DNS so‘rovi nima

DNS
Nomi Domain Name System
Darajasi ( OSI modeli bo‘yicha) Amaliy daraja
Protokollar oilasi TCP/IP
Port/ID 53/TCP, 53/UDP
Protokolning vazifasi Domen nomlarini aniqlash
Spetsifikatsiyasi RFC 1034, RFC 1035 / STD 13
Asosiy dasturiy yechimlar (mijozlar) Barcha tarmoq operatsion tizimlariga o‘rnatilgan
Asosiy dasturiy yechimlar (serverlar) BIND, NSD, PowerDNS yoki Microsoft DNS Server
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar
Domen nomi tuzilishiga misol

DNS (ingl. Domain Name System «domen nomlari tizimi») — kompyuterlarga mo‘ljallangan taqsimlangan tizim bo‘lib, domenlar. Ko‘pincha DNS IP-manzil ni unga mos xost (kompyuter yoki qurilma) nomi orqali aniqlash, elektron pochta yo‘nalishlari va domendagi protokollarga xizmat ko‘rsatuvchi tugunlar haqidagi maʼlumotlarni olish uchun ishlatiladi (SRV yozuvi).

DNSning taqsimlangan maʼlumotlar bazasi muayyan DNS-serverlar iyerarxiyasi orqali yuritiladi. Bu serverlar o‘zaro belgilangan protokol asosida ishlaydi.

DNSning asosini nomlar va zonalar iyerarxiyasi tashkil etadi. Har bir nom uchun masʼul server domenning keyingi qismi bo‘yicha vakolatni boshqa serverga topshirishi mumkin (maʼmuriy jihatdan — boshqa tashkilot yoki shaxsga). Bu maʼlumotlarning dolzarbligi uchun masʼuliyatni domen nomining faqat «o‘z» qismi uchun javob beradigan turli tashkilotlar (shaxslar) serverlariga taqsimlash imkonini beradi.

2010-yildan boshlab DNS tizimiga uzatilayotgan maʼlumotlar yaxlitligini tekshirish vositalari — DNS xavfsizlik kengaytmalari (DNS Security Extensions) (DNSSEC) joriy etilmoqda. Uzatiladigan maʼlumotlar shifrlanmaydi, ammo ularning haqiqiyligi kriptografik usullar bilan tekshiriladi. Joriy etilayotgan DANE standarti DNS orqali ishonchli kriptografik maʼlumotlar (sertifikatlar)ni uzatishni taʼminlaydi. Bu maʼlumotlar transport va amaliy darajalarda xavfsiz, himoyalangan ulanishlarni o‘rnatishda ishlatiladi.

DNSning asosiy xususiyatlari

DNS quyidagi xususiyatlarga ega:

  • Boshqaruvning taqsimlanganligi. Iyerarxik tuzilmaning turli qismlari uchun turli shaxslar yoki tashkilotlar javob beradi.
  • Maʼlumotlarni saqlashning taqsimlanganligi. Tarmoqdagi har bir tugun faqat o‘zining masʼuliyat zonasiga tegishli maʼlumotlarni va (ehtimol) ildiz DNS-serverlarining manzillarini saqlashi kerak.
  • Maʼlumotlarni keshlash. Tugun zarur bo‘lsa tarmoq yuklamasini kamaytirish uchun o‘z masʼuliyat zonasidan tashqaridagi ayrim maʼlumotlarni ham saqlab turishi mumkin.
  • Iyerarxik tuzilma, bunda barcha tugunlar daraxt shaklida birlashadi va har bir tugun quyi tugunlar ishini o‘zi belgilashi yoki ularni boshqa tugunlarga delegatsiya qilishi (topshirishi) mumkin.
  • Zaxiralash. Har bir tugun (zona) maʼlumotlarini saqlash va ularga xizmat ko‘rsatish uchun, odatda, jismonan ham, mantiqan ham alohida joylashgan bir nechta server javob beradi. Bu tugunlardan biri ishdan chiqsa ham, maʼlumotlar saqlanishini va xizmatning davom etishini taʼminlaydi.

DNS internet faoliyati uchun muhim: biror tugun bilan ulanish uchun uning IP-manzilini bilish kerak. Odamlar uchun esa raqamlar ketma-ketligidan ko‘ra harflardan tuzilgan (odatda maʼnoli) manzillarni eslab qolish osonroq. Baʼzi vaziyatlarda bu bitta mashinada turli so‘rov nomlari bo‘yicha farqlanadigan virtual serverlardan, masalan, HTTP-serverlardan foydalanish imkonini beradi. Dastlab domen nomlarini IP-manzillarga moslashtirish maxsus matnli fayl hosts yordamida amalga oshirilgan. Bu fayl markazlashgan holda tuzilib, mahalliy tarmoqdagi barcha kompyuterlarga avtomatik tarqatilgan. Internet kengaygani sari samarali, avtomatlashtirilgan mexanizmga ehtiyoj tug‘ildi va bu vazifani DNS bajara boshladi.

DNS Pol Mokapetris tomonidan 1983-yilda ishlab chiqilgan. Uning ishlash tamoyillarining dastlabki tavsifi RFC 882 va RFC 883 hujjatlarida bayon qilingan. 1987 yilda nashr etilgan RFC 1034 va RFC 1035 DNS spetsifikatsiyasini o‘zgartirdi va RFC 882, RFC 883 va RFC 973 eskirgan deb topilib, bekor qilindi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

  • dinamik yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlash
  • maʼlumotlarni himoyalash (DNSSEC) va tranzaksiyalarni himoyalash (TSIG)
  • turli turdagi maʼlumotlarni qo‘llab-quvvatlash

Tarixi

Xostning raqamli manzili o‘rniga eslab qolish osonroq nomdan foydalanish amaliyoti ARPANET davriga borib taqaladi. Stenford tadqiqot instituti (hozirgi SRI International) HOSTS.TXT nomli matnli faylni yuritgan. Unda ARPANET tarmog‘idagi tugunlar nomlari kompyuterlarning raqamli manzillariga moslangan. Tayinlangan raqamlar ro‘yxati deb ataladigan raqamli manzillarni yuritishga Jon Postel Janubiy Kaliforniya universiteti ning Axborot fanlari institutida (ISI) masʼul bo‘lgan. Manzillar qo‘lda tayinlangan. Xost nomi va manzilini so‘rash hamda kompyuterni asosiy faylga qo‘shish uchun foydalanuvchilar ish vaqtida Elizabet Feynler boshqargan SRI Tarmoq axborot markaziga (NIC) telefon orqali murojaat qilishgan.

Xavfsizlik muammolari

Dastlab DNS dasturiy taʼminoti ham, ilk internet uchun mo‘ljallangan boshqa dasturlar ham ishlab chiqilayotganda xavfsizlik asosiy masala bo‘lmagan, chunki tarmoq keng jamoatchilik uchun ochiq emas edi. Biroq 1990-yillarda internetning tijorat sohasida rivojlanishi maʼlumotlar yaxlitligini himoyalash va foydalanuvchilar shaxsini tasdiqlashga oid xavfsizlik talablarini o‘zgartirdi.

Bir qancha zaifliklar topilib, ulardan buzg‘unchilar foydalangan. Shunday muammolardan biri — keshni zaharlashdir. DNS keshiga nufuzli manba serveridan kelgandek ko‘rsatilgan yolg‘on maʼlumotlar uzatiladi. Natijada keshlovchi rezolverlarda noto‘g‘ri maʼlumotlar, jumladan, uzoq amal qilish muddati (TTL) bilan saqlanib qolishi mumkin. Keyinchalik haqiqiy ilovalarning so‘rovlari hujumchi boshqaradigan tarmoq xostlariga yo‘naltirilishi ehtimoli paydo bo‘ladi.

Ilgari DNS serverlarining javoblari kriptografik imzo bilan tasdiqlanmasdi, bu turli hujumlarga yo‘l ochardi. Domen nomlari tizimining zamonaviy xavfsizlik kengaytmalari bunday hujumlarning oldini olishga yordam beradi. Masalan, DNSSEC kriptografik imzolangan javoblarni qo‘llab-quvvatlaydi, TSIG esa ishonchli teng huquqli tugunlar o‘rtasida kriptografik autentifikatsiyani taʼminlaydi va odatda zona uzatish yoki dinamik yangilash amallariga ruxsat berish uchun ishlatiladi.

Ayrim domen nomlaridan soxtalashtirish (spoofing) maqsadida foydalanish mumkin. Masalan, paypal.com va paypa1.com — boshqa-boshqa nomlar, lekin tanlangan shriftga qarab foydalanuvchi ularni farqlamasligi mumkin. Ko‘plab shriftlarda l harfi va 1 raqami juda o‘xshash yoki bir xil ko‘rinadi. Bu muammo milliy alifbolardagi domen nomlarini qo‘llab-quvvatlovchi tizimlarda ayniqsa dolzarb, chunki ISO 10646 dagi ko‘plab belgilar kodlari odatiy kompyuter ekranlarida o‘xshash ko‘rinishi mumkin. Bu zaiflikdan baʼzan fishingda foydalaniladi.

Natijalarni tasdiqlash uchun DNS orqali to‘g‘ri yozuvlarni tekshirish bilan tasdiqlanadigan teskari DNS usuli kabi usullardan ham foydalaniladi. Biroq ular kriptografik jihatdan ishonchli emas va quyidagi ehtimoliy hujumni hisobga olmaydi: marshrutlash maʼlumotlarini o‘g‘irlab yo‘naltirish (ingl. BGP hijacking).

Terminologiya va ishlash tamoyillari

DNSning asosiy tushunchalari:

  • Domen (ingl. domain «soha») — nomlar daraxtidagi tugun va unga bo‘ysunuvchi barcha tugunlar (agar mavjud bo‘lsa), yaʼni nomlar daraxtining nomlangan shoxi yoki ostdaraxti . Domen nomining tuzilishi tugunlarning iyerarxiyadagi ketma-ketligini aks ettiradi; domen nomi chapdan o‘ngga, quyi darajadagi domenlardan yuqori darajadagi domenlarga tomon (ahamiyati ortib borish tartibida) o‘qiladi. Eng yuqorida ildiz domen (uning belgisi «.» (nuqta)), uning ostida birinchi darajali domenlar (domen zonalari), keyin ikkinchi, uchinchi va hokazo darajadagi domenlar joylashadi (masalan, ru.wikipedia.org. manzilida birinchi darajali domen — org, ikkinchisi — wikipedia, uchinchisi — ru). DNS ildiz domen nuqtasini ko‘rsatmaslikka imkon beradi.
  • Subdomen (ingl. subdomain) — quyi domen (masalan, wikipedia.org — org domenining subdomeni, ru.wikipedia.org esa wikipedia.org domenining subdomenidir). Nazariy jihatdan bu bo‘linish 127 darajagacha yetishi, har bir domen yorlig‘i 63 tagacha belgidan iborat bo‘lishi mumkin. Bunda nuqtalar bilan birga jami uzunlik 254 belgidan oshmasligi kerak. Ammo amalda domen nomlari registratorlari qatʼiyroq cheklovlar qo‘llaydi. Masalan, sizda mydomain.ru ko‘rinishidagi domen bo‘lsa, u uchun mysite1.mydomain.ru, mysite2.mydomain.ru kabi turli subdomenlar yaratishingiz mumkin va hokazo.
  • Resurs yozuvi — DNSda maʼlumotni saqlash va uzatish birligi. Har bir resurs yozuvi nomga (yaʼni maʼlum bir domen nomiga, nomlar daraxtidagi tugunga bog‘langan bo‘ladi), turga va maʼlumotlar maydoniga ega bo‘ladi. Bu maydonning shakli va mazmuni yozuv turiga bog‘liq.
  • Zona — domen nomlari daraxtining resurs yozuvlarini ham o‘z ichiga olgan va domen nomlari serverida (DNS-serverda, quyiga qarang), ko‘pincha esa bir nechta serverda bir butun sifatida joylashtirilgan qismi. Daraxtning bir qismini alohida zonaga ajratishdan maqsad tegishli masʼuliyatni (quyiga qarang) ushbu domen uchun boshqa shaxs yoki tashkilotga topshirishdir. Bu jarayon delegatsiya (quyiga qarang) deb ataladi. Daraxtning uzluksiz qismi bo‘lgan zona ning o‘zi ham daraxt shakliga ega. DNS nomlar makonini alohida tugunlar yoki nomlar emas, zonalar tuzilmasi sifatida qarasak ham daraxt hosil bo‘ladi; ota va bola zonalar, yuqori va quyi zonalar haqida gapirish o‘rinli. Amalda 0- va 1-darajadagi zonalarning aksariyati ('.', ru, com, …) bitta tugundan iborat bo‘lib, unga bevosita bola zonalar bo‘ysunadi. Yirik korporativ domenlarda (2- va undan yuqori darajalarda) baʼzan ularni alohida bola zonalarga ajratmasdan qo‘shimcha quyi darajalar tashkil etiladi.
  • Delegatsiya — domen nomlari daraxtining bir qismi uchun masʼuliyatni boshqa shaxs yoki tashkilotga o‘tkazish amali. Delegatsiya DNSda boshqaruv va saqlashning taqsimlanishini taʼminlaydi. Texnik jihatdan delegatsiya ushbu daraxt qismini alohida zonaga ajratish va bu zonani tegishli shaxs yoki tashkilot boshqaradigan DNS-serverga (quyiga qarang) joylashtirish orqali amalga oshiriladi. Bunda ota zonaga «bog‘lovchi» resurs yozuvlari (NS va A) joylashtiriladi. Ular bola zonaning DNS-serverlariga ishora qiladi, qolgan barcha maʼlumotlar esa bola zonaning DNS-serverlarida saqlanadi.
  • DNS-server — DNS xizmatini taʼminlovchi maxsus dasturiy taʼminot, shuningdek, shu dastur ishlaydigan kompyuter. DNS-server ayrim zonalar uchun javobgar bo‘lishi va/yoki so‘rovlarni yuqori darajadagi serverlarga yo‘naltirishi mumkin.
  • DNS-mijoz — DNS bilan ishlash uchun maxsus kutubxona (yoki dastur). Baʼzi hollarda DNS-serverning o‘zi DNS-mijoz vazifasini bajaradi.
  • Avtoritativlik (ingl. authoritative) — zonaning DNS-serverda joylashtirilganini bildiruvchi xususiyat. DNS-server javoblari ikki turga bo‘linadi: avtoritativ (server ushbu zona uchun o‘zi masʼul ekanini bildirsa) va noavtoritativ (ingl. Non-authoritative) (server so‘rovni qayta ishlab, boshqa serverlardan olingan javobni qaytarsa). Baʼzan DNS-server so‘rovni boshqa serverga uzatmay, avvalgi so‘rovlardan maʼlum bo‘lgan qiymatni qaytarishi ham mumkin (keshlash rejimi).
  • DNS-so‘rov (ingl. DNS query) — mijoz (yoki server) tomonidan serverga yuboriladigan so‘rov. So‘rov rekursiv yoki norekursiv bo‘lishi mumkin (qarang: Rekursiya).

DNS tizimida DNS-serverlar iyerarxiyasi zonalar iyerarxiyasiga mos keladi. Har bir zona kamida bitta avtoritativ DNS-server ( ingl. authoritative — «vakolatli») tomonidan boshqariladi va domen haqidagi maʼlumotlar unda saqlanadi.

Nom va IP-manzil bir xil emas : bitta IP-manzilga ko‘plab nomlar biriktirilishi mumkin, bu esa bitta kompyuterda ko‘plab veb-saytlarni joylashtirish imkonini beradi (bu virtual xosting deb ataladi). Bitta nomga bir nechta IP-manzil mos kelishi ham mumkin; bu yuklamani muvozanatlashga imkon beradi.

Tizim barqarorligini oshirish uchun bir xil maʼlumotlarni saqlovchi ko‘plab serverlardan foydalaniladi. Protokol turli serverlardagi maʼlumotlarni sinxron saqlash vositalarini ham nazarda tutadi. Jami 13 ta ildiz server mavjud bo‘lib, ularning manzillari deyarli o‘zgarmaydi.

DNS protokoli so‘rovlarga javob berish uchun TCP- yoki UDP-portining 53-raqamidan foydalanadi. Odatda so‘rov va javoblar bitta UDP-datagramma orqali yuboriladi. Javob hajmi 512 baytdan oshganda hamda AXFR so‘rovlari uchun TCP ishlatiladi.

Rekursiya

DNS tizimida rekursiya deganda DNS-serverning quyidagi ishlash tamoyili tushuniladi: «Mijoz nomidan butun DNS tizimi bo‘ylab kerakli maʼlumotni to‘liq qidirish, zarur bo‘lsa, boshqa DNS-serverlarga murojaat qilish».

DNS-so‘rov rekursiv (to‘liq qidirishni talab qiladigan) yoki norekursiv (yoki iterativ) — to‘liq qidirishni talab qilmaydigan bo‘lishi mumkin.

Shunga o‘xshash tarzda, DNS-server rekursiv (to‘liq qidirishni bajara oladigan) yoki norekursiv (to‘liq qidirishni bajara olmaydigan) bo‘lishi mumkin. Baʼzi DNS-server dasturlarini, masalan, BIND, ayrim mijozlarning so‘rovlarini rekursiv, boshqalarniki esa norekursiv bajaradigan qilib sozlash mumkin.

Server norekursiv so‘rovga javob berganda, shuningdek, rekursiv so‘rovni bajara olmaganda yoki bunga ruxsat berilmaganda, o‘zi javobgar bo‘lgan zona haqidagi maʼlumotlarni yoki xatolikni qaytaradi. Norekursiv server javobda o‘zidan ko‘ra so‘ralgan zona haqida ko‘proq biladigan serverlarning manzillarini (ko‘pincha ildiz serverlarining manzillarini) qaytaradigan qilib sozlansa, bu noto‘g‘ri hisoblanadi. Bunday serverdan DoS-hujumlar uyushtirish uchun foydalanish mumkin.

Agar rekursiv so‘rov kelgan bo‘lsa, DNS-server javobni topmaguncha yoki domen mavjud emasligini aniqlamaguncha serverlarga (nomdagi zonalar darajasi kamayib borish tartibida) so‘rov yuboradi. Amalda qidiruv izlanayotgan domenga eng yaqin DNS-serverlardan boshlanadi; ular haqidagi maʼlumot keshda bor va eskirmagan bo‘lsa, boshqa DNS-serverlarga murojaat qilish shart bo‘lmaydi.

Butun tizim qanday ishlashini misolda ko‘rib chiqamiz.

Faraz qilaylik, biz brauzerga ru.wikipedia.org manzilini kiritdik. Brauzer bu manzilga mos IP-manzilni hosts faylidan qidiradi. Agar faylda mos yozuv bo‘lmasa, brauzer DNS-serverdan: « ru.wikipedia.org manzilining IP-manzili qanday?» deb so‘raydi. Biroq DNS-server so‘ralgan nom, hatto butun wikipedia.org domen haqida ham hech narsa bilmasligi mumkin. Bunday holda server ildiz serverga , masalan, 198.41.0.4 ga murojaat qiladi. U: «Bu manzil haqida maʼlumotim yo‘q, ammo 204.74.112.1 serveri org zonasi uchun javobgar ekanini bilaman», deb javob beradi. Shunda DNS-server so‘rovni 204.74.112.1 ga yuboradi, u esa: «Bu server haqida maʼlumotim yo‘q, ammo 207.142.131.234 serveri wikipedia.org zonasi uchun masʼul ekanini bilaman», deydi. Nihoyat, shu so‘rov uchinchi DNS-serverga yuboriladi va IP-manzil ko‘rinishidagi javob olinadi. Bu manzil mijozga, yaʼni brauzerga uzatiladi.

Bu holatda nomni aniqlash, yaʼni nom orqali IP-manzilni qidirish jarayonida:

  • brauzer o‘ziga maʼlum DNS-serverga rekursiv so‘rov yubordi — bunday so‘rovga server tayyor natijani, yaʼni IP-manzilni yoki bo‘sh javob va NXDOMAIN xato kodini qaytarishi kerak;
  • brauzerdan so‘rov olgan DNS-server ketma-ket norekursiv so‘rovlar yubordi va boshqa DNS-serverlardan javoblar olib bordi, toki so‘ralgan zona uchun masʼul serverning javobini olgunicha;
  • tilga olingan qolgan DNS-serverlar so‘rovlarni norekursiv tartibda qayta ishladi (hatto so‘rovda shunday talab bo‘lsa ham, ular rekursiv ishlov bermasligi ehtimol edi).

Baʼzan murojaat qilingan server rekursiv so‘rovni «yuqoriroq» DNS-serverga uzatishi va tayyor javobni kutishi mumkin.

So‘rovlarga rekursiv ishlov berilganda barcha javoblar DNS-server orqali o‘tadi va u ularni keshlash imkoniga ega bo‘ladi. Odatda ayni nomlar bo‘yicha takroriy so‘rovlar serverning keshidan nariga o‘tmaydi, boshqa serverlarga murojaat qilinmaydi. Javoblarni keshda saqlashga ruxsat etilgan vaqt javob bilan birga keladi (resurs yozuvidagi TTL maydoni).

Rekursiv so‘rovlar serverdan ko‘proq resurs talab qiladi va ko‘proq trafik hosil qiladi. Shuning uchun ular odatda server egasi tanigan tugunlardan qabul qilinadi: masalan, provayder bunday imkoniyatni faqat o‘z mijozlariga beradi, korporativ tarmoqda esa so‘rovlar faqat mahalliy segmentdan qabul qilinadi. Norekursiv so‘rovlar odatda tarmoqdagi barcha tugunlardan qabul qilinadi. Bunda mazmunli javob faqat shu tugunda joylashgan zona haqidagi so‘rovlarga qaytariladi; boshqa zonalar haqida so‘ralganda ko‘pincha boshqa serverlarning manzillari beriladi.

Teskari DNS-so‘rov

DNS asosan matnli nomlarni IP-manzillarga aylantirishda ishlatiladi, lekin teskarisini ham bajara oladi. Buning uchun DNSning mavjud vositalaridan foydalaniladi. DNS yozuviga turli maʼlumotlar, jumladan, matnli nom ham bog‘lanishi mumkin. Maxsus in-addr.arpa domeni mavjud bo‘lib, undagi yozuvlar IP-manzillarni matnli nomlarga aylantirish uchun ishlatiladi. Masalan, 11.22.33.44 manziliga tegishli domen nomini olish uchun DNS-serverdan 44.33.22.11.in-addr.arpa yozuvini so‘rash mumkin va server mos matnli nomni qaytaradi. IP-manzil qismlarining teskari tartibda yozilishi shundan kelib chiqadiki, IP-manzillarda katta ahamiyatli bitlar boshida, domen nomlarida esa iyerarxiyaning yuqorisidagi (ildizga yaqin) qismlar oxirida joylashadi.

DNS yozuvlari

DNS yozuvlariyoki resurs yozuvlari (ingl. resource records, RR) — DNSda axborotni saqlash va uzatish birliklari. Har bir resurs yozuvi quyidagi maydonlardan iborat:

  • nom (NAME) — resurs yozuvi bog‘langan yoki unga «tegishli» domen nomi;
  • tur (TYPE) — resurs yozuvining shakli va vazifasini belgilaydi;
  • sinf (CLASS) — resurs yozuvining sinfi; nazariy jihatdan DNS nafaqat TCP/IP bilan cheklanmay, boshqa turlardagi tarmoqlarda ham ishlatilishi mumkin. sinf maydonidagi kod tarmoq turini belgilaydi;
  • TTL (Time To Live — «yashash muddati») — ushbu resurs yozuvining o‘zi javobgar bo‘lmagan DNS-server keshida saqlanishiga ruxsat etilgan muddat,
  • maʼlumotlar maydonining uzunligi (RDLEN);
  • maʼlumotlar maydoni (RDATA) — uning shakli va mazmuni yozuv turiga bog‘liq;

DNS yozuvlarining eng muhim turlari:

  • A yozuvi (manzil yozuvi (address record)) yoki manzil yozuvi xost nomini IPv4 manziliga bog‘laydi. Masalan, referrals.icann.org nomi uchun A yozuvi so‘ralsa, uning IPv4-manzili qaytariladi — 192.0.34.164.
  • AAAA yozuvi (IPv6 manzil yozuvi) xost nomini IPv6 protokoli manziliga bog‘laydi. Masalan, K.ROOT-SERVERS.NET nomi uchun AAAA yozuvi so‘ralsa, uning IPv6-manzili qaytariladi — 2001:7fd::1.
  • CNAME yozuvi (kanonik nom yozuvi (canonical name record)) yoki kanonik nom yozuvi (taxallus) boshqa nomga yo‘naltirish uchun ishlatiladi.
  • MX yozuvi (pochta almashinuvi (mail exchange)) yoki pochta almashinuv serveri ushbu domenning pochta almashinuvi server(lar)ini ko‘rsatadi.
  • NS yozuvi (nom serveri (name server)) ushbu domenning DNS-serverini ko‘rsatadi.
  • PTR yozuvi (domen nomiga ko‘rsatkich (domain name pointer)) — teskari DNS-yozuv yoki ko‘rsatkich yozuvi xostning IP-manzilini uning kanonik nomiga bog‘laydi. in-addr.arpa domenida teskari shaklda yozilgan xost IP-manzili bo‘yicha so‘rov berilsa, shu xostning to‘liq domen nomi (FQDN) qaytariladi (qarang: Teskari DNS-so‘rov). Masalan (maqola yozilgan vaqtda), 192.0.34.164 IP-manzili uchun PTR yozuvi so‘rovi 164.34.0.192.in-addr.arpa uning kanonik nomini qaytaradi: referrals.icann.org. Keraksiz xat-xabarlarni (spamni) kamaytirish maqsadida elektron pochta qabul qiluvchi ko‘plab serverlar yuboruvchi xostning PTR yozuvini tekshirishi mumkin. Bunda IP-manzilga tegishli PTR yozuvi pochta yuboruvchi serverning SMTP seansi vaqtida o‘zini tanishtiradigan nomiga mos kelishi kerak.
  • DNSdagi SOA yozuvi (vakolat manbai (Start of Authority)) yoki zonaning boshlang‘ich yozuvi domenga oid asosiy maʼlumotlar qaysi serverda saqlanishini bildiradi, zonaga masʼul shaxsning aloqa maʼlumotlarini va vaqt sozlamalarini (zona maʼlumotlarini keshlash hamda DNS-serverlar o‘zaro ishlashining vaqt parametrlarini) o‘z ichiga oladi.
  • SRV yozuvi (server tanlash (server selection)) xizmatlar uchun serverlarni ko‘rsatadi; jumladan, Jabber va Active Directory uchun ishlatiladi.

Boshqa yozuvlar:

  • LOC yozuvi serverning geografik joylashuvini ko‘rsatishga imkon beradi.

Zaxiralangan domen nomlari

Hujjat RFC 2606 (Reserved Top Level DNS Names — «Zaxiralangan yuqori darajali domen nomlari») misol sifatida (masalan, hujjatlarda) hamda sinov uchun ishlatilishi kerak bo‘lgan domen nomlarini belgilaydi. example.com, example.org va example.netdan tashqari, ushbu guruhga test, invalid va boshqalar kiradi.

Xalqaro domen nomlari

Domen nomi faqat cheklangan to‘plamdagi ASCII belgilaridan tuzilishi mumkin, bu foydalanuvchi tilidan qatʼi nazar domen manzilini kiritish imkonini beradi. ICANN Punycode ga asoslangan IDNA tizimini tasdiqlagan. Ushbu tizim Unicode orqali ifodalangan istalgan satrni DNS ruxsat etgan belgilar to‘plamiga o‘zgartiradi.

DNS dasturiy taʼminoti

Nom serverlari:



Havolalar

Maqolalar

RFC hujjatlari

  • RFC 1034 — Domen nomlari — tushunchalar va imkoniyatlar
  • RFC 1035 — Domen nomlari — joriy etish va spetsifikatsiya
  • RFC 1912 — DNS ishlashi va sozlanishidagi keng tarqalgan xatolar
  • RFC 1591 — Domen nomlari tizimining tuzilishi va delegatsiyasi
  • RFC 1713 — DNSdagi xatolarni aniqlash vositalari
  • RFC 2606 — Zaxiralangan yuqori darajali DNS nomlari