| Kadesh jangi | |||
|---|---|---|---|
| Ramzes II Kadesh jangida jang aravasida | |||
| Sana | Ramzes II hukmronligining beshinchi yili | ||
| Joy | Shahar — Kadesh | ||
| Natija | Misrning taktik g‘alabasi, ammo strategik jihatdan natijasiz. Har ikki tomon o‘z g‘alabasini e’lon qildi. Tarixda ma’lum bo‘lgan dastlabki tinchlik shartnomasi mil. avv. 1258-yilda tuzilgan. | ||
| Qarshi tomonlar | |||
|
|
|||
| Qo‘mondonlar | |||
|
|
|||
| Tomonlarning harbiy kuchlari | |||
|
|||
| Yo‘qotishlar | |||
|
|||
|
|
|||
Kadesh jangi — Yaqin Sharqning eng qudratli davlatlari bo‘lgan Misr va Xett podsholiklari qo‘shinlari o‘rtasida mil. avv. XIV asr oxiri — XIII asr boshlarida bo‘lib o‘tgan jang. Qo‘shinlarga fir’avn Ramzes II va podsho Muvatalli II boshchilik qilgan. To‘qnashuv Kadesh shahrida, Oront daryosi bo‘yida (hozirgi Suriya hududida) yuz bergan. Yaqqol ustunlikka ega bo‘lgan xettlar undan to‘g‘ri foydalana olmagan, natijada jang taktik jihatdan durang bilan tugagan va har ikki tomon katta yo‘qotishlarga uchragan. Xettlar strategik g‘alaba qozongan, chunki misrliklar Kadeshni egallab, Xett qo‘shinini tor-mor eta olmagan va bosqinchilik yurishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Natijada xettlar va misrliklar o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzilgan. Har ikki tomon g‘alabani o‘ziga nisbat bergan.
Bu jang tarixda urushayotgan ikkala tomonning manbalarida ham aks ettirilgan ilk jang bo‘lib, harbiy fan tadqiqotchilari, tarixchilar, misrshunoslar va butun dunyo harbiylarining unga bo‘lgan qiziqishini oshirgan. Bundan tashqari, Kadesh jangi bronza davrining so‘nggi yirik jangi bo‘lgan: xettlar o‘sha paytdayoq temir qurollardan foydalangan.
Kadesh jangi Ramzes II hukmronligining beshinchi yilida sodir bo‘lgan. Turli manbalarda bu sana mil. avv. XIV asr oxiri — XIII asr boshlariga yoki aniqroq qilib aytganda, mil. avv. 1300, 1296, 1286, 1275, 1274 yoki 1274—1269-yillarga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan.
Tarixiy zamin
Hukmronlik qilgan XV sulola giksoslari quvib chiqarilganidan so‘ng Misrning Yangi podsholigi davlat chegaralarini yanada faol harbiy yurishlar orqali tiklay boshladi. XVIII sulola hukmdorlari Tutmos I, Tutmos III va Amenxotep II ko‘plab muvaffaqiyatli istilochilik yurishlariga, ayniqsa Suriya va Kan’onga qilingan yurishlarga boshchilik qilganlar.
XVIII sulolaning so‘nggi fir’avnlari hukmronligi davrida (Amenxotep III hukmronligining oxiridan boshlab, ayniqsa Exnaton davrida) Amarna arxivi Misrning ushbu mintaqaga qiziqishi kamayganini ko‘rsatadi. Faqatgina Xoremxeb davrida (u hech bir sulola tarkibiga kiritilmagan) misrliklarning ta’siri yana kuchaya boshlagan.
Bu jarayon XIX sulola hukmronligi davrida davom etdi. Otasi Ramzes I kabi, Seti I iqtidorli harbiy qo‘mondon bo‘lgan va Misr imperiyasining avvalgi shon-shuhratini tiklashni maqsad qilgan. Karnak ibodatxonasi devorlaridagi bitiklarda uning Kan’on va Suriyadagi yurishlari tasvirlangan. U 20 ming askar bilan yurish qilib, misrliklar tark etgan shaharlarni qayta egallagan, shuningdek, xettlar bilan norasmiy tinchlik bitimi tuzgan. Seti O‘rta yer dengizi bo‘yidagi sohil hududlarini nazorat ostiga olib, Kan’onga yurishini davom ettirgan. Ikkinchi yurish davomida u Kadeshni (g‘alaba sharafiga u yerda stela (yodgorlik toshi) o‘rnatilgan) va Amurruni egallagan.

Uning o‘g‘li va vorisi Ramzes II otasining ishini davom ettirgan. Tarixiy yilnomalarda fir’avn hukmronligining beshinchi yilida Kadeshga yurish uchun katta miqdorda qurol-yarog‘ buyurtma qilgani qayd etilgan. Ikki kishilik yengil Misr jang aravalari uch jangchi joylashgan og‘ir Xett jang aravalaridan tezroq va manyovrchanroq edi. Shu bilan birga, muhim harbiy-texnik yangilik — Xett jang aravalarida o‘qning orqa qismda emas, balki o‘rtada joylashtirilishi — ularga ko‘proq jangchini (uch kishini: aravakash bilan ikki kamonchini yoki bir kamonchi va bir qalqondorni) joylashtirish, shu tariqa Misr jang aravalariga (bir aravakash va bir kamonchi) nisbatan o‘q uzish qudratini sezilarli oshirish imkonini bergan. Misr piyoda askarlari xopeshlar (o‘roqsimon qilichlar) va jangovar boltalar — Xett sovutlarini teshib o‘ta oladigan qurollar bilan qurollangan edi.
Biroq keyinchalik Misr ta’siridagi hududlar yana xettlar nazoratiga o‘tgan. Misrshunos Trevor Bryus Amurru shahri xettlar qo‘lida qolgan deb taxmin qiladi.
Ramzes II ning Kan’onga dastlabki yurishlari Kadesh jangiga zamin yaratgan. Hukmronligining to‘rtinchi yilida u Amurruni qaytarib olish yoki Misrga qaram hukmdorlarning sadoqatini tekshirish va ehtimoliy janglar bo‘ladigan hududlarning relyefini o‘rganish uchun shimolga, Suriyaga yo‘l olgan. Bu yurishlar Muvatalli II ni misrliklarning ilgarilashiga e’tibor qaratishga majbur qilgan va Ramzes II hukmronligining beshinchi yilida qarama-qarshi kuchlar Kadesh yaqinida to‘qnashgan.
Kadesh yurishi

Ramzes «o‘z piyoda qo‘shini, jang aravalari va shardanlarni» safarbar qilgan. U butun qo‘shinini xudolar nomi bilan atalgan to‘rtta korpusga ajratgan: Amon (korpusga Ramzesning o‘zi qo‘mondonlik qilgan), Ra, Ptah va Set. Misr qo‘shinlari chegaradan o‘tganidan keyin bir oylik yurish davomida Kadesh atrofiga yetib kelgan.
Xett podshosi Muvatalli II bir necha ittifoqchisini yordamga chaqirgan va qo‘shinlarini «Eski Kadesh» ortida joylashtirgan.
Ramzes xettlarning yashirin ittifoqchilari bo‘lgan ko‘chmanchi badaviylar — shasu tomonidan aldangan. U faqat Amon qo‘shin birikmasi va shaxsiy qo‘riqchilari bilan Kadesh yaqinida bo‘lganida badaviylar uni xettlar Kadeshdan 200 kilometr uzoqlikda, Halab yaqinida turganiga ishontirgan. Shasularga ishonib, o‘z razvedkasiga e’tibor bermagan Ramzes cho‘l bo‘ylab uzoq yurishdan so‘ng qarorgoh qurib, qolgan kuchlar yetib kelishini kuta boshlagan.
Jang


Aslida xettlar Misr qo‘shinidan juda yaqin masofada turgan. Ular o‘zlarini misrliklardan ajratib turgan daryodan o‘tib, qarorgohga yaqinlashayotgan Ra korpusiga hujum qilganlar. Qisqa jangdan keyin xettlar son jihatidan ustunligi, misrliklarning charchagani va hujumning kutilmaganligi tufayli Ra korpusini tor-mor keltirgan. Bu ularga deyarli yo‘qotishlarsiz g‘alaba qozonish imkonini bergan. Ra korpusining jangchilari, jumladan Ramzesning o‘z farzandlari ham deyarli butunlay qirib tashlangan, faqat ozchilik omon qolgan. Omon qolganlar qarorgohga yugurib kelib, u yerda vahima uyg‘otgan.
Jangning bunday muvaffaqiyatsiz boshlanishiga qaramay, Ramzes o‘z ixtiyoridagi barcha jangchilarni tekislikka olib chiqqan. Misrliklarning ustunligi nayzador jangchilari borligida edi. Qadimgi davr qo‘shinlarining aksariyatida bunday jangchilar yunon falangasiga o‘xshash safda tizilgan. Bu jangda xettlarda nayzadorlar bo‘lmagani misrliklarning foydasiga xizmat qilgan, chunki xettlarning qurol-aslahasi misrliklarnikidan yaxshiroq edi (xettlar temir sovut va qurol yasashni bilgan, temir ishlab chiqarish esa davlat siri hisoblangan; Misr qo‘shinida piyoda askarlar orasida metall sovutlar keng tarqalmagan edi).
Ramzes qo‘shinini jang uchun safga tizayotgan paytda 2500 nafar Xett yengil piyoda askari va jang aravalaridagi uch yuz jangchi misrliklarning qarorgohini egallab, uni talon-toroj qila boshlagan. Shu orada Misrning yana bir necha otryadi yetib kelgan va Ramzes vahimaga tusha boshlagan askarlari orasida tartibni tiklab, hujumga o‘tgan. Talon-toroj bilan band bo‘lgan xettlar kutilmaganda hujumga uchragan, tor-mor etilgan va daryoga uloqtirilgan.
Xett podshosi Muvatalli daryoning qarama-qarshi qirg‘og‘ida o‘z jangchilarining halok bo‘layotganini ko‘rib, besh yuz jang aravasi va to‘rt ming piyoda askarni jangga tashlagan. Ammo hujumga Ramzesning o‘zi boshchilik qilgan. Jang boshlangan va unda jang aravalari muhim rol o‘ynagan. Joy relyefi unchalik tekis bo‘lmagani uchun Misrning yengilroq jang aravalari ustunlikka ega edi. Bundan tashqari, Misr jang aravalaridagi jangchilar kamon bilan qurollangan bo‘lib, bu ularga dushmanni uzoqdan nishonga olish va jang aravalari sinishi mumkin bo‘lgan notekis joylarda ortiqcha harakatlanmaslik imkonini bergan. Xett jang aravalarining oz qismigina misrliklarning otryadlarigacha yetib kelgan, aksariyati yo singan, yo ortga qaytgan yoki ulardagi barcha jangchilar Misr kamonchilari tomonidan o‘qqa tutilib halok bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay tekislikda piyoda jangchilarning shiddatli to‘qnashuvi boshlangan. Xettlarda faqat yengil piyoda askarlar va oz sonli qolgan jang aravalari bo‘lishiga qaramay, ular tarkibida jang aravalari, nayzadorlar va yengil piyoda askarlar bo‘lgan Ramzes qo‘shini bilan tengma-teng jang qila olganlar. Ammo Xett qo‘shini ko‘proq sonli, uyushganroq va jipsroq bo‘lgan, bundan tashqari, xettlar jasurligi bilan ajralib turgan hamda ularning qurol-aslahasi yaxshiroq edi. Ramzes jang aravalarini orqa safga olib o‘tgan, Misr jang aravalaridagi kamonchilar esa jang maydonidan qochishga jur’at etgan har qanday misrlikni otib o‘ldirgan. Kechga borib ikkala qo‘shin ham ulkan yo‘qotishlar bilan chekingan.
Muvatalli Ramzesga sulh taklif qilgan va u rozi bo‘lgan. Har ikki tomon g‘alabani o‘ziga nisbat bergan. Misrliklar esa g‘alabani go‘yoki Ramzes bir o‘zi butun Xett qo‘shinini qirib tashlagandek tasvirlaganlar.
Oqibatlar
Harbiy-texnik jihatdan Kadeshni qamal qilish imkoniga ega bo‘lmagan Ramzes janubga, Damashq tomon, oxir-oqibat Misrga chekingan. U yerda Ramzes katta g‘alaba qozonganini e’lon qilgan, aslida esa faqat o‘z qo‘shinlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Lekin shaxsiy jihatdan bu jang Ramzes II uchun zafar bo‘lgan: u o‘z jangchilarini birlashtirib, jangning borishini o‘zgartira olgan, shu bilan birga asir tushish va halok bo‘lishdan qutulgan.
Kadesh jangidan 16 yil o‘tib, har ikki tomon uchun ham natijasiz kechgan urush Misr va Xett o‘rtasida ma’lum bo‘lgan eng qadimgi tinchlik shartnomasining tuzilishi bilan yakunlangan.
Kadesh jangi qadimgi Misrning «Pentaur dostoni»da madh etilgan. U Raifet-Sallier va Sallier III papiruslarida, shuningdek, quyidagi ibodatxonalar devorlaridagi nusxalarda saqlangan: Luksor, Ramessum, Abu Simbel, Abidos va Karnak.
Xett bitiklarida jangga butunlay boshqacha baho berilgan: ularga ko‘ra, Ramzes mag‘lubiyatga uchragani uchun Kadeshdan chekingan. Zamonaviy tarixchilar jang durang bilan tugagan, yangi texnologiyalarni ishlab chiqqan va qo‘shinini qayta qurollantirgan misrliklar esa ma’naviy g‘alaba qozongan degan xulosaga kelganlar. Strategik jihatdan Muvatalli II g‘alaba qozongan: u jang aravalarining katta qismini yo‘qotgan bo‘lsa-da, Kadesh va unga tutash hududlarni o‘z qo‘lida saqlab qolgan.
- Kadesh jangi tilga olingan Misr relyeflari
- Abidosdagi Ramzes II ibodatxonasining g‘arbiy tashqi devori
- Ramzes II jang aravasida dushmanlarga hujum qilmoqda. Pilon (mahobatli kirish inshooti): Luksor ibodatxonasi
- Ramzes II va Xattusili III o‘rtasida tuzilgan tinchlik shartnomasining iyerogliflarda yozilgan matni. Karnak ibodatxonasi
- Suv bilan o‘ralgan Kadesh shahri va Xett qo‘shini. Xettlardan biri harbiy bayroq tutib turibdi. Abu Simbel
- Ramzes II asirlarni o‘ldirmoqda. Abu Simbelning bosh zali
- Misrliklar josuslarni kaltaklamoqda: shasular
Adabiyotlar
- Jak, Kristian. Kadesh jangi. — Feniks, 1997. — ISBN 5-222-00192-X.
- Razin E. A. Kadesh yaqinidagi jang // Harbiy san’at tarixi: mil. avv. XXXI asr — mil. VI asr. — Sankt-Peterburg : Poligon, 1999.
- Reunov Yu. S. Kadesh jangi misrliklar va xettlar nigohida // Tarix, falsafa, siyosat va huquq fanlari, madaniyatshunoslik va san’atshunoslik. Nazariya va amaliyot masalalari. — Tambov : Gramota, 2014. — № 5 (43), qism 2. — B. 154—164.
Havolalar
- Kadesh jangi — «Vokrug sveta» («Dunyo bo‘ylab») ensiklopediyasidan maqola
- Kadesh jangi — Egyptologia.com sayti
- Kadesh jangi Arxiv nusxasi (18-fevral 2020-yil): Wayback Machine (Abu Simbeldagi ibodatxona freskalari — katta ustunli zal)