| Mekong | |
|---|---|
| laoscha ແມ່ນ້ຳຂອງ, kxmercha មេគុង, vyetnamcha Sông Cửu Long | |
| Mekong daryosi Luangpxabang yaqinida | |
| Asosiy xususiyatlari | |
| Uzunligi | 4500 km |
| Havzasi | 810 000 km² |
| Suv sarfi | 15 000 m3/s |
| Daryo oqimi | |
| Boshlanish joyi | |
| • Joylashuvi | Tibet yassitog‘ligi |
| • Koordinatalari | 33°09′10″ sh. k. 94°03′50″ sh. u.HGЯO |
| Quyilish joyi | Janubiy Xitoy dengizi |
| • Balandligi | 0 m |
| • Koordinatalari | 10°11′41″ sh. k. 106°44′36″ sh. u.HGЯO |
| Joylashuvi | |
| Suv tizimi | Janubiy Xitoy dengizi |
|
|
|
| Mamlakatlar | |
Mekong (laoscha ແມ່ນ້ຳຂອງ, Me Nam Khong; kxmercha មេគុង; vyetnamcha Sông Cửu Long, Kyu Long — «To‘qqiz ajdaho daryosi») — Xitoyda, Myanmada, Laosda, Tailandda, Kambodjada va Vyetnamda oqadigan daryo (qisman Laosning Myanma va Tailand bilan chegarasini tashkil etadi), Hindixitoy yarimorolidagi eng yirik daryodir. Uzunligi — taxminan 4500 km, havzasining maydoni esa 810 ming km². Osiyodagi uzunligi bo‘yicha uchinchi daryo.
Geografiyasi

Daryoning boshlanish joyi — Tangla tizmasi, Tibet yassitog‘ligi. Yuqori oqimida u Dza-Chu (tibetchada རྫ་ཆུ་ — «yuqori daryo») deb, o‘rta oqimida (Xitoy hududida) esa Lansanszyan (xitoycha 澜沧江, mahalliy nomning xitoychaga buzib o‘tkazilgan shakli; 江, szyan — «daryo»); Hindixitoyda esa Mekong — «ona daryo», ya’ni «bosh, katta daryo» nomini oladi. Daryo Janubiy Xitoy dengiziga quyilib, delta hosil qiladi. Asosiy irmoqlari: o‘ng tomondan — Emchu, Mun, Tonlesap; chap tomondan — Dzechu, San.
Mekong yuqori va o‘rta oqimida asosan chuqur daralar tubidan oqadi, o‘zani esa ostonatoshlarga boy. Daryo Kambodja tekisligiga chiqqan joyda dunyodagi eng yirik va eng keng sharsharalardan biri — Khon (balandligi taxminan 21 m) joylashgan. So‘nggi ostonatoshlar Kambodjaning Krateh shahri yaqinida uchraydi. Pnompen shahridan quyida Mekong deltasi (maydoni taxminan 70 000 km²) boshlanadi. Bu yerda Mekong o‘zani ko‘plab kanallar bilan tutashgan ikkita yirik tarmoqqa bo‘linadi. Tonletom deb ataluvchi asosiy chap tarmoq orqali umumiy suv oqimining qariyb ¾ qismi o‘tadi. Mekong deltasi dengizga yoy shaklida kirib borgan bo‘lib, qirg‘oq bo‘ylab umumiy uzunligi taxminan 600 km ga yetadi. Daryo oqizib keladigan qattiq yotqiziqlarning ko‘pligi delta hududining yiliga 80—100 m ga kengayishiga sabab bo‘ladi. Deltaning katta qismi botqoqlashgan, unda ko‘p uchraydigan o‘simliklar — mangrov chakalakzorlari.
Daryo asosan yomg‘ir suvlaridan, yuqori oqimida esa qor va qisman muzlik suvlaridan to‘yinadi. Suvning ko‘payish davri yoz va kuzga to‘g‘ri keladi. O‘rta oqimda suv sathining eng yuqori darajasi odatda avgustda, quyi oqimda esa oktabrda kuzatiladi; eng kam suv sarfi aprelda bo‘ladi. Tog‘larda suv sathi tebranishining amplitudasi 10—15 m ga, Kambodja tekisligida va deltada esa 10 m gacha yetadi. O‘rta oqimda, Vyentyan yaqinida, o‘rtacha yillik suv sarfi 4.6 ming m³/s, eng yuqorisi taxminan 21 ming m³/s; quyi oqimda (Krateh shahri yaqinida) esa mos ravishda 14,8 va 33 ming m³/s (ayrim yillarda 67 ming m³/s gacha) bo‘ladi. Mekong faqat yuqori oqimida 1—2 oyga muzlaydi; yiliga o‘rtacha 1,5 km³ miqdorida oqiziq olib keladi.
Daryo oqimini tartibga solishda Tonlesap ko‘li katta ahamiyatga ega; u Mekong bilan shu nomdagi irmoq orqali tutashgan. Nam mavsumda (iyun—noyabr) ko‘l Mekong suvlari bilan to‘ladi, quruq mavsumda (noyabr—iyun) esa Mekongdagi suv sathi ko‘ldagidan pasayadi va ko‘l suvi daryo o‘zaniga jadal oqib chiqadi. Natijada, shu vaqtga kelib unumdor loyqa bilan o‘g‘itlangan keng qishloq xo‘jaligi yerlari suvdan bo‘shaydi.
Quyi Mekong suvlari sug‘orish uchun ishlatiladi. Daryoning keng toshqinlari sholi yetishtirishga qulay sharoit yaratadi. Mekongning ulkan gidroenergetika resurslari (taxminan 75 mln kW) havza mamlakatlarida keng qo‘llanadi. Bir necha o‘nlab gidroelektr stansiyalari (GES) qurilgan, jumladan, quyidagi yiriklari mavjud: Nochjadu[ingl.] (5850 MW), Szinxun[ingl.] (1750 MW), Manvan[ingl.] (1570 MW), Myaovey[ukr.] (1400 MW), Syaovan (4200 MW), Xuanden[ukr.] (1900 MW) — Xitoyda, Namtxin—2[ingl.] (1075 MW) esa Mekongning irmog‘i — Namtxin[ingl.] daryosida, Laosda joylashgan. Havzaning barcha mamlakatlarida yirik gidrotexnika inshootlari qurilmoqda.
Mekong havzasidagi daryo va ko‘llar baliqlarga (asosan karpsimonlar oilasiga mansub baliqlarga) boy, suvda suzuvchi qushlar ko‘p, daryo delfinlari, timsohlar ham saqlanib qolgan, asosan Kambodjada.
Mekongning 700 km qismida kema qatnaydi (suv ko‘paygan davrda 1600 km gacha, Vyentyangacha). Dengiz kemalari Pnompengacha (350 km) ko‘tarila oladi. Biroq daryo o‘zani juda o‘zgaruvchan: u doimo siljib turadi va sayozliklar paydo bo‘ladi.
- Mekong ustida quyosh botishi, Kampongtyamda, Kambodja
Shaharlar
Mekong bo‘yida quyidagi shaharlar joylashgan:
- Xitoy:
- Laos:
- Tailand:
- Kambodja:
- Vyetnam:
Mekong deltasi

Mekong daryosi deltasi dunyodagi eng katta deltalardan biridir. Joylashgan mamlakati — Vyetnam.
Delta hududida Vyetnamning shu nomdagi iqtisodiy mintaqasi mavjud (vyetnamcha Đồng bằng sông Cửu Long, so‘zma-so‘z «To‘qqiz ajdaho deltasi» — daryoning deltada bo‘linadigan tarmoqlari soni bilan bog‘liq), uning maydoni 40 548,2 km² ni tashkil etadi. Markazi Kantxo shahri bo‘lgan Mekong deltasi mamlakatning eng zich aholi yashaydigan hududlaridan biridir.
Agar delta mamlakatning zamonaviy ma’muriy mintaqasi sifatida qaralsa, bu hudud Xoshimin shahridan g‘arbda, Longan provinsiyasidan boshlanib, mamlakatning eng janubigacha cho‘ziladi. U 12 ta provinsiya va markazga bo‘ysunuvchi Kantxo shahrini o‘z ichiga oladi; eng janubiy nuqtasi Kamau burni.
XXI asrda Mekong deltasi hududi iqlim o‘zgarishi (okean sathining ko‘tarilishi va shu bilan bog‘liq yer ko‘chkilari) tufayli suv ostida qolish xavfi ostida.
Tarixi
Mekong bo‘yidagi dastlabki manzilgohlar miloddan avvalgi 2100-yilga tegishli. Bu hududdagi birinchi davlat sifatida Bapnom podsholigi vujudga kelgan. Uning davomchilari Chenla va Kambujadesha (Kxmer imperiyasi) bo‘lgan.
Bu yerlarga kelgan birinchi yevropalik portugaliyalik Antoniu de Fariya (portugalcha Antonio de Faria) bo‘lib, 1540-yilda bu hududga kelgan. O‘sha davrda yevropaliklarning mintaqaga qiziqishi vaqti-vaqti bilan yuzaga kelgan, xolos — faqat bir nechta savdo va diniy vakolatxonalar tashkil etilgan.
XIX asr o‘rtalarida mintaqa Fransiyaning manfaat doirasiga kirdi — 1861-yilda Saygon bosib olindi, 1863-yilda esa protektorat Kambodja ustidan o‘rnatildi.
Mekongni o‘rganishga qaratilgan birinchi jiddiy ekspeditsiya 1866—1868-yillarda Ernest Dudar de Lagre va Fransis Garne boshchiligida o‘tkazildi. Ekspeditsiya a’zolari daryoning quyilish joyidan Yunnangacha yetib bordilar. Ular Kambodjaning Krateh provinsiyasi va Laosning Tyampatsak (Khon sharsharalari) hududlaridagi ostonatoshlar va sharsharalar tufayli Mekongda kema qatnovi imkonsiz ekanini aniqladilar. Daryoning boshlanish joylarini 1900-yilda tadqiq qilgan olim — P. K. Kozlov.
1890-yillardan boshlab Fransiya o‘z nazoratini Laosga ham yoyib, Fransuz Hindixitoyini tashkil etdi. Hindixitoy urushidan so‘ng Mekong Fransuz Hindixitoyi parchalanishi natijasida paydo bo‘lgan mustaqil davlatlar hududida qoldi.
Adabiyotlar
- Pospelov E. M. Dunyo geografik nomlari. Toponimik lug‘at / Tahrirchi: R. A. Ageyeva. — M.: Astrel, AST, 2002. — 504 b. — ISBN 5-89216-029-7.
Havolalar
- Vyetnam. Mekong. Asl nusxasidan arxivlangan 18-may 2008-yilda. // Vokrug sveta, 29-fevral 2004-yil
- The Mekong Wetlands Biodiversity and Sustainable Use Programme (MWBP) veb-saytidagi tahliliy materiallar (ingl.). www.mekongwetlands.org. Murojaat sanasi: 11-dekabr 2019-yil. Asl nusxasidan arxivlangan 22-iyun 2016-yilda.