Kir yuvish kukuni haqida

Kir yuvish kukuni — kukun shaklidagi yuvish vositasi bo‘lib, qo‘lda yuvish yoki kir yuvish mashinalarida yuvish uchun mo‘ljallangan. U maishiy kimyo vositalari toifasiga kiradi.

Turlari

Kir yuvish kukunlarining tarkibi

Zamonaviy kir yuvish kukunlari tarkibida anionli va noionli sirt faol moddalar, soda, natriy silikati (kukunning ishqoriyligini oshiradi va changni granulalarga birlashtiradi), shuningdek, tuzlardan iborat suyultiruvchi to‘ldirgich (odatda — natriy sulfat (konsentrlanmagan kir yuvish kukuni tarkibining taxminan 40 % ini tashkil etadi; kir yuvish mashinasida bitta yuvishga 150 g sarflanadi) yoki kamroq hollarda natriy xlorid) 5 %-10 % dan ortiq bo‘lmagan miqdorda bo‘ladi.

Kir yuvish kukunlari tarkibida boshqa komponentlar ham bo‘lishi mumkin: kationli sirt faol moddalar, kimyoviy va optik oqartirgichlar, xushbo‘y hid beruvchi moddalar, ionlarni (jumladan, kalsiy va magniy ionlarini) bog‘lovchi moddalar: (natriy tripolifosfat) seolitlar, sitratlar, Trilon B). Kukun tarkibiga fermentlar, sovun, kukunning o‘ziga chiroyli rang beradigan rangli qo‘shimchalar, iflosliklarning yuzaga qayta cho‘kishiga to‘sqinlik qiluvchi moddalar ham kirishi mumkin. Kir yuvish kukuni eritmasining pH qiymatini belgilangan oraliqda ushlab turish uchun uning tarkibiga tegishli qo‘shimchalar, ko‘pincha limon kislotasi qo‘shiladi.

Kir yuvish kukuni tarkibidagi fosfatlar suvning qattiqligini bartaraf etadi. Shu orqali sirt faol moddalarning ta’siri kuchayib, kukunning yuvish samaradorligi oshadi. 1983 yildan boshlab ko‘plab mamlakatlarda fosfatlardan foydalanish taqiqlangan. MDH mamlakatlarida esa kir yuvish kukunlarini ishlab chiqarishda fosfatlardan hozircha cheklovsiz foydalanilmoqda. Faqat Ukrainada 2014 yildan boshlab fosfatlardan foydalanishni cheklash dasturi qonun bilan qabul qilingan. G‘arb mamlakatlarida fosfatsiz kir yuvish kukunlari keng ommalashgan. Bunga fosfatlardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar hamda atrof-muhitni asrashga bo‘lgan ixtiyoriy intilish sabab bo‘lgan.

Avtomatik kir yuvish uchun mo‘ljallangan kukunlar tarkibida ko‘pik hosil bo‘lishini kamaytiruvchi moddalar mavjud.

Rossiyada kir yuvish kukunlari ishlab chiqarish

Rossiyada 2010-yilda qariyb 1 million tonna kir yuvish kukuni ishlab chiqarilgan. Ushbu hajmning chorak qismi Qozog‘iston, Ukraina va Belarusga eksport qilingan. Kir yuvish kukunlari eksporti importidan oshadi; rossiyaliklarning kukun iste’moli aholi jon boshiga 6 kg dan kam. Bozorda avtomatik yuvish uchun mo‘ljallangan kukunlarning ulushi qo‘lda yuvish kukunlari ulushidan katta va muttasil oshib bormoqda: AC Nielsen baholashicha, 2007-yilda avtomatik yuvish kukunlarining ulushi taxminan 70 % ni, 2010-yil oxiriga kelib esa 80 % dan ortiqni tashkil etgan

AC Nielsen ma’lumotlariga ko‘ra, eng yirik uchta kompaniya (Prokter end Gembl, Henkel va Nefis) ishlab chiqaradigan kir yuvish kukunlari ulushi so‘nggi yillarda Rossiya bozorining 80 % idan oshib kelgan. 2008−2009 yillarda Nefis ulushi 2 baravar oshib, 2010-yilga kelib 10 % ga yaqinlashgan va butun 2010-yil davomida shu darajada qolgan. Bu davrda P&G ulushi 47 % gacha kamaygan, Henkel esa 28 % ulushga ega bo‘lgan. Ikkinchi yirik guruhga Aist, Nevskaya Kosmetika, ReckittBenckiser va Cussons kiradi. 2011-yil boshida ushbu kompaniyalarning kir yuvish kukunlari Rossiya bozoridagi umumiy ulushi 10 % dan kam bo‘lgan.

2010-yildan boshlab Rossiyada kir yuvish vositalari bozorida kukunlarning ulushi pasaymoqda. Bunga ishlab chiqarishda kamroq elektr energiyasi talab qiladigan hamda tarkibiga yordamchi to‘ldiruvchi tuzlarni qo‘shishni talab etmaydigan kir yuvish gellarining tobora keng tarqalayotgani sabab bo‘lmoqda.

Adabiyotlar

  • Yuvish va kir yuvish vositalari // Tovarlar lug‘ati. 5-jild / Bosh muharrir I. A. Pugachyov. — M.: Gostorgizdat, 1958. — ust. 881—887.
  • Kir yuvish materiallari. — Uy-ro‘zg‘or xo‘jaligining qisqacha ensiklopediyasi. 2-jild. — M.: «Katta sovet ensiklopediyasi», 1959. — bet. 599—600.