Jibuti haqida

Jibuti Respublikasi
arab. جمهورية جيبوتي‎ Jumhuriyat Jibuti
frans. République de Djibouti
Shior: «arab. اتحاد، مساواة، سلام‎
frans. Unité, Égalité, Paix»

«Birlik, tenglik, tinchlik»
Madhiya: «Djibouti»
«Jibuti»
Джибути на карте мира
Jibuti dunyo xaritasida
Mustaqillik sanasi 27-iyun 1977-yil ( Fransiyadan)
Rasmiy tillar arab tili va fransuz tili
Poytaxt Jibuti
Eng yirik shahar Jibuti
Boshqaruv shakli prezidentlik respublikasi (merosiy avtoritar rejim sharoitida)
Davlat tuzilishi unitar davlat
Prezident Ismoil Umar Gelle
Bosh vazir Abdulkodir Komil Muhammad
Milliy assambleya raisi Dileyta Muhammad Dileyta
Davlat dini sunniylik yoʻnalishidagi islom
Hududi
 • Jami 23 200 km² (dunyoda 147-oʻrin)
Aholisi
 • Baholash 921 804 kishi (162-oʻrin)
 • Zichligi 39,73 kishi/km²
YAIM (XQP)
 • Jami (2018) 5,120 mlrd dollar (166-oʻrin)
 • Aholi jon boshiga 4881 dollar (140-oʻrin)
YAIM (nominal)
 • Jami (2018) 3,013 mlrd dollar (161-oʻrin)
 • Aholi jon boshiga 2872 dollar (142-oʻrin)
Inson taraqqiyoti indeksi (2020) ▲ 0,524 (past; 166- oʻrin)
Valyuta Jibuti franki (DJF, kod 268)
Internet domeni .dj
ISO kodi DJ
Telefon kodi +253
Vaqt mintaqasi UTC+3
Avtomobil harakati oʻng tomondan
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Jibuti (arab. جيبوتي‎, frans. Djibouti), rasmiy nomi — Jibuti Respublikasi (arab. جمهورية جيبوتي‎, frans. République de Djibouti) — davlat, u Sharqiy Afrikada, Afrika shoxi hududida joylashgan. Sharqda Adan qoʻltigʻi va Arabiston dengizi suvlari bilan yuviladi. Shimolda Eritreya, gʻarb va janubda esa Efiopiya, janubi-sharqda esa tan olinmagan Somalilend bilan chegaradosh boʻlib, xalqaro hamjamiyat uning hududini Somalining bir qismi deb hisoblaydi.

Rasmiy tillar — fransuz tili va arab tili, biroq aholining mutlaq koʻpchiligi somali va afar tillarida soʻzlashadi.

Quyidagi tashkilotlarga aʼzo: BMT (1977), Qoʻshilmaslik harakati (1977), Arab davlatlari ligasi (1977), Islom hamkorlik tashkiloti (1994), Sharqiy va Janubiy Afrika umumiy bozori (KOMESA; 1994), Afrika Ittifoqi (2002).

Etimologiyasi

1977-yilda Fransiyadan mustaqillikka erishgach, mamlakat Jibuti nomini olgan. Shu nomdagi shahar mamlakatning poytaxti. nomidan olingan. Oykonim «Jibuti» esa oʻz navbatida shahar joylashgan burni Ras-Jibuti nomidan kelib chiqqan. Y. M. Pospelov fikricha, «Ras-Jibuti» toponimi mayda marjon riflaridan tashkil topgan burnining notekis yuzasi bilan bogʻliq.

Tarixi

Milodiy dastlabki asrlarda hozirgi Jibuti hududida kushit tillaridan — afar va issa tillarida soʻzlashuvchi koʻchmanchi qabilalar yashagan. V–VI asrlarda bu hudud Aksum davlatining tarkibiga kirgan. VII asrda esa arab sultonlari hukmronligi ostiga oʻtgan. Mahalliy aholi orasida islom dini va arab tili tarqalgan.

XVI asrda Somali yarimorolida bir tomondan portugallar va efiopiyaliklar, boshqa tomondan esa turklar va somalilar oʻrtasida urushlar ketayotgan paytda hozirgi Jibuti hududini portugallar egallagan. XVII asrda arablar hukmronligi qayta oʻrnatilgan. Tub aholi koʻchmanchi turmush tarzini saqlab qolgan, arablar esa aholining boshqaruv va savdo bilan shugʻullanuvchi qatlamini tashkil etgan.

1862-yilda fransuzlar Gobaad (Gobaad) sultoni bilan tuzilgan shartnoma orqali hozirgi Jibuti hududidagi oʻz mulklarini rasmiylashtirgan. Shartnomaga koʻra Fransiya afarlar yashaydigan hudud va Obokdagi kemalar langar tashlaydigan joyni olgan. 1881-yilda Obok atrofidagi hududni rivojlantirish uchun Fransiya aksiyadorlik jamiyatlari tuzilgan. Hozirgi Jibuti shahrining qurilishi boshlangan. Obok deb atalgan hudud 1896-yilda rasman Fransuz Somali qirgʻogʻi deb nomlangan (1967-yildan — Afar va issalarning fransuz hududi). 1889-yilda Rossiya fuqarolari boʻlgan koʻchmanchilar mustamlaka tashkil etishga uringan. Ular Fransuz Somali qirgʻogʻi hududining bir qismini egallashga harakat qilgan. Mustamlaka asoschisining vakolatlari va Rossiyaning bu boradagi rejalari tasdiqlanmagach, Fransiya floti koʻchmanchilarni quvib chiqargan.

1946-yilda Fransuz Somalisi mustamlakasi «dengizorti hududi» maqomida Fransiya tarkibiga kiritilgan.

1977-yilda oʻtkazilgan referendumdan soʻng mamlakat mustaqillikka erishgan va Jibuti Respublikasi deb atalgan. 1981-yilda mamlakatda bir partiyali tizim joriy etilgan (Taraqqiyot uchun xalq birlashmasi).

Jibutining siyosiy hayoti mustamlaka protektorati davrida ham, 1977-yilda mustaqillikka erishganidan keyin ham mamlakatdagi ikki eng yirik etnik guruh — afarlar va issalar oʻrtasidagi kurash bilan koʻp jihatdan belgilangan. Mustamlaka boshqaruvi davrida maʼmuriyatda afarlar, mustaqillikdan keyin esa issalar ustunlik qilgan. 1979-yilda afarlar oʻrtasida norozilik kuchayib, partizanlar urushi boshlangan.
1991–2000-yillarda Jibutida fuqarolar urushi davom etib, u hokimiyat vakolatlarini taqsimlash haqidagi kelishuv bilan yakunlangan.

2008-yilda Jibuti va Eritreya oʻrtasida qisqa muddatli urush yuz bergan.

Geografik maʼlumotlar

Jibuti xaritasi

Jibuti Afrikaning shimoli-sharqida, Afrika shoxi hududida joylashgan. Efiopiya, Eritreya va Somali bilan chegaradosh.

Hududi — 23 200 km².

Tabiati

Relyefi

Togʻ tizmalari lava platolari va soʻngan vulqonlar konuslari bilan almashinib keladi. Mamlakatning markaziy qismini toshloq, qumli yoki gilli tekisliklar egallagan. Ularning eng past joylarida shoʻr koʻllar joylashgan.

Foydali qazilmalari

Ombet dratsenasi Fore-dyu-Dey[vikimaʼlumotlar] milliy bogʻi chegarasida (Jibutining Tajura mintaqasi)

Mamlakat yer qaʼrida quyidagi foydali qazilmalar mavjud: ohaktosh, perlit.

Ichki suvlari

Doimiy daryolar yoʻq. Mamlakat markazida oqimsiz Assal koʻli joylashgan boʻlib, uning qirgʻogʻi Afrikaning eng past nuqtasidir. Shoʻrligi 350 ‰ boʻlgan bu koʻl dunyodagi eng shoʻr suv havzalaridan biridir.

Oʻsimlik dunyosi

Mamlakatda ombet dratsenasi (Dracaena ombet) daraxti uchraydi, u «Afrika ajdar daraxti» nomi bilan ham tanilgan. «Dunyoning noyob oʻsimliklari» (1983) kitobi mualliflari bu turni «Jibuti, Efiopiya va Sudanning eng diqqatga sazovor oʻsimliklaridan biri» deb atagan.

Mamlakatdagi oʻrmonlar mamlakat hududining 0,3 % ini egallaydi.

Hayvonot dunyosi

Hayvonot dunyosi kambagʻal. Vohalar atrofida antilopalar, giyenalar, chiyaboʻrilar; oʻrmonlarda esa maymunlar uchraydi. Sudralib yuruvchilar va hasharotlar koʻp. Sohilboʻyi suvlari baliqlarga boy.

Aholisi

Aholining yosh-jins piramidasi (Jibuti, 2020-yil)
Jibuti mintaqalari boʻyicha aholi zichligi, 2019-yil

Aholi soni — 920 ming kishi (2020-yil iyul holatidagi baho).

Yillik oʻsish — 2,07 % (2020).

Asosiy shaharlar (2009)

№ Shahar Aholi soni

(29.05.2009)

1 Jibuti 475 322
2 Ali-Sabih 37 939
3 Dixil 24 886
4 Tajura 14 820
5 Arta 13 260
6 Obok 11 706

Umumiy tugʻilish koeffitsiyenti (fertillik) — bir ayolga 2,19 tugʻilish (2020).

Goʻdaklar oʻlimi — 41,6 holat (har 1000 tugʻilishga; 2020).

Oʻrtacha umr davomiyligi — erkaklarda 62 yosh, ayollarda 67 yosh (2020).

Aholining odam immunitet tanqisligi virusi (OIV) bilan zararlanish darajasi — 1,2 % (2018-yilgi baho).

15 yoshdan katta aholi savodxonligi — 68 % (2003-yilgi baho).

Shahar aholisi — 78,1 % (2020-yilda).

Etnik tarkibi: issalar va boshqa somali qabilalari — 60 %, afarlar — 35 %, boshqalar (fransuzlar, arablar, italyanlar, yunonlar) — 5 %.

Tillar: rasmiy tillar — fransuz tili va arab tili, soʻzlashuv tillari — somali tili va afar tili.

Asosiy din — islomning sunniylik yoʻnalishi (94 %). Xristianlar mamlakat aholisining 6 % ini tashkil etadi.

Maʼmuriy boʻlinishi

Jibuti hududi 5 ta mintaqa va Jibuti shahriga boʻlingan; shahar mintaqa maqomiga tenglashtirilgan. Mintaqalar oʻz navbatida okruglarga boʻlinadi. Okruglarni respublika komissarlari (prefektlar) boshqaradi; ular ayni paytda okrug markazlarining merlari ham hisoblanadi. Jami 11 ta okrug mavjud:

  • Alayli (Alaili Dadda);
  • Ali-Sabih (Ali Sabieh District);
  • As-Eyla (As Eyla District);
  • Balge (Balha District);
  • Dixil (Dikhil District);
  • Jibuti (Djibouti District);
  • Dorra (Dorra District);
  • Obok (Obock District);
  • Randa (Randa District);
  • Tajura (Tadjourah District);
  • Yoboki (Yoboki District).

Siyosiy tuzilishi

Jibuti — respublika. 1896–1946-yillarda Fransuz Somalisi mustamlakasi boʻlgan. 1946-yildan Fransiyaning dengizorti hududi hisoblangan. 1967-yilda hudud ichki oʻzini oʻzi boshqarish huquqini olgan va Afar hamda issalarning fransuz hududi (AFIH) deb nomlangan. 8-may, 1977-yil sanasida referendum oʻtkazilib, unda aholining koʻpchiligi mamlakat mustaqilligini eʼlon qilish tarafdori boʻlgan.

27-iyun, 1977-yil sanasida mustaqillik eʼlon qilingan. Davlat Jibuti Respublikasi nomini olgan. Mamlakatda konstitutsiya[vikimaʼlumotlar] amal qiladi. U referendumda 4-sentabrda maʼqullangan va 15-sentabr, 1992-yil sanasida kuchga kirgan.

Davlat boshligʻi — prezident. Prezident umumxalq ovoz berish yoʻli bilan 6 yil muddatga saylanadi va yana bir muddatga qayta saylanishi mumkin. Prezident hukumatga katta taʼsir koʻrsatadi hamda Jibuti Qurolli Kuchlarining Oliy bosh qoʻmondoni hisoblanadi.

Qonun chiqaruvchi hokimiyat bir palatali parlament — 65 deputatdan iborat Milliy assambleyaga tegishli. Deputatlar umumxalq ovozi bilan 5 yil muddatga saylanadi. Saylash huquqi 18 yoshdan, saylanish huquqi 23 yoshdan beriladi.

Ijro etuvchi hokimiyatni prezident va hukumat (Vazirlar Kengashi) amalga oshiradi. Hukumatga bosh vazir rahbarlik qiladi. Biroq mamlakatda urugʻ-aymoq munosabatlariga asoslangan ijtimoiy iyerarxiya ustun boʻlib, bu guruhlarning vakillari ijro hokimiyatidagi muhim lavozimlarni egallashga va muayyan urugʻning yetakchi vakilini bosh vazir etib tayinlashga intiladi.

Sud tizimi Fransiya huquqi, musulmon huquqi va anʼanaviy huquq (Xeer)ga asoslanadi. Sud hokimiyatini 1979-yilda tashkil etilgan Oliy sud amalga oshiradi. Shuningdek, Oliy apellyatsiya sudi, birinchi instansiya sudi, xavfsizlik tribunali, shariat sudlari, okrug jinoyat sudlari va mehnat nizolari boʻyicha sudlar mavjud.

Siyosiy partiyalar

Jibutida hukmron partiya ustun boʻlgan tizim shakllangan; jami 20 dan ortiq siyosiy partiya mavjud. Ularning eng nufuzlilari:

  • «Taraqqiyot uchun xalq birlashmasi, TXB» (Rassemblement populaire pour le progrès, RPP), yetakchisi — Ismoil Umar Gelle (Ismael Omar Gelleh), bosh kotibi — Muhammad Ali Muhammad (Mohamed Ali Mohamed). Hukmron partiya, 1981–1992-yillarda yagona qonuniy partiya boʻlgan;
  • «Demokratik yangilanish partiyasi, DYP» (Parti du renouveau démocratique, PRD), raisi — Abdillahi Hamareyteh (Abdillahi Hamareiteh), bosh kotibi — Maki Humed Gabana (Maki Houmed Gaba). Parlamentdagi koʻpchilik asosida shakllantirilgan demokratik hukumat tuzish tarafdori;
  • «Demokratik alyans ittifoqi, DAI» (Alliance républicaine pour la démocratie, ARD), rahbari — Ahmad Dini Ahmad (Ahmed Dini Ahmed). Asosiy muxolif partiya;
  • «Birlik va demokratiyani tiklash fronti, BDTF» (Front pour la restauration de l’unité et la démocratie, FRUD), rahbari — Ali Muhammad Dovud (Ali Mohamed Daoud), bosh kotibi — Ugure Kifle Ahmad (Ougoureh Kifleh Ahmed). 1991-yilda afarlarning harbiy guruhi sifatida tashkil topgan. 1994-yildagi boʻlinishdan soʻng uning fraksiyalaridan biri 1996-yil martida siyosiy partiya sifatida qonuniylashtirilgan.

Tashqi siyosati

Jibuti Qurolli Kuchlari

Jibuti Qurolli Kuchlari quruqlikdagi qoʻshinlar, sohil qoʻriqlash xizmati, harbiy-havo kuchlari va milliy jandarmeriyadan iborat.

Iqtisodiyoti

Mamlakat iqtisodiyoti dengiz porti va erkin savdo hududidan foydalanishga asoslanadi; Jibuti poytaxti tashkil topganidan buyon Efiopiya uchun asosiy savdo porti hisoblanadi. Mamlakatda tabiiy resurslar deyarli yoʻq, shu sababli sanoat deyarli rivojlanmagan. Yogʻingarchilik kamligi tufayli qishloq xoʻjaligi unumdorligi past (isteʼmol qilinadigan oziq-ovqatning katta qismi import qilinadi). Jibuti xorijiy yordamga juda bogʻliq. U Afrika, Karib va Tinch okeani mamlakatlari xalqaro tashkilotiga aʼzo.

Aholi jon boshiga YAIM 2018-yilda 2050 dollarni tashkil etgan (dunyoda 137-oʻrin). Qashshoqlik chegarasidan pastda yashovchilar — aholining 42 % i (2007-yilda), ishsizlik darajasi — 11,1 % (2018-yilda).

Qishloq xoʻjaligi (YAIMning 3 % i) — koʻchmanchi chorvachilik (echki va qoʻy boqish), oz miqdorda pomidor, shuningdek, tarvuz va qovun yetishtirish. 2018-yilda Xitoy tomonidan Efiopiya–Jibuti temiryoʻli qurilgan. 2018-yil mart oyi oʻrtalariga kelib Addis-Abeba–Jibuti temiryoʻli orqali qariyb 20 ming yoʻlovchi va 6000 dan ortiq yuk konteyneri tashilgan. Yoʻlovchi va yuk tashish hajmlari bosqichma-bosqich ortib bormoqda.

Eksport (56,6 mln dollar, 2017-yilda): qahva (33 %) va boshqa oʻsimlik mahsulotlari (dukkaklilar, mevalar, sabzavotlar, choy — 19 % gacha), yogʻoch koʻmir (8,4 %), shuningdek, Efiopiyadan tayyor sanoat mahsulotlarining reeksporti.

Asosiy xaridorlar — Buyuk Britaniya (10 %), Niderlandiya (8,3 %), Belarus (7,9 %), Quvayt (7,5 %) va Hindiston (6,7 %)

Import (3,89 mlrd dollar, 2017-yilda): oziq-ovqat, ichimliklar, transport vositalari, neft mahsulotlari.

Asosiy yetkazib beruvchilar — Xitoy Xalq Respublikasi (56 %), Hindiston (7 %) va Indoneziya (5,2 %).

Tashqi qarz — 1,6 mlrd dollar (2017)

Madaniyati

Taʼlim

Savodxonlik darajasi 15 yoshdan katta aholi orasida 68 % (2003-yilgi baho). Jibuti aholisi yosh: taxminan 40 % i 15 yoshdan kichik. Mustaqillikkacha aholining aksariyati savodsiz boʻlgan. 1969-yilda butun mamlakatda 26 ta boshlangʻich, 3 ta oʻrta va 2 ta texnik maktab mavjud edi.

Maktab taʼlimi bepul. Taʼlim xarajatlari YAIMning 3,6 % ini tashkil etgan (2018).

2006-yilda Jibuti universiteti[fransuzcha] tashkil etilgan. Bungacha talabalar chet elda oʻqishga majbur boʻlgan. 2014-yilda elektron kampus ishga tushirilgan. 2018-yilda poytaxt Jibuti shahri chekkasida kampus ochilgan.

Davlat teleradiokompaniyasi RTD (Radio Télévision de Djibouti — «Jibuti radio va televideniyesi») uchta telekanal (Télé Djibouti 1 (1986-yilda ishga tushirilgan), Télé Djibouti 2, Télé Djibouti 3) va bitta radiostansiyani (1964-yilda ishga tushirilgan) oʻz ichiga oladi.

Adabiyotlar

Havolalar