‘radi.
Gersog shoshilinch ravishda kengash chaqirdi. Unda Angerran de Kusi va Jan de Vyen — Fransiya admirali hamda qarorgohdagi eng keksa ritsar — Sigizmundning rejalarini qo‘llab-quvvatladilar. Biroq Filipp d’Artua, d’E grafi, Vengriya qiroli turklar ustidan qozoniladigan g‘alabaning butun shon-sharafini o‘ziga olmoqchi ekanini aytdi va hujumga boshchilik qilishga tayyorligini bildirdi. Grafning gaplarini hisobga olgan Kusi Vyendan maslahat so‘radi. Vyen, agar d’E grafi oldinga siljishni istasa, armiya hujumga o‘tishi kerakligini aytdi. Biroq u harakatlarni Vengriya qiroli va boshqa ittifoqchilar bilan muvofiqlashtirish oqilonaroq qaror bo‘lishini takrorladi. Sabrsiz d’E grafi kutishdan bosh tortdi va kengash tez orada samarasiz tortishuvga aylandi. Graf o‘z harakatlarini ittifoqchilar bilan muvofiqlashtirmasdan, mustaqil ravishda yurishga qaror qilgach, barcha bahslar tindi. D’Artua fransuz ritsarlarining ilg‘or bo‘linmasiga boshchilik qildi, Kusi va Ioann esa asosiy kuchlarga rahbarlik qildilar. Otliq kamonchilar bilan kuchaytirilgan fransuz otliqlari tepaliklardan janubga tushayotgan turklarga qarshi Nikopol tomon yo‘l oldilar. Gospitalyerlar, nemislar va boshqa ittifoqchilar Sigizmund bilan qoldilar.

Tayyorgarlikdan o‘tmagan turk piyoda askarlari olomonining mudofaasini tor-mor etgan ritsarlar o‘qlar yomg‘iri ostida raqibning markazdagi yaxshi qurollangan va tayyorgarlikdan o‘tgan piyoda askarlari mavqelarigacha yorib o‘tdilar. Bu mavqelar raqib otlarining qornini yorib yuboradigan o‘tkir qoziqlar qatorlari bilan himoyalangan edi. Barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tgan ritsarlar (ularning ko‘pchiligi qoziqlardan yasalgan to‘siqni buzib tashlash uchun otdan tushgan edi) oxir-oqibat turk piyoda askarlarini qochishga majbur qildilar. Turklar sipohiylar joylashgan hududga qochdilar, u yerda o‘zlarini nisbatan xavfsiz his qilishlari mumkin edi.
Kusi va Vyen keyingi hujumni to‘xtatib, kuchlarni qayta safarbar qilish uchun tanaffus qilishni, shuningdek, vengerlar va ittifoqchilarga hujum qilayotgan fransuz armiyasiga qo‘shilish uchun vaqt berishni maslahat berdilar. Biroq dushmanning haqiqiy sonini bilmagan va uning asosiy kuchlari hozirgina tarqatib yuborildi deb soddalik bilan o‘ylagan yoshroq ritsarlar hujumni hech qanday kechikishsiz davom ettirishni talab qildilar.
Ritsarlar hujumni davom ettirdilar, garchi ularning yarmi piyoda safda harakatlanayotgan bo‘lsa ham: ko‘plari o‘tkir qoziqlar tufayli otlaridan ayrilgan yoki turklarning to‘siqlarini buzib tashlash uchun ataylab otdan tushgan edilar. Oldinga siljib, ular yassitog‘likka (yonbag‘ir cho‘qqisidagi tekislikka) yetib bordilar, u yerda vahima ichida qochayotgan turk askarlarini ko‘rishga umid qilgan edilar.
Biroq fransuzlarni hayratga solgan holda ularga Boyazid o‘z zaxirasida saqlagan yangi sipohiy kuchlari yopirildi. Karnaylar va nog‘oralar sadosi hamda baland hayqiriqlar ostida turk otliqlari holdan toygan ritsarlarga hujum qildilar. Ritsarlar tor-mor etilib, tepalik yonbag‘ridan pastga qochdilar. Qolganlari joylarida qolib, hujum qilayotgan turklarga umidsizlarcha qarshilik ko‘rsatdilar. Bir necha bor yaralangan Vyen yoshi ulug‘ligiga qaramay, halok bo‘lguniga qadar vatandoshlarini ruhlantirishga urindi.
Turklar Qo‘rqmas Janning o‘zini ham o‘ldirishga tayyor edilar, biroq uning tansoqchisi yerga tashlanib, turklardan xo‘jayinining hayotini saqlab qolishlarini yolvorib so‘radi. Qat’iy kayfiyatlariga qaramay, turklar mashhur asir uchun olishlari mumkin bo‘lgan katta tovon pulidan manfaatdor edilar, shuning uchun fransuz qo‘mondonining hayotini saqlab qoldilar. Qo‘mondonning asirga tushganini ko‘rgan so‘nggi ritsarlar qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatdilar.
Ritsarlar yonbag‘irdan tushayotgan paytda ularni ta’qib qilgan sipohiylar chekinayotgan raqibni ikki qanotdan o‘rab oldilar. Fransuz-burgund qo‘shinlari butunlay mag‘lubiyatga uchradi. Keyingi voqealar unchalik aniq emas, biroq Yevropa va turk manbalari fransuzlarning tor-mor etilishidan so‘ng Vengriya qo‘shinlari va ularning ittifoqchilari mag‘lubiyatga uchraganini birdek qayd etadilar.
Aftidan, Sigizmund birlashgan kuchlar boshida o‘ziga ortiqcha ishonib, mag‘lub etilgan ittifoqchilariga yordam berishga otlangan. Vengriya qo‘shinlari azaplar olomoni orasidan o‘zlariga yo‘l ochib, qonli jang boshladilar. Qirol Stefan Lazarevichning bir yarim ming serb ritsari hujumi hal qiluvchi rol o‘ynadi. Sigizmund qo‘shinlari tor-mor etildi. Sigizmund Rodosning Buyuk magistri bilan birga baliqchi qayig‘ida qochib, Dunayda turgan Venetsiya kemalarigacha yetib borishga muvaffaq bo‘ldi. Jang yakunlandi va Sigizmund armiyasining qoldiqlari taslim bo‘ldi. Turklar asir olingan ritsarlarning aksariyatining boshini tanasidan judo qildilar, faqat eng zodagon 300 nafarini tirik qoldirib, katta tovon puli evaziga ozod qildilar
Jang natijasi
Turklar Bolqondagi hukmronligini mustahkamlab, Markaziy Yevropa uchun yanada katta tahdidga aylandilar.
Bolgariya o‘z mustaqilligini butunlay yo‘qotdi va Usmonli imperiyasining viloyati bo‘lib qoldi — 1878-yilgacha.
Madaniyatda
Nikopol jangi quyidagi romanda tasvirlangan: Aleksandr Dyumaning «Bavariyalik Izabella» (1835).
Adabiyotlar
- E. M. Jukov, bosh muharrir. Nikopol jangi // Sovet tarixiy ensiklopediyasi. — Moskva: «Sovet ensiklopediyasi» nashriyoti, 1967. — J. 10 NAXIMSON-PERGAM. — B. [228] (ustun. 1040 bet, illyustratsiyalar va xaritalar bilan). — 59 500 nusxa.
Havolalar
- Shuitsa, Marko. Faylasuf Konstantin asarida Nikopol jangi // Tarixiy jurnal. — 2009. — 58-jild. — 109—124-betlar.