Elektron kitob o‘qish qurilmasi

Elektron kitob (rider, so‘zlashuvda «o‘qigich»; inglizcha e-book reader, inglizcha digital book) — planshet kompyuter turiga mansub ixcham, tor ixtisoslashgan qurilmalar guruhining umumiy nomi. Ular matnni elektron shaklda namoyish etishga xizmat qiladi. Masalan: elektron kitoblar.

Ushbu turdagi kompyuter qurilmalarining cho‘ntak shaxsiy kompyuterlar, smartfonlar, planshet kompyuterlar yoki subnoutbuklardan asosiy farqi — funksiyalari cheklanganligi hamda quvvat manbaidan uzilgan holda ancha uzoq ishlashidir. Bunga «elektron qog‘oz» texnologiyasidan foydalanish orqali erishiladi. Ushbu texnologiya asosidagi ekran kulrangning atigi bir necha tusini ko‘rsatadi, biroq yorug‘likni qaytaradi (o‘zi nur chiqarmaydi) va energiyani faqat tasvirni hosil qilish (sahifani varaqlash) vaqtida sarflaydi.

Elektron kitob o‘qish qurilmalari planshet kompyuterlarningbir turi hisoblanadi. Ular umuman planshet kompyuterlarning rivojlanishi va ixtisoslashuvi natijasida paydo bo‘lgan. Ayrim zamonaviy qurilmalar sensorli ekran bilan jihozlangan va kengaytirilgan funksiyalarga ega bo‘lib, nafaqat matnni o‘qish, balki uni tahrirlash imkonini ham beradi.

Tarixi

1971-yilda Maykl Xart Illinoys shtati universitetidagi Xerox Sigma V rusumli yirik kompyuterning hisoblash vaqtidan cheklanmagan holda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanishga intilib, u birinchi elektron kitob sifatida AQSH Mustaqillik deklaratsiyasiningmatnini kompyuterga kiritdi. Shu tariqa ko‘plab kitoblarning elektron nusxalarini yaratish orqali «Gutenberg» loyihasiga asos solindi.

Ilk ixtisoslashtirilgan qurilma elektron hujjatlarni o‘qish uchun Yaponiyaning «Sony» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi: 1991-yil kuzida kompakt-disklardan matn o‘qiydigan ko‘chma qurilmaning namoyish namunasi taqdim etildi (ushbu qurilmaning bitta mini-kompakt-diskiga beshtagacha katta hajmli kitobni yozish mumkin edi). Qurilma ma’lumotnoma nashrlarining qulay o‘rnini bosishi ko‘zda tutilgan edi. Shu bois dastlabki disklarga «Zamonaviy yapon tili lug‘ati», «Inglizcha-yaponcha lug‘at», «Yaponcha-inglizcha lug‘at», «Chet so‘zlar lug‘ati», «Xitoy ierogliflari lug‘ati», «500 ta retsept» oshpazlik kitobi va tibbiy ma’lumotnoma yozilgan.

Aynan 1996-yilda AQSHning DEC kompaniyasi planshet kompyuter DEC Lectrice (fransuzcha lectrice — «o‘quvchi») deb atalgan, monoxrom sensorli ekranga va pero bilan ma’lumot kiritish imkoniyatiga ega qurilmani taqdim etdi. U barcha zamonaviy elektron kitob o‘qish qurilmalarining dastlabki namunasi bo‘ldi. Elektron hujjatlarni o‘qish uchun maxsus qurilma yaratish maqsad qilinganiga qaramay, u haddan tashqari qimmat bo‘lib chiqdi va seriyali ishlab chiqarilmadi.

Ommaviy ishlab chiqarilgan ilk elektron kitob qurilmalari monoxrom LCDekranlarga ega bo‘lib, deyarli bir vaqtda — 1998-yilda NuvoMedia va Softbook Press kompaniyalari tomonidan chiqarildi. Keyinchalik ular takomillashtirilib, rangli ekranli va imkoniyatlari kengaytirilgan qurilmalar paydo bo‘ldi. Dastlabki modellarning texnik yechimi ancha muvaffaqiyatli bo‘lganiga qaramay (o‘xshash qurilmalar 2006-yilgachaham ishlab chiqarilgan), qurilmalar keng tarqalmadi. Xuddi shu holat boshqa kompaniyalarning sof elektron kitob o‘qigichlari va cho‘ntak kompyuteriga o‘xshash Hiebook va Franklin eBookMan qurilmalariga ham taalluqli edi.

Keyinchalik paydo bo‘lgan, xolesterik suyuq kristalli ekranlarga (ChLCD)asoslangan elektron kitob qurilmalari ham unchalik talabgir bo‘lmadi. Bunga, ekran aniqligi va quvvat manbaidan uzilgan holda ishlash muddati sezilarli yaxshilanganiga qaramay, tasvirning ekranda uzoq vaqt hosil bo‘lishi va yoritish tizimining yo‘qligi sabab bo‘ldi.

2007-yildan boshlab, elektron qog‘oztexnologiyasiga asoslangan ekranlar paydo bo‘lishi bilan elektron kitob qurilmalari bozori rivojlana boshladi. Buni ishlab chiqaruvchilar soni va modellar turining ko‘payishidan ham ko‘rish mumkin. Hozirgi vaqtda «elektron kitob» deganda ko‘pincha elektron siyoh (e-ink, elektron qog‘oz) texnologiyasiga asoslangan ekranli qurilma tushuniladi.

Apparat arxitekturasi

Odatda zamonaviy elektron kitob qurilmalari energiya tejamkor, ARM arxitekturasigamansub protsessorlar asosida ishlaydi. Bu toifadagi qurilmalarda dastlab smartfonlar va mobil internet qurilmalari (MID) uchun maxsus ishlab chiqilgan protsessorlardan foydalaniladi. Elektron kitob qurilmalari uchun protsessorlar ishlab chiqaradigan kompaniyalar: Qualcomm, Broadcom, Freescale, Samsung, TI, Marvell, VIA, Nvidia.

Dasturiy ta’minot

Qurilmalarda odatda operatsion tizimlar oilasiga mansub Linuxbazasidagi, qayta ishlangan foydalanuvchi interfeysigaega va asosan elektron kitoblarni o‘qishga moslashtirilgan variantlar ishlatiladi.

Zamonaviy qurilmalarda foydalanuvchiga taqdim etiladigan imkoniyatlar asta-sekin kengaymoqda. Dasturiy ta’minot kitob o‘qishdan tashqari fotoalbomlarniko‘rish, musiqa tinglash va hatto eng sodda kompyuter o‘yinlarini o‘ynash imkonini beradi.

Ayrim Sony Reader qurilmalarining tavsifida ichki operatsion tizim sifatida MontaVista Linux Professional Edition ishlatilishi qayd etilgan. Quyidagi brendlarning ko‘plab zamonaviy modellarida — Sony, ONYX— Google Androidoperatsion tizimi qo‘llanadi. Bu qurilmalarga boshqa ishlab chiqaruvchilarning dasturlarini ham o‘rnatish imkonini beradi.

Qog‘oz kitoblar bilan taqqoslash

Afzalliklari

  • Ixchamlik va ko‘tarib yurishga qulaylik. Bitta qurilmada yuzlab, hatto minglab kitoblarni saqlash mumkin. Bundan tashqari, qurilma odatda qog‘oz kitobdan kichikroq va yengilroq bo‘ladi.
  • Tasvir sozlamalari. Foydalanuvchi istagiga ko‘ra, shriftningshakli va o‘lchamini, shuningdek, matnni ekranda chiqarish usulini (bir yoki ikki ustunda, kitob yoki albom yo‘nalishida) o‘zgartirish mumkin. Shrift o‘lchamini o‘zgartirish imkoniyati qog‘oz kitoblardagi yozuvni juda mayda bo‘lgani uchun o‘qiy olmaydigan odamlarga ham kitob o‘qishga yordam beradi.
  • Qo‘shimcha imkoniyatlar. Qurilmada matn bo‘yicha qidirish, giperhavolalar orqali o‘tish, vaqt belgilari va izohlarni ko‘rsatish, elektron xatcho‘plar hamda lug‘atlardan foydalanish mumkin. O‘rnatilgan dasturlar — nutq sintezatorlari matnni ovoz chiqarib o‘qib berishi mumkin. Elektron kitob qurilmasi nafaqat matn, balki animatsiyali tasvirlar va multimedia lavhalarini ko‘rsatishi, shuningdek, audiokitoblarni ijro etishi mumkin.
  • Matn narxi. Ko‘plab elektron matnlar bepul bo‘ladi yoki ularning narxi qog‘oz nashrlardan arzonroq.
  • Foydalanish imkoniyati. Internetga ulanish mavjud bo‘lsa, matnlarni tegishli saytlardan (elektron kutubxonalardan) istalgan vaqtda yuklab olish mumkin.
  • Ekologik jihatdan qulaylik. Elektron kitob qurilmasida matn o‘qish uchun qog‘ozkerak emas, qog‘oz ishlab chiqarish uchun esa o‘rmonlardagi daraxtlar kesiladi.
  • Quyidagilar uchun xavfsizligi: astmatiklar, allergiyasi borlar, jumladan, uy va qog‘oz changiga sezgir kishilar.

Kamchiliklari

  • O‘qish tezligining pastroqligi (o‘rtacha 10 % ga).
  • Boshqa barcha elektron qurilmalar singari, elektron kitob o‘qigichlar qog‘oz kitoblarga nisbatan jismoniy shikastlanishga ancha sezgir.
  • Elektron kitob o‘qish qurilmalarining ichki akkumulyatorlarini (batareyalarini) vaqti-vaqti bilan qayta quvvatlash kerak.
  • Ba’zi nashriyotlar kitoblarning elektron versiyasini kechiktirib chiqaradi. Ayrim kitoblarning elektron versiyasi esa umuman rasman nashr qilinmaydi.
  • Dastlabki xarid narxining yuqoriligi (garchi bu ko‘rsatkich tez pasayayotgan bo‘lsa ham).
  • Ayrim modellarda[aniqlashtirish kerak] ishlatiladigan DRMtexnologiyasi, jumladan, qonuniy foydalanishga ham cheklovlar qo‘yadi. Natijada DRM sababli istalgan kitobni istalgan qurilmada o‘qib bo‘lmaydi. Bunga yorqin misollardan biri — foydalanuvchilarning qonuniy sotib olingan kitoblari qurilmalaridan masofadan turib o‘chirib tashlanganidir.

Ta’limda qo‘llanilishi

Zamonaviy o‘qish qurilmalari ta’lim sohasida ham ishlatiladi. Ko‘plab mamlakatlar maktablar uchun elektron kontent yaratish bilan shug‘ullanmoqda. Masalan, Avstraliyada elektron qurilmalardan foydalanishga asoslangan ta’lim tizimi shakllanish bosqichida, Janubiy Koreyada esa o‘qituvchilarga elektron o‘quv qo‘llanmalari bilan ishlash o‘rgatilmoqda. Rossiyada elektron darsliklar ilk bor maktablarda tajriba tariqasida Rossiya Ta’lim va fan vazirligi tomonidan 2011-yildajoriy etildi. Turli ishlab chiqaruvchilarning qurilmalari Rossiyaning 38 ta maktabida, 9 ta hududida sinovdan o‘tkazildi. Tajriba yakunlariga ko‘ra, ayrim ommaviy axborot vositalari vazirlikning tegishli instituti elektron darsliklarni joriy etish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyorligi haqida xabar berdi. Shuningdek, 2013-yil bahorida 75 ta maktabda 60 kunlik tajriba o‘tkazildi. Uning natijalariga ko‘ra, o‘qituvchilar ta’lim jarayonida elektron darsliklardan foydalanish ijobiy o‘zgarishlarga olib kelayotgani haqida xulosa chiqara oldilar.

Shu bilan birga, loyiha takomillashtirishga muhtojligi qayd etildi. 2015-yilgacha yana bir necha bosqichli sinovlar o‘tkazildi. Ularning natijalariga ko‘ra, qabul qilingan qonunga muvofiq, 1-yanvar 2015-yildan boshlab Rossiyadagi barcha maktablar elektron versiyasi chiqarilgan darsliklardan foydalanishga o‘tishi shart qilib belgilandi.

Ta’limda elektron kitoblardan foydalanishning afzalliklari

  • o‘quvchilar va o‘qituvchining mobil qurilmalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqa orqali o‘quv jarayonini boshqarish
  • har bir o‘quvchining o‘quv materialini o‘zlashtirish natijalariga asoslanib, unga individual yordam ko‘rsatishni tashkil etish
  • o‘quv hamkorligi va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish uchun ishtirokchilarning tarmoq orqali o‘zaro aloqasini tashkil etish

Ta’limda elektron kitoblardan foydalanishning kamchiliklari

  • elektron darsliklarni o‘qish qurilmalari qog‘oz darsliklarga nisbatan jismoniy shikastlanishga ancha sezgir
  • elektron darsliklarni o‘qish qurilmalaridagi ichki akkumulyatorlarni (batareyalarni) vaqti-vaqti bilan qayta quvvatlash zarur
  • dastlabki xarid narxi yuqori (qog‘oz nashrga nisbatan)

Havolalar