| Grafik tasvirlar almashinuvi formati (Graphics Interchange Format) | |
|---|---|
| GIF formatidagi aylanayotgan Yer Ko‘k rang gradienti mavjud sohalarda posterizatsiya (posterization) hodisasi kuzatiladi, chunki palitraning rang chuqurligi yetarli emas | |
| Kengaytma |
.gif |
| MIME-turi | image/gif |
| Fayl signaturasi |
GIF87a va GIF89a |
| Ishlab chiquvchi | CompuServe(ingl.) |
| Format turi | rastrli grafika |
| Asoslangan algoritm | Lempel — Ziv — Velch algoritmi |
GIF (ingl. Graphics Interchange Format — «tasvirlar almashinuvi formati») — rastrli grafik tasvirlar formati. U sifatni yo‘qotmasdan siqilgan ma’lumotlarni ko‘pi bilan 256 ta rangda saqlay oladi. Qurilmaning texnik xususiyatlariga bog‘liq bo‘lmagan GIF formati 1987-yilda (GIF87a) CompuServe(ingl.) kompaniyasida rastrli tasvirlarni tarmoqlar orqali uzatish uchun yaratilgan. 1989-yilda (GIF89a) format takomillashtirilib, shaffoflik va animatsiyani qo‘llab-quvvatlash imkoniyati qo‘shilgan. GIF LZW siqish usulidan foydalanadi. Bu bir xil rangli maydonlari ko‘p bo‘lgan fayllarni (logotiplar, yozuvlar, sxemalar) siqish imkonini beradi. GIF uzoq vaqt davomida eng keng tarqalgan grafik formatlardan biri sifatida internetda qo‘llanilgan.
Nomining talaffuzi
Format yaratuvchilari uning nomini «jif» deb talaffuz qilishgan /dʒɪf/. Biroq ingliz tilida «gif» talaffuzi ham keng tarqalgan /gɪf/, chunki GIF — Graphics Interchange Format nomining qisqartmasi. Oxford English Dictionary va American Heritage Dictionary lug‘atlari ikkala talaffuzni ham to‘g‘ri deb ko‘rsatadi.
Rus tilida GIF formatidagi fayllar odatda «gifka» deb ataladi.
Qo‘llanish sohasi
GIF formatidagi tasvir qatorlar bo‘yicha saqlanadi va faqat indekslangan ranglar palitrasi qo‘llab-quvvatlanadi. Standart aynan 256 rangli palitra uchun ishlab chiqilgan.
Palitradagi ranglardan birini «shaffof» deb belgilash mumkin. Bunday holda GIF shaffofligini qo‘llab-quvvatlaydigan dasturlarda (masalan, zamonaviy brauzerlarning aksariyatida) «shaffof» rang bilan belgilangan piksellar orqali fon ko‘rinadi. Piksellarning «yarim shaffofligi» (alfa-kanal texnologiyasi) qo‘llab-quvvatlanmaydi.
Animatsiyali tasvirlar
GIF formati animatsiyali tasvirlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday tasvirlar bir nechta statik kadr ketma-ketligidan va har bir kadr ekranda qancha vaqt ko‘rsatilishi haqidagi ma’lumotlardan iborat. Animatsiyani davriy takrorlanadigan (ingl. loop) qilib sozlash mumkin. Shunda oxirgi kadrdan so‘ng birinchi kadr yana ko‘rsatiladi va shu tariqa davom etadi.
GIF animatsiyasida shaffoflikdan foydalanib, har bir keyingi kadrni to‘liq saqlash o‘rniga faqat oldingi kadrga nisbatan o‘zgarishlarni saqlash mumkin.
Rasmiy hujjatlarda tavsiflanmagan, ammo qo‘llab-quvvatlanadigan imkoniyatlardan biri — kadrlar orasidagi kechikish nolga teng bo‘lgan animatsiyali GIF yordamida ko‘proq rangni saqlashdir. Bunda 256 rangli cheklovdan chetlab o‘tiladi: har bir kadrning o‘z ranglar palitrasi bo‘ladi[aniqlashtirish kerak].

Siqish
GIF formati ma’lumotlarni siqish uchun LZW usulidan foydalanadi. Shu sababli qatorlarida takrorlanuvchi qismlar bo‘lgan tasvirlar, ayniqsa gorizontal yo‘nalishda bir xil rangli piksellari ko‘p bo‘lgan tasvirlar yaxshi siqiladi.
LZW algoritmi ma’lumotlarni yo‘qotishsiz siqish usullariga kiradi. Bu GIF faylidan tiklangan ma’lumotlar siqishdan oldingi ma’lumotlarga aynan mos kelishini anglatadi. Ammo bu faqat 8-bitli, palitrali tasvirlarga tegishli. Rangli fotosuratlarda esa ularni 256 rangga o‘tkazish tufayli sifat yo‘qolishi mumkin.
Ma’lumotlarni siqishga mo‘ljallangan LZW usuli 1978-yilda isroillik olimlar Abraham Lempel va Yakov Ziv tomonidan ishlab chiqilgan, keyinchalik AQSHda Terri Velch tomonidan takomillashtirilgan. LZW butun fayl bo‘ylab bir xil ketma-ketliklarni («iboralar» deb ataladi) izlab, ma’lumotlarni siqadi. Topilgan ketma-ketliklar jadvalga yoziladi va ularga qisqaroq belgilar (kalitlar) beriladi.
LZW usuli ham RLE singari shovqinsiz, bir xil rangli sohalarda yaxshi ishlaydi. Biroq turli grafik ma’lumotlarni siqishda u RLE’dan ancha samaraliroq, kodlash va siqilgan ma’lumotni ochish jarayonlari esa sekinroq kechadi.
Qatorlararo GIF
GIF formati ma’lumotlarni qatorlararo (interlaced) tartibda saqlash imkonini beradi. Bunda qatorlar guruhlarga ajratilib, ularning fayldagi saqlanish tartibi o‘zgartiriladi. Rasm yuklanayotganda bir necha bosqichda asta-sekin paydo bo‘ladi. Natijada faylning faqat bir qismi yuklangan bo‘lsa ham, tasvirni to‘liq, ammo pastroq aniqlikda ko‘rish mumkin.
Qatorlararo GIF’da dastlab 1, 9, 17 va hokazo qatorlar yoziladi. Shu tariqa ma’lumotlarning 1/8 qismi yuklangandayoq foydalanuvchi butun tasvir haqida tasavvur hosil qiladi. Ikkinchi bosqichda 5, 13, 21-qatorlar keladi va brauzerdagi tasvirning aniqligi yana ikki baravar ortadi. Nihoyat, uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarda mos ravishda (3, 7, 11, 15, 19…) va (2, 4, 6, 8, …) qatorlari uzatiladi. Shunday qilib, fayl to‘liq yuklanishidan ancha oldin foydalanuvchi unda nima tasvirlanganini bilib, yuklanish tugashini kutish-kutmaslikni hal qila oladi. Qatorlararo saqlash fayl hajmini biroz oshiradi, lekin odatda buning evaziga olinadigan qulaylik bunga arziydi.
GIF’da foydalaniladigan niqob:
1 4 3 4 2 4 3 4 |
Tarixi
GIF formatining ikkita spetsifikatsiyasi mavjud — GIF 87a va GIF 89a.
Birinchi spetsifikatsiya 1987-yilda ishlab chiquvchi CompuServe kompaniyasi tomonidan eskirgan RLE formatining o‘rniga yaratilgan. Internet rivojlanishi bilan GIF ommalashdi, chunki u veb-sahifalarda boshqa formatlarga nisbatan hajmi kichikroq tasvirlardan foydalanish imkonini berdi. Hozirda bu format ko‘p jihatdan eskirgan bo‘lib, uning o‘rnini bosish uchun PNG yaratilgan, ammo GIF hali ham keng qo‘llaniladi. Xususan, u sinemagraflarni (cinemagraphs) yaratishda talabgir.
Patentlar
Dastlab GIF xususiy mulk sifatida himoyalangan algoritmlardan foydalangan, ammo ularga oid patentlarning amal qilish muddati tugagan. AQSHda GIF’da qo‘llanadigan LZW siqish algoritmi uchun patent (patent № 4 558 302) muddati 20-iyun 2003-yilda tugagan. Kanada patentining amal qilish muddati 7-iyul 2004-yilda tugagan. Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiyada patentning amal qilish muddati 18-iyun 2004-yilda, Yaponiyada esa 20-iyun 2004-yilda tugagan.
GIF bo‘yicha oxirgi patentning amal qilish muddati 11-avgust 2006-yilda tugagan.
Muqobil format
Shuningdek, APNG formati mavjud. U 2004-yilda yaratilgan bo‘lib, 24-bitli ranglardan va 8-bitli yarim shaffoflikdan foydalanadi. Bu format 2007-yildan boshlab Mozilla Firefox brauzerida ishlaydi. Ayrim dasturlar va kengaytmalar ham APNG’ni qo‘llab-quvvatlaydi.