
Ichak (lot. intestinum) — ovqat hazm qilish va ajratish a’zosi bo‘lib, umurtqali hayvonlarda, jumladan, insonda ham uchraydi. U qorin bo‘shlig‘ida joylashgan.
Anatomik tuzilishi
Anatomik jihatdan ichak quyidagi qismlarga bo‘linadi:
- ingichka ichak (lot. intestinum tenue);
- yo‘g‘on ichak (lot. intestinum crassum).
Ingichka ichak
Ingichka ichak (intestinum tenue) — ovqat hazm qilish tizimining bir qismi bo‘lib, oshqozon bilan yo‘g‘on ichak o‘rtasida joylashgan. Ovqat asosan ingichka ichakda hazm bo‘ladi.
Ingichka ichakning bunday atalishi uning devorlari yo‘g‘on ichak devorlariga qaraganda yupqaroq va mustahkamligi kamroq bo‘lishi, shuningdek, ichki bo‘shlig‘i diametri yo‘g‘on ichaknikidan kichikligi bilan bog‘liq.
Ingichka ichak quyidagi qismlardan iborat:
- o‘n ikki barmoqli ichak (lot. duodenum);
- och ichak (lot. jejunum);
- yonbosh ichak (lot. ileum).
Yo‘g‘on ichak
Yo‘g‘on ichak (intestinum crassum) — ovqat hazm qilish yo‘lining oxirgi qismi, ya’ni ichakning quyi bo‘limi bo‘lib, unda asosan suv so‘riladi va ovqat bo‘tqasi (ximus)dan shakllangan najas hosil bo‘ladi. Yo‘g‘on ichak devorlari mushak va biriktiruvchi to‘qima qatlamlari qalinroq bo‘lgani uchun ingichka ichak devorlariga qaraganda qalinroq. Uning ichki bo‘shlig‘i diametri ham ingichka ichakning ichki bo‘shlig‘i diametridan kattaroq. Yo‘g‘on ichakning umumiy uzunligi 1,5 dan 2 m gacha bo‘ladi. Ko‘r ichakning kengligi 7 sm bo‘lib, pastga tushuvchi chambar ichakka kelib 4 sm gacha asta-sekin kamayadi.
Yo‘g‘on ichakning shilliq qavatida vorsinkalar (so‘rg‘ichlar) bo‘lmaydi. Ammo unda shilliq va shilliqosti qavatlar hosil qiladigan, gaustralar oralig‘ida joylashgan yarimoysimon burmalar ko‘p. Shuningdek, ingichka ichak shilliq qavatidagiga qaraganda kriptalar (bez chuqurchalari) ancha ko‘p, yirikroq (har bir kriptaning uzunligi 0,4-0,7 mm ga yetadi) va kengroq bo‘ladi.
Yo‘g‘on ichak quyidagi qismlardan iborat:
- ko‘r ichak (lot. caecum) va uning chuvalchangsimon o‘simtasi (lot. appendix vermiformis);
- chambar ichak (lot. colon) quyidagi qismlardan iborat: ko‘tariluvchi chambar ichak (lot. colon ascendens), ko‘ndalang chambar ichak (lot. colon transversum), tushuvchi chambar ichak (lot. colon descendens), sigmasimon chambar ichak (lot. colon sigmoideum)
- to‘g‘ri ichak, (lot. rectum), uning kengaygan qismi — to‘g‘ri ichak ampulasi (lot. ampulla recti), shuningdek, torayib boruvchi oxirgi qismi — orqa chiqaruv kanali (lot. canalis analis), u esa orqa chiqaruv teshigi bilan tugaydi (lot. anus).
Vazifalari
Ichakda parchalanib, oddiy holatga kelgan oziq moddalar uzil-kesil qonga so‘riladi. Hazm bo‘lmagan va ortiqcha moddalar najas massasini hosil qiladi hamda ichak gazlari bilan birga organizmdan chiqariladi. Ichakda ovqat hazm qilish jarayonlariga yordam beradigan juda ko‘p bakteriyalar mavjud. Shu sababli ichak mikroflorasining buzilishi (disbakterioz) turli darajadagi salbiy oqibatlarga olib keladi.
Ichak kasalliklari
Ichakning yuqumli kasalliklari: amyobiaz, dizenteriya, sil, sifilis va boshqalar.
Parazitar kasalliklar: ankilostomoz, askaridoz, difillobotrioz, ichak miazlari, skarabiaz, trixinellyoz, trixostrongiloidoz, trixotsefalyoz, enterobioz va boshqalar.
Avstraliyalik onkologlar o‘tkazgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 10 yildan ortiq vaqt davomida o‘tirib ishlagan odamlarda ichak saratoni ikki baravar ko‘p uchraydi. Bundan tashqari, olimlarning ta’kidlashicha, o‘tirgan holda ishlash qondagi qand miqdorining oshishiga olib keladi, bu esa to‘g‘ri ichak saratoni rivojlanish xavfini ham oshiradi. Ushbu sohada ko‘p yillik tadqiqotlar natijasida o‘n yil o‘tirib ishlagan odamlarda saraton 45% ko‘proq aniqlanishi ma’lum bo‘lgan.
Faoliyatining buzilishi
Ichak faoliyatining buzilishi odatda og‘riq, tenezm (yolg‘on defekatsiya istagi), ich ketishi, najas tutilishi va boshqa belgilar bilan namoyon bo‘ladi.
- Najas chiqarish paytidagi og‘riq qin va bachadon atrofidagi to‘qimalarning yallig‘lanish jarayonlarida, shuningdek, gemorroy va paraproktitda kuzatiladi.
- Doimiy kemiruvchi tusdagi og‘riq to‘g‘ri ichak va jinsiy a’zolar saratonining rivojlangan bosqichlariga xosdir.
- To‘g‘ri ichakka tarqaladigan og‘riq bachadondan tashqari homiladorlikda kuzatiladi.
- Tenezmlar to‘g‘ri ichakning o‘tkir yallig‘lanish kasalliklarida (vabo, dizenteriya va boshqalar), shuningdek, jinsiy a’zolarga rentgen nurlari bilan davolash yoki radioterapiya o‘tkazilganidan keyin kuzatiladi.
- Qabziyat ko‘pincha noto‘g‘ri ovqatlanish (o‘simlik mahsulotlari yetishmasligi) yoki kamharakat turmush tarzi natijasida yuzaga keladi. Klimaks davridagi ayollarda qabziyat ko‘pincha vegetativ nevroz bilan bog‘liq bo‘ladi. Qabziyat ichak bitishmalarida yoki bachadon va uning ortiqlari o‘smalarining to‘g‘ri ichakka bosim o‘tkazishi natijasida ham kuzatiladi.
- Najasning tutilishi ko‘pincha meteorizm (ichakda gaz to‘planishi) bilan birga operatsiyadan keyingi ichak parezi yoki ginekologik peritonit natijasida rivojlanadi
- Ich ketishi ko‘pincha bachadon atrofidagi to‘qimalar (parametrit) va kichik chanoq qorin pardasidagi yallig‘lanish jarayonlariga (pelvioperitonit) hamroh bo‘ladi. Shuningdek, abssessning to‘g‘ri yoki sigmasimon ichakka yorilib ochilishida, ichak va bachadon ortiqlarining sil kasalligida ham kuzatiladi.
Havolalar
- Ichak kasalliklari Arxiv nusxasi 2-mart 2013-yilda Wayback Machine’da arxivlangan
- «Jonli jarrohlik» kursining videomateriallari Arxiv nusxasi 2-noyabr 2010-yilda Wayback Machine’da arxivlangan