
Kriptovalyuta hamyoni — ochiq va/yoki maxfiy kalitlarni kriptovalyuta tranzaksiyalari uchun saqlaydigan qurilma, dastur yoki xizmat. Ushbu asosiy vazifadan tashqari, kriptovalyuta hamyoni ko‘pincha shifrlashni va/yoki raqamli imzodan foydalanish imkoniyatini ham ta’minlaydi.
Texnologiya
Maxfiy kalitlarning takrorlanishi
Kolliziya (ikki yoki undan ortiq hamyonning maxfiy kaliti bir xil bo‘lib qolishi) nazariy jihatdan mumkin. Chunki kalitlar tranzaksiyalarda ishlatilmasdan ham yaratilishi va blokcheyn reyestriga yozilguniga qadar oflayn holatda qolishi mumkin. Biroq bunday holatning ro‘y berish ehtimoli amalda deyarli yo‘q deb qaraladi, chunki ikki yoki undan ortiq maxfiy kalitning bir xil bo‘lib chiqish ehtimoli nihoyatda kichik. Yaratilishi mumkin bo‘lgan hamyonlar va shunga mos ravishda maxfiy kalitlar soni juda katta. Shu sababli muayyan kalitni takrorlash yoki buzib topish nihoyatda mushkul.
Hamyonlar
Maxfiy va ochiq kalitlar juftligini saqlaydigan hamyonlarning turli texnologiyalari mavjud. Hamyonda ushbu kalitlar juftligiga oid ma’lumotlar saqlanadi va bu kriptovalyuta tranzaksiyalarini amalga oshirishga imkon beradi. Hamyonda kalitlar yoki boshlang‘ich iboralarni (seed phrase) saqlashning bir nechta usuli mavjud.
Xotirada saqlanadigan hamyon (brain wallet) — foydalanuvchi parolni (maxfiy kalitni yoki boshlang‘ich iborani) yodda saqlaydigan hamyon turidir. Bunday hamyonlar mavjudligini yashirish mumkinligi yoki davlat organlari tomonidan olib qo‘yilishidan himoyalangandek ko‘rinishi sababli jozibador bo‘lishi mumkin. Biroq ular parolni taxmin qilib topish, ayniqsa, oflayn rejimda keng ko‘lamli parol tanlash hujumlariga nisbatan zaifdir. Bitcoin blokcheynida bunday hamyonlarning bir necha yuztasi mavjud bo‘lgan, ammo ularning aksariyatidagi mablag‘lar qo‘lga kiritilgan, ba’zilarida esa bu bir necha marta sodir bo‘lgan.
Sovuq kriptovalyuta hamyonidagi kriptovalyuta aylanmasi — raqamli aktivlarni xavfsiz saqlash uchun mo‘ljallangan yangi kriptovalyuta hamyonini mablag‘ bilan to‘ldirish jarayonidir. Internetga doimiy ulangan va kiberhujumlarga duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan issiq hamyonlardan farqli ravishda, sovuq hamyonlar oflayn rejimda ishlaydi. Shu bois ularning himoyalanganlik darajasi ancha yuqori.
Sovuq hamyondagi kriptovalyuta aylanmasi deganda, mablag‘ni bir hamyondan endigina yaratilgan va dastlab bo‘sh bo‘lgan boshqa hamyonga o‘tkazish jarayoni nazarda tutiladi. Bu jarayon quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
Yangi sovuq hamyon yaratish: maxsus dasturiy ta’minot yoki apparat qurilmasi yordamida noyob manzilga ega yangi hamyon yaratiladi.
Mablag‘ni o‘tkazish: mablag‘ boshqa hamyon yoki birjadan ushbu yangi manzilga yuboriladi.
Tranzaksiyani tasdiqlash: boshqa har qanday pul o‘tkazmasida bo‘lgani kabi, blokcheyn tarmog‘i ham tranzaksiyani tasdiqlashi kerak. Bu uning haqiqiyligini va ortga qaytarib bo‘lmasligini ta’minlaydi.
Sovuq hamyonlardan foydalanishning afzalligi — ularning ishonchliligi va buzib kirishdan himoyalanganligidir. Kiberxavflar kuchayib borayotgan sharoitda bunday hamyonlar kriptovalyuta aktivlarini imkon qadar xavfsiz saqlashni istaganlar uchun muhim vositaga aylanmoqda.
Sovuq hamyondagi kriptovalyuta aylanmasi summasi mamlakatga qarab farq qilishi mumkin. Bu turli hududlarda qonunchilik, kriptovalyutani tartibga solish qoidalari va raqamli aktivlardan foydalanish darajasi turlicha ekaniga bog‘liq. Ayrim mamlakatlarda pul o‘tkazmalarining eng yuqori summasiga cheklovlar qo‘yilgan bo‘lib, bu kriptovalyuta mablag‘larini hamyonga kiritish va saqlash tartibiga ham ta’sir qiladi. Bundan tashqari, ayrim hollarda, ayniqsa, yirik tranzaksiyalarda foydalanuvchining shaxsini tasdiqlash talab etiladi. Bu pul yuvishga qarshi kurashish (AML) talablariga rioya etish, firibgarlik va noqonuniy faoliyatning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi. Agar mazkur tartib bajarilmasa, AML talablariga muvofiq hamyonda allaqachon mavjud bo‘lgan mablag‘lar xatlanishi va qo‘shimcha tekshiruv uchun bloklanishi mumkin. Bu uzoq kechikishlar va huquqiy murakkabliklarga olib kelishi ehtimoli bor.
Qonuniylashtirish
Yevropa Ittifoqi (YI) qonunchiligiga ko‘ra, issiq hamyondan olingan ko‘chirma (Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi yig‘ilishining 4-sessiyasi) bank ko‘chirmasiga tenglashtiriladi. Bu uning yuridik kuchga ega ekanini va YIga a’zo har bir mamlakat bank qonunchiligiga joriy etilishini anglatadi
Hamyondagi kriptovalyutani qonuniylashtirish — foydalanuvchi o‘z raqamli aktivlarining qonuniy kelib chiqishini hamda mablag‘lar qonunchilik talablariga mosligini tasdiqlaydigan jarayondir. Bu bosqich tranzaksiyalar xavfsizligini ta’minlash, pul yuvishning (AML) oldini olish va boshqa huquqiy normalarga rioya etish uchun zarur.
Qonunchilikka rioya etish: ko‘plab mamlakatlar kriptovalyuta egalaridan mablag‘larning qonuniy kelib chiqishini, shuningdek, ularning moliyaviy va soliq qonunchiligiga muvofiqligini tasdiqlash uchun qonuniylashtirish tartibidan o‘tishni talab qiladi.
Tranzaksiyalar xavfsizligi: qonuniylashtirish kriptovalyuta tranzaksiyalarini shaffof va kuzatib borish mumkin bo‘lgan holga keltirib, ularni firibgarlik va noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga yordam beradi.
Bloklanish xavfini kamaytirish: qonuniylashtirishsiz kriptovalyuta hamyonidagi mablag‘lar qo‘shimcha tekshiruv uchun xatlanishi va bloklanishi mumkin. Bu kechikishlar hamda huquqiy muammolarga olib keladi.
Ishonchni oshirish: qonuniylashtirilgan mablag‘lar ehtimoliy hamkorlar va kontragentlarda ko‘proq ishonch uyg‘otadi, bu esa kriptovalyutadan biznes operatsiyalarida faolroq foydalanishga xizmat qiladi.
Hamyondagi kriptovalyutani qonuniylashtirish uchun odatda hamyonning qo‘llab-quvvatlash xizmati so‘raydigan tegishli hujjatlarni taqdim etish kerak. Bunday hujjatlar quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar: pasport, haydovchilik guvohnomasi yoki fotosurat va shaxsiy ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa rasmiy hujjatlar.
Mablag‘larning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlar: bank hisobvaraqlaridan ko‘chirmalar, soliq deklaratsiyalari, shartnomalar yoki kriptovalyutaning qonuniy kelib chiqishini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
Qo‘shimcha hujjatlar: qo‘llab-quvvatlash xizmati talablariga qarab, qo‘shimcha hujjatlar, masalan, yashash manzilini tasdiqlash uchun kommunal xizmatlar to‘lov kvitansiyalari yoki daromad to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar kerak bo‘lishi mumkin.
Shakllar va arizalar: kriptovalyuta hamyonining qo‘llab-quvvatlash xizmati taqdim etadigan maxsus shakl va arizalarni to‘ldirish.
Qonuniylashtirish tartibidan o‘tib, zarur hujjatlarni taqdim etgan foydalanuvchilar o‘z kriptovalyuta aktivlari qonuniy va himoyalangan maqomda ekaniga ishonch hosil qilishi mumkin. Bu kriptovalyutadan huquqiy oqibatlar va mablag‘larning bloklanishidan xavotir olmasdan foydalanish imkonini beradi.