Tarixshunoslik

Fan
Tarixshunoslik
Tarixning tarixi
Mavzu Yordamchi tarixiy fanlar
O‘rganish predmeti Tarix
Vujudga kelgan davri antik davr
Asosiy yo‘nalishlar Tarixiy bilimlarning rivojlanishini o‘rganuvchi fan
Yordamchi fanlar Muayyan mavzuga oid tadqiqotlar majmui
Taniqli olimlar tarixchilar
Логотип Викисклада Vikiombordagi mediafayllar
Fan tarixi
Mavzular bo‘yicha
Matematika
Tabiiy fanlar
Astronomiya
Biologiya
Botanika
Geografiya
Geologiya
Tuproqshunoslik
Fizika
Kimyo
Ekologiya
Ijtimoiy fanlar
Tarix
Tilshunoslik
Siyosatshunoslik
Psixologiya
Sotsiologiya
Falsafa
Huquqshunoslik
Iqtisodiyot
Texnologiya
Hisoblash texnikasi
Qishloq xo‘jaligi
Tibbiyot
Navigatsiya
Turkumlar

Tarixshunoslik (qad. yunoncha ἱστορίογραφία; ἱστορία — o‘tmish haqidagi hikoya + γράφω — yozaman) — tor ma’noda tarix sohasida muayyan mavzu yoki tarixiy davrga bag‘ishlangan tadqiqotlar majmui (masalan, salib yurishlari davri tarixshunosligi) yoki mafkuraviy, til yoxud milliy jihatdan ichki birlikka ega bo‘lgan tarixiy asarlar majmui (masalan, marksistik, ingliz tilidagi yoki fransuz tarixshunosligi).[manba 285 kundan beri ko‘rsatilmagan]

Kengroq ma’noda tarixshunoslik — maxsus tarixiy fan bo‘lib, tarix fanlarining tarixini o‘rganadi. Tarixshunoslik tarixiy asar yozishda ilmiy usul qanchalik to‘g‘ri qo‘llanganini tekshiradi, bunda muallifga, uning manbalariga, faktlar bilan talqinni bir-biridan ajratishga, shuningdek, uslubga, muallifning tarafkashligiga va u yoki bu tarixiy asar qaysi auditoriya uchun yozilganiga e’tibor qaratadi.[manba 285 kundan beri ko‘rsatilmagan]

Tarixshunoslik Yunonistonda dastlab Gekatey va Gerodotdan boshlanadi. Gerodot o‘zining «Tarix» asarini yozishdek mashaqqatli ishga nima uchun qo‘l urganini shunday izohlagan: insonlarning qahramonliklari haqidagi xotira asrlar qa’rida yo‘qolib ketmasligi uchun. U yunonlar va varvarlar amalga oshirgan ishlar xotirasini saqlab qolmoqchi edi. Antik davrning boshqa tarixchilari ijodining motivlari esa boshqacha bo‘lgan. Fukidid, masalan, uning fikricha, inson tabiatiga xos bo‘lgan hokimiyat uchun abadiy kurashni ko‘rsatishga intilgan; Polibiy butun jahon tarixining rivojlanishidagi so‘nggi va eng yuksak nuqta Rim imperiyasi ekanini ta’kidlagan. U tarixni o‘rganish orqali orttirilgan tajriba hayotdagi eng yaxshi yo‘lko‘rsatuvchi deb hisoblab, o‘z kitoblarini yozgan; Tit Liviy tarixdan «biz va mamlakatimiz uchun namunalar» izlagan.[manba 285 kundan beri ko‘rsatilmagan]

Aynan XIX asrdan boshlab tarixshunoslik juda muhim o‘rin tuta boshladi. G‘arb madaniyatida tarixshunoslikka oid anamnezga (o‘tmishni xotirada tiklashga) katta sa’y-harakatlar yo‘naltirila boshladi. Tarixshunoslik eng ekzotik, vaqt va geografik jihatdan olis jamiyatlarning o‘tmishini, shuningdek, Yaqin Sharqning tarixdan oldingi davrini va yo‘qolish arafasidagi «yovvoyi» xalqlar madaniyatini kashf etishga, «uyg‘otishga» va tiklashga intildi. Yana bir shunday muhim jihat shuki, tarixshunoslik Yevropa xalqlarining tarixiy xotirasini shakllantirishning eng muhim manbaiga va quyidagi jarayonning vositasiga aylanadi: «millatlarni shakllantirish».[manba 285 kundan beri ko‘rsatilmagan]

Gerodot — yunon-fors urushlarini tasvirlovchi birinchi keng qamrovli tarixiy risola muallifi

Tarix fani tarixi

II ming yillikning ikkinchi yarmida, ya’ni bronza davrining oxirida, Mesopotamiyada matnlar ko‘payadi, ular olis o‘tmishga murojaat qiladi, tafsilotlarni yetkazadi va ko‘plab mavzularni qamrab oladi. Podshoh Mursili II davridagi (miloddan avvalgi XIV asrning birinchi yarmi) xett tilidagi podshohlik solnomalarida (masalan, «Suppiluliumaning ishlari») ilk bor o‘tmish tarixshunoslik predmetiga aylanadi.

Qadimgi yunon tarixshunosligi

«Peloponnes urushi tarixi» Fukidid asaridan sahifa (nusxasi X asrda tayyorlangan)

Bizgacha yetib kelgan eng qadimgi tarixiy asar Qadimgi Yunonistonda paydo bo‘lgan. Bu «Tarix» Gerodot asari bo‘lib, uning muallifi keyinchalik Sitserondan «tarix otasi» nomini olgan. Gerodot faqat o‘ziga ma’lum tarixiy voqealarni bayon qilgan, bayon etilgan hikoyalarning ishonchliligini aniqlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymagan.

Gerodotdan keyin u yaratgan namuna asosida ko‘plab tarixchilar ijod qilgan. Masalan, Galikarnaslik Dionisiy kabi tarixchilar asosan shahar arxividan foydalanib, o‘z shaharlari tarixini tasvirlagan. Ayrim mualliflar alohida o‘rin tutadi, masalan, Elidalik Gippiy, u Olimpiya o‘yinlari ro‘yxatini tuzgan va shu orqali keyingi avlodlarga tasvirlangan voqealarning sanasini aniqlash uchun yagona xronologik asos yaratgan. Bundan tashqari, Gellanik kabi ayrim mualliflar alohida tarixchilarning asarlarini umumiy tarixiy solnomalarga birlashtirgan. Shu tufayli hozirda yo‘qolgan ko‘plab antik qo‘lyozmalar mazmuni haqida ma’lumotga ega bo‘ldik. Fukidid, Peloponnes urushini tasvirlar ekan, deyarli xudolar irodasiga murojaat qilmagan, barcha voqealarning sabablarini odamlarning xatti-harakatlaridan kelib chiqib izohlagan. Shu tariqa u ratsionalistik qarashlarga amal qiluvchi keyingi tarixchilar uchun namuna bo‘lgan. Ksenofont birinchi bo‘lib avtobiografiya yozishni boshlagan va nafaqat voqealarni, balki insonlarning xarakterlarini ham o‘rgangan.

Birinchi sahifa: Shi-szi

Qadimgi yunon namunasi keyinchalik boshqa xalqlar tomonidan ham o‘zlashtirilgan. Masalan, Polibiy tarixga oid yunon va rim qarashlarini yaqinlashtirishga harakat qilgan. Beros yunon tilida « Bobil tarixi»ni yozgan, Kesariyalik Yevseviy esa birinchi xristian tarixchisi bo‘lgan.

Qadimgi rim tarixshunosligi

Rimliklar Yevropa xalqlari orasida birinchi bo‘lib tarixni yunon namunasi asosida yunon tilida emas, balki o‘z ona tilida yoza boshlaganlar, ya’ni lotin tilida. Katta Katon keyinchalik Sitseron va Sezar davom ettirgan ushbu an’ananing asoschilaridan biri edi. Antik davr mualliflari orasida Strabon tarix va geografiyani birlashtirgani bilan, Tit Liviy — Rimni Makedoniyalik Aleksandr zabt etishi mumkinligi haqidagi taxmin asosida yaratishga uringan janri — «muqobil tarix», Plutarx va Svetoniy — biografik asarlari bilan, Tatsit — varvar xalqlarni tasvirlab, germanlarni xuddi olijanob yovvoyilardek ko‘rsatgani bilan ajralib turgan.

Shuningdek qarang: Avgustlar tarjimai holi mualliflari

Eng qadimgi xitoy tarixshunosligi

Xitoy tarixiga oid eng qadimgi matnlar quyidagi kitoblardir: Shu-szin, Chunsyu va Szo-chjuan. Dastlabki ikki kitobning muallifi deb Konfutsiy hisoblanadi, oxirgi kitob esa ularga yozilgan sharhdir. Tarixni konfutsiylik falsafasidan ajratgan Xitoyning birinchi professional tarixchisi, — Sima Syan bo‘lib, u «Tarixiy qaydlar» (Shi-szi) muallifidir. Uning asarida imperator sulolasi a’zolari va oddiy odamlarning ko‘plab tarjimai hollari mavjud.

Xristian tarixshunosligi

Muhtaram Beda, «Angllar xalqining cherkov tarixi»

Rim imperiyasida xristian cherkovining mavqeyi Konstantin I hukmronligidan boshlab yuksalishi yangi shakllanayotgan xristian tarixshunosligining qadimgi antik tarixshunoslikdan ajralishiga olib keldi. Qadimgi mualliflar tarixiy voqealar haqidagi og‘zaki hikoyalarni yozib olgan bo‘lsalar, xristian mualliflar, avvalo, yozma manbalarga, albatta, Bibliyaga tayanganlar. Ularning bayonida urushlar va siyosatchilarning tarjimai holi emas, balki jamiyatning diniy holati markaziy o‘rin tutgan. Birinchi xristian tarixchisi Kesariyalik Yevseviy edi. Xristianlar tarixni ilohiy rejaning amalga oshishi natijasi deb bilganlar. Bu rejada jamiyat chiziqli ravishda rivojlanadi, masalan, xitoy tarixchilarining qarashlariga xos bo‘lgan davriy rivojlanishdan farqli o‘laroq. Shuning uchun ular odatda o‘z bayoniga o‘tmishdagi eng muhim voqealarning qisqacha tasvirini kiritib, shundan keyin bevosita tasvirlanayotgan davrga o‘tganlar.

Masalan, O‘rta asrlarda solnomalar yozish keng tarqalib, rohiblar va ruhoniylar orasida ommabop mashg‘ulotga aylangan. Ular Iso Masih, cherkov va uning homiylari tarixi, mahalliy hukmdorlarning sulolaviy tarixlari haqida ham yozganlar. Tarixiy janr sifatida solnoma ayniqsa ilk o‘rta asrlarda mashhur bo‘lgan. Bunday solnomalarning namunalari — «Franklar tarixi» (muallifi — Turlik Grigoriy), «Anglosakson solnomalari» va «O‘tgan yillar qissasi».

Tarix yozish an’anasi Uyg‘onish davrida yanada rivojlangan va Ma’rifat davrida jiddiy o‘zgarishlarga uchragan. O‘sha vaqtda tarix fani umuman olganda zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan.

Vizantiya tarixshunosligi

Xususan, Vizantiya adabiyotida klassik antik davr asarlarini tiklash va izohlash, keyingi yozuvchilar tomonidan parchalar va iqtiboslarda keltirilgan qadimgi mualliflar haqidagi ma’lumotlarni to‘ldirish uchun boy material mavjud. Mutaxassislar uzoq vaqt davomida Vizantiya adabiyotiga yuklagan bunday yordamchi vazifa tadqiqot natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, chunki ularni haqiqiy tarixiy istiqboldan mahrum qilgan. Buning asosiy oqibati shuki, ko‘pchilik olimlar adabiyotning mustaqil va o‘ziga xos tur va janrlarini butunlay e’tibordan chetda qoldirgan yoki yetarlicha baholamagan. Ular rivojlanish jarayonlarini, yuksalish va tanazzul davrlarini, umuman, adabiy ijodning mustaqil rivojlanishi hamda davr sharoiti va siyosiy vaziyatga munosabatini ko‘rsatuvchi belgilarni qayd etmaganlar. Vizantiya adabiyotini nasr va nazm nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish bu ikki adabiy turning tubdan farqlanishini ko‘rsatadi. Tarixiy guruhga bevosita tarixchilarning asarlaridan tashqari avliyolar hayoti haqidagi adabiyotlar, notiqlik asarlari, maktublar, arxeologiyaga oid asarlar ham kiritilishi kerak.

Arman tarixshunosligi

Qo‘lyozma sahifasi: «Armaniston tarixi» — Movses Xorenatsi (V asr), X—XI asrlarga oid

Arman tarixshunosligi V asrdan boshlab, Mesrop Mashtots arman alifbosini yaratganidan keyin vujudga kelgan va rivojlangan. V asrdayoq Armaniston va unga qo‘shni mamlakatlar tarixiga oid ko‘plab sof tarixiy asarlar yaratilgan. Ilk o‘rta asrlarning eng yirik arman tarixshunoslari: Movses Xorenatsi, Lazar Parpetsi, Favstos Buzand, Yegishe, Sebeos va boshqalar. Bu mualliflarning asarlarida Armanistonning o‘zi hamda qo‘shni davlatlar va mintaqalar tarixiga oid muhim ma’lumotlar mavjud. Arman tarixshunosligining yangi yuksalishi X—XIV asrlarni qamrab olgan. Bu davrda quyidagi mualliflarning muhim asarlari yaratilgan: Ovanes Drasxanakertsi, Stepanos Taronetsi, Kirakos Gandzaketsi, Vardan Areveltsi.

SSSRda

Sobiq Sovet Ittifoqida tarixni o‘rganish marksizm-leninizm falsafasi bilan chambarchas bog‘langan va sezilarli darajada mafkuralashtirilgan edi. Sinfiy kurash orqali hamma narsa, hatto eng murakkab madaniy-tarixiy hodisalar ham izohlangan. Bunda asrlar davomida yuz bergan va Rossiyani Yevropa va jahonning eng yirik davlatlaridan biriga aylantirgan evolyutsion jarayonlarga yetarlicha baho berilmagan.

SSSRning o‘ziga kelsak, sovet tarixshunosligi 1980 -yillar davomida SSSRda ilg‘or, dunyodagi eng taraqqiy etgan jamiyat qurilayotgani haqidagi asosiy g‘oya atrofida birlashgan. Bu jamiyat sotsializm deb atalgan. Sotsializm qonuniy ravishda kapitalizmning o‘rnini egallagan va o‘z rivojlanishida shakllanish bosqichidan «sovet umumxalq davlati» va «rivojlangan sotsializm»gacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tgan. Hokimiyatning barcha asosiy qarorlari zarur (masalan, jamoalashtirish) yoki majburiy (oziq-ovqat razvyorstkasi (majburiy yig‘im)), ammo har qanday holatda tarixiy jihatdan maqsadga muvofiq deb e’lon qilingan. Sovet tarixining salbiy jihatlari yo yashirilgan, yo sinfiy kurash mantiqiga muvofiq izohlangan. Bu mantiqqa ko‘ra, sobiq ekspluatator sinflar hokimiyat va mulkni mehnatkashlarga qarshilik ko‘rsatmasdan topshira olmagan.

Shuningdek qarang: Turkum: Sovet tarixshunosligi.

Rossiya Federatsiyasida

Tarixchi A. Ya. Gurevich fikricha, marksistik mafkura diktatidan xalos bo‘lgan postsovet hududidagi tarix fani, aksariyat tarixchilar singari, «ularga „eski yaxshi davrlarda“ singdirilgan, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan tamoyillar va eskirgan bilish usullari ta’sirida» qolgan.

Rossiya Federatsiyasida tarix fani hokimiyat tomonidan kuchli siyosiy bosimga uchrayotgani haqida fikr mavjud. Masalan, Rossiya fanlar akademiyasi akademigi tarixchi Yu. S. Pivovarov quyidagilarni ta’kidlaydi:

Zamonaviy Rossiyaning ijtimoiy-gumanitar fanlaridagi vaziyatni bir oz bilgan holda shuni ayta olaman: bugun «tarixiy haqiqat»ga sodiq bo‘lish — Kremldan keladigan navbatdagi ko‘rsatmaga muvofiq ish tutish va u yerdan berilgan topshiriq asosida o‘z pozitsiyangni o‘zgartirish demakdir. Dialektika! Asosiysi: sendan nimani eshitishni istashayotganini topish. 1930-yillarni «Stalin modernizatsiyasi» deb atash — «tarixiy haqiqat»ga sodiq qolish, yalpi terror davri deb atash (masalan) esa — soxtalashtiruvchilar qatoriga tushish demakdir.

Adabiyotlar