Geometrik optika — optika bo‘limi bo‘lib, u yorug‘likning shaffof muhitlarda tarqalishini, ko‘zgusimon sirtlardan qaytishini va optik tizimlardan o‘tayotgan yorug‘likdan tasvir hosil qilish tamoyillarini uning to‘lqin xususiyatlarini hisobga olmagan holda o‘rganadi..
Geometrik optikaning asosiy tushunchasi — bu yorug‘lik nuri. Bunda yorug‘lik energiyasi oqimining yo‘nalishi (yorug‘lik nurining yo‘li) yorug‘lik dastasining ko‘ndalang o‘lchamlariga bog‘liq emas, deb faraz qilinadi.
Geometrik optika qonunlari umumiyroq bo‘lgan to‘lqin optikasi qonunlarining xususiy chegaraviy holati bo‘lib, yorug‘lik to‘lqinlari uzunligi nolga intilganda shu holat yuzaga keladi. Yorug‘lik fizik jihatdan elektromagnit to‘lqinning tarqalishi bo‘lgani sababli, interferensiya hodisasi sodir bo‘ladi. Natijada cheklangan yorug‘lik dastasi faqat bitta yo‘nalishda tarqalmaydi, balki muayyan burchaklar bo‘yicha taqsimlanadi, ya’ni difraksiya hodisasi kuzatiladi. Interferensiya va difraksiya geometrik optika usullari bilan optik tizimlarning optik xususiyatlarini o‘rganish doirasiga kirmaydi. Biroq yorug‘lik dastalarining xarakterli ko‘ndalang o‘lchamlari to‘lqin uzunligiga nisbatan yetarlicha katta bo‘lgan hollarda, yorug‘lik dastasining difraksion yoyilishini e’tiborsiz qoldirish va yorug‘lik nurlari sinish yoki qaytish sodir bo‘lguniga qadar to‘g‘ri chiziq kesmalari bo‘ylab tarqaladi, deb hisoblash mumkin.
Geometrik optika optik hodisalarni to‘liq tasvirlay olmaydi, chunki u umumiyroq to‘lqin optikasi nazariyasining soddalashtirilgan ko‘rinishidir. Shunga qaramay, u, masalan, optik tizimlarni hisoblashda keng qo‘llanadi, chunki uning qonunlari umumlashtirilgan to‘lqin qonunlariga qaraganda matematik jihatdan ancha sodda. Bu esa optik tizimlarni tahlil qilish va sintezlashdagi matematik qiyinchiliklarni sezilarli darajada kamaytiradi. Geometrik va to‘lqin optikalari o‘rtasidagi taxminiy munosabat Nyuton mexanikasi va kvant mexanikasi o‘rtasidagi munosabatga o‘xshaydi..
Geometrik optikada to‘lqin effektlarini e’tiborga olmaslik bilan bir qatorda, kvant hodisalari ham e’tiborga olinmaydi. Geometrik optikada yorug‘likning tarqalish tezligi cheksiz deb qabul qilinadi (shu sababli dinamik fizik masala sof geometrik masalaga aylanadi), biroq geometrik optika doirasida yorug‘likning chekli tezligini hisobga olish (masalan, astrofizikaga oid masalalarda) matematik jihatdan qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bundan tashqari, odatda yorug‘likning optik muhitlardan o‘tishi bilan bog‘liq hodisalar, masalan, kuchli nurlanish ta’sirida muhitning sindirish ko‘rsatkichi o‘zgarishi ko‘rib chiqilmaydi. Hatto rasman geometrik optika doirasiga kiradigan bunday hodisalar nochiziqli optika sohasiga kiritiladi. Muayyan muhitda tarqalayotgan yorug‘lik dastasining intensivligi nochiziqli effektlarni e’tiborsiz qoldirish mumkin bo‘lgan darajada kichik bo‘lsa, geometrik optika optikaning barcha bo‘limlari uchun umumiy bo‘lgan nurlarning mustaqil tarqalishi haqidagi fundamental qonunga (superpozitsiya prinsipi).
Ushbu prinsipga ko‘ra, yorug‘lik nurlari muhitda o‘zaro ta’sirlashmaydi. Geometrik optikada yorug‘lik nurlanishining amplitudasi, chastotasi, fazasi va qutblanish turi kabi tushunchalar mavjud emas, biroq to‘lqinli chiziqli optikada ham superpozitsiya prinsipi qabul qilingan. Boshqacha aytganda, to‘lqinli chiziqli optikada ham, geometrik optikada ham yorug‘lik nurlari va optik to‘lqinlar bir-biriga ta’sir qilmaydi va mustaqil ravishda tarqaladi, deb hisoblanadi.
Geometrik optika qonunlari


Geometrik optikaning asosida bir nechta sodda empirik qonun yotadi:
- Yorug‘likning to‘g‘ri chiziq bo‘ylab tarqalish qonuni
- Nurlarning mustaqil tarqalish qonuni
- Yorug‘likning qaytish qonuni
- Yorug‘likning sinish qonuni (Snellius yoki Snell qonuni)
- Yorug‘lik nurining qaytuvchanlik qonuni. Unga ko‘ra, ma’lum trayektoriya bo‘ylab bir yo‘nalishda tarqalgan yorug‘lik nuri teskari yo‘nalishda ham tarqalganda aynan shu yo‘lni bosib o‘tadi.
Geometrik optika yorug‘likning to‘lqin tabiatini hisobga olmagani sababli, unda quyidagi postulat qabul qilinadi: agar biror nuqtada ikki yoki undan ortiq nur tizimi kesishsa, ular hosil qiladigan yoritilganlik qiymatlari qo‘shiladi.
Biroq geometrik optika qonunlarini eng izchil tarzda to‘lqin optikasining eykonal yaqinlashuvi (эйкональное приближение) sharoitida keltirib chiqarish mumkin. Bu holda geometrik optikaning asosiy tenglamasi eykonal tenglamasi bo‘lib, uni so‘z bilan ifodalash ham mumkin: Ferma prinsipi ko‘rinishida; yuqorida sanab o‘tilgan qonunlar aynan shu prinsipdan kelib chiqadi.
Geometrik optikaning xususiy ko‘rinishlaridan biri — matritsali optika.
Geometrik optikaning bo‘limlari
Geometrik optikaning bo‘limlari orasida quyidagilarni alohida qayd etish mumkin:
- paraksial yaqinlashuvda optik tizimlarni hisoblash
- paraksial yaqinlashuvdan tashqarida yorug‘likning tarqalishi, kaustikalarni va yorug‘lik frontlarining boshqa xususiyatlarini shakllantirish.
- yorug‘likning bir jinsli bo‘lmagan va anizotrop muhitlarda tarqalishi (gradientli optika)
- yorug‘likning to‘lqin o‘tkazgichlar va optik tolalarda tarqalishi
- massiv astrofizik obyektlarning gravitatsion maydonlarida yorug‘likning tarqalishi, gravitatsion linzalanish.
Tadqiqotlar tarixi
Yevklid «Optika» asarida yorug‘likning to‘g‘ri chiziq bo‘ylab tarqalishini ko‘rsatgan.
Klavdiy Ptolemey yorug‘likning sinishini havo–suv va havo–shisha chegaralarida tadqiq qilgan.
Optika fanining rivojlanishida Sharq olimlari, xususan, Fors olimlari katta hissa qo‘shgan. Ular orasida Bahmanyor al-Ozarbayjoniy va Nasiriddin Tusiy ham bor. Ular yorug‘lik tabiatiga oid o‘z qarashlarini ilgari surib, yorug‘lik ham to‘lqin, ham zarrachalar oqimi xususiyatlariga ega ekanini ta’kidlaganlar.
Arab olimi Ibn al-Haysam (Al-Hasan) yorug‘likning sinish va qaytish qonunlarini o‘rgangan. U yorug‘lik nurlarining manbai ko‘z emas, balki nur taratuvchi jismlar ekanini birinchilardan bo‘lib ilgari surgan. Shuningdek, u jism tasviri ko‘z gavharida hosil bo‘lishini isbotlagan. U yassi, qavariq, botiq, silindrsimon shishalar va linzalarda jismlarning tasvirlarini hosil qilgan; qavariq linza kattalashtirilgan tasvir berishini ko‘rsatgan.
Iogann Kepler «Vitteliyga qo‘shimchalar» risolasida («Optik astronomiya», 1604) geometrik optika asoslarini bayon qilgan va yoritilganlikning manbadan bo‘lgan masofaning kvadratiga teskari proporsional bog‘liqligi qonunini shakllantirgan.
Villebrord Snell 1621-yilda quyidagi qonunni kashf etdi: yorug‘likning sinish qonuni (Snellius qonuni).
Foydalanilgan adabiyotlar
- G. S. Landsberg Optika: oliy o‘quv yurtlari uchun o‘quv qo‘llanma. — 6-nashr, stereotip nashr. — Moskva: Fizmatlit, 2003. — 848 b. — ISBN 5-9221-0314-8.
- N. B. Delone «Nochiziqli optika» maqolasi, 1997, «Fizika»
- S. A. Rodionov 4-bob. Geometrik optikaning asosiy qonunlari. // Optika asoslari. Ma’ruzalar konspekti. — Sankt-Peterburg: Sankt-Peterburg GITMO (TU), 2000. — 167 b.