| Mezoamerika shahri | |
| Teotiuakan | |
|---|---|
| atst. Teōtīhuacān | |
| | |
| 19°41′33″ sh. k. 98°50′38″ g‘. u.HGYaO | |
| Mamlakat | |
| Asos solingan | miloddan avvalgi 180-yil |
| Vayron bo‘lgan | 750 |
| Hozirgi joylashuvi | |
| Jahon merosining madaniy obyekti YUNESKO № 414 ro‘yxatga 1987 yilda kiritilgan (11-sessiya) |
|
| Nomi | Ispanlar kelishidan avvalgi Teotiuakan shahri |
| Mintaqa | Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari |
| Mezonlar | (i), (ii), (iii), (iv), (vi) |
|
|
|



Teotiuakan (atst. Teōtīhuacān — Teotiuakan, xudolar tug‘ilgan joy, yoki xudolar shahri; yuk. Puh — qamishzor, odamlar gavjum joy) — qadimiy ko‘p millatli shahar-davlat bo‘lib, Meksiko shahri markazidan 50 kilometr shimoli-sharqda, Meksiko yaqinidagi Teotiuakan-de-Arista munitsipalitetida joylashgan.
Umumiy ma’lumotlar
Hozirgi tadqiqotchilarning fikricha, bu qadimiy manzilgohning maydoni 26—28 km², aholisi esa 125 ming kishidan ortiq bo‘lgan. U eng qadimiy hindular shaharlaridan biri va gullab-yashnagan davrida Kolumbgacha bo‘lgan Amerikaning eng yirik shahri bo‘lib, o‘sha paytda dunyodagi eng katta oltita shahar qatoriga kirgan. Bu yerda qishloq tipidagi manzilgoh miloddan avvalgi III asrga kelib paydo bo‘lgan. Shahar esa milodiy 1-yilga kelib Kuikuilko hududidan Shitle vulqonining otilishi oqibatida ko‘chib kelgan aholi hisobiga shakllangan. Asosiy yodgorliklar 250-yilgacha bosqichma-bosqich qurilgan. VII asr o‘rtalarida shaharning tanazzuli boshlangan: shaharning markaziy qismi va muqaddas qadamjolari talanib, yoqib yuborilgan. VIII asr o‘rtalariga kelib shahar aholisi uni butunlay tark etgan.
Shaharning asl nomi noma’lum. Mayyalarning klassik davrga oid matnlarida u Puh — «qamishzor» deb atalgan. Biroq odamlarning katta to‘planishini ifodalovchi bu obrazli ibora keyinchalik turli hindu qabilalari tomonidan Mezoamerikaning boshqa yirik shaharlariga nisbatan ham ishlatilgan. «Teotiuakan» nomini shahar yo‘qolib ketganidan bir necha asr o‘tib, uning xarobalariga atsteklar bergan.
Shahar aholisining etnik tarkibini ham aniqlash qiyin. Ma’lumki, Teotiuakan ko‘p millatli shahar bo‘lgan. Undagi eng ko‘p sonli etnik guruhlar naua, otomi va totonaklar edi. Shahar gullab-yashnagan davrda uning o‘zida va shahar atrofidagi qishloqlarda Mezoamerikaning yaqin va juda olis hududlaridan kelgan ko‘plab muhojirlar — malakali va malakasiz ishchilar ham yashagan.
Turmush tarzi
Milodiy II asrda vulqon otilishi oqibatida Teopanakashko shahri (eski San-Xuan-Teotiuakan temiryo‘l stansiyasi yonida) va avvalgi markaz — Kuikuilko (hozirgi Meksiko shahridan janubda) tashlab ketilib, ularning aholisi Teotiuakanga ko‘chgan. Natijada Teotiuakan mintaqaviy markazga aylangan. Tez orada u 125 ming kishidan ortiq aholisi bo‘lgan Mezoamerikaning eng yirik shahri va iqtisodiy markaziga aylangan.
Markaziy xiyobonni to‘g‘ri burchak ostida kesib o‘tuvchi ko‘chalarning muntazam tarmog‘i Teotiuakan puxta o‘ylangan reja asosida rivojlanganini ko‘rsatadi. Markaz atrofida bir-biriga yaqin joylashgan xom g‘ishtdan qurilgan uylar[manba 3093 kundan beri ko‘rsatilmagan] oddiy shaharliklarga tegishli bo‘lib, tor ko‘chalar va derazasiz devorlar bilan ajralgan alohida mahallalarni tashkil etgan. Uylar asosan bir qavatli, tomi tekis va derazasiz bo‘lgan. Havo va yorug‘lik faqat ochiq ichki hovliga qaragan eshiklardan kirgan. Shaharda ko‘p qavatli binolar ham mavjud bo‘lgan.
Eng yuksak taraqqiyot davrida (milodiy 250—650-yillar) Teotiuakan Mezoamerikaning ko‘plab hududlariga katta madaniy ta’sir ko‘rsatgan. Teotiuakanda tayyorlangan sopol idishlar va haykalchalar Meksikaning shimoliy hududlaridan Gvatemala tog‘larigacha, Tinch okeani sohillaridan esa Meksika qo‘ltig‘igacha bo‘lgan keng hududda uchraydi. O‘z qudratining cho‘qqisida Teotiuakan Meksikaning markaziy tog‘li hududlarini nazorat qilgan va qo‘shni sivilizatsiyalar markazlari — Monte-Alban hamda mayyalarning shahar-davlatlari (Tikal).
Gullab-yashnagan davrida Teotiuakan hayoti qat’iy tartibga solingan shahar bo‘lib, unga turli etnik guruhlardan tarkib topgan, avvalo xomashyo importini nazorat qiluvchi jamoaviy elita rahbarlik qilgan. Astronomiyadan xabardor kohinlar jamiyat hayotini kuzatib, qat’iy ijtimoiy nazorat o‘rnatgan, jumladan, insonlarni qurbonlikka keltirishdan ham foydalangan. Hatto eng kambag‘al uylarda ham uy mehroblari topilgan. Teotiuakan san’ati va mifologiyasi, uning yaratuvchilarining boy ma’naviy dunyosini aks ettirib, xudolar majmuasi atrofida shakllangan. Mifologiyada eng muhim o‘rinlardan birini Ketsalkoatl — tanasi qush patlari bilan qoplangan ilon qiyofasidagi xudo egallagan. Shahar aholisi unga tabiatning oliy ilohi sifatida sig‘ingan. Keyinchalik atsteklar orasida Patli ilon — Ketsalkoatl madaniyat homiysiga aylangan va u ko‘pincha Venera sayyorasi bilan aynanlashtirilgan.
Teotiuakan sivilizatsiyasining rivojlanishi Qadimgi Rimning gullab-yashnagan davriga to‘g‘ri kelgan, ammo Mezoamerika shahrining tarixi uzoqroq davom etgan. Shahar ziyoratning asosiy markazi bo‘lgan. Meksiko vodiysi bo‘ylab sayohat qiluvchilar savdo bitimlari tuzish, ish topish yoki diniy qadamjolarga sig‘inish uchun Teotiuakanga kelishgan. Muayyan kunlarda tog‘ etaklaridagi minglab qishloqlar deyarli huvillab qolgan: ularning aholisi shahar va butun vodiy aholisi kelgusida farovon yashashini ta’minlashga qaratilgan diniy marosimlar va sirli bayramlarda qatnashish uchun Teotiuakan maydonlariga oqib kelgan.
Shaharning tanazzuli
Shaharning tanazzuli VI asr o‘rtalarida boshlangan, VII asr o‘rtalariga kelib esa Teotiuakan tashlab ketilgan. Bu yerlarga ancha keyin kelgan atsteklar faqat ulug‘vor xarobalarni ko‘rgan.
Dastlab olimlar shaharga tashqi dushmanlar bostirib kirgan deb taxmin qilishgan. Shahar yoqib yuborilgan, muqaddas qadamjolar talangan, muqaddas haykallar shikastlanib, parchalangan. Ammo keyingi tadqiqotlar faqat elita istiqomat qilgan markaziy qism va diniy inshootlar vayron etilganini, bevosita harbiy bosqin izlari esa topilmaganini ko‘rsatdi. Shahar markazining vayron bo‘lishiga hayot sharoiti keskin yomonlashishi oqibatidagi ichki ijtimoiy ziddiyat sabab bo‘lgan bo‘lishi ehtimolroq. Ma’lumki, aynan shu davrda yirik vulqon otilishlari tufayli iqlimning butun dunyo miqyosidagi halokatli o‘zgarishlari yuz bergan. Arxeologik topilmalar bu hududdagi odamlar, ehtimol, uzoq davom etgan qurg‘oqchilik sababli ochlikdan nobud bo‘la boshlaganini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, tashqi bosqin ehtimolini ham butunlay inkor etib bo‘lmaydi, chunki ocharchilik yirik ko‘chishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Diqqatga sazovor joylar
Shahar markazida «Sitadel» deb ataladigan joy bor. Uning yuz mingtagacha odamni (shahar aholisining yarmini) sig‘dira olgan ichki maydoni supalar ustiga qurilgan to‘rtta ulkan piramida bilan o‘ralgan. Majmuaning markaziy qismi — Patli ilon piramidasi[ingl.] (Ketsalkoatl). Unga Shimoliy va Janubiy saroylar deb ataladigan ikkita bino tutashgan. Ulardan nafaqat ma’muriy markaz sifatida, balki yashash va ishlash uchun ham foydalanilgan.
Teotiuakan ostidan yoshi 2000 yil bo‘lgan, milodiy 200 va 250-yillar oralig‘ida berkitilgan maxfiy yerosti yo‘lagi topilgan.
Teotiuakanning asosiy (va eng qadimiy) inshootlaridan ayrimlari — Quyosh piramidasi va Oy piramidasi.
Oy piramidasi
Oy piramidasi «O‘liklar yo‘li»ning shimoliy uchida joylashgan. Uning balandligi taxminan 42 metr, poydevorining uzunligi esa 150 metr. 1980-yillarda Oy piramidasining ichki qismida arxeologlar 12 kishining jasad qoldiqlari bo‘lgan dafn xonasini topishgan. Ularning barchasining qo‘li orqasiga bog‘langan, ammo 10 nafarining boshi tanasidan judo qilinib, jasadlari xona o‘rtasiga tartibsiz tashlangan. Taxminlardan biriga ko‘ra, ular Teotiuakan aholisining dushmanlari bo‘lgan.
Qolgan ikki qurbon, aftidan, mahalliy elitaga mansub bo‘lgan. Chunki ularning jasadlari tartibli o‘tqazilgan, ustlarida nefritdan yasalgan bezaklar, odam jag‘iga o‘xshatib ishlangan buyumlardan tuzilgan marjonlar va yuqori mavqeni bildiruvchi boshqa belgilar bo‘lgan.
Bu odamlar nima munosabat bilan qurbon qilingani hozircha aniqlanmagan. Biroq marosim ayni shu qadimiy inshoot tubdan qayta qurilayotgan paytda o‘tkazilgani ma’lum. Ehtimol, u shahar-davlatning diniy va siyosiy ta’siri ortib borayotganini ifodalagan. Xonaning markaziga o‘rnatilgan, atrofida 18 ta obsidiandan yasalgan pichoq joylashtirilgan katta nefrit mozaikasi ham shundan dalolat beradi. Ilgari Mezoamerikada bunday topilma uchramagan. Xonada, shuningdek, beshta bo‘ri (yoki koyot) skeleti, uchta puma yoki yaguar skeleti va 13 ta burgutning qoldiqlari topilgan. Ehtimol, bu hayvonlar jangchilar (harbiy uyushmalar) ramzi bo‘lgan.
Quyosh piramidasi
Piramidani birinchi keng ko‘lamda o‘rganish ishlarini 1906-yilda Leopoldo Batres boshlagan. Keyingi qazishmalar 1992—1993-yillarda Meksikaning Milliy antropologiya va tarix instituti homiyligida Eduardo Matos Moktesuma rahbarligida o‘tkazilgan.
Taxminan milodiy 150-yilda qurilgan Quyosh piramidasi tepasi tekis, 5 pog‘onali inshoot bo‘lib, uning tepasida bir paytlar kichik ibodatxona turgan. Bu ulkan piramidaning balandligi deyarli 64,5 metr, poydevor tomonlarining uzunligi 211, 207, 217 va 209 metr, umumiy hajmi esa 993 ming m³.
Quyosh piramidasi yirik tosh, loy va tuproqdan bunyod etilib, ustiga tosh qoplangan; uning tepasida yog‘ochdan qurilgan ibodatxona bo‘lgan.
Galereya
- Marmar niqob, milodiy III—VII asrlar, Luvr
- Serpentinitdan yasalgan niqob, milodiy III—VI asrlar
- Quyosh piramidasi, old tomondan ko‘rinishi
- Quyosh piramidasi
- Teotiuakan maketi, Milliy antropologiya muzeyi, Meksiko
- O‘liklar yo‘li, orqa fonda Oy piramidasi
Adabiyotlar
- Sodi, Demetrio. Mezoamerikaning buyuk madaniyatlari / Ispan tilidan Z. V. Ivanovskiy tarjimasi. So‘zboshi va ilmiy tahrir V. I. Gulyayevga tegishli. — M.: Znaniye, 1985. — 208 b. — (Tarjima qilingan ilmiy-ommabop adabiyotlar).
- Armilyas, Pedro (1944). Teotiuakandagi so‘nggi tadqiqotlar (Meksika). Cuadernos Americanos, 16-jild, 4-son. Meksika.
Havolalar
- Teotiuakan — imperiya-shahar
- Teotiuakan (Meksika) fotosuratlari. Quyosh va Oy piramidalari (Teotihuacan, Mexico)
- Shov-shuvli topilma — Teotiuakan piramidalaridan biri ostidagi tunnel
- Quyosh va Oy piramidalari — mayya hindulari ijodining eng yuksak namunasi.
- Arxeologlar qadimiy Teotiuakan shahridagi mashhur Ilonlar ibodatxonasi ostidan tunnel topishdi.