
Kislotali yomg‘ir — meteorologik yog‘inlarning barcha turlari — qor, yomg‘ir, do‘l, tuman, qor aralash yomg‘ir va qirov — bo‘lib, ularda yog‘inlarning vodorod ko‘rsatkichi (pH) havoning kislotali oksidlar bilan, odatda, oltingugurt oksidlari va azot oksidlari bilan ifloslanishi sababli pasayadi.
Atamaning tarixi
«Kislotali yomg‘ir» atamasini birinchi marta 1872-yilda shotlandiyalik olim Robert Smit «Havo va yomg‘ir: kimyoviy iqlimshunoslikning boshlanishi» kitobida qo‘llagan. Uning e’tiborini tortgan hodisa — smog — Manchesterda kuzatilgan edi. Kislotali yomg‘irlar o‘rmonlar, ekinlar va boshqa o‘simliklarning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ular binolar, madaniy yodgorliklar va quvurlarni yemiradi, avtomobillarga zarar yetkazadi, tuproq unumdorligini kamaytiradi hamda zaharli metallarning tuproqdagi suvli qatlamlarga sizib o‘tishiga olib kelishi mumkin.
Oddiy yomg‘ir suvi ham kuchsiz kislotali eritma hisoblanadi. Buning sababi — atmosferadagi karbonat angidrid kabi tabiiy moddalar yomg‘ir suvi bilan reaksiyaga kirishishidir. Natijada kuchsiz karbonat kislota hosil bo‘ladi. Ideal sharoitda yomg‘ir suvining pH qiymati 5,6—5,7 ga teng bo‘ladi. Amalda esa bir hududdagi yomg‘ir suvining kislotaliligi boshqa hududdagidan farq qilishi mumkin. Bu, avvalo, har bir hudud atmosferasida mavjud bo‘lgan oltingugurt oksidi va azot oksidlari kabi gazlar tarkibiga bog‘liq.
1883-yilda shved olimi Svante Avgust Arrenius ikki atamani — kislota va asos — ilmiy muomalaga kiritdi. U suvda eriganda erkin, musbat zaryadlangan vodorod ionlarini hosil qiladigan moddalarni kislotalar deb atadi. Suvda eriganda erkin, manfiy zaryadlangan gidroksid-ionlarni hosil qiladigan moddalarni esa asoslar deb atadi. Vodorod ko‘rsatkichi eritmadagi vodorod ionlari faolligining o‘nlik logarifmi manfiy qiymatiga teng bo‘lib, suvning kislotaliligini baholash uchun ishlatiladi.
Kimyoviy reaksiyalar
Oddiy yomg‘ir suvi ham havoda karbonat angidrid mavjudligi sababli kuchsiz kislotali xususiyatga ega. Kislotali yomg‘ir suv bilan oltingugurt oksidlari (SO2 va SO3) hamda turli azot oksidlari kabi ifloslantiruvchi moddalar reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘ladi. Bu moddalar atmosferaga avtomobil transporti, metallurgiya korxonalari, issiqlik elektr stansiyalari, tabiiy sharoitda esa vulqonlar tomonidan chiqariladi.
Quyidagi moddalar — oltingugurt birikmalari, sulfidlar, tabiiy sof oltingugurt va boshqalar — ko‘mirda hamda rudada uchraydi (ayniqsa, sulfidlar qo‘ng‘ir ko‘mirda ko‘p bo‘ladi). Bunday qazilmalar yondirilganda yoki kuydirilganda uchuvchan birikmalar — oltingugurt(IV) oksidi (sulfit angidrid), oltingugurt(VI) oksidi (sulfat angidrid), vodorod sulfidi — (bu modda yetarli darajada kuydirilmaganda yoki past haroratda to‘liq yonmaganda oz miqdorda hosil bo‘ladi) ajralib chiqadi. Turli xil azot birikmalari ko‘mirda va ayniqsa torfda uchraydi (chunki azot ham, oltingugurt kabi, ushbu foydali qazilmalar hosil bo‘lgan biologik tuzilmalar tarkibiga kiradi).
Bunday qazilmalar yondirilganda azot oksidlari hosil bo‘ladi. Masalan, azot oksidi atmosfera suvi bilan quyosh nurlanishi ta’sirida, ya’ni «fotokimyoviy reaksiyalar» jarayonida reaksiyaga kirishadi. Natijada ular kislotalar — sulfat kislotasi, sulfit kislotasi, nitrit kislotasi va nitrat kislotasi eritmalariga aylanadi. So‘ng ular qor yoki yomg‘ir bilan yer yuzasiga tushadi.
Kislotalar kalsiy karbonat (CaCO3) bilan reaksiyaga kirishadi. Misrdagi buyuk Giza piramidasi kabi ko‘plab mashhur yodgorliklar shu moddadan qurilgani uchun kislotali ta’sir natijasida yemiriladi.
Ekologik va iqtisodiy oqibatlar
Kislotali yomg‘irlarning oqibatlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kuzatiladi.
Kislotali yomg‘ir ko‘llar, daryolar, qo‘ltiqlar va hovuzlar kabi suv havzalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: ularning kislotaliligini shu qadar oshiradiki, natijada u yerdagi o‘simlik va hayvonot dunyosi nobud bo‘ladi.
Kislotali yomg‘irlarning suv havzalariga ta’siri uch bosqichga ajratiladi:
| Birinchi bosqich | suvning kislotaliligi ortganda (pH qiymati 7 dan past bo‘lganda) suv o‘simliklari nobud bo‘la boshlaydi. Natijada suv havzasidagi boshqa hayvonlar oziqasiz qoladi, suvdagi kislorod miqdori kamayadi, qo‘ng‘ir-yashil suvo‘tlar jadal ko‘payadi. Bu suv havzasi evtrofikatsiyasining (botqoqlanishining) birinchi bosqichidir. pH 6 bo‘lganda nobud bo‘ladiganlar — chuchuk suv krevetkalari. |
| Ikkinchi bosqich | suvning pH qiymati 5,5 gacha tushadi, suv tubidagi bakteriyalar nobud bo‘ladi. Ular organik moddalar va barglarni parchalaydi, shu sababli organik chiqindilar suv tubida to‘plana boshlaydi. Keyin plankton — suv havzasidagi oziq zanjirining asosini tashkil etadigan va bakteriyalar organik moddalarni parchalaganda hosil bo‘ladigan moddalar bilan oziqlanadigan juda mayda jonivorlar nobud bo‘ladi. |
| Uchinchi bosqich | suvning pH qiymati 4,5 gacha tushadi, barcha baliqlar, qurbaqalarning aksariyati va hasharotlar nobud bo‘ladi. |
Agar kislotali yomg‘irlarning suv havzasiga ta’siri to‘xtasa, birinchi va ikkinchi bosqichdagi o‘zgarishlar qaytar bo‘lishi mumkin.
Suv havzalari tubida organik moddalar to‘plangani sari ulardan zaharli metallar ajralib chiqa boshlaydi. Suv kislotaliligining ortishi kadmiy, simob va qo‘rg‘oshin kabi xavfli metallarning tub cho‘kindilari hamda tuproqdan erib chiqishini kuchaytiradi.
Bu zaharli metallar inson salomatligi uchun xavflidir. Tarkibida qo‘rg‘oshin ko‘p bo‘lgan suvni ichadigan yoki simob ko‘p to‘plangan baliqni iste’mol qiladigan odamlarda jiddiy kasalliklar rivojlanishi mumkin.
Kislotali yomg‘ir faqat suv o‘simliklari va hayvonlariga zarar yetkazmaydi. U quruqlikdagi o‘simliklarni ham nobud qiladi. Olimlarning fikricha, bu jarayonning mexanizmi hozirgacha to‘liq o‘rganilmagan bo‘lsa-da, «kislotali yog‘inlar, ozon va og‘ir metallarni o‘z ichiga olgan ifloslantiruvchi moddalarning murakkab aralashmasi birgalikda o‘rmonlarning degradatsiyasiga olib keladi».
AQSHda kislotali yomg‘irlarning iqtisodiy zarari, bir tadqiqot bahosiga ko‘ra[qaysi?], sharqiy sohilda yiliga 13 million dollarni tashkil etadi. Asr oxiriga kelib o‘rmonlarning yo‘qolishi tufayli zarar 1,7 milliard dollarga, hosilning nobud bo‘lishi tufayli (faqat Ogayo daryosi havzasida) 8,3 milliard dollarga, faqat Minnesota shtatidagi tibbiy xarajatlar esa 40 million dollarga yetishi taxmin qilingan.
Xitoy iqtisodiyotining jadal rivojlanishi ekologik vaziyatning yomonlashuvi bilan birga kechdi. Aholining katta qismi yashaydigan va sanoat markazlari joylashgan sharqiy hududlarda kislotali yomg‘irlar yog‘adi.
Adabiyotlar
- Zaykov G. Ye., Maslov S. A., Rubaylo V. L. Kislotali yomg‘irlar va atrof-muhit. — M.: Ximiya, 1991. — 144 bet.