Keng polosali internet

Keng polosali aloqa — keng polosali ma’lumot uzatish — keng chastotalar diapazonidagi yoki bir vaqtning o‘zida bir nechta turli chastotalardagi signallardan foydalanib, katta o‘tkazish qobiliyati bilan ma’lumotlarni uzatish usulidir. U yuqori tezlikdagi internetga ulanishda qo‘llaniladi. Bunda uzatish muhiti sifatida koaksial kabel, optik tolali kabel, simsiz internet (radioaloqa), o‘ralgan juftlik kabeli yoki sun’iy yo‘ldoshdan foydalanish mumkin.

Dastlab bu atama «keng chastotalar diapazonidan foydalanish» ma’nosida, shuningdek, eng quyi darajada analog bo‘lgan xizmatlarga nisbatan ishlatilgan. Internetga ulanish sohasida esa «keng polosali aloqa» atamasi hozir ko‘pincha doimiy faol («yoqilgan») holatda ishlaydigan va an’anaviy analog yoki ISDN-tarmoqlari orqali amalga oshiriladigan kommutatsiyali ulanishdan tezroq bo‘lgan har qanday yuqori tezlikdagi internet aloqasini anglatadi. An’anaviy kommutatsiyali telefon tarmog‘i — PSTN.

Turli davrlarda va turli sharoitlarda «keng polosali» diapazonni belgilash uchun har xil mezonlar qo‘llanilgan. Bu atamaning kelib chiqishi fizika, akustika va radiotexnika sohalari bilan bog‘liq bo‘lib, ularda u «keng polosali signal uzatish» iborasiga yaqin ma’noda ishlatilgan.

1999-yildan boshlab keng polosali internetga ulanish davlat siyosatida muhim omilga aylandi. O‘sha yili Jahon savdo tashkiloti tomonidan Sietlda har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan «Raqamli tafovut muammosining moliyaviy yechimlari» konferensiyasida dunyo yetakchilariga «mazmunli keng polosali ulanish» atamasi taqdim etildi. Bu raqamli tafovutni bartaraf etish harakatining faollashishiga olib keldi. Ushbu harakatning asosiy g‘oyasi keng polosali internetdan adolatli foydalanish imkoniyatini insonning asosiy huquqlaridan biri sifatida e’tirof etish zarurligini ko‘rsatishdan iborat.