Dasturiy ta’minot arxitekturasi (ingl. software architecture) — dasturiy tizimni tashkil etishga doir eng muhim qarorlar majmui. Arxitektura quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- tizimni tashkil qiluvchi tuzilmaviy elementlar va ularning interfeyslarini tanlash, shuningdek, bu elementlarning o‘zaro hamkorlik jarayonidagi xatti-harakatlarini belgilash;
- tanlangan tuzilma va xatti-harakat elementlarini tobora yirikroq tizimlarga birlashtirish;
- butun tizimni tashkil etish tamoyillarini — barcha elementlar, ularning interfeyslari, o‘zaro hamkorligi va birikishini belgilovchi arxitektura uslubini tanlash.
Hujjatlashtirish — dasturiy ta’minot arxitekturasi (DT arxitekturasi) haqidagi ma’lumotlarni qayd etish jarayoni bo‘lib, dasturchilar o‘rtasidagi muloqotni osonlashtiradi, qabul qilingan loyihaviy qarorlarni hujjatlashtirish va ular haqida tizimga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga ma’lumot berish, shuningdek, qayta foydalaniladigan komponentlar va loyihalash andozalarini boshqa loyihalarda ham qo‘llash imkonini beradi.
«Dasturiy ta’minot arxitekturasi» tushunchasining umumqabul qilingan ta’rifi yo‘q. Masalan, Dasturiy injiniring instituti veb-saytida ushbu tushunchaning 150 dan ortiq ta’rifi keltirilgan.
Umumiy ma’lumot
Kompyuter fanlari sohasi shakllangan paytdanoq dasturiy tizimlarning murakkabligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan. Ilgari ishlab chiquvchilar bu muammolarni ma’lumotlar tuzilmalarini to‘g‘ri tanlash, algoritmlarni ishlab chiqish va vazifalarni ajratish tamoyilini qo‘llash orqali hal qilganlar. «Dasturiy ta’minot arxitekturasi» atamasi dasturiy ta’minot ishlab chiqish sohasida nisbatan yangi bo‘lsa-da, uning asosiy tamoyillari 1980-yillarning o‘rtalaridan boshlab dastlabki dasturchilar tomonidan tizimsiz tarzda qo‘llanilgan. Tizimning dasturiy arxitekturasini anglash va tushuntirishga qaratilgan ilk urinishlar noaniq hamda yetarlicha tartibga solinmagan bo‘lib, ko‘pincha chiziqlar bilan birlashtirilgan bloklar diagrammasidan iborat edi. 1990-yillarda ushbu fanning asosiy jihatlarini ta’riflash va tizimlashtirishga urinishlar boshlandi. O‘sha davrda dastlabki loyihalash andozalari, loyihalash uslublari, ilg‘or amaliyotlar (ingl. best practices), arxitekturani tavsiflash tillari va formal mantiq ishlab chiqildi.
Dasturiy arxitektura fanining asosiy g‘oyasi abstraksiyalash va vazifalarni ajratish orqali tizim murakkabligini kamaytirishdan iborat. Hozirgacha «dasturiy ta’minot arxitekturasi» atamasining aniq ta’rifi yuzasidan umumiy kelishuvga erishilmagan.
Hozirgi rivojlanish bosqichida tizimni yaratishning «to‘g‘ri» yo‘liga oid qat’iy qoidalarga ega bo‘lmagan dasturiy ta’minot arxitekturasini loyihalash hamon fan va san’at uyg‘unligidir. Uning «san’at» jihati shundaki, har qanday tijoriy tizim muayyan vazifani bajarish yoki maqsadga xizmat qilish uchun yaratiladi. Foydalanuvchi nuqtayi nazaridan dasturiy arxitektura manfaatdor tomon, dastur ishlab chiquvchi, texnik qo‘llab-quvvatlash guruhi, dasturga xizmat ko‘rsatish mutaxassisi, dasturiy ta’minotni joriy etuvchi mutaxassis, sinovchi va yakuniy foydalanuvchi kabi har bir ishtirokchiga o‘z vazifalarini bajarish va muammolarini hal etish yo‘nalishini ko‘rsatadi. Shu ma’noda dasturiy ta’minot arxitekturasi tizimga doir turli qarashlarni birlashtiradi. Bunday turli qarashlarni yagona dasturiy arxitekturada jamlash mumkinligi uning dastur ishlab chiqish bosqichidan oldin yaratilishi zarur va maqsadga muvofiq ekanini ko‘rsatadi.
Tarix
Dasturiy ta’minot arxitekturasining tushuncha sifatida shakllanishiga Edsger Deykstraning 1968-yildagi hamda Devid Parnasning[ingl.] 1970-yillarning boshidagi ilmiy tadqiqotlari asos soldi. Bu olimlar dasturiy tizim tuzilmasi muhim ahamiyatga egaligini va uni to‘g‘ri qurish hal qiluvchi omil ekanini ta’kidladilar. 1990-yillarning boshidan arxitektura uslublari (andozalari), arxitekturani tavsiflash tillari, arxitekturani hujjatlashtirish va formal usullar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar bilan birga ushbu sohani o‘rganishga qiziqish ham kuchaydi.
Dasturiy ta’minot arxitekturasining alohida fan sifatida rivojlanishida ilmiy-tadqiqot muassasalari muhim o‘rin tutadi. Meri Shou va Devid Garlan Karnegi — Mellon universitetidan bo‘lib, 1996-yilda «Dasturiy ta’minot arxitekturasi: yangi shakllanayotgan fan istiqbollari» nomli kitob yozganlar. Unda dasturiy arxitekturaning komponentlar, bog‘lovchilar (ingl. connectors), uslublar va boshqa tushunchalari ilgari surilgan. Kaliforniya universitetining Irvayn kampusidagi dasturiy ta’minotni tadqiq qilish instituti esa, avvalo, arxitektura uslublari, arxitekturani tavsiflash tillari va dinamik arxitekturalarni o‘rganadi.
Dasturiy arxitektura sohasidagi birinchi standart — IEEE 1471, ya’ni ANSI/IEEE 1471—2000 «Asosan dasturiy tizimlarni tavsiflash bo‘yicha tavsiyalar» standartidir. U 2007-yilda ISO/IEC 42010:2007 nomi bilan qabul qilingan.
Arxitekturani tavsiflash tillari
Arxitekturani tavsiflash tillari (ADLS) dasturiy ta’minot arxitekturasini ifodalash uchun ishlatiladi. Turli tashkilotlar bir qancha shunday tillarni yaratgan. Jumladan, AADL (SAE standarti), Wright, Acme (Karnegi — Mellon universitetida ishlab chiqilgan), xADL (UCI universitetida ishlab chiqilgan), Darwin (Imperial kollejda, Londonda ishlab chiqilgan), DAOP-ADL (Malaga universitetida ishlab chiqilgan) hamda ByADL (L’Akvila universiteti[ingl.], Italiya). Bu tillarning barchasiga komponent, bog‘lovchi va konfiguratsiya tushunchalari xos. Maxsus tillardan tashqari, arxitekturani tasvirlash uchun ko‘pincha yagona modellashtirish tili — UML.
Ko‘rinishlar (views)
Dasturiy ta’minot arxitekturasi odatda binolarni loyihalashdagi turli chizma turlariga o‘xshash bir nechta ko‘rinishdan iborat bo‘ladi. Mazkur standartda belgilangan ontologiyaga ko‘ra, ANSI/IEEE 1471—2000 da ko‘rinishlar nuqtayi nazarning aniq ifodalaridir; nuqtayi nazar esa arxitekturani muayyan manfaatdor tomonlar guruhi nuqtayi nazaridan tavsiflash uchun xizmat qiladi.
Arxitektura ko‘rinishi ikki tarkibiy qismdan iborat:
- Elementlar
- Elementlar o‘rtasidagi munosabatlar
Arxitektura ko‘rinishlarini uch asosiy turga ajratish mumkin:
- Modul ko‘rinishlari (ingl. module views) — tizimni dasturiy bloklardan tuzilgan tuzilma sifatida tasvirlaydi.
- Komponentlar va bog‘lovchilar ko‘rinishlari (ingl. component-and-connector views) — tizimni bir vaqtda ishlaydigan elementlar (komponentlar) hamda ularning o‘zaro ishlash usullari (bog‘lovchilar)dan iborat tuzilma sifatida ko‘rsatadi.
- Joylashtirish ko‘rinishlari (ingl. allocation views) — tizim elementlarining tashqi muhitlarda qanday joylashishini ko‘rsatadi.
Modul ko‘rinishlariga misollar:
- Dekompozitsiya ko‘rinishi (ingl. decomposition view) — modullarni «quyi modul hisoblanadi» munosabati asosida tasvirlaydi.
- Foydalanish ko‘rinishi (ingl. uses view) — modullarni «foydalanadi» munosabati asosida ko‘rsatadi (ya’ni bir modul boshqa modul xizmatlaridan foydalanadi).
- Qatlamlar ko‘rinishi (ingl. layered view) — funksional jihatdan bog‘liq modullar guruhlarga (qatlamlarga) birlashtirilgan tuzilmani ko‘rsatadi.
- Sinflar va umumlashtirish ko‘rinishi (ingl. class/generalization view) — «undan meros oladi» va «uning namunasi hisoblanadi» munosabatlari bilan bog‘langan sinflardan iborat.
Komponentlar va bog‘lovchilar ko‘rinishlariga misollar:
- Jarayonlar ko‘rinishi (ingl. process view) — o‘zaro aloqa, sinxronlashtirish va/yoki o‘zaro istisno qilish amallari bilan bog‘langan jarayonlardan iborat.
- Parallel bajarilish ko‘rinishi (ingl. concurrency view) — komponentlar va bog‘lovchilardan iborat bo‘lib, bog‘lovchilar «mantiqiy oqimlar»ni ifodalaydi.
- Umumiy ma’lumotlardan foydalanish ko‘rinishi (ingl. shared-data (repository) view) — doimiy ma’lumotlarni yaratadigan, saqlaydigan va oladigan komponentlar hamda bog‘lovchilardan iborat.
- Mijoz–server ko‘rinishi (ingl. client-server view) — o‘zaro aloqada bo‘ladigan mijoz va serverlar, shuningdek, ularning orasidagi bog‘lovchilar (masalan, protokollar va umumiy xabarlar)dan iborat.
Joylashtirish ko‘rinishlariga misollar:
- Ishga tushirish va joylashtirish ko‘rinishi (ingl. deployment view) — dasturiy elementlar, ularning jismoniy qurilmalarda joylashishi va aloqa elementlaridan iborat.
- Joriy etish ko‘rinishi (ingl. implementation view) — dasturiy elementlar va ularning turli muhitlardagi (ishlab chiqish, integratsiya va hokazo) fayl tuzilmalariga mosligidan iborat.
- Ishlarni taqsimlash ko‘rinishi (ingl. work assignment view) — modullar va ularning har birini joriy etish uchun kim mas’ul ekanini tavsiflashdan iborat.
Dasturiy ta’minot arxitekturasini tavsiflash uchun bir qancha tillar ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, hozircha ko‘rinishlarning qaysi to‘plami etalon sifatida qabul qilinishi kerakligi haqida yagona fikr yo‘q. UML tili «dasturiy tizimlarni (va nafaqat ularni) modellashtirish» standarti sifatida yaratilgan.
Arxitektura andozalari
Loyihalanayotgan tizimning sifat ko‘rsatkichlariga qo‘yiladigan talablarni qondirish uchun arxitektura andozalari (patternlar) qo‘llanadi. Har bir andozaning o‘z vazifalari va kamchiliklari mavjud.
Arxitektura andozalariga misollar:
- Ko‘p qatlamli andoza (ingl. Layered pattern). Tizim bir necha qatlamga bo‘linadi; ular diagrammada bir-birining ustida tasvirlanadi. Har bir qatlam faqat o‘zidan bir pog‘ona pastdagi qatlamni chaqira oladi. Natijada har bir qatlamni nisbatan mustaqil ravishda ishlab chiqish mumkin bo‘lib, bu tizimni o‘zgartirish imkoniyatini oshiradi. Biroq bunday yondashuv tizimning murakkabligini oshiradi va unumdorligini pasaytiradi.
- Vositachi andozasi (ingl. Broker pattern). Tizimda modullar juda ko‘p bo‘lsa, ularning bevosita o‘zaro aloqasi haddan tashqari murakkablashadi. Muammoni hal qilish uchun modullar o‘zaro muloqot qiladigan vositachi (masalan, ma’lumotlar shinasi) joriy etiladi. Bu tizim modullarining o‘zaro ishlash imkoniyatini yaxshilaydi. Biroq barcha kamchiliklar vositachining mavjudligi bilan bog‘liq: u unumdorlikni pasaytiradi, ishlamay qolsa butun tizim ham ishlamay qolishi mumkin, hujum nishoniga yoki tizimdagi tor bo‘g‘inga aylanishi ehtimoli bor.
- Andoza «Model–Ko‘rinish–Kontroller» (ingl. Model-View-Controller pattern, MVC). Interfeysga qo‘yiladigan talablar odatda tez-tez o‘zgaradi, shu sababli ma’lumotlar bilan to‘g‘ri ishlash (o‘qish va saqlash) imkoniyatini saqlagan holda interfeysni ko‘p marta o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. MVC andozasida buning uchun interfeys ma’lumotlardan ajratiladi. Natijada interfeyslarni o‘zgartirish va ularning turli variantlarini yaratish mumkin bo‘ladi. MVC tizimi quyidagi qismlarga bo‘linadi:
- ma’lumotlarni saqlovchi model;
- ma’lumotlarning bir qismini aks ettiruvchi va foydalanuvchi bilan o‘zaro ishlovchi ko‘rinish;
- ko‘rinishlar va model o‘rtasidagi vositachi bo‘lgan kontroller.
Biroq MVC konsepsiyasining ham kamchiliklari bor. Xususan, o‘zaro aloqaning murakkablashuvi tizim ishlash tezligini pasaytiradi.
- Mijoz–server andozasi (ingl. Client-Server pattern). Ko‘p sonli foydalanuvchilar cheklangan miqdordagi resurslardan belgilangan kirish huquqlari asosida foydalanishi kerak bo‘lsa, mijoz–server arxitekturasini qo‘llash qulay. Bu yondashuv tizimning kengaytirilish imkoniyatini va undan foydalanish qulayligini oshiradi. Ammo server tizimning tor bo‘g‘iniga aylanishi mumkin; u ishlamay qolsa, butun tizimdan foydalanish imkonsiz bo‘lib qoladi.
Dasturiy ta’minot arxitekturasi uchun asosiy freymvorklar
Dasturiy ta’minot arxitekturasi sohasiga quyidagi freymvorklar (ingl. software architecture frameworks) kiradi:
- 4+1
- RM-ODP (ochiq taqsimlangan qayta ishlashning etalon modeli)
- Service-Oriented Modeling Framework (SOMF)
Zaxman freymvorki (ingl. Zachman Framework), DoDAF va TOGAF kabi arxitektura namunalari korxona arxitekturasi sohasiga tegishli (ingl. enterprise architectures).
Adabiyotlar
- Meri Shou. Dasturiy ta’minot arxitekturasi: shakllanayotgan fan istiqbollari (Software Architecture: Perspectives on an Emerging Discipline). — Prentice Hall, 1996..
- Pol Klements; Feliks Baxman; Len Bass; Devid Garlan; Jeyms Ayvers; Rid Littl; Paulo Merson; Robert Nord; Judit Stafford. Dasturiy ta’minot arxitekturasini hujjatlashtirish: ko‘rinishlar va ulardan tashqari (Documenting Software Architectures: Views and Beyond). — 2-nashr. — Addison-Wesley Professional, 2010. — ISBN 978-0-13-248861-7.
- Len Bass, Pol Klements, Rik Kazman. Dasturiy ta’minot arxitekturasi amaliyotda (Software Architecture in Practice). — 3-nashr. — Addison Wesley, 2012. — ISBN 978-0321815736. (Hozir uchinchi nashri chop etilgan ushbu kitob fanning asosiy tushunchalarini qamrab oladi va tizimning sifat xususiyatlariga erishishga alohida e’tibor qaratadi.)
Havolalar
- Dasturiy ta’minot arxitekturalariga retrospektiv nazar
- Dasturiy ta’minot arxitekturasi: atamalar lug‘ati (Software Architecture: Glossary), Dasturiy injiniring instituti (ingl.)
- Arxitektura: nashrlar (Architecture: Publications), Dasturiy injiniring instituti (ingl.)