| Riboflavin | |
|---|---|
| | |
| | |
| Umumiy maʼlumotlar | |
| Tizimli nomlanishi |
Riboflavin; laktoflavin; vitamin B2; E101 |
| Kimyoviy formulasi | C17H20N4O6 |
| Fizik xossalari | |
| Molyar massa | 376,36 g/mol |
| Issiqlik xossalari | |
| Harorat | |
| • erish | 282 °C |
| Kimyoviy xossalari | |
| Eruvchanligi | |
| • suvda | 0,11 mg/ml, 27,5 °C haroratda |
| • atsetonda | erimaydi |
| • dietil efirda | erimaydi |
| • xloroformda | erimaydi |
| • benzolda | erimaydi |
| Tasnifi | |
| Roʻyxat raqami CAS | 83-88-5 |
| PubChem | 493570 |
| Roʻyxat raqami EINECS | 201-507-1 |
| SMILES | |
| InChI | |
| Kodeks Alimentarius | E101 va E101(iii) |
| ChEBI | 17015 |
| ChemSpider | 431981 |
| Boshqacha koʻrsatilmagan boʻlsa, maʼlumotlar standart sharoitlar (25 °C, 100 kPa) uchun keltirilgan. | |
Riboflavin (laktoflavin, vitamin B2) — suvda eriydigan eng muhim vitaminlardan biri, koferment sifatida koʻplab biokimyoviy jarayonlarda ishtirok etadi. U, shuningdek, oziq-ovqat boʻyogʻisifatida ishlatiladi va Kodeks Alimentarius roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, uning kodi — E101.
Fizik xossalari
Riboflavin achchiq taʼmli, sariq-toʻq sariq rangdagi, druza shaklida toʻplangan ignasimon kristallardan iborat. Riboflavin geterotsiklik birikma izoalloksazinning koʻp atomli spirt — ribitol bilan bogʻlangan hosilasidir.
Suvda yaxshi eriydi va kislotali eritmalarda barqaror boʻladi, biroq neytral hamda ishqoriy muhitda oson parchalanadi. Koʻrinadigan yorugʻlik va ultrabinafsha nurlanishga sezgir, nisbatan oson qaytariladi va bu jarayon qaytuvchan xususiyatga ega.
Kimyoviy xossalari

Riboflavin inson salomatligini saqlashda muhim rol oʻynaydigan biologik faol moddadir. Riboflavinning biologik ahamiyati uning hosilalari — flavinmononukleotid (FMN) va flavinadenindinukleotid (FAD) — koʻplab muhim oksidlanish-qaytarilish fermentlari tarkibida koferment sifatida ishlashi bilan belgilanadi.
Flavinli fermentlar yogʻ kislotalari, qahrabo kislotasi va boshqa kislotalarning oksidlanishida ishtirok etadi; oʻta zaharli aldegidlarni faolsizlantirib, oksidlaydi; organizmda aminokislotalarning bakteriyalarfaoliyati natijasida hosil boʻladigan yot D-izomerlarini parchalaydi; sintez jarayonida vitamin B6 va folatsinning koferment shakllarini hosil qilishda ishtirok etadi; quyidagi moddalarni qaytarilgan holatda saqlaydi: glutation va gemoglobin.
Fermentlardagi kofermentlar elektronlar va protonlarni oksidlanayotgan substratdan olib oʻtuvchi oraliq tashuvchilar vazifasini bajaradi.
Inson organizmida riboflavin yetishmovchiligi
Vitamin B2 eritrotsitlar, antitanalarhosil boʻlishi, oʻsish va organizmdagi reproduktiv funksiyalar boshqarilishi uchun zarur. U, shuningdek, teri, tirnoqlarva sochlar ning oʻsishi va butun organizm, jumladan, qalqonsimon bez faoliyati uchun ham muhim.
Riboflavin yetishmovchiligining tashqi belgilari sifatida lablar shilliq qavatining vertikal yorilishi va epiteliyning qipiqlanishi (xeyloz), ogʻiz burchaklarida yaralar (angulyar stomatit), tilning shishishi va qizarishi (glossit), seboreyali dermatit burun-lab burmasi, burun qanotlari, quloqlar, qovoqlarda kuzatilishi. Koʻpincha koʻrish aʼzolarida ham oʻzgarishlar kuzatiladi: yorugʻlikdan qoʻrqish, koʻz shox pardasida qon tomirlarining paydo boʻlishi, konʼyunktivit, keratit va ayrim hollarda — katarakta. Baʼzi hollarda avitaminoz paytida anemiya va asab tizimi buzilishlari, jumladan, mushak kuchsizligi va achishtiruvchi ogʻriqlar kabi, ayniqsa oyoqlarda kuzatiladigan belgilar yuzaga keladi. Homilador ayollarda B2 vitamini yetishmovchiligi homila skeletining rivojlanishida nuqsonlarga sabab boʻlishi mumkin.
Inson organizmida riboflavin yetishmovchiligining asosiy sabablari — ushbu vitaminga boy oziq-ovqat mahsulotlarini yetarlicha isteʼmol qilmaslik; bunday mahsulotlarni notoʻgʻri saqlash va tayyorlash oqibatida vitamin miqdorining keskin kamayishi; oshqozon-ichak traktining surunkali kasalliklari, riboflavinning antagonistlari hisoblangan dori vositalarini qabul qilish.
Riboflavin tanqisligi spirtli ichimliklarga qaram odamlar, keksalar, kam taʼminlanganlar va depressiyaga chalinganlar orasida ham keng tarqalgan. Spirtli ichimliklarni haddan tashqari koʻp isteʼmol qilish riboflavin va boshqa zarur oziq moddalarining oʻzlashtirilishiga toʻsqinlik qiladi.
| Oziq-ovqat mahsuloti | Riboflavin miqdori, mg/100 g mahsulotda: |
|---|---|
| jigar va buyraklar | 2,80—4,66 |
| achitqilar | 2,07—4,0 |
| tuxumlar | 0,30—0,80 |
| bodom | 0,80 |
| shampinyon qoʻziqorinlari | 0,4 |
| oq qoʻziqorinlar | 0,3 |
| lisichka qoʻziqorinlari | 0,3 |
| tvorog | 0,30—0,50 |
| brokkoli | 0,3 |
| oqbosh karam | 0,25 |
| grechka yormasi | 0,24 |
| sut | 0,13—0,18 |
| goʻsht | 0,15—0,17 |
| tozalangan guruch, makaron mahsulotlari, oq non, aksariyat mevalar va sabzavotlar |
0,03—0,05 |
Vitaminning meʼyordan ortiq qabul qilinishi
Inson organizmida riboflavin toʻplanmaydi, uning ortiqcha miqdori siydikbilan chiqariladi. Riboflavin koʻp boʻlganda siydik yorqin sariq rangga kiradi.
Riboflavin isteʼmol qilish meʼyorlari
| Jinsi | Yoshi | Riboflavinning (B2 vitaminining) kunlik meʼyori |
|---|---|---|
| Chaqaloqlar | 6 oylikkacha | 0,4 mg/kun |
| Chaqaloqlar | 7 — 12 oylik | 0,6 mg/kun |
| Bolalar | 1 — 3 yosh | 0,9 mg/kun |
| Bolalar | 4 — 8 yosh | 1,3 mg/kun |
| Bolalar | 9 — 13 yosh | 1,9 (oʻgʻil bolalar) 1,7 (qiz bolalar) mg/kun |
| Erkaklar | 14 yosh va undan kattalar | 1,7 mg/kun |
| Ayollar | 14 yosh va undan kattalar | 1,8 mg/kun |
| Ayollar | homiladorlar
emizikli ayollar |
2,0 mg/kun
2,2 mg/kun |
Keksalikda va kuchli jismoniy zoʻriqish paytida riboflavinga ehtiyoj ortadi.
Sanoatda olinishi
Sanoatda riboflavin quyidagi usullar bilan olinadi: kimyoviy sintez yordamida 3,4-dimetilanilin va riboza dan yoki mikrobiologik usulda, masalan, zamburugʻ Eremothecium ashbyi yordamida yoxud genetik oʻzgartirilgan Bacillus subtilis bakteriyalari yordamida.
Farmakologiyada qoʻllanilishi
Riboflavin va FMN preparatlari B2vitamini yetishmovchiligining oldini olish va davolashda, shuningdek, quyidagi holatlarda qoʻllanadi: teri kasalliklari, sekin bitadigan jarohatlar, koʻz kasalliklari, oshqozon-ichak trakti faoliyati buzilishlari, diabet, anemiyalar, jigar sirrozi.
Kam uchraydigan kasalliklar
Riboflavin bilan davolash riboflavinga bogʻliq jismoniy zoʻriqishni koʻtara olmaslikdeb ataladigan kam uchraydigan genetik kasallikka chalingan bemorlarning ahvolini yaxshilaydi. Riboflavin buyurilishi, shuningdek, ayrim koʻp turdagi atsil-KoA-degidrogenaza yetishmovchiligi holatlarida ham sezilarli yaxshilanishga olib keladi.
Qoʻllanilishi
Oziq-ovqat sanoati
Riboflavin oziq-ovqat sanoatida oziq-ovqat boʻyogʻi (sariq-toʻq sariq rangli kristall kukun) sifatida qoʻllanadi va oziq-ovqat qoʻshimchasi E101sifatida belgilanadi. U ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini vitaminlar bilan boyitish uchun ham ishlatiladi. Bu modda — vitamin B2.
Tibbiyotda qoʻllanilishi
2012-yildagi tavsiyalarida Amerika nevrologiya akademiyasi[inglizcha] riboflavinning yuqori dozasi (400 mg) «ehtimol samarali va migrenning oldini olish uchun koʻrib chiqilishi kerak», deb qayd etgan. Ushbu tavsiya Buyuk Britaniya milliy migren markazi[inglizcha]tomonidan ham berilgan. 2017-yilda chop etilgan sharhda riboflavinni kamida uch oy davomida har kuni 400 mg miqdorida qabul qilish katta yoshli odamlarda migren bilan bogʻliq bosh ogʻrigʻi xurujlari tezligini kamaytirishi mumkinligi bildirilgan. Bolalar va oʻsmirlarda migrenning oldini olish yoki uni davolash maqsadida riboflavinning yuqori dozalarini qoʻllash boʻyicha tadqiqotlar aniq xulosaga kelmagan. Shu bois bolalar va oʻsmirlarga riboflavin qoʻshimchalarini qabul qilish tavsiya etilmaydi.
Keratokonus — koʻz shox pardasi ektaziyasining, yaʼni shox pardaning tobora yupqalashib borishining eng keng tarqalgan turidir. Bu holat shox parda kollagenini oʻzaro koʻndalang bogʻlash orqali davolanadi, natijada shox pardaning qattiqligi ortadi. Buning uchun shox pardaga riboflavin eritmasi mahalliy tarzda surtiladi, soʻngra unga ultrabinafsha nur taʼsir ettiriladi.
Sinonimlari
Laktoflavin, ovoflavin, gepatoflavin, verdoflavin, uroflavin, beflavin, beflavit, betavitam, flavaksin, flavitol, laktoben, ribovin, vitaflavin, vitapleks B2. Bu nomlarning aksariyati vitamin dastlab ajratib olingan manbani, yaʼni sut, tuxum, jigar, oʻsimliklar va siydikni bildiradi.
Chiqarilish shakllari
Kukun; profilaktika maqsadida 0,002 g li tabletkalar; davolash maqsadida 0,005 va 0,01 g li tabletkalar. 1 ml li ampulalar — mushak ichiga yuborish uchun eritma.
Adabiyotlar
- N. S. Zefirov, N. N. Kulov va boshqalar. Kimyo ensiklopediyasi. 4-jild. — Moskva: «Katta Rossiya ensiklopediyasi» ilmiy nashriyoti, 1995. — 266—267-betlar. — ISBN 5-85270-092-4