
Aromatik birikmalar — siklik organik birikmalar bo‘lib, ular tarkibida aromatik tizim mavjud. Ularning asosiy farqlovchi xususiyatlari — aromatik tizimning yuqori barqarorligi hamda to‘yinmaganlik xususiyatiga qaramay, o‘rin olish reaksiyalariga qo‘shilish reaksiyalaridan ko‘ra ko‘proq moyilligidir.
Benzolsimon (arenlar va ularning tuzilish hosilalari; tarkibida benzol yadrolari bo‘ladi) hamda benzolsimon bo‘lmagan (boshqa barcha) aromatik birikmalar farqlanadi. Benzolsimon bo‘lmagan aromatik birikmalardan azulen, annulenlar, getarenlar (piridin, pirrol, furan, tiofen), ferrotsen keng ma’lum. Noorganik aromatik birikmalar ham mavjud, masalan, borazol («noorganik benzol»).
Ko‘plab birikmalar molekulalari tuzilishida bir-biridan ajralgan yoki kondensirlangan holatda bo‘ladigan bir nechta aromatik tizimni ajratib ko‘rsatish mumkin. Benzol yadrolari bir-biridan ajralgan benzolsimon birikmalarga misol sifatida difenilmetan va polistirol kabi benzol yadrolari bir-biridan uzoqda joylashgan birikmalarni, shuningdek, difenil va terfenillarni — yadrolari bevosita bog‘langan birikmalarni keltirish mumkin. Benzol yadrolari kondensirlangan (annelirlangan) benzolsimon birikmalarga esa naftalin, piren va boshqa polisiklik aromatik uglevodorodlar misol bo‘ladi. Difenilen molekulasida benzol yadrolari bir-biri bilan bevosita bog‘langan, biroq difenildan farqli ravishda, difenilendagi benzol yadrolari bir-biridan ajralgan emas. Bitta molekulada turli miqdordagi xilma-xil aromatik va noaromatik guruhlar har xil usullarda birikishi mumkinligi sababli, mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan aromatik birikmalarning soni va xilma-xilligi deyarli cheksizdir.
Benzolsimon aromatik uglevodorodlar (arenlar) keng tarqalgan va katta amaliy ahamiyatga ega. Arenlar benzol halqalaridan tashqari, ko‘pincha boshqa xilma-xil uglevodorod guruhlarini (alifatik, naftenli, polisiklik) ham o‘z ichiga oladi. Aromatik uglevodorodlarning asosiy manbalari — toshko‘mir smolasi, neft va neft mahsulotlari. Ularni olishning sintetik usullari ham katta ahamiyatga ega. Eng muhim arenlar quyidagilar: benzol С6Н6 va uning gomologlari (toluol С6Н5СНз, ksilollar С6Н4(СНз)2, durol, mezitilen, etilbenzol), kumol, naftalin C10H8, antratsen С14Н10 va ularning hosilalari. Aromatik uglevodorodlar — aromatik qatorga mansub ketonlar, aldegidlar va kislotalarni, shuningdek, ko‘plab boshqa moddalarni sanoatda olish uchun boshlang‘ich xomashyo hisoblanadi.
Aromatiklik mezonlari
Birikmani aromatik yoki noaromatik deb ishonchli tasniflash imkonini beradigan yagona belgi mavjud emas. Aromatik birikmalarning asosiy belgilari quyidagilardir:
- qo‘shilish reaksiyalariga emas, o‘rin olish reaksiyalariga moyillik (aniqlash eng oson bo‘lgan va tarixan birinchi qayd etilgan belgi; masalan, benzol etilendan farqli o‘laroq, bromli suvni rangsizlantirmaydi)
- o‘zaro konjugatsiyalanmagan qo‘sh bog‘lar tizimiga nisbatan energiya jihatidan yutuqqa ega bo‘lish. Bu rezonans energiyasi deb ham ataladi (takomillashtirilgan usulda — Dyuar rezonans energiyasi). Bu energiya yutug‘i shunchalik kattaki, molekula aromatik holatga erishish uchun sezilarli o‘zgarishlarga uchraydi; masalan, siklogeksadiyen osonlik bilan degidrogenlanib benzolga aylanadi, ikki va uch gidroksil guruhli fenollar esa asosan keton shaklida emas, fenol (yenol) shaklida mavjud bo‘ladi va hokazo).
- halqasimon magnit tokning mavjudligi (uni kuzatish murakkab asbob-uskunalarni talab qiladi). Bu tok aromatik halqaga bog‘langan protonlarning kimyoviy siljishlarini kuchsiz maydon tomonga (benzol halqasida 7—8 m. d.), aromatik tizim tekisligining ustida yoki ostida joylashgan protonlarnikini esa kuchli maydon tomonga siljitadi (qarang: YMR spektri).
- aromatik tizimni tashkil etuvchi atomlarning barchasi (yoki gomoaromatiklikda hammasi emas) joylashgan deyarli buzilmagan tekislikning mavjudligi. Bunda π-elektron halqalari qo‘sh bog‘lar (yoki halqa tarkibidagi geteroatomlarning elektronlari) konjugatsiyasi natijasida hosil bo‘ladi va aromatik tizim tekisligining ustida hamda ostida joylashadi.
- deyarli har doim Xyukkel qoidasi bajariladi: halqasi tarkibida 4n+2 ta elektron bo‘lgan tizimgina aromatik bo‘lishi mumkin (bu yerda n = 0, 1, 2, …). Tarkibida 4n ta elektron bo‘lgan tizim antiaromatik hisoblanadi (soddalashtirib aytganda, bu molekuladagi ortiqcha energiya, bog‘lar uzunliklarining teng emasligi va past barqarorlik — qo‘shilish reaksiyalariga moyillikni bildiradi). Biroq peri-kondensirlangan tizimlarda (bir vaqtning o‘zida 3 ta halqaga tegishli atom yoki atomlar mavjud bo‘lib, ularning yonida vodorod atomlari ham, o‘rinbosarlar ham bo‘lmaydi) π-elektronlarning umumiy soni Xyukkel qoidasiga mos kelmaydi (fenalen, piren, koronen). Shuningdek, agar Myobius tasmasi shaklidagi molekulalarni (har bir juft atom orbitalidagi burilish kichik bo‘ladigan darajada katta halqali molekulalarni) sintez qilishning imkoni topilsa, bunday molekulalarda 4n ta elektronli tizim aromatik, 4n+2 ta elektronli tizim esa antiaromatik bo‘lishi bashorat qilinadi.
Olinishi
- Alkanlarni katalitik degidrotsikllash, ya’ni halqa hosil bo‘lishi bilan bir vaqtda vodorodni ajratib chiqarish. Reaksiya yuqori haroratda katalizator, masalan, xrom oksidi ishtirokida amalga oshiriladi.
- Siklogeksan va uning hosilalarini katalitik degidrogenlash. 300 °C haroratda katalizator sifatida palladiy qorasi yoki platina ishlatiladi (N. D. Zelinskiy)
- Siklik trimerlanish: atsetilen va uning gomologlari faollashtirilgan ko‘mir ustida 600 °C haroratda reaksiyaga kirishadi (N. D. Zelinskiy)
- Benzolni galogenli hosilalar yoki olefinlar bilan alkillash (Fridel — Krafts reaksiyasi)
Neftdan aromatik uglevodorodlar olish bo‘yicha dunyodagi ilk zavodlar — biri Yaroslavl yaqinida, ikkinchisi Boku yaqinida — 1880—1881-yillarda qurilgan. Ularning loyihachisi — Aleksandr Letniy.
Tasniflanishi
Umuman olganda, aromatik birikmalarni quyidagicha tasniflash mumkin:
2 ta π-elektronli tizimlar tarkibiga siklopropeniliy kationining hosilalari va siklobutadiyen dikationi kiradi. Masalan, siklopropeniliy perxlorati.
6 ta π-elektronli tizimlar:
- Benzol va uning gomologlari
- Siklopentadiyenil-anion
- Siklogeptatriyenil-kation
- Dianion siklobutadiyen, dikation siklooktatetrayen
- Tarkibida bir yoki bir nechta geteroatom, odatda azot, kislorod yoki oltingugurt bo‘lgan besh va olti a’zoli halqalar. Ular orasida pirrol, furan, tiofen, piridin.
10 ta π-elektronli tizimlar:
- Naftalin. Tabiatda keng uchraydi; kondensirlangan benzol halqalaridan tashkil topgan.
- Azulen. Naftalinning izomeri bo‘lib, 5 va 7 a’zoli halqalarni o‘z ichiga oladi. Efir moylarida uchraydi.
- Siklooktatetrayen dianioni, siklononatetrayen anioni, azonin, 1,6-almashingan-[10]-annulenlar (ko‘prikli tuzilmalar).
- Indol, xinolin, izoxinolin, xinazolin, xinoksalin, shuningdek, geteroatomli boshqa halqa bilan kondensirlangan benzol halqasiga asoslangan boshqa tizimlar. Tabiatda keng tarqalgan.
- Xinolizidin, pirrolizidin, purin, pteridin (va ularning analoglari) — pirrol, piridin va boshqalarning bitsiklik hosilalari. Tarkibida azot atomlari (kamroq hollarda halqalar tutashgan nuqtada kislorod yoki har ikkala halqada bir nechta geteroatom) bo‘ladi. Tabiatda keng tarqalgan.
14 ta π-elektronli tizimlar:
- Antratsen, fenantren, ma’lum ma’noda esa fenalen — kondensirlangan benzol halqalaridan tashkil topgan. Bunday birikmalar politsenlar deb ataladi (keyingisi — tetratsen).
- [14]-annulen. Uning o‘zi ham, ko‘prikli turlari ham (trans-15,16-dimetilgidropiren, sin-1,6:8,13-bisoksido[14]annulen) shu guruhga kiradi. Degidro[14]annulen ham aromatikdir.
14 tadan ortiq π-elektronli tizimlar:
- 18-Annulen, kekulen.
- Koronen — tarkibida 24 ta π-elektron bo‘lgan aromatik polisiklik uglevodorod. Xyukkel qoidasiga ko‘ra, bu uning antiaromatik ekanini anglatadi. Biroq koronenning π-elektron tizimi ikkita konsentrik halqadan iborat: tashqi halqada 18 ta, ichki halqada esa 6 ta elektron mavjud.
2019-yilda Oksford universitetining kimyogarlar guruhi porfirinning 162 ta π-elektronli siklik geksamerini sintez qildi. Bu birikma molekulasining diametri 5 nm.
Tekislikda joylasha olmaydigan halqa atomlaridan biri bu tekislikdan ancha tashqariga chiqqan bo‘lib, sp³-gibridlanishini saqlab qoladi va konjugatsiyalanishda qatnashmaydi. Masalan, siklooktatetrayen moddasi sulfat kislotada eritilganda gomotropiliy ioni hosil bo‘ladi. Trisgomosiklopropenil kationi ham shunga o‘xshash tuzilishga ega.
Shuningdek, boshqa mezoi ionli birikmalar. Sidnonlarning aromatik birikmalarga mansubligi barcha olimlar tomonidan birdek qabul qilinmagan (bu fikrni V. Bekker ilgari surgan). Shunga qaramay, uglerodga bog‘langan yagona proton arenlarga xos ko‘plab reaksiyalarda (nitrolash, sulfolash, xlorlash, simoblash va boshqalarda) qatnashadi, sidnonning o‘zida esa π-orbitallarning siklik tizimi mavjud.
Vakili — [4,2]spiraren. Xyukkel qoidasiga bo‘ysunadi.
Xossalari
Odatda, aromatik birikmalar qattiq yoki suyuq moddalardir. Ular alifatik va alitsiklik analoglaridan yuqori sindirish ko‘rsatkichlari hamda spektrning yaqin ultrabinafsha va ko‘rinadigan sohalaridagi kuchli yutilishi bilan farqlanadi. Aromatik birikmalarga o‘rin olish reaksiyalari, jumladan, elektrofil (galogenlash, nitrolash, sulfolash, alkillash, atsillash va boshqalar) hamda nukleofil (turli mexanizmlar bo‘yicha) o‘rin olish reaksiyalari xos. Shuningdek, qo‘shilish reaksiyalari, oksidlanish reaksiyalari (bir yadroli aromatik birikmalarda — juda qattiq sharoitlarda va/yoki katalizatorlar ishtirokida).