Moddalarning eruvchanligi haqida

Moddalarning eruvchanligi haqida

Har qanday kimyoviy toza modda boshqa moddada eriydi. Moddalarning eruvchanligi shu moddaning va erituvchining tabiatiga va temperaturasiga bog'liq.
Moddalarning eruvchanligi deb, ayni temperaturada 100 g erituvchida erigan moddaning gramm miqdoriga aytiladi. Bunga moddalarning eruvchanlik koeffitsiyenti" deyiladi S-harfi bilan belgilanadi.
Kengroq ma'noda moddalarning eruvchanligi sifatida ayni sharoitda to'yingan eritmaning konsentratsiyasini qabul qilsa ham bo'ladi. Shunga muvofiq, eruvchanlik miqdoran erigan modda massasining to'yingan eritma massasiga nisbatini ifodalovchi foiz (%) qiymatga tengdir.

Ba'zan 1 litr to'yingan eritmadagi erigan moddaning "mol" lar soni ham moddaning eruvchanligi deyiladi.
Ko'pchilik hollarda erituvchi sifatida suv ishlatilgani uchun moddalarning suvda eruvchanligi quyidagicha tavsiflanadi: agar 100 g suvda 10 g va undan ko'p miqdordagi modda erisa yaxshi eruvchan, agar 10 g dan 0,001 gacha erisa kam (yomon) eriydigan, agar 0,001 g dan kam erisa amalda erimaydigan modda deyiladi.

Moddalarning eruvchanligi ularning tabiatiga bog'liq. Qutbli moddalar qutbli erituvchida (spirt suvda, ammiak suvda, vodorod xlorid suvda) yaxshi eriydi: qutbsiz moddalar qutbsiz erituvchilarda (yod xloroformda, yog' benzolda, naftalin benzolda) yaxshi eriydi.
Temperatura ortishi bilan moddalarning eruvchanligi ham ortib boradi. Buning sababi moddalarning erish issiqligi mavzusida batafsil bayon etildi.

Qattiq moddalarning eruvchanligi bosimga bog'liq bo'lmaydi. Suyuq moddalar suyuqliklarda eriganda turlicha (cheksiz yoki cheklangan miqdorda) eriydi yoki aralashadi. Masalan: spirt suvda cheklanmagan miqdorda eriydi, boshqacha aytganda, spirt va suv oʻzaro xohlagan miqdoriy nisbatlarda aralashadi.
Dietil efiri (C₂H₃-O-C₂H₂) xona temperaturasida suvda cheklangan miqdorda eriydi, ya'ni suv va efir aralashmasi ikki qavatdan iborat bo'ladi.

Yuqori qatlam suvning efirdagi to'yingan eritmasi bo'lsa, pastki qatlam-efirning suvdagi to'yingan eritmasidir. Temperaturaning ortishi bu moddalarning bir-birida eruvchanligini oshiradi va ma'lum temperaturada ikkala modda o'zaro hohlagan nisbatda aralashadi.
Gazlarning suyuqliklarda erishi ekzotermik jarayon boʻlib, Genri qonuniga bo'ysunadi.
Doimiy temperaturada o'zgarmas hajmdagi suyuqlikda erigan gaz miqdori shu gazning parsial bosimiga to'g'ri proporsional.

C=K•P

bunda; C-gazning eritmadagi miqdori, P- gazning parsial bosimi va K-proporsionallik koeffitsiyenti yoki Genri doimiysi.
Agar suyuqlikda bir necha gazlar aralashmasi erisa, har bir gazning eruvchanligi gazlarning umumiy bosimiga emas, balki shu gazning parsial bosimigagina bog'liq bo'ladi. Gazlarning eruvchanligi "ml/100 ml" birlikda ifodalanadi. Eritmalar moddalarning eruvchanlik koeffitsiyentiga koʻra to'yinmagan, to'yingan va o'ta to'yingan xillarga ajratiladi.

Mavzuga doir maqolalar

To'yinmagan eritma

Ayni temperaturada ma'lum miqdor erituvchida erish koeffitsiyentidan kam miqdordagi modda erishidan hosil bo'lgan eritma to'yinmagan eritma deyiladi. Agar eruvchanlik grafigiga e'tibor berilsa, 20°C da 100 g suvda 36 g NaCl eriydi.

Agar shu sharoitda 15 g NaCl eritilsa, to'yinmagan eritma hosil boʻladi. Bu eritmada yana qo'shimcha 21 g modda eritib to'yingan eritma hosil qilinadi.

To'yingan eritma

To'yingan eritma - ayni temperaturada ma'lum miqdordagi erituvchida erish koeffitsiyentiga teng miqdordagi modda erishidan hosil bo'lgan eritmadir. To'yingan eritmada doimo erigan modda miqdori kristall (erimay qolgan) modda miqdori bilan muvozanatda bo'ladi, ya'ni eritmaga o'tayotgan zarrachalar soni eritmadan kristallga o'tayotgan modda miqdoriga teng bo'ladi.

O'ta to'yingan eritma

Agar to'yingan eritmaga erigan moddadan qo'shib temperatura oshirilib boraverilsa, ortiqcha qo'shilgan modda erib ketadi. Yana modda qo'shilib, temperatura oshirilsa, modda yana erib ketadi va natijada o'ta to'yingan eritma hosil bo'ladi. O'ta to'yingan eritmalar azaldan (T.E.Lovits, 1794 y) ma'lum bo'lib, ular oddiy sharoitda noturg'un (metastabil) sistemadir.

Shu tufayli bu eritmaga ozgina mexanik ta'sir (eritma turgan idishga oddiy zarb) berilsa yoki ozgina qattiq modda zarrachasi qo'shilsa, temperatura pasaytirilsa eritma buziladi - erigan moddaning ortiqcha miqdori qayta kristallanib ajralib chiqadi. Shu usul (qayta kristallash) bilan koʻpchilik moddalar tozalanadi. Bunda ko'pincha kristallogidratlar olinadi. Masalan: Na₂S₂O4 • 5H2O (natriy tiosulfat kristallogidrati), Na₂SO₄ 7H₂O (Glauber tuzi), Na2B4O7 •10H₂O (bura), CuSO4 • 5H₂O (mis kuporosi).

https://www.youtube.com/live/RIzyU29lJ0g?si=akZ3TwFI8lLLpG5x