Terek daryosi bo‘yidagi jang

Terek daryosi bo‘yidagi jang
Asosiy mojaro: To‘xtamishning Amir Temur bilan urushi
Sana 15-aprel 1395-yil
Joy Daryo: Terek
Natija Amir Temurning g‘alabasi
Qarama-qarshi tomonlar

Temuriylar imperiyasi

Oltin O‘rda

Qo‘mondonlar

Amir Temur
Xudodod Husayniy
Muhammad Sulton
Usmon Bahodir
Sayfuddin
Jahonshoh

To‘xtamish
Kuncha O‘g‘lon
Oqtov
Uturku
Bek Yariq
Dovud So‘fi
Yog‘libey Bahrin
Isobey
Baxshi Xoja

Terek daryosi bo‘yidagi jang — 15-aprel kuni (1395-yil) bo‘lib o‘tgan yirik jang. Unda bir tomondan Amir Temur qo‘shinlari, ikkinchi tomondan esa xon To‘xtamishning lashkari to‘qnashgan.

Jangdan oldingi voqealar

Xon To‘xtamish ning Qo‘ndurcha daryosi bo‘yida 1391-yilda Oltin O‘rda qo‘shinlari bilan halokatli mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, u hali ham katta kuch va resurslarga ega edi. Bu esa unga yana yurish boshlash imkonini berdi. Yurish amir Temurga qarshi qaratilgan edi. To‘xtamish shu maqsadda hatto mamluklar Misri bilan ham ittifoqchilik aloqalarini o‘rnatdi, chunki Misrga ham Temur tomonidan bosib olinish xavfi tahdid solayotgan edi. Shuningdek, u Litva bilan ham ittifoq tuzdi (1393-yilda xon elchilari Krakovda buyuk Litva knyazi va Polsha qiroli Yagaylo qabulida bo‘lgan).

1394-yilda To‘xtamish qo‘shinlari Darbandga hujum qilib, Shirvon yerlarini talon-toroj qilishga kirishdi. Bundan xabar topgan Temur o‘z qo‘shinlarini O‘rda lashkarlariga qarshi Darband tomon yo‘naltirdi. Darband dovonidan o‘tgan Amir Temur qo‘shini bu yerlarda qadimdan yashab kelgan qaytoqlar xalqiga duch keldi. Qaytoqlar To‘xtamishning faol ittifoqchilari bo‘lganligi sababli Amir Temur ularni yoppasiga qirib tashlashni buyurdi. Amir Qozonchi qo‘mondonligidagi To‘xtamishning ilg‘or qo‘shinlarini tor-mor etgan Temur oldinga siljidi. 1395-yil aprel oyining birinchi yarmidayoq ikkala qo‘shin bir-biriga ro‘baro‘ kelib, Terek daryosining qarama-qarshi sohillarida joylashdi. Temurning buyrug‘i bilan mustahkamlangan qarorgoh barpo etildi. To‘xtamish Temur qo‘shinlariga hujum qilishga jur’at etmadi. Jang 15-aprel kuni bo‘lib o‘tdi.

Jang

Ikki daryo — Terek va Kura oralig‘ida, hozirgi Yekaterinograd yaqinida sharq yilnomalarida dong‘i ketgan qonli to‘qnashuv yuz berdi. Chingizxon avlodlari dahshatli g‘azab va nafrat bilan bir-biriga qarshi jang qilib, tumonat bo‘lib halok bo‘ldilar.

— N. M. Karamzin, «Rossiya davlati tarixi», 5-jild, II bob

Amir Temur qo‘shini o‘zining ilg‘or bo‘linmasiga ega bo‘lgan, mustahkamlangan qudratli markazdan iborat edi. Markaz ortida qo‘mondon qarorgohi va jangda nihoyatda muhim rol o‘ynagan zaxira kuchlar joylashgan edi. Jangovar qo‘riqlash bo‘linmalari (qanbullar) bilan mustahkamlangan qanotlar ham sezilarli rol o‘ynadi. Qanbullarning vazifasi qanotlarga yordam berish bilangina cheklanmay, ularning dushman tomonidan qurshab olinishining ham oldini olishdan iborat edi. Bu bo‘linmalar tajribali qo‘mondonlar boshchiligidagi eng jasur jangchilardan shakllantirilgan edi. Piyoda askarlar jangda xandaqlar va katta qalqonlar — chaparlar bilan himoyalangan. Qo‘ndurcha bo‘yidagi jangda bo‘lgani kabi, butun qo‘shin 7 ta alohida korpusdan iborat edi.

Jangning dastlabki daqiqalarida, hali frontning barcha qismlarida to‘qnashuv avj olmagan paytda, Oltin O‘rdaning yirik kuchlari Amir Temur qo‘shinining chap qanotiga zarba berdi. Temurning o‘zi boshchilik qilgan zaxiradagi 27 ta saralangan qo‘shunning (50—1000 kishilik bo‘linmalarning) qarshi zarbasi vaziyatni qutqarib qoldi. O‘rda lashkarlari chekindi va Temur qo‘shinlarining ko‘plab jangchilari qochayotgan dushmanni ta’qib qila boshladilar. Ko‘p o‘tmay, o‘rdaliklar tarqoq kuchlarini yig‘ib, bir joyga jamlashga muvaffaq bo‘ldilar va raqibga kuchli qarshi zarba berdilar. O‘rdaliklarning shiddatli hujumiga bardosh bera olmagan Temur jangchilari chekina boshladilar.

Amir Temur qo‘shinining o‘ng qanoti va markazi dovdirab qoldi; ammo baxtli bo‘lish uchun tug‘ilgan bu shiddatli bahodir o‘z qat’iyati bilan g‘alabani To‘xtamish qo‘lidan tortib ola bildi : dushman qurshovida qolgan, nayzasi singan va o‘qdonida birorta ham o‘q qolmagan holda u xotirjamlik bilan sarkardalariga dushmanning zich safini yorib o‘tishni buyurdi. Uning kamonchilari joylaridan siljimaslik uchun butun saf bo‘ylab tiz cho‘kdilar, chap qanot esa oldinga siljidi.

— N. M. Karamzin, «Rossiya davlati tarixi», 5-jild, II bob

Avj olayotgan jang maydoniga har ikki tomondan yangi kuchlar yetib kela boshladi. Jang maydoniga yaqinlashgan Temur qo‘shinlarining jangchilari otlaridan tushib, qalqon va aravalardan to‘siqlar qurdilar hamda O‘rda lashkarlariga kamonlardan o‘q uza boshladilar. Shu orada Mirzo Muhammad Sultonning saralangan qo‘shinlari jang maydoniga yetib keldi va shiddatli otliq hujumi bilan dushmanni qochishga majbur qildi.

Ayni paytda O‘rda qo‘shinining chap qanotidagi qanbul Hoji Sayfuddin boshchiligidagi Temur qo‘shinining o‘ng qanot bo‘linmalarini siqib chiqardi, ularni qanotdan aylanib o‘tib, qurshab olishga muvaffaq bo‘ldi. Qurshovda qolgan Sayfuddin qo‘shinlari O‘rda lashkarlariga qarshi matonat bilan mudofaalanib, dushmanning ko‘plab hujumlarini qahramonlarcha qaytardilar. Jang maydoniga yetib kelgan Jenanshoh Bahodir, Mirzo Rustam va Umarshayxning otliq hujumlari jangning shu qismidagi natijani hal qildi. Dushman shiddatiga bardosh bera olmagan O‘rda lashkarlari sarosimaga tushib, qocha boshladilar. Muvaffaqiyatni davom ettirgan Temur qo‘shinlari To‘xtamish qo‘shinining chap qanotini tor-mor etdilar. Jangning har bir qismida ustunlikka erishib borgan Temur ko‘p o‘tmay katta sa’y-harakatlar evaziga g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Ibn Arabshohning xabar berishicha, amirlardan biri — To‘xtamishga xizmat qilgan amir — boshqa bir amir bilan janjallashib, o‘z qabilasi bilan birga jang maydonini tark etgan. Bu To‘xtamish qo‘shinini zaiflashtirib, Temurning g‘alabasiga yordam bergan.

Ko‘p o‘tmay butunlay tartibsiz holga kelgan To‘xtamish qo‘shini vahima ichida qocha boshladi. To‘xtamish o‘z qarorgohida qoldirgan ulkan boyliklar Temur qo‘liga o‘tdi. Qo‘shinlarini qayta guruhlab, o‘zini ko‘rsatgan sarkardalarni saxovat bilan mukofotlagan Temur To‘xtamishni ta’qib qilishga otlandi.

Temur qo‘shinlari Don daryosining quyilish joyigacha yetib borib, genuyaliklarning Tana (Azak) shahrini yoqib yubordilar.

To‘xtamishga yetib ololmagan Temur O‘rdaga o‘zbeklardan iborat bo‘linma bilan birga o‘z odami — Urusxon ning o‘g‘li Qo‘yirchoqni yubordi.

Adabiyotlar