| Bachadondan tashqari homiladorlik | |
|---|---|
| | |
| KXT-11 | JA01 |
| KXT-10 | O00 |
| KXT-10-KM | O00, O00.9 va O00.90 |
| KXT-9 | 633 |
| KXT-9-KM | 633, 633.9, 633.90 va 633.8 |
| DiseasesDB | 4089 |
| MedlinePlus | 000895 |
| eMedicine | med/3212 emerg/478 radio/231 |
| MeSH | D011271 |
Bachadondan tashqari homiladorlik (ektopik homiladorlik) — homiladorlikning asorati bo‘lib, bunda urug‘langan tuxum hujayraning birikishi bachadon bo‘shlig‘idan tashqarida (masalan, bachadon naylari, bachadon bo‘yni, tuxumdonlar yoki qorin bo‘shlig‘ida) sodir bo‘ladi. Juda kam uchraydigan istisnolardan tashqari, bachadondan tashqari homiladorlikda homila yashovchan bo‘lmaydi va ichki qon ketishi tufayli bu holat ko‘pincha ona salomatligi uchun xavf tug‘diradi. Bachadondan tashqari homiladorlik shoshilinch tibbiy yordam talab qiladigan holatlar qatoriga kiradi, chunki davolanmasa, o‘limga olib kelishi mumkin.
Tarixi
Ektopik homiladorlik haqida ilk bor 1611-yilda italiyalik anatom Riolani ma’lumot bergan. Bungacha bunday holatlarning barchasi bachadon yorilishi deb hisoblangan. 1741-yilda fransuz akusheri Andre Levre[ingl.] ushbu patologiyani birinchi marta ilmiy jihatdan tavsiflagan. 1812-yilda nemis shifokori Lyudvig Xaym ilk bor bemor hayotligida bachadondan tashqari homiladorlik tashxisini qo‘ygan. Rossiyada bu patologiyani birinchi bo‘lib N. M. Ambodik-Maksimovich 1784-yilda tavsiflagan. Keyinchalik bachadondan tashqari homiladorlikning diagnostikasi, patogenezi va davolash usullariga bag‘ishlangan ilmiy ishlar paydo bo‘lgan.
Etiologiyasi va patogenezi
Ko‘p hollarda bachadondan tashqari homiladorlikning asosiy sababi urug‘langan tuxum hujayraning bachadonga yetib borish jarayoni buzilishidir. Endometrioz bachadon naylarida rivojlanganda ham bachadondan tashqari homiladorlik yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu holat ko‘pincha bir nechta omilning birgalikdagi ta’siridan kelib chiqadi, lekin eng keng tarqalgan sabablari bachadon ortiqlarining yallig‘lanish kasalliklaridir.
Normal homiladorlikda tuxum hujayraning spermatozoid bilan urug‘lanishi bachadon nayida sodir bo‘ladi va u yerdan zigota homila tuxumi rivojlanishi uchun yetarli joy bo‘lgan bachadon bo‘shlig‘iga o‘tadi. Bachadondan tashqari homiladorlikda zigota bachadon bo‘shlig‘iga yetib bormaydi va nayga o‘rnashadi yoki naydan teskari yo‘nalishda chiqib, tuxumdonga yoxud atrofdagi qorin pardasiga birikadi. Bachadondan tashqarida normal rivojlanish sharoiti mavjud bo‘lmagani sababli embrionda, xorion vorsinkalari a’zo to‘qimasiga o‘sib kirib, uni shikastlaydi va qorin bo‘shlig‘iga qon ketishiga sabab bo‘ladi.
Tasnifi
Bachadondan tashqari homiladorlik joylashuviga ko‘ra nayda, tuxumdonda[ingl.], qorin bo‘shlig‘ida[ingl.], bachadon bo‘ynida[ingl.] rivojlanadigan homiladorlik va bachadonning rudimentar shoxidagi homiladorlik turlariga bo‘linadi. Bachadondan tashqari homiladorlik ko‘pincha bachadon nayida rivojlanadi. Joylashuviga ko‘ra ampulyar (50 %), istmik (40 % gacha), fimbrial (5—10 %) va interstitsial (2—3 %) homiladorlik farqlanadi. Bundan tashqari, geterotopik homiladorlik[ingl.] ham farqlanadi. Bunda ikkita homila tuxumi mavjud bo‘lib, ulardan biri bachadon ichida, ikkinchisi esa undan tashqarida joylashadi.
Uchrash chastotasi
Bachadondan tashqari homiladorlik barcha homiladorlik holatlarining taxminan 2 % ini tashkil etadi. Nay homiladorligi bachadondan tashqari homiladorlik holatlarining 98,5—99,5 % ini tashkil qiladi. Bachadonning rudimentar shoxidagi homiladorlik (0,19 %), qorin bo‘shlig‘idagi homiladorlik (0,11 %) va tuxumdon homiladorligi (0,2 %) kamroq uchraydi.
Xavf omillari
Bachadondan tashqari homiladorlik holatlarining 30—50 % ida sabablar noma’lumligicha qoladi. Xavf omillariga quyidagilar kiradi:
- qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotlari;
- bachadon ichi tizimi yoki progesteron saqlovchi homiladorlikka qarshi tabletkalar yordamida kontratsepsiya. Shuningdek, qarang: shoshilinch kontratsepsiya uchun antigestagenlar va gestagenlar;
- gormonal muvozanatning buzilishi yoki gormonal yetishmovchilik;
- EKO (ekstrakorporal urug‘lantirish) yoki IKSI (spermatozoidni tuxum hujayra sitoplazmasiga kiritish);
- endometrioz;
- ayol jinsiy a’zolarining yallig‘lanish kasalliklari va infeksiyalari;
- bachadon naylarining tashish funksiyasi buzilishi;
- o‘smalar: bachadon va uning ortiqlarida;
- anamnezda bachadondan tashqari homiladorlik bo‘lganligi;
- jinsiy a’zolar rivojlanishidagi anomaliyalar.
Belgilari
Eng dastlabki bosqichlarda bachadondan tashqari homiladorlik kechishiga ko‘ra bachadon ichidagi homiladorlikdan farq qilmaydi va ko‘ngil aynishi, uyquchanlik, ishtahaning ortishi, sut bezlarining kattalashishi va og‘riqliligi bilan kechishi mumkin. Noqulay belgilar odatda 3 dan 8 haftagacha bo‘lgan muddatda, oxirgi hayz kunidan boshlab hisoblaganda, paydo bo‘ladi. Ularga quyidagilar kiradi:
- Og‘riq. Og‘riq simillovchi, tutqanoqsimon yoki kesuvchi bo‘lishi mumkin. U qorinning pastki qismida bir tomonda paydo bo‘ladi, qon qorin bo‘shlig‘iga oqib tushganda esa orqa chiqaruv teshigi, qorin usti sohasi va yelkalarga tarqalishi mumkin. Siyish va ichakni bo‘shatish ham og‘riqli kechishi mumkin.
- Qon ketishi. Bachadondan tashqari homiladorlikda shikastlangan tomirlardan qon qorin bo‘shlig‘iga oqib tushishiga qaramay, ko‘pincha bachadondan qon ketishi ham kuzatiladi. Bu progesteron miqdorining pasayishi bilan bog‘liq. Qon ketishi hayzga o‘xshashi mumkin, lekin ko‘p hollarda qonli ajralmalar kam miqdorda va uzoq davom etadi. Bachadondan ko‘p miqdorda qon ketishi juda kam uchraydi.
- Shok. Ko‘p qon yo‘qotilganda quyidagilar kuzatilishi mumkin: hushdan ketish, terining oqarishi, arterial qon bosimining pasayishi, tez va kuchsiz puls.
Nay homiladorligining klinik ko‘rinishi
- Birinchi daraja: Rivojlanib borayotgan bachadondan tashqari homiladorlik — urug‘langan tuxum hujayra o‘sgani sari nayning mushak devoriga kirib boradi va uni yemiradi. Homiladorlikning ehtimoliy belgilari hamda jinsiy yo‘llardan oz miqdorda dog‘lanish ko‘rinishidagi qonli ajralmalar kelishi bilan tavsiflanadi.
- Ikkinchi daraja: Uzilgan bachadondan tashqari homiladorlik. Ikki turda kechadi:
- Birinchi turi — nay aborti — embrionning bachadon nayi devoridan to‘liq yoki qisman ajralishi va tuxum hujayraning qorin bo‘shlig‘iga chiqishi. Nay abortining klinik manzarasi qon ketish jadalligiga bog‘liq. Qorinning pastki qismida og‘riq, jinsiy yo‘llardan qon laxtalari ko‘rinishidagi ajralmalar kuzatiladi. Tekshiruvda bachadon kattalashgan, ammo o‘lchami homiladorlik muddatiga mos kelmaydi, bachadon ortiqlari kattalashgan bo‘ladi, qinning orqa gumbazida og‘riq paydo bo‘ladi — Duglas qichqirig‘i belgisi.
- Ikkinchi turi — bachadon nayining yorilishi — odatda homiladorlikning 6-haftasidan 10-haftasigacha yuz beradi. Bachadon bilan to‘g‘ri ichak orasidagi chuqurlikka (Duglas cho‘ntagi) hayot uchun xavfli ichki qon ketishi bilan tavsiflanadi. Qorinning pastki chap yoki o‘ng qismida xanjardek o‘tkir og‘riq paydo bo‘ladi. Tekshiruvda qinning orqa gumbazi bo‘rtib turadi, bachadon «suzib yuradi» — Banki belgisi. «Vanka-vstanka» belgisi ham xosdir.
Diagnostikasi
Hayz kechikishi, og‘riq va qonli ajralmalar kuzatilgan barcha hollarda bachadondan tashqari homiladorlikdan shubhalanish kerak. Shok belgilari mavjud bo‘lganda, homiladorlik testi musbat natija berganda, bachadonda homila tuxumi aniqlanmaganda va UTT orqali qorin bo‘shlig‘ida ko‘p miqdorda suyuqlik aniqlanganda bachadondan tashqari homiladorlik tashxisini qo‘yish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Boshqa hollarda XGCh (xorionik gonadotropin) gormonining qondagi konsentratsiyasi va transvaginal ultratovush tekshiruvi (UTT) hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar XGCh darajasi 1500 mXB/ml dan yuqori bo‘lsa, ammo bachadon bo‘shlig‘ida homila tuxumi aniqlanmasa, bu bachadondan tashqari homiladorlikdan darak berishi mumkin. Agar XGCh darajasi 1500 mXB/ml dan past bo‘lsa, tahlilni 48 soatdan keyin takrorlash maqsadga muvofiq. XGCh darajasining 1,6 martadan kam ortishi, ortmasligi yoki pasayishi bachadondan tashqari homiladorlik mavjudligini ko‘rsatadi. UTTda homila tuxumining bachadondan tashqarida aniqlanishi ancha kam uchraydi. Aksariyat hollarda bachadonda homila tuxumining yo‘qligi, bachadon orqasida erkin suyuqlik va bachadon ortiqlarining bir tomonida bir jinsli bo‘lmagan hajmli hosila mavjudligi kabi belgilarga tayaniladi.
Bachadondan tashqari homiladorlikdan shubhalanganda ko‘pincha adneksit, appenditsit va boshlanayotgan homila tushishi bilan differensial diagnostika o‘tkaziladi. Shuningdek, qorindagi kuchli og‘riq va hushdan ketish ichak tutilishi, peritonit, tuxumdon kistalarining yorilishi va tuxumdon o‘smalari oyoqchasining buralishi kabi boshqa kasalliklardan ham darak berishi mumkinligini hisobga olish kerak.
Davolash

- Kimyoterapiya. Metotreksat bilan davolash homiladorlikning dastlabki muddatlarida samarali bo‘lib, homila tuxumining rivojlanishi to‘xtashi va so‘rilib ketishiga olib keladi. Metotreksat qabul qilingandan keyin qorinda og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Bunday holatda paratsetamol qabul qilish mumkin, biroq boshqa nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalardan (NYQV) saqlanish kerak, chunki ular metotreksat bilan o‘zaro ta’sirlashishi mumkin. Metotreksat qabul qilingandan keyin β-XGCh darajasini u aniqlanmaydigan holatga kelguniga qadar nazorat qilish kerak. Agar β-XGCh darajasi pasaymasa, preparatni takroran qabul qilish zarur. Davolashdan keyin kamida 6 oy davomida homilador bo‘lishga urinishlardan tiyilish kerak.
- Jarrohlik usuli. Ichki qon ketish belgilari bilan kechadigan barcha shoshilinch holatlarda operatsiya o‘tkaziladi. Ko‘p hollarda laparoskopik operatsiya bajariladi, bunda faqat homila tuxumi yoki nay yorilgan bo‘lsa, bachadon nayi olib tashlanadi.
Oqibatlari
Bachadondan tashqari homiladorlik kelajakda bepushtlikka va takroriy bachadondan tashqari homiladorlikka olib kelishi mumkin. Normal homiladorlik va tug‘ruq ehtimoli taxminan 50 %, takroriy bachadondan tashqari homiladorlik ehtimoli taxminan 20 %, bepushtlik ehtimoli taxminan 30 % ni tashkil etadi. Jarrohlik usuliga nisbatan metotreksat bilan davolashda yoki bachadon nayini olib tashlashga nisbatan uni saqlab qolishda bepushtlik va takroriy bachadondan tashqari homiladorlik ehtimoli kamroq bo‘ladi. Dori vositalari bilan davolash operatsiyadan keyingi davrning asoratsizroq kechishiga va bachadon naylari holatining yaxshilanishiga yordam beradi. Ayrim hollarda ayolga psixolog yoki psixoterapevt yordami kerak bo‘lishi mumkin. Hatto tubektomiya o‘tkazilganda ham qarama-qarshi tomondagi bachadon nayi davolanishga muhtoj bo‘ladi, ayniqsa qorin bo‘shlig‘iga kuchli qon ketgan bo‘lsa. Bachadondan tashqari homiladorlikdan keyin kontratsepsiya masalasiga juda jiddiy yondashish kerak. Operatsiyadan keyin kamida olti oy davomida homilador bo‘lish tavsiya etilmaydi. Bularning barchasi muvaffaqiyatli homilador bo‘lish va homilani eson-omon ko‘tarishga yordam beradi.
Adabiyotlar
- A. S. Slepix. Bachadondan tashqari homiladorlik // Katta tibbiyot ensiklopediyasi : 30 jildda / bosh muharrir B. V. Petrovskiy. — 3-nashr. — M. : Sovet ensiklopediyasi, 1977. — J. 4 : Valin — Gambiya. — 576 b. : rasmlar bilan.
Havolalar
- Bachadondan tashqari homiladorlik (ingl.). nhs.uk (23-oktyabr 2017-yil). Murojaat sanasi: 1-dekabr 2023-yil. Arxivlangan 18-dekabr 2023-yil.