Misrda turizm

Buyuk Sfinks va piramidalar Giza platosida

Turizm Misrda muhim iqtisodiy o‘rin tutadi va mamlakatning asosiy daromad manbalaridan biridir. 2018-yilda Misrga 10 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Natijada Misr Marokash va Janubiy Afrika Respublikasi qatorida Afrikaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan mamlakatlaridan biriga aylandi. Misrning turizm sanoatida 2,5 mln kishi ishlaydi (bu barcha ish o‘rinlarining 9,4 % ini tashkil etadi). Turizmning yalpi ichki mahsulotga qo‘shgan hissasi 29,6 mlrd AQSH dollariga teng (umumiy ishlab chiqarishning 5,6 % i). 2018-yil iyulidan 2019-yil iyuligacha Misrning turizmdan olgan daromadi 28,6 % ga oshib, 12,6 milliard dollarga yetdi.

Turizmning rivojlanish tarixi

Madaniy-ma’rifiy turizm yo‘nalishidagi sayyohlar, XX asr boshi

XIX asr boshlaridan (Napoleonning Misrga bostirib kirishidan) boshlab qadimgi sivilizatsiya beshigi sifatida Misrga qiziqish ortib bordi va yangi fan — misrshunoslik (egiptologiya) — vujudga keldi. Bu qiziqish mamlakatda zamonaviy turizm sanoatining shakllanishiga zamin yaratdi, chunki Yevropadan ko‘plab olimlar Misrga kela boshladi. Turizm hozir ham Misr iqtisodiyotining muhim tayanchi bo‘lib, hukumat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Turizm Misr Arab Respublikasiga xorijiy valyuta kirib kelishining asosiy manbai hisoblanadi. BMTning Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda Misrga xalqaro sayyohlar oqimi eng yuqori sur’atda — 55,1 %. Yildan yilga sayyohlar soni ortib bormoqda. Mamlakat hukumati fuqarolarni aynan shu iqtisodiyot tarmog‘ini rivojlantirishga, ayniqsa Misr jamiyatining o‘rta qatlamida mahalliy darajada turizmni rivojlantirishga undamoqda. Shu bilan birga, hukumat mamlakat infratuzilmasini, xususan, daromad keltiruvchi sayyohlik va tarixiy hududlar atrofidagi infratuzilmani rivojlantirmoqda: zamonaviy avtomobil magistrallari qurilmoqda, qulay va tezyurar poyezdlar yo‘lga qo‘yilmoqda, temiryo‘l va dengiz transporti takomillashtirilmoqda. 2019-yilga kelib mamlakatda 9 ta zamonaviy aeroport faoliyat ko‘rsatgan. Ko‘plab mehmonxonalar va dam olish hududlaridagi sifatli xizmat Misrning turizm sohasidagi muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Ko‘plab xorijliklarning Misrni tanlashiga sabab — raqobatbardosh, nisbatan arzon narxdagi sayohat yo‘llanmalaridir.

2011-yilgi inqiroz turizmning keskin pasayishiga olib keldi: sayyohlar soni 37 % ga kamaydi (14 mln — 2010-yilda, 9 mln — 2011-yilda). 2013-yilda Misr sayohat va turizm bo‘yicha dunyoning eng yaxshi mamlakatlari reytingida 85-o‘rinni egalladi. Biroq 2017-yilgi reytingda o‘z mavqeyini tiklab, umumiy hisobda 75-o‘ringa ko‘tarildi.

2020-yilda Misr muzeylari va arxeologik qazishma joylariga kirish chiptalari narxini oshirish rejalashtirilgan edi. Biroq Turizm vazirligi narxlarning oshirilishini sayyohlik mavsumi tugaydigan 2022-yil mayigacha kechiktirishga qaror qildi; Misr fuqarolari uchun esa chiptalar narxi ikki baravar arzonlashtirildi.

Sayyohlik yo‘nalishlari

Misrdagi asosiy sayyohlik yo‘nalishlari:

Madaniy turizm

Misrda quyidagi davr va sivilizatsiyalarga oid yodgorliklar mavjud: qadimgi Misr, xristianlik (shu jumladan, qibtiylar), o‘rta asr arab sivilizatsiyasi.

Misrda davlat mablag‘lari hisobidan Luksor, Karnak, Esna va Dandara ibodatxonalari qayta tiklandi. 2021-yil aprel oyida Qohirada Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyi ochildi, noyabrda esa 3 ming yillik tarixga ega, yaxshi saqlanib qolgan Sfinkslar xiyoboni ochildi. Karnak va Luksor ibodatxonalarini bog‘laydigan bu xiyobon shimoldan janubga cho‘zilib, qadimgi Fiva shahri hududidan o‘tadi.

Xorijdan keluvchi turizm

Rossiyadan

Rossiya Misrga eng ko‘p sayyoh yuboradigan mamlakatlar orasida birinchi o‘rinda turadi. Rossiya va Misr o‘rtasidagi aviaqatnovlar 2015-yil noyabrida Sinay yarimorolida Rossiya yo‘lovchi samolyotining terrorchilik hujumi oqibatida halokatga uchrashidan so‘ng to‘xtatildi. 2018-yil aprelida muntazam aviaqatnovlar tiklandi, charter qatnovlari esa Qizil dengiz kurortlariga 2021-yil iyulida qayta yo‘lga qo‘yildi.

Isroildan

Isroilliklar Misrga 14 kungacha vizasiz kirib, Sinay yarimorolining ayrim hududlarida bo‘lishlari mumkin. Odatda kuzgi bayramlarda Sinayda 50 ming nafargacha isroillik dam oladi. 2015-yilning yanvaridan noyabrigacha Misrga 148 ming nafar isroillik sayyoh tashrif buyurgan (ularning aksariyati Sinayga borgan). Misr tomoni isroillik sayyohlarning Sinayga qaytishiga erishish uchun sa’y-harakat qilmoqda.

Isroil Milliy xavfsizlik kengashi terrorchilik hujumlari xavfi sababli isroilliklarni vaqti-vaqti bilan Sinay yarimorolidan qaytishga chaqiradi.

Havolalar

  • meobserver.org Misrda 2010-2017-yillardagi turizm tarixi, muammolar va kelajak imkoniyatlari