Arterial gipotenziya (past qon bosimi)

Arterial gipotenziya
KXT-10 I95
KXT-9 458
KXT-9-KM 458, 458.8 va 458.9
DiseasesDB 6539
MedlinePlus 007278
MeSH D007022
Логотип Викисклада Vikiombordagi mediafayllar

Arterial gipotenziya (qad. yun. ὑπό «ostida, pastda» + τόνος «taranglik; tonus») — arterial bosimning dastlabki yoki odatiy qiymatlarga nisbatan 20 % dan ortiq pasayishi yoki mutlaq ko‘rsatkichlarda sistolik bosimning 100 mm simob ustunidan yoki o‘rtacha arterial bosimning 60 mm simob ustunidan past bo‘lishidir. Bosimning pasayishi o‘tkir yoki surunkali kechishi mumkin.

O‘tkir arterial gipotenziya (kollaps, shok), odatda, yurak faoliyatining buzilishi, ko‘p qon yo‘qotish, suvsizlanish natijasida yuzaga keladi va tezda gipoksiyani keltirib chiqaradi: bosh miya va ichki organlarda kislorod yetishmaydi. Demak, o‘tkir gipotenziya har doim biror kasallik yoki tashqi ta’sirning asorati bo‘lib, davolashda hisobga olinishi lozim bo‘lgan aniq sababga ega.

Surunkali arterial gipotenziya o‘tkir gipotenziyadan butunlay boshqa sabablar tufayli yuzaga keladi. Qon bosimi past odamlarda, odatda, bosimning boshqarilishi buzilgan bo‘ladi, buning asl sabablari esa turlicha bo‘lishi mumkin.

Qon bosimi past odamlarda infarkt va insult xavfi gipertoniya bilan kasallangan odamlardagidek yuqori emas, shu sababli surunkali gipotoniyani davolash standartlari va usullari kamroq ishlab chiqilgan. Biroq doimiy holsizlik, bosh og‘rig‘i, faollikning pasayishi va boshqa alomatlar tufayli gipotoniyasi bor odamlarning hayot sifati juda past bo‘lishi mumkin.

Arterial gipotenziya (gipotoniya) tasnifi

Arterial gipotenziyaning quyidagi turlari farqlanadi:

  • O‘tkir arterial gipotenziya
  • Surunkali arterial gipotenziya
  • Birlamchi surunkali arterial gipotenziya
  • Ikkilamchi surunkali arterial gipotenziya

O‘tkir simptomatik gipotoniya (bosimning keskin pasayishi). Masalan, o‘tkir miokard infarkti, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, og‘ir aritmiyalar, yurak ichidagi blokadalar, allergik reaksiyalar, qon yo‘qotish va boshqa holatlar ko‘pincha juda past bosim bilan kechadi. Shoshilinch tibbiy yordam talab etiladi.

Fiziologik (surunkali) gipotoniya muntazam mashq qilgan sportchilarda, shuningdek, me’yor chegarasidan chiqmaydigan past qon bosimiga irsiy moyillik sifatida namoyon bo‘ladi.

Birlamchi (boshqacha aytganda, idiopatik yoki essensial) gipotoniya — mustaqil kasallikdir.

Nazariyalardan biriga ko‘ra, birlamchi gipotoniya bosh miyaning tomir harakatini boshqaruvchi markazlaridagi nevrozga o‘xshash kasallikning o‘ziga xos shaklidir, chunki uning rivojlanishida uzoq davom etadigan ruhiy-emotsional zo‘riqish va stress juda katta rol o‘ynashi mumkin.

Ikkilamchi arterial gipotoniya boshqa kasalliklar (masalan, osteoxondroz (bo‘yin qismida, umurtqa pog‘onasida), yara (me’da), anemiya, gepatit, pankreatit, sistit, sil, revmatizm), aritmiyalar, alkogolizm, qandli diabet, endokrin tizim yoki nafas olish organlari kasalliklari, o‘smalar, shok, bosh miya jarohatlari, sirroz (jigar), ruhiy jarohat, qon aylanishining buzilishi, yurak yetishmovchiligi, intoksikatsiya fonida, shuningdek, ayrim dori vositalarining nojo‘ya ta’siri (masalan, gipertenziyani davolashda ularning dozasini oshirib yuborish) natijasida va boshqa hollarda yuzaga keladi.

Gipotoniya, shuningdek, och qolish va vitaminlar ( E, C, B) hamda pantoten kislotasi (B5) yetishmasligi tufayli ham rivojlanishi mumkin.

Gipotoniya sog‘lom odamlarda ham, masalan, doimiy jismoniy yuklama bilan shug‘ullanuvchi sportchilarda yuzaga kelishi mumkin. Bu «chiniqqanlik gipotoniyasi» deb ataladi. Bunday holda past qon bosimi organizmning o‘ziga xos himoya chorasi hisoblanadi. Doimiy ortiqcha yuklama natijasida organizm «tejamkor» rejimda ishlay boshlaydi, yurak qisqarishlari siyraklashadi va qon bosimi pasayadi.

Inson iqlim yoki ob-havo sharoitining keskin o‘zgarishiga moslashayotganida ham bosim pasayadi. Bundan tashqari, bosim darajasiga yuqori namlik, elektromagnit maydonlar, radiatsiya va boshqa omillar ta’sir ko‘rsatadi.

Ko‘pincha past arterial bosim qon tomirlari tonusining buzilishi bilan bog‘liq. Me’yorda tomirlar zaruratga qarab tez torayishi va kengayishi kerak, ammo gipotoniyasi bor odamlarda bu reaksiya sekinlashadi. Natijada organlar va to‘qimalarga yetarli miqdorda qon yetib bormaydi. Shu tufayli organizm tizimlari va organlari, xususan, bosh miya va yurak kislorod tanqisligiga uchraydi hamda optimal rejimda ishlay olmaydi.

Ayrim shifokorlar vena tomirlari tonusining pastligini organizmning gipotenziv reaksiyalarga tug‘ma moyilligi bilan izohlaydi.

Arterial gipotenziyaning sabablari

Shakliga (fiziologik yoki patologik) qarab, arterial gipotenziya quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin:

Tinch holatda arterial bosimning gipotenziya darajasigacha o‘zgarib turishi, odatda, yurak va yurak-qon tomir tizimining somatoform vegetativ disfunksiyasining (arterial tomirlar tonusining vegetativ boshqarilishi buziladigan holatning) alohida gipotonik turi sifatida qaraladi, biroq bu vahima buzilishi (panik buzilish) hamda boshqa nevrozlar va ruhiy buzilishlarning namoyon bo‘lishi ham mumkin.

Ikkilamchi surunkali arterial gipotenziya quyidagi kasalliklar fonida yuzaga keladi: bosh miya jarohatlari, funksiyalarning pasayishi (qalqonsimon bezda, buyrak usti bezlarida), feoxromotsitoma va boshqalar, kalla ichi gipertenziyasi (bu nafaqat bosh jarohatlari, balki C1 bo‘yin umurtqasining rotatsion chala chiqishi yoki siljishi oqibatida ham yuzaga kelishi mumkin (ilgari olingan tug‘ruq va akusherlik jarohatlarida, bolalar va kattalarda baxtsiz hodisalar, jumladan, umbaloq oshish, ba’zan esa ehtiyotsizlik bilan boshni keskin burish natijasida)). Arterial gipotenziya homiladorlik davrida ham yuzaga kelishi mumkin va arteriyalar tonusining pastligi bilan tavsiflanadi.

Alomatlari

Bundan tashqari, gipotoniya paytida hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin. Ko‘pincha ular dim va issiq xonalarda, shuningdek, shahar transportida ketayotganda, ayniqsa, gipotoniyasi bor odam tik turganida yuz beradi. Bosh aylanganda va hushdan ketish yaqinlashayotganini his qilganda, gipotoniyasi bor odam yotishi yoki boshini tizzalariga qo‘yadigan tarzda o‘tirishi kerak.

Gipotoniya kunduzgi uyquchanlik va tungi uyqu buzilishlariga (uxlab qolish va uyqu ritmining buzilishiga) olib keladi, buning oqibatida tez charchash va holsizlik yanada kuchayadi. Gipotoniyasi bor odamlar uchun odatda tavsiya etiladiganidan ko‘proq uyqu — 6-8 emas, balki 8-12 soat kerak bo‘ladi. Ular ertalab qiyinchilik bilan uyg‘onadilar, biroq uzoq uxlaganlaridan keyin ham, odatda, tetiklik va bardamlikni his qilmaydilar.

Davolash

Sog‘lom turmush tarzi gipotoniya profilaktikasining eng yaxshi usulidir. Bunga oqilona ovqatlanish, jismoniy yuklamalar, to‘laqonli dam olish va tomirlarni mustahkamlovchi muolajalar (massaj, kontrast dush, gidromassaj, suzish).

Stresslardan saqlanish lozim. Hayot faoliyatidan zavq olish, o‘zini hayotda ham, oilada ham kerakli va o‘rnini bosib bo‘lmaydigan inson sifatida his qilish muhimdir. Salbiy his-tuyg‘ular gipotoniyasi bor odamda ko‘pincha arterial bosimning keskin va kuchli pasayishini qo‘zg‘atuvchi hal qiluvchi omilga aylanadi.

Arterial bosim darajasini mustaqil nazorat qilish va kardiologning muntazam profilaktik ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi.