| Borobudur | |
|---|---|
| indonez. Candi Borobudur, yav. ꦕꦤ꧀ꦝꦶꦧꦫꦧꦸꦝꦸꦂ | |
| Borobudur | |
| 7°36′29″ j. k. 110°12′14″ sh. u.HGYaO | |
| Turi | Ibodatxona |
| Mamlakat |
|
| Joylashuvi | Magelang, Markaziy Yava |
| Diniy mansubligi | buddaviylik |
| Me’mori | Gunadharma[md] |
| Asos solingan sana | Dastlab IX asrda Shaylendra sulolasi hukmronligi davrida qurilgan. |
| Veb-sayti | borobudurpark.com |
| Borobudur | |
| Havola | № 592 ro‘yxatdagi Jahon merosi obyektlari (en) |
| Mezonlar | (i)(ii)(vi) (madaniy) |
| Mintaqa | Mamlakatlar: Osiyo va Tinch okeani |
| Ro‘yxatga kiritilishi | 1991 (15-sessiya) |

Borobudur (indonez. Candi Borobudur, yav. ꦕꦤ꧀ꦝꦶꦧꦫꦧꦸꦝꦸꦂ Candhi Barabudhur) — buddaviy stupa va u bilan bog‘liq ibodatxona majmuasi (chandi) bo‘lib, buddaviylikning mahayana yo‘nalishiga mansub. Borobudur Yava orolida, Indoneziyaning Markaziy Yava viloyatida, 40 km uzoqlikdagi Yogyakarta shahridan shimoli-g‘arbda joylashgan. Borobudur 750 va 850-yillar oralig‘ida Mataram davlatining Shaylendra[ingl.] sulolasi hukmdorlari tomonidan qurilgan. Nomi sanskritcha «vihara Budda Ur» iborasidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Bu «tog‘dagi buddaviy ibodatxona» degan ma’noni anglatadi. Borobudur va Prambanan Indoneziyaning ommaviy turizm maskanlaridir.
Tuzilishi
Umumiy ko‘rinish

Borobudur ulkan stupa sifatida, shaklan mandalako‘rinishida qurilgan. Stupaning poydevori kvadrat bo‘lib, har bir tomoni 118 m. Stupa sakkiz qavatdan iborat: pastki besh qavati — kvadrat, yuqoridagi uch qavati — doira shaklida. Mandala shakli buddaviylik tasavvurlariga muvofiq olam tuzilishini ifodalaydi (qarang: Abhidharma). Yuqori qavatda katta markaziy stupani 72 ta kichik stupa o‘rab turadi. Har bir stupa qo‘ng‘iroqsimon shaklda. Stupalarda 504 ta Budda haykali va diniy mavzulardagi 1460 ta bo‘rtma tasvir mavjud.
Borobudur hozirgacha ziyorat va ibodat maskani bo‘lib qolmoqda. Ziyoratchilar har bir qavatni soat mili yo‘nalishida yetti marta aylanib chiqadilar. E’tiqodga ko‘ra, yuqori qavat stupalaridagi har bir Budda haykaliga tegish baxt keltiradi.
Qurilishi
Butun inshootning umumiy hajmi taxminan 55 000 m³ ni tashkil etadi. Stupa 2 000 000 ta tosh blokdan qurilgan. Olimlar hozirgacha bu ibodatxona qurilgan aniq sana va qurilish qancha davom etganini aniqlay olishmagan, — taxminlarga ko‘ra, ibodatxona VII—IX asrlarda bunyod etilgan.
Joy tanlanishi

1940-yilda niderlandiyalik rassom Nivenkamp[ingl.] Borobudur nilufar gulidagi Budda shaklida qurilgan, degan farazni ilgari surdi. Shu sababli majmua ko‘l ustida joylashgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblangan. 1949-yilda geologlar ko‘l tubi deb talqin qilingan yotqiziqlarni topdilar. Ko‘l Merapi vulqonining 1006-yildagi yoki undan ancha avvalgi otilishi natijasida hosil bo‘lgan degan faraz bildirildi. Stupa qurilishi uchun ko‘l quritilganmi yoki ko‘l tabiiy falokat tufayli yo‘qolganmi, noma’lum.
Keyingi tadqiqotlar ko‘l XII—XIV asrlardaham mavjud bo‘lganini ko‘rsatdi. Bu ibodatxona nilufar gulini ifodalaganini tasdiqlaydi.
Talqin
Tadqiqotchilarning fikricha, inshootni ziyoratchilar uchun yaratilgan ulkan kitob deb qarash mumkin. Har bir qavatni marosim asosida aylanib chiqish jarayonida ziyoratchilar Buddaning hayoti va ta’limotining asosiy jihatlari bilan tanishadilar.
Uch daraja mavjudlikning uch olamini anglatadi: Kamadhatu (istaklar olami), Rupadhatu (shakllar olami) va Arupadhatu (shaklsiz olam).
Kamadhatu
Kamadhatu darajasi keyinchalik, ehtimol, inshootning mustahkamligini ta’minlash maqsadida yopib qo‘yilgan. Buddaviy avliyo Karmavibhangga mualliflik qilgan qadimiy qo‘lyozmaga ko‘ra, birinchi darajada 160 ta bo‘rtma tasvirli panel o‘rnatilgan. Ularda istaklar yoki hissiyotlar olami va hissiy kechinmalarning karma qonunlariga muvofiq yuzaga chiqishi va rivojlanishi tasvirlangan. Dastlabki 117 ta panel bir xil natijaga olib keladigan turli xatti-harakatlarni, qolgan 43 ta panel esa bir xil ta’sirning 43 xil natijasini ko‘rsatadi. Majmuaning janubi-sharqiy burchagida bir nechta panel saqlanib qolgan.
Rupadhatu
Rupadhatu darajasidagi bo‘rtma tasvirlarda quyidagi mumtoz asarlar aks ettirilgan: Lalitavistara, Jataka-Avadana va Gandavyuha.
- Lalitavistaraga asoslangan 120 ta panelda Gautama Buddaning hayoti tasvirlangan.
- Ayrim panellar mumtoz jatakalardagi Buddaning avvalgi hayotlari haqidagi rivoyatlarni folklor uslubida tasvirlaydi. Bunda Budda xudo, podshoh, oddiy odam, hatto hayvon — sher, kiyik, maymun, oqqush yoki toshbaqa qiyofasida ko‘rsatiladi. Har bir qayta tug‘ilishida Budda olijanoblik va rahm-shafqatni namoyon etadi. Bu hikoyalar buddaviylik tamoyillarini ommabop shaklda tushuntiradi.
- Ayrim panellar donolik izlab sayohat qilgan Sudhana haqida hikoya qiladi.
Arupadhatu
Arupadhatuga (shaklsiz olamga) mos keladigan eng yuqori daraja tepadagi uchta doirasimon supadan iborat. Bu yerda bo‘rtma tasvirlar yoki plitalar yo‘q. Qurilish davrida bu joylarga odatda stupalar ichiga yoki devor tokchalariga tabiiy kattalikdagi Budda haykallari o‘rnatilgan. Ularning ko‘pi saqlanmagan yoki shikastlangan.
Qayta kashf etilishi va zamonaviy davrdagi tarixi

Borobudur yuzlab yillar davomida vulqon kuli ostida qolib, changalzor bilan qoplangan. Bu noyob yodgorlik nima sababdan unutilib, tashlab ketilgani hanuz noma’lum. Keyinchalik, XX asr o‘rtalarida olimlar Merapi vulqonining otilishidan keyingi falokatlar aholini o‘z yerlarini tashlab, boshqa yashash joylari izlashga majbur etgan, degan taxminni ilgari surishgan. Otilish 1006-yilda sodir bo‘lgan, biroq ko‘plab olimlar Yava sivilizatsiyasining markazi Brantas vodiysiga bundan ancha oldin, 928-yilda ko‘chgan deb hisoblaydilar. Har qanday holatda ham odamlar Borobudurni nima uchun tark etgani sirligicha qolmoqda.
XVIII asrda faqat yuqori supalarning bir qismi ko‘rinib turgan. Niderlandiya mustamlaka ekspeditsiyalari boshqa yodgorliklarni topishgan, ammo Borobudur haqida hech narsa qayd etishmagan. Faqat 1814-yilda general-gubernator o‘rinbosari Stemford Rafflz Angliya–Niderlandiya urushi davrida orol inglizlar tomonidan bosib olingan paytda yodgorlikni aniqlagan. U Semarang shahriga kelganida, ko‘p sonli o‘yma toshlar topilgan tepalik haqida xabar olgan. Niderlandiyalik Kornelius ekspeditsiya tashkil etib, 200 kishilik otryad to‘plagan va bir yarim oy davomida yodgorlikni tozalagan. Uning ishini boshqalar 1817 va 1822-yillar orasida davom ettirganlar. 1835-yildan boshlab yodgorlikning yuqori qismi tozalandi va butun majmua yaqqol ko‘rina boshladi. 1849—1853-yillarda rassom Vilzen bo‘rtma tasvirlarning chizmalarini yaratgan. Uning ishlari Leyden shahridagi Qadimiy yodgorliklar muzeyiga topshirilgan. 1873-yilda majmua suratga olingan. O‘sha paytda majmuaning tuzilishi mutlaqo tushunarsiz bo‘lgan va 1882-yilda madaniyat inspektori yodgorlikni butunlay qismlarga ajratib, muzeyga joylashtirishni taklif qilgan.
Bu orada yodgorlik talon-toroj qilingan: suvenir sotuvchilari bo‘rtma tasvirlar, haykallar va bezaklarni olib ketishgan. Siam qiroli 1886-yilda gubernatorni ziyorat qilganida sakkizta ho‘kiz aravada haykallar va bezak qismlarini, shuningdek, ibodatxonaning saqlanib qolgan yagona qo‘riqchisi haykalini olib ketgan.
Restavratsiya

1907—1911-yillarda Teodor van Erp majmuaning birinchi katta restavratsiyasini amalga oshirgan. 1900-yildan boshlab bu yosh ofitser Borobudur komissiyasi a’zosi bo‘lgan; komissiya Magelang shahrida faoliyat yuritgan. Restavratsiya muvaffaqiyatli yakunlanib, majmua tantanavor va salobatli qiyofa kasb etdi.
Mablag‘ cheklangani sababli dastlab drenaj tizimini yaxshilash va inshootning umumiy tuzilishini tiklash ishlari bajarildi. Uzoq muddatli restavratsiya uchun yana ko‘p ishlar zarur edi. Bundan tashqari, Borobudur tepalik ustida qurilganligi sababli yodgorlikni tuproqning yuvilishi, cho‘kish, yemirilish va changalzor o‘simliklari keltiradigan shikastlardan himoyalash talab etilardi.
Buning yagona yechimi inshootni butunlay qismlarga ajratish, tepalikni mustahkamlash va uni to‘liq qayta tiklash edi. Bu ulkan ishlar 1973—1984-yillar davomida YUNESKO homiyligida bajarildi. Restavratsiya loyihasini ishlab chiqishda taniqli indoneziyalik arxeolog M. Buxoriy ham ishtirok etdi. Hozir Borobudur majmuasi Jahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan.
So‘nggi voqealar

21-sentyabr 1985-yilda ibodatxona musulmon ekstremistlar uyushtirgan bomba portlashlaridan biroz shikastlangan.
Ommaviy turizmning rivojlanishi bahs va mojarolarga sabab bo‘ldi. Bog‘ ma’muriyati tanqid qilindi.
27-may 2006-yilda Markaziy Yavaning janubida Yogyakarta shahri atrofida katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan zilzila ro‘y berdi. Ammo epitsentrdan bir oz uzoqda joylashgan Borobudur majmuasi zarar ko‘rmadi.
Galereya
Bo‘rtma tasvirlar galereyasi
- Bo‘rtma tasvirdagi Borobudur kemasi
- Musiqachilar ansambl bo‘lib, ehtimol, dastlabki shakldagi gamelanni ijro etmoqda
- Apsara Borobudurda tasvirlangan
- Qirol va qirolicha o‘z fuqarolari bilan
- Yo‘lak devoridagi bo‘rtma tasvirlardan biri
- Qurol — ehtimol, krisning dastlabki shakli
- O‘yma bo‘rtma tasvirli toshning yaqin ko‘rinishi
- Tara qo‘lida chamarani tutib turibdi
- Surasundari nilufar gulini ushlab turibdi
- Bo‘rtma tasvirning ko‘rinishi
- Lalitavistaradagi buyuk ketish
Borobudur galereyasi
- Volkswagen rusumli eski kabrioletlarda sayr qilish
- Vesak — may oyidagi Budda tavalludi bayrami
- Mahakarya baleti
- Budda kunidagi meditatsiya marosimida buddaviylar mantralarni o‘qimoqda
- Borobudur kemasining World Sentosa kurort majmuasidagi nusxasi, Singapur
- Raden Saleh (~1811–1880). Merapi vulqonining tungi otilishi
- Vulqon otilishi: Merapi (2010-yil)
- G. B. Xoyer (1848-1934). Borobudur ziyoratgoh sifatida, Tropik muzey to‘plamidan
- XX asr boshidagi Borobudur bolalari
- Missionerlar Borobudurda, 1929-yil
- AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama Borobudurda
- Ibodatxonaning tuzilishi
Adabiyotlar
- Xari Gunarto Borobudur ibodatxonasi 8-asrda qurilgan eng yirik qadimiy buddaviy ziyoratgoh ekanini yozgan. Bu ulug‘vor diniy yodgorlikning o‘lchamlari 123 × 123 × 42 m. U yirik vulqon toshlaridan qurilgan va devorlarida ko‘plab bo‘rtma tasvirlar mavjud. Bo‘rtma tasvirlarning umumiy uzunligi 2500 metrdan ortiq bo‘lib, Lalitavistara, Jataka, Avadana, Gandavyuha va Bhadrachari kabi buddaviy qo‘lyozmalar mazmunini aks ettiradigan 1460 ta hikoyaviy paneldan iborat.
- Piter Sirtek (2019), Borobudur. Koinotning ko‘rinishi (Borobudur. Appearance of a Universe), Monsun Verlag, Gamburg. (ISBN 9783940429094).
Havolalar
- Borobudur (ingl.)
- Borobudur haqidagi maqola rus tilida, Arxitaym
- Borobudur — ulkan stupa (ingl.)
- Borobudur ibodatxonasi Arxiv nusxasi 15-iyun 2006-yildan, Wayback Machine (ingl.) (ishlamaydigan havola 19-iyun 2018-yildan beri [3079 kun])
- ↑ 1460 повествовательных панелей буддийских рукописей. apu.ac.jp, Preserving Borobudur’s Narrative Relief Wall of UNESCO Cultural World Heritage, RCAPS Occasional Paper 07, Ritsumeikan Asia Pacific Univ. Japan,October 2007, p.1-13. Дата обращения: 8 января 2024. Архивировано 16 января 2017 года.