Tinchlikdagi ishqalanish

Tinchlikdagi ishqalanish, ilashish ishqalanishi — kuch bo‘lib, u o‘zaro tegib turgan va tinch holatda bo‘lgan ikki jism orasida yuzaga keladi va nisbiy harakatning yuzaga kelishiga to‘sqinlik qiladi. Bu kuchni yengish uchun o‘zaro tegib turgan ikki jismni bir-biriga nisbatan harakatga keltirish kerak. U o‘zaro tegib turgan jismlarning mikrosiljishlari (masalan, deformatsiyalanishi paytida) yuzaga keladi. Tinchlikdagi ishqalanish makrodarajadagi harakat boshlanguniga qadar kuzatiladi; shundan so‘ng dumalanish yoki sirpanish ishqalanish kuchi ta’sir qila boshlaydi. U mumkin bo‘lgan nisbiy harakat yo‘nalishiga qarama-qarshi yo‘nalishda ta’sir qiladi. Tinchlikdagi ishqalanish kuchining maksimal qiymati odatda sirpanish ishqalanish kuchinikidan biroz yuqori bo‘ladi.

1779-yilda fransuz fizigi Kulon tinchlikdagi ishqalanish kuchining maksimal qiymati nimaga bog‘liqligini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, tinchlikdagi ishqalanish kuchi bir-biriga tegib turgan jismlarning qanday kuch bilan siqilishiga bog‘liq. Shuningdek, tinchlikdagi ishqalanish tegib turgan sirtlarning materialiga ham bog‘liq ekani aniqlangan.

Tinchlikdagi ishqalanish kuchiga misol sifatida ustida odam turgan eskalatorni keltirish mumkin. Bu kuch taxtaga qoqilgan mixda, tugilgan bantda yoki poyabzal bog‘ichining tugunida va hokazolarda ham namoyon bo‘ladi.

Tinchlikdagi ishqalanish kuchining maksimal qiymati eng sodda yaqinlashuvda quyidagicha: F≈k0N, bunda k0 — tinchlikdagi ishqalanish koeffitsiyenti, N — tayanchning normal reaksiya kuchi.

Havolalar