| Enterit | |
|---|---|
| XKT-10 | A02-A09, A18.3, A28.2, B37.8, K50-K55 |
| XKT-9 | 005, 008, 009, 555-558 |
| MedlinePlus | 001149 |
| MeSH | D004751 |
Enterit (qadimgi yunoncha ἔντερον «ichak») — yallig‘lanishli kasallik bo‘lib, ingichka ichakda uchraydi. Surunkali kechishda uning shilliq qavati atrofiyasiga olib keladi.
Enterit turlari
Odamlarda yallig‘lanish jarayoni asosan qayerda joylashganiga qarab duodenit (o‘n ikki barmoq ichak yallig‘lanishi), yeyunit (och ichak) va ileit (yonbosh ichak). Ko‘pincha butun ingichka ichakning yallig‘lanishi quyidagi kasalliklar bilan birga kuzatiladi: gastrit (gastroenterit) va (yoki) kolit (gastroenterokolit, enterokolit).
O‘tkir enterit
O‘tkir enterit yuqumli kasalliklarda (qorin tifi va paratiflarda, vaboda va boshqalarda), ovqatdan zaharlanishda, oziq-ovqat allergiyasida va hokazolarda uchraydi. Bunda ingichka ichak shilliq qavatining yallig‘lanish tufayli shishishi va giperemiyasi, sekretsiyasining kuchayishi kuzatiladi; og‘ir hollarda qon quyilishlari va yaralar paydo bo‘ladi.
O‘tkir enterit belgilari
Kasallik to‘satdan paydo bo‘ladigan og‘riqlar (asosan qorinning o‘rta qismida), ko‘pincha qusish, ich ketishi, tana haroratining ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘ladi; og‘ir hollarda umumiy intoksikatsiya, yurak-qon tomir tizimi faoliyatining buzilishi, organizmning suvsizlanishi, shuningdek, tirishishlar.
Virusli enterit bundan keskin farq qiladi. U tana haroratining ko‘tarilishi va kuchli holsizlik bilan namoyon bo‘ladi. Keyinroq dispeptik belgilar qo‘shiladi. Ich ketishi kuniga 20 martagacha yetadi, bu esa organizmning suvsizlanishiga olib keladi. Yetarli davolash bo‘lmasa, enterit virus tashuvchilik holatiga o‘tib, boshqa a’zolarda asoratlar rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
O‘tkir enteritni davolash
O‘tkir enteritning yengil shakllarida bemor bir necha kun yoki hafta ichida tuzaladi. Davolash shifoxonada yoki ambulator sharoitda olib boriladi; u enteritni keltirib chiqargan sabab va kasallik kechishining og‘irligiga bog‘liq. Quyidagilar qo‘llanadi: sulfanilamidlar, antibiotiklar, spazmolitik, burishtiruvchi va boshqa vositalar, quyuq, shakarsiz choyni ko‘p miqdorda ichish. Ahvol yaxshilangach, parhez asta-sekin kengaytiriladi.
Surunkali enterit
Surunkali enterit noto‘g‘ri ovqatlanish (ovqatlanish tartibini muntazam buzish, achchiq taomlar va kuchli alkogolli ichimliklarni haddan tashqari iste’mol qilish va hokazo), gelmintozlar, lyamblioz, geotrixoz, ayrim sanoat zaharlari (masalan, qo‘rg‘oshin birikmalari) bilan surunkali zaharlanish, dori vositalarini uzoq vaqt nazoratsiz qo‘llash (masalan, tuzli surgi dorilar, keng ta’sir doirasiga ega antibiotiklar), muayyan fermentlar sintezining buzilishi bilan tavsiflanadigan ayrim tug‘ma kasalliklar (ichakda), autoimmun kasalliklar (Kron kasalligi, seliakiya), onkologik kasalliklarda qo‘llanadigan nur terapiyasi va hokazolar oqibatida ham yuzaga kelishi mumkin. Asta-sekin shilliq qavat atrofiyaga uchraydi, uning vorsinkalari tekislanadi, ichak fermentlari ishlab chiqarilishi kamayadi va so‘rilish jarayoni buziladi. Bemorlarni ichakda g‘uldirash, kindik atrofi sohasida kuchli bo‘lmagan og‘riqlar, ko‘ngil aynishi, holsizlik, ich ketishi (asosan enterokolitda) bezovta qiladi. Ichakda so‘rilish buzilishi oqibatida turli oziqlanish buzilishlari yuzaga kelishi mumkin. Enteritni aniqlashda najasni, ichak bo‘shlig‘idagi va devor oldi hazm jarayonlarini hamda boshqa ko‘rsatkichlarni tekshirish yordam beradi.
Surunkali enteritni davolash
Parhez, polivitaminlar; ich ketganda — burishtiruvchi vositalar va hazm fermentlari preparatlari; og‘riqda — spazmolitik vositalar; fizioterapevtik muolajalar va boshqalar qo‘llanadi. Kasallik zo‘rayganda bemor shifoxonada davolanadi. Ko‘rsatmalarga muvofiq metabolik buzilishlar tuzatiladi — elektrolit aralashmalari, oqsil preparatlari, yog‘da eruvchi A, D, K vitaminlari va kalsiy preparatlari parenteral yo‘l bilan yuboriladi. Ichak shilliq qavatining yallig‘lanishi va yemirilishi oqibatida yuzaga kelgan ichak fermentlari (dipeptidazalar, disaxaridazalar) yetishmovchiligini pankreatik fermentlar buyurish orqali to‘ldirish maqsadga muvofiq. Ichak mikroekologik tizimini tiklash va uning barqarorligini ta’minlash uchun probiotiklar buyuriladi. Ularning tozalovchi ta’siri potensial patogen mikroblarning o‘sishini susaytiruvchi antibakterial metabolitlar ishlab chiqarilishi hamda adgeziyaga — shilliq qavat qatlamiga va ichak epiteliyiga yopishish qobiliyatining yuqoriligiga bog‘liq. Bu ichak to‘sig‘ining kolonizatsion, infeksiyaga qarshi chidamliligini oshiradi, limfoid apparatni rag‘batlantiradi va sekretor IgA ning yetarli darajasini ta’minlaydi. Shuningdek, quyidagilar buyuriladi: enterosorbentlar.
Zo‘rayish davridan tashqari vaqtda sanatoriy-kurortda davolanish tavsiya etiladi (Yessentuki, Jeleznovodsk va boshqalar).
Hayvonlarda enterit
Hayvonlarda enterit mustaqil kasallik sifatida kam uchraydi; odatda gastroenterit, gastroenterokolit yoki enterokolit tarzida kechadi. Enteritga sabab bo‘ladigan omillar — sifatsiz yemni iste’mol qilish, ratsionda qiyin hazm bo‘ladigan yemlarning ko‘pligi va boshqalar. Enterit ayrim zaharlanishlar va yuqumli kasalliklarda ham kuzatiladi (masalan, qoramollar o‘lati).
Miokard zararlanishi va oshqozon-ichak traktining yallig‘lanishi bilan kechadigan o‘tkir virusli kasallik ham enterit deb ataladi. Kasallik manbai — kasal hayvonlar, biroq u odamlarga yuqmaydi. Voyaga yetgan itlarda o‘lim darajasi taxminan 50 %, kuchukchalarda esa 90 % ga yetadi.
Enterit tipratikanlarda sut iste’mol qilish natijasida yuzaga kelishi mumkin.
Adabiyotlar
- Beyul E. A., Yekisenina N. I.; Surunkali enterit va kolitlar, Moskva, 1975.
- «Hazm a’zolari kasalliklari», 2-nashr, Leningrad, 1975.
- Gubergrits A. Ya., Linevskiy Yu. V., Ingichka ichak kasalliklari, M., 1975-yil.
- Ostrovskiy V. M. Enterit // Brokgauz va Yefron ensiklopedik lug‘ati : 86 jild (82 jild va 4 qo‘shimcha jild). — Sankt-Peterburg, 1890—1907.
- Frolkis A. V., Aruin L. I., Muxina Yu. G. Enterit // Katta tibbiyot ensiklopediyasi : 30 jildda / bosh muharrir B. V. Petrovskiy. — 3-nashr — M. : Sovet ensiklopediyasi, 1986. — J. 28 : Ekonomo — Yashchur. — 544 b. : rasmlar bilan.