| To‘g‘ri ichak | |
|---|---|
| lot. rectum | |
| Yo‘g‘on ichakning to‘g‘ri ichak qismi qizil rangda ko‘rsatilgan | |
| To‘g‘ri ichak va anus, tashqi va ichki sfinkterlar hamda kavernoz tanalarning ko‘ndalang kesimi sxemasi | |
| Qon bilan ta’minlanishi | Yuqori to‘g‘ri ichak arteriyasi[Vikima’lumotlar] |
| Venoz qon oqimi | Yuqori to‘g‘ri ichak venasi[Vikima’lumotlar] |
| Limfa | Pastki ichak tutqichi limfa tugunlari[Vikima’lumotlar] |
| Kataloglar | |

To‘g‘ri ichak (lot. rectum, yun. πρωκτός) — ovqat hazm qilish traktining oxirgi qismi bo‘lib, to‘g‘ri yo‘nalishda ketishi va egilishlari yo‘qligi sababli shunday nomlangan. To‘g‘ri ichak deb yo‘g‘on ichakning quyi (distal) qismiga, ya’ni sigmasimon chambar ichakdan boshlab anusgacha (lot. anus), boshqacha aytganda, orqa chiqaruv teshigi (anal teshik)gacha davom etadigan bo‘limiga aytiladi.
Yo‘g‘on ichakning oxirgi bo‘limi bo‘lgan va organizmning ichki muhiti bilan tashqi muhit chegarasida joylashgan to‘g‘ri ichak tuzilishi va vazifalari jihatidan bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
Anatomiyasi
To‘g‘ri ichak yo‘g‘on ichakning oxirgi bo‘limi va ovqat hazm qilish traktining yakuniy qismidir. Unda najas to‘planadi. U kichik chanoq bo‘shlig‘ida joylashgan bo‘lib, 3-dumg‘aza umurtqasi sathida boshlanadi va oraliq sohasidagi orqa chiqaruv teshigi bilan tugaydi. Uzunligi 14—18 sm, diametri boshlang‘ich qismida 4 sm dan ichakning o‘rtasidagi eng keng qismida 7,5 sm gacha o‘zgaradi. Keyin to‘g‘ri ichak yana torayib, orqa chiqaruv teshigi sathida tirqish kattaligigacha yetadi. Aslida to‘g‘ri ichak mutlaqo to‘g‘ri emas. U dumg‘aza suyagi bo‘ylab yo‘naladi va ikkita egilma hosil qiladi. Birinchi egilma — dumg‘aza egilmasi (dumg‘azaning botiqligiga mos ravishda qavariqligi orqaga qaragan), ikkinchi egilma esa dum suyagini aylanib o‘tadi (qavariqligi oldinga qaragan).
To‘g‘ri ichak ikki bo‘limdan iborat: chanoq va oraliq bo‘limlari:
- chanoq bo‘limi chanoq diafragmasi ustida joylashgan. Unda ampula usti bo‘limi va ampula farqlanadi. Chanoq bo‘limi sagittal tekislikda (dumg‘azaning botiqligiga mos ravishda) dumg‘aza egilmasini hosil qiladi. Frontal tekislikda ham bir yoki bir nechta doimiy bo‘lmagan egilmalar bo‘lishi mumkin. Chanoq diafragmasi sohasida ichak botiqligi orqaga qaragan ikkinchi egilmani hosil qiladi. Oraliq bo‘limiga o‘tishda oraliq egilmasi, flexura perinealis hosil bo‘ladi. Chanoq bo‘limining uzunligi taxminan 10—14 sm;
- oraliq bo‘limi chanoq diafragmasi ostida joylashgan bo‘lib, anal kanalni tashkil etadi. Oraliq bo‘limining uzunligi taxminan 4 sm. Unda anus va perianal soha farqlanadi.
To‘g‘ri ichakning oraliq orqali o‘tadigan, distalroqda, anal teshikka yaqinroq joylashgan pastki tor qismi anal kanal (lot. canalis analis), dumg‘aza sohasidan o‘tadigan yuqoridagi kengroq qismi esa to‘g‘ri ichakning ampulyar qismi yoki oddiygina to‘g‘ri ichak ampulasi (lot. ampulla recti, ampula bilan sigmasimon ichakning distal qismi orasidagi bo‘lim esa ampula usti bo‘limi) deb ataladi. To‘g‘ri ichak qorin pardasiga nisbatan o‘ziga xos tarzda joylashgan: uning yuqori qismi qorin pardasi bilan har tomondan qoplangan (ya’ni intraperitoneal joylashgan), o‘rta qismi uch tomondan qoplangan (ya’ni mezoperitoneal joylashgan), pastki qismi esa umuman qoplanmagan (ya’ni retroperitoneal yoki ekstraperitoneal joylashgan).
Orqa chiqaruv teshigi atrofida, teriosti kletchatkasida ko‘ndalang-targ‘il (ixtiyoriy) mushak — anal teshikning tashqi sfinkteri joylashgan bo‘lib, u anal teshikni yopib turadi. Xuddi shu sathda ixtiyorsiz silliq mushakdan tashkil topgan anal teshikning ichki sfinkteri ham mavjud. Har ikkala sfinkter ichak bo‘shlig‘ini yopib, unda najas massasini ushlab turadi. To‘g‘ri ichak shilliq qavatida, anusdan biroz yuqorida, sal bo‘rtib turuvchi halqasimon qism — gemorroidal zona joylashgan. Uning ostida kavernoz chigal joylashgan siyrak biriktiruvchi to‘qima sohasi mavjud bo‘lib, bu chigal gemorroidal tugunlar hosil bo‘lishining anatomik asosidir.
- Sintopiya (qo‘shni a’zolarga nisbatan joylashuvi)
Erkaklarda to‘g‘ri ichak siydik pufagi, urug‘ pufakchalari va prostata beziga, ayollarda esa bachadon va orqa devori orqali qinga tutashib turadi. To‘g‘ri ichak devorida juda ko‘p nerv oxirlari mavjud, chunki u refleksogen zona hisoblanadi. Najas chiqarish esa juda murakkab reflektor jarayon bo‘lib, uni bosh miya po‘stlog‘i nazorat qiladi.
Qon va limfa aylanishi
- Arterial qon oqimi

To‘g‘ri ichak 5 ta arteriya orqali qon bilan ta’minlanadi: 1 ta toq va 2 ta juft (chap va o‘ng) arteriya:
- yuqori to‘g‘ri ichak arteriyasi (lot. arteria rectalis superior), toq arteriya. U pastki ichak tutqichi arteriyasining oxirgi tarmog‘i bo‘lib, ushbu arteriya aortaning qorin qismidan boshlanadi. Arteriyaning boshlang‘ich qismidan anastomoz hosil qiluvchi tarmoq chiqadi, u sigmasimon ichak arteriyasi bilan tutashadi. Keyin arteriya to‘g‘ri ichakning yuqori qismidagi ichak tutqichi orqali kichik chanoq bo‘shlig‘iga kirib, chap va o‘ng tarmoqlarga bo‘linadi. To‘g‘ri ichak ampulasini qon bilan ta’minlaydi, distal qismida esa o‘rta to‘g‘ri ichak arteriyalari bilan anastomoz hosil qiladi;
- o‘rta to‘g‘ri ichak arteriyasi (lot. arteria rectalis media), juft arteriya. U ichki yonbosh arteriyasining tarmog‘i bo‘lib, bu arteriya umumiy yonbosh arteriyasidan boshlanadi. Ayrim odamlarda ushbu arteriya bo‘lmasligi yoki siydik pufagi arteriyasi yoxud ichki uyat arteriyasining tarmog‘i bo‘lishi mumkin (har ikkisi ichki yonbosh arteriyasining tarmog‘idir). To‘g‘ri ichakning o‘rta qismini qon bilan ta’minlaydi. Arteriyadan prostata bezi va urug‘ bezlariga tarmoqlar chiqadi. Yuqori va pastki to‘g‘ri ichak arteriyalari bilan anastomozlar hosil qiladi;
- pastki to‘g‘ri ichak arteriyasi (lot. arteria rectalis inferior), juft arteriya. U ichki uyat arteriyasining (lot. arteria pudenda interna) tarmog‘idir. To‘g‘ri ichakning pastki bo‘limini, shuningdek teri va yog‘ kletchatkasini (anal sohada), orqa chiqaruv teshigini ko‘taruvchi mushakni[ingl.], anal teshik sfinkterini qon bilan ta’minlaydi. O‘rta to‘g‘ri ichak arteriyasi bilan anastomoz hosil qiladi.
Shunday qilib, to‘g‘ri ichak arteriyalari organizmning uchta yirik arteriyasi: pastki ichak tutqichi arteriyasi va juft ichki yonbosh arteriyalari o‘rtasida ham anastomoz hosil qiladi.
- Venoz qon oqimi
To‘g‘ri ichakning gemorroidal venalari to‘g‘ri ichak venoz chigalini[ingl.] (lot. plexus venosus rectalis) hosil qiladi. U quyidagilardan iborat:
- ichki venalar chigali — shilliqosti asosida joylashgan[ingl.];
- tashqi venalar chigali — biriktiruvchi to‘qimada (to‘g‘ri ichak devorining mushak qavati ustida va anal soha terisi ostida) joylashgan. Qon ichki chigaldan ko‘plab mayda venalar orqali tashqi chigalga oqib o‘tadi.
To‘g‘ri ichak venoz chigalidan qon 5 ta vena: 1 ta toq va 2 ta juft vena orqali oqib chiqadi:
- yuqori to‘g‘ri ichak venasi (lot. vena rectalis superior), toq vena. To‘g‘ri ichakning yuqori bo‘limidagi venoz chigaldan boshlanadi. Yuqoriga yo‘nalib, chap dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imi sathida sigmasimon ichak venasi qo‘shilganidan keyin pastki ichak tutqichi venasiga[ingl.] (lot. vena mesenterica inferior) o‘tadi. Bu vena darvoza venasining boshlang‘ich tomirlaridan biri bo‘lib, darvoza venasi jigarga kiradi;
- o‘rta to‘g‘ri ichak venasi (lot. vena rectalis media), juft vena. To‘g‘ri ichakning o‘rta bo‘limidagi venoz chigaldan boshlanadi. Keyin unga siydik pufagi venasi, prostata bezi va urug‘ bezlaridan (erkaklarda) / bachadon va qindan (ayollarda) qon olib keluvchi venalar qo‘shiladi. Ushbu vena ichki yonbosh venasiga quyiladi. Ichki yonbosh venasi umumiy yonbosh venasining tarmog‘i bo‘lib, umumiy yonbosh venasi pastki kovak venaning boshlanishini hosil qiladi;
- pastki to‘g‘ri ichak venasi (lot. vena rectalis inferior), juft vena. To‘g‘ri ichakning pastki bo‘limidagi venoz chigaldan boshlanadi va ichki uyat venasiga (lot. vena pudenda interna) quyiladi. Bu vena qonni ichki yonbosh venasiga olib boradi.
Shunday qilib, to‘g‘ri ichakning venoz tizimi darvoza venasi va kovak venalar havzalari o‘rtasidagi uchta anastomozdan biridir. Bundan tashqari, me’yorda to‘g‘ri ichakning o‘rta va pastki uchdan bir qismlaridan venoz qon, ichakning boshqa barcha qismlaridan farqli ravishda, bevosita pastki kovak venaga oqadi. Bu vena katta qon aylanish doirasiga, ya’ni qon aylanish tizimiga kiradi; bunda darvoza venasi va jigar chetlab o‘tiladi. Ushbu xususiyat ayrim so‘rilib ta’sir qiluvchi dori vositalarini per rectum (to‘g‘ri ichak orqali) yuborishda qo‘llanadi.
- Limfa oqimi
Limfa tomirlari to‘g‘ri ichakning shilliqosti asosida chigal hosil qiladi. Limfa to‘g‘ri ichakning yuqori qismidan yuqori to‘g‘ri ichak limfa tugunlariga, so‘ng yuqori to‘g‘ri ichak arteriyasi bo‘ylab ichak tutqichi limfa tugunlariga oqadi. To‘g‘ri ichakning o‘rta va pastki qismlaridan limfa 4-7 ta to‘g‘ri ichak atrofidagi limfa tugunlariga (lot. nodi lymphoidei anorectales) oqadi. Ular ichakning chanoq bo‘limining old-yon tomonida, uning ampulasining yuqori va pastki chetlari sathida joylashgan. Ulardan limfa arteriya bo‘ylab yo‘nalgan tomirlar orqali ichki yonbosh va dumg‘aza limfa tugunlariga, so‘ng umumiy yonbosh va bel limfa tugunlariga oqadi. Ulardan limfa juft bel limfa poyalariga, keyin esa ko‘krak limfa yo‘liga o‘tadi.
Innervatsiyasi
Pastki ichak tutqichi nerv chigali (lot. ganglion mesentericum inferior) yuqori to‘g‘ri ichak nerv chigalini (lot. plexus rectalis superior) hosil qiladi. U shu nomdagi arteriya — yuqori ichak tutqichi arteriyasining tarmog‘i bo‘lgan yuqori to‘g‘ri ichak arteriyasi bo‘ylab yo‘naladi (lot. arteria mesenterica superior).
O‘rta va pastki to‘g‘ri ichak nerv chigallari boshqa manbadan — chanoq (pastki qorinosti) nerv chigalidan (lot. plexus hypogasrticus inferior) boshlanadi. Ushbu chigal ham qon tomirlari bo‘ylab kichik chanoq a’zolariga tarqaladi.
Gistologiyasi
Vazifalari
Yo‘g‘on ichakka ovqatning ingichka ichakda so‘rilishga ulgurmagan barcha qoldiqlari, shuningdek suv o‘tadi. Yo‘g‘on ichakka ko‘plab organik moddalar va bakterial chirish mahsulotlari tushadi. Bundan tashqari, unda ovqat hazm qilish shiralarining ta’siriga berilmaydigan moddalar (masalan, kletchatka), o‘t suyuqligi va uning pigmentlari (gidroliz jarayonida bilirubindan hosil bo‘ladigan mahsulotlar), tuzlar, bakteriyalar mavjud.
To‘g‘ri ichakda quyidagi jarayonlar sodir bo‘ladi. Yo‘g‘on ichakning boshlang‘ich bo‘limida ovqat hazm qilish traktining yuqori bo‘limlarida hazm bo‘lmay qolgan ovqat massasining fermentativ parchalanishi yakunlanadi; najas massasi shakllanadi (yo‘g‘on ichakning hazm shirasi najas shakllanishi uchun zarur bo‘lgan ko‘p miqdordagi shilliqni o‘z ichiga oladi). Yo‘g‘on ichakda hazm shirasi uzluksiz ajralib turadi. Unda ingichka ichakning hazm shirasida mavjud bo‘lgan fermentlar ham bor. Biroq bu fermentlarning ta’siri ancha kuchsiz.
Ayrim patologiyalar
- Proktit
- Paraproktit
- Gemorroy
- Anal teshik yorig‘i
- To‘g‘ri ichak-oraliq oqmasi[nem.]
- Rektovaginal oqma
- To‘g‘ri ichak-qin dahlizi oqmasi[ingl.]
- To‘g‘ri ichak-siydik pufagi oqmasi
- Rektotsele[ingl.]
- To‘g‘ri ichak saratoni
- To‘g‘ri ichakdagi yot jism
- Tenezmlar
- Chanoq tubi mushaklari dissinergiyasi[ingl.]
- To‘g‘ri ichakning tushib chiqishi
- Orqa chiqaruv teshigini ko‘taruvchi mushak sindromi[ingl.]
- Anal teshik sfinkterining spazmi
- Enkoprez
- Anorektal rivojlanish nuqsonlari[ingl.]
Adabiyotlar
- Sinelnikov R. D., Sinelnikov Ya. R., Sinelnikov A. Ya. Odam anatomiyasi atlasi. 2-jild: Ichki a’zolar va endokrin bezlar haqidagi ta’limot / 7-nashr, qayta ishlangan. 4 jildda // M.: Novaya volna, 2009. — 248 bet. ISBN 978-5-7864-0200-2. 69-74-betlar.