SI agenti yoki Agentli SI — bu dastur bo‘lib, uning asosini sun’iy intellekt (SI) tashkil etadi. U yordamchi dasturiy ta’minot (DT) vositasida belgilangan maqsadlarga erishishi va muayyan darajada mustaqil harakatlarni bajarishi mumkin.
U dasturlash, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, kiberxavfsizlik va biznes tahlili sohalarida qo‘llanadi hamda agentli avtomatlashtirish bilan chambarchas bog‘liq. Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO)ta’rifiga ko‘ra, SI agenti sensorlar orqali muhit ta’sirlarini sezadi va ularga effektorlar yordamida javob qaytaradi.
SI agentining umumqabul qilingan ta’rifi bo‘lmasa-da, uning odatiy xususiyatlariga tashqi vositalar yordamida maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarni bajarish, tashqi muhit bilan o‘zaro ta’sirlashish va uni o‘zgartirish, shuningdek, mustaqil bajariladigan ko‘p bosqichli vazifalar kiradi.
Agentli tizimlar xotira komponentlari, rejalashtirish mantiqi, vositalar interfeyslari hamda agentlar ishini muvofiqlashtiruvchi orkestratorlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
SI agentlaridan keng tarqalgan foydalanish yo‘nalishlaridan biri — vazifalarni avtomatlashtirish. Masalan, foydalanuvchining matnli so‘rovi asosida sayohat uchun joy band qilish.
Agentli SI rivojlanishini katta til modellari (LLM) tezlashtirdi. Keyingi bosqich ko‘p agentli tizimlarbo‘lishi mumkin: ularda agentlar murakkab vazifalarni birgalikda hal qiladi. Huquqiy nuqtayi nazardan agentning avtonomligi vakolatlarni topshirish sifatida qaraladi. Mashina o‘qiy oladigan vakolatnoma vakolat chegaralari, taqiqlar, amal qilish muddati va qarorni insonga topshirish shartlarini belgilashi, tizim esa aniqlanishi mumkin bo‘lgan versiya va harakatlar jurnaliga ega bo‘lishi kerak. Biroq SI huquq subyekti deb tan olinmaydi: javobgarlik agentga vakolat bergan va undan foydalanishdan manfaat ko‘rgan shaxs yoki tashkilot zimmasiga yuklanadi.
Tarix
SI agentlari uchun zamin XX asr o‘rtalaridayoq kibernetika va sun’iy intellekt paydo bo‘lishi bilan shakllangan. Oliver Selfrijning «Pandemonium: o‘rganish paradigmasi[inglizcha](1958) nomli maqolasi agentga yo‘naltirilgan arxitektura shakllanishiga dastlabki muhim nazariy hissalardan biri bo‘ldi. Agentlarning ilovalarda amaliy qo‘llanishi 1990-yillarda «e’tiqod–istak–niyat» (BDI) dasturiy modeli va agentga yo‘naltirilgan dasturlashjoriy etilgach keng tarqala boshladi. Biroq Garvard professori Milind Tambe[inglizcha] aytishicha, o‘sha vaqtlarda «SI agenti» tushunchasi ancha mavhum edi. Kompyuter infratuzilmasida, masalan, monitoring uchun asosan raqamli agentlardan foydalanilgan, ayni paytda sensorlar va ijro mexanizmlariga (aktuatorlarga)ulangan agentlar avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarida tobora keng qo‘llangan.
Dastlabki sun’iy agentlar, odatda, oddiy «agar — unda» mantiqiga asoslangan bo‘lib, keyinchalik katta modellar darajasigacha rivojlandi. 2010-yillar boshiga kelib Siri va Alexakabi mahsulotlar chiqarildi. Ularni ba’zan SI agentlari deb atashgan, ammo ularda keyinchalik LLM asosida boshqariladigan agentlarga xos mulohaza yuritish qobiliyati yetishmagan. LLM asosidagi SI agentlarini o‘rganish 2018-yilda boshlangan, keng miqyosda joriy etish esa faqat 2023-yil oxirida, ayniqsa OpenAI funksiyalarni chaqirishni qo‘llab-quvvatlaydigan API’ni taqdim etganidan va Anthropic 2024-yilda MCPni taqdim etganidan keyin jadallashdi. Bu protokol SI agentlariga turli vositalarni chaqirish orqali kontekstga oid axborot olish va tashqi dunyo bilan o‘zaro ishlash imkonini beradi. «SI agenti» atamasi esa faqat 2024-yilda keng ishlatila boshladi. Bunga qisman tadqiqotchi Endryu Ngning hissasi bor.
Agentlarni o‘qitish va sinovdan o‘tkazish
SI agentlarini o‘qitish uchun olimlar dunyo va muhit modellarini yaratib, ularda mustahkamlovchi o‘qitishusulini qo‘llaganlar. SI agentlarini o‘qitishda videoo‘yinlardan (xususan, Minecraft va No Man’s Sky), shuningdek, korporativ veb-saytlarning nusxalaridan ham foydalanilgan.
Avtonom imkoniyatlar
Tadqiqotni e’lon qilgan Financial Times nashriga ko‘ra, SI agentlarining mustaqillik darajasi SAE tomonidan ishlab chiqilgan haydovchisiz avtomobillar avtonomlik darajalari tasnifi bilan taqqoslanganda ko‘p hollarda 2- va 3-darajalarga, tor doiraga ixtisoslashgan agentlarda esa 4-darajaga mos keladi. 5-daraja hozircha nazariy jihatdangina mavjud.
Kognitiv arxitektura
Ken Xuang har biri o‘zidan quyi qatlamlarning imkoniyatlariga tayanadigan, o‘zaro bog‘langan yetti qatlamdan iborat SI agentining namunaviy arxitekturasini taklif qilgan:
- 1-daraja: Tayanch modellar[inglizcha] — agent ishlashini ta’minlaydigan ma’lumotlar to‘plamlarini taqdim etadi.
- 2-daraja: Ma’lumotlar bilan ishlash — SI agenti faoliyati uchun zarur ma’lumotlar infratuzilmasini, jumladan, vektorli ma’lumotlar bazalari[inglizcha], ma’lumot yuklagichlari va RAG kabi vositalarni boshqaradi.
- 3-daraja: Agent freymvorklari — SI agentlarini boshqaradigan dasturiy ta’minot.
- 4-daraja: Joylashtirish va infratuzilma — SI agentlarining texnik asosi.
- 5-daraja: Baholash va kuzatish — SI agentlarining xavfsizligi va samaradorligini ta’minlaydi.
- 6-daraja: Xavfsizlik va talablarga muvofiqlik — SI agenti texnologik stekining barcha qatlamlariga singdirilgan me’yoriy talablarga rioya qilish va xavfsizlik vazifalarini birlashtiruvchi himoya qatlami.
- 7-daraja: SI agentlari ekotizimi — ilovalar va foydalanuvchilar bilan o‘zaro ishlash interfeysidir.
B2B tizimlariga integratsiya
2026-yilga kelib agentli SI tadqiqot simulyatsiyalari doirasidan chiqib, tijoriy B2Bekotizimlarining bir qismiga aylandi. Dasturiy agentlar inson ishtirokisiz ehtiyojlarni mustaqil tahlil qilish, hisoblash resurslari narxi bo‘yicha muzokara olib borish va aqlli shartnomalar orqali dasturiy ta’minot litsenziyalarini xarid qilishga qodir «mashina mijozlari»ga aylandi.
Agent qobig‘i
Agent qobig‘i[inglizcha] — LLM’ni o‘rab turadigan va uning SI agenti sifatida ishlashini ta’minlaydigan dasturiy qatlamdir. U odatda promptlar, kontekst oynasi[inglizcha], vositalardan foydalanish, xotira, bajarilish holati, operatsion cheklovlar, izolyatsiyalangan sinov muhitlari (sandbox), ruxsatlar va natijalarni qayta ishlash jarayonlarini boshqaradi. Qobiq modelni ichki va tashqi apparat va dasturiy ta’minot, ma’lumotlar bazalari va ulardagi fayllar[inglizcha], brauzerlar, buyruqlar satri interfeysi hamda APIbilan bog‘laydi va agentning ushbu resurslardan foydalanishi hamda ular orqali ko‘p bosqichli vazifalarni bajarishiga kirish huquqini nazorat qiladi.
Orkestratsiya uslublari
Murakkab vazifalarni bajarish uchun avtonom agentlar ko‘pincha boshqa agentlar yoki ixtisoslashgan vositalar bilan birlashtiriladi. Orkestratsiya uslublari yoki ish jarayonlari deb ataladigan bunday tuzilmalarga quyidagilar kiradi:
- Promptlar zanjiri: bir bosqich natijasi keyingi bosqich uchun kirish ma’lumoti sifatida ishlatiladigan ketma-ketlik.
- Yo‘naltirish: kirish ma’lumotlarini keyingi ixtisoslashgan vazifa yoki vositaga uzatish.
- Parallellashtirish: bir nechta vazifani bir vaqtda bajarish.
- Ketma-ket qayta ishlash: oldindan belgilangan jarayon doirasida vazifalarni qat’iy chiziqli tartibda bajarish.
- Rejalashtiruvchi–tanqidchi: bir agent taklif yaratadigan, ikkinchisi esa uni baholab, takomillashtirish uchun fikr-mulohaza beradigan takroriy uslub.
Multimodal SI agentlari
Katta til modellaridan (LLM) tashqari, agentlar uchun asos sifatida vizual-til modellari[inglizcha] (VLM) va multimodal tayanch modellardan ham foydalanish mumkin. 2024-yilda Allen sun’iy intellekt instituti[inglizcha]ochiq kodli vizual-til modelini taqdim etdi. Nvidia dasturchilar uchun VLM, LLM va qidiruv bilan boyitilgan generatsiya usullaridan foydalanib, tasvirlar va videolarni, shu jumladan, videodan qidirish[inglizcha] va ma’lumotlarni qisqacha bayon qilishvazifalarini bajaradigan SI agentlarini yaratishga imkon beruvchi freymvork chiqardi. Microsoft esa tasvirlar, videolar, foydalanuvchi interfeysi orqali dastur bilan ishlash va robototexnikama’lumotlar to‘plamlarida o‘qitilgan multimodal agent modelini taqdim etdi. Kompaniyaga ko‘ra, u dasturiy ta’minot va robotlarni boshqara oladi.
Qo‘llanish sohalari
Axborot agentligi Assoshieyted Press ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil aprel holatiga kelib SI agentlarining amalda qo‘llanishiga oid misollar hali juda kam edi.
The Information[inglizcha] nashri SI agentlarini yetti turga ajratgan:
- Biznes vazifalarini bajaruvchi agentlar — korporativ dasturiy ta’minotda ishlatiladi;
- Muloqot agentlari — mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatida chat-bot vazifasini bajaradi;
- Tadqiqot agentlari — axborotni qidiradi va tahlil qiladi (masalan, OpenAI Deep Research);
- Tahlilchi agentlar — ma’lumotlarni tahlil qilib, hisobotlar tayyorlaydi;
- Dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi agentlar[inglizcha] — dastur kodini yozadi (masalan, Cursor[inglizcha]);
- Tor ixtisoslashgan agentlar — muayyan kichik soha bo‘yicha bilimga ega;
- Agentlar — veb-brauzerlarda ishlash uchun mo‘ljallangan (masalan, OpenAI Operator).
2025-yil o‘rtalaridan boshlab SI agentlari o‘yinlar yaratish, qimor o‘yinlari (jumladan, sportga pul tikish[inglizcha]), kriptovalyuta hamyonlarida (ulardan kriptovalyuta bilan savdo qilish va memkoinlarbilan operatsiyalar uchun ham), shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarsohalarida qo‘llana boshladi. 2025-yil avgustida New York Magazine jurnali SI agentlaridan foydalanishning eng ko‘zga ko‘ringan sohasi ular yordamida dasturiy ta’minot ishlab chiqish ekaniga e’tibor qaratdi. The Information nashri esa 2025-yil oktabr holatiga ko‘ra biznesda SIdan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari kod yozuvchi agentlar va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash tizimlari[inglizcha]bo‘lganini ta’kidladi. Shu bilan birga, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan kutilgan natijalar haqiqatga mos kelmagani sababli SIga qiziqish pasaygani qayd etildi.
2025-yil noyabrida The Wall Street Journal gazetasi biznesga SI agentlarini joriy qilgan kompaniyalarning juda oz qismi sarmoyalaridan foyda ko‘rganini xabar qildi.
Davlat sektorida qo‘llanilishi
2025-yil noyabrida AQSH Ichki daromadlar xizmati soliq to‘lovchilar huquqlarini himoya qilish xizmatlariga Salesforce kompaniyasining SI agentlarini joriy etishini e’lon qildi. O‘sha oyda Buyuk Britaniyaning Staffordshir politsiyasi 2026-yildan boshlab shoshilinch chora talab etmaydigan 101 raqamiga kelib tushgan qo‘ng‘iroqlarga ishlov berish uchun Agentforce agentlarini tajriba tariqasida qo‘llay boshlashini bildirdi.
Operatsion tizimlar
SI asosidagi agentlar operatsion tizimlargaham integratsiya qilindi. Bunday tizimlarni ishlab chiqqan kompaniyalar orasida Microsoft, Apple, ByteDance va Googlebor. 2025-yil noyabrida Microsoft fon vazifalarini bajaradigan, shuningdek, shaxsiy fayllarni o‘qish va yozish imkoniyatiga ega SI agentlari kiritilgan Windows 11 sinov versiyasini chiqardi. 2025-yil dekabrida ByteDance Doubaonomli SI agentini chiqardi. Uni smartfonlarning operatsion tizimlariga, xususan, Nubia M153 modeliga (ishlab chiqaruvchisi — ZTE) integratsiya qilish mumkin. Xitoyning ayrim ilovalari, jumladan, WeChat, Alipay, Taobao, Pinduoduo, Ele.me va mahalliy banklar xizmatlarida maxfiylik hamda xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sababli ushbu agentning ishlashi bloklandi yoki cheklandi.
Veb-sahifalarni ko‘rish
Ichiga SI agentlari o‘rnatilgan brauzerlar mavjud. Bunday brauzerlar ba’zan agentli brauzerlardeb ataladi. Bu turdagi agentlar foydalanuvchi nomidan brauzerda vazifalar va amallarni bajara oladi.
2025-yilda Microsoft NLWeb[inglizcha] tizimini taqdim etdi. U an’anaviy veb-qidiruvning o‘rnini bosishga mo‘ljallangan bo‘lib, saytlarga boshqa resurslardan kontent so‘rash uchun agentlardan foydalanish imkonini beradi. Bunda RSS interfeyslari qo‘llanadi; ular semantik qidiruv va ma’noga asoslangan axborot ajratib olishni ta’minlaydi. Chiqarilganidan bir necha hafta o‘tib, NLWeb xavfsizlikka tahdid tug‘dirishi va foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlar uchinchi tomon serverlariga uzatilishiga sabab bo‘lishi aniqlandi.
Marketing va reklamada qo‘llanishi
2026-yilda IAB[inglizcha] tashkilotining texnologik bo‘linmasi Agentic Advertising Management Protocols (AAMP) protokollarini e’lon qildi. Bu xaridor va sotuvchilar nomidan reklama joylarini topish, muzokara olib borish va reklama joylashtirish bo‘yicha bitimlar tuzadigan agentlar uchun ochiq tizimdir.
Bu xususiyat ularni, masalan, Google Ads tizimidagi Smart Bidding va Meta Advantage+[inglizcha]kabi birgina reklama platformasi ichida reklamalar namoyishini optimallashtiradigan xizmatlardan farqlaydi. Turli kanallarda ishlovchi agentlar esa, odatda, inson ishtirokida turli media kanallar o‘rtasida budjetni qanday taqsimlashni tavsiya qiladi.
Afzalliklari
SI agentlari insonni takroriy ishlardan ozod qilib, shaxsiy unumdorlikni oshiradigan vosita sifatida ko‘riladi. Biroq Bloomberg maqolalaridan biriga ko‘ra, agentlar xavfi past, tor doiradagi va muntazam takrorlanadigan vazifalarni bajarishga eng mos keladi. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, SI agentlari imkoniyati cheklangan insonlarga veb-ilovalardan foydalanishda yordam berishi mumkin. Hugging Face mutaxassislari esa tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etishda ulardan real vaqt rejimidagi ma’lumotlarni muvofiqlashtirish uchun foydalanishni taklif qilmoqda. BBC dasturchi mutaxassislari tajribalar davomida agentlar oldiga qo‘yilgan maqsad aniq belgilab berilmagan holatlarda eng ko‘p foyda keltirishini aniqlagan.
Xavf-xatarlar va tahdidlar
Tadqiqotchilar fikricha, SI agentlarini joriy qilish nafaqat foyda keltiradi, balki kiberjinoyatchilikxavfini sezilarli oshiradi hamda axloq va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni yuzaga chiqaradi[inglizcha].
Boshqa muammolar qatoriga ma’lumotlar maxfiyligi, «rag‘bat tizimini aldash[inglizcha]», algoritmik tarafkashlik[inglizcha], dasturiy xatolarning to‘planishi, agentlarning qaror qabul qilish[inglizcha] jarayonidagi shaffoflik yetishmasligi, xavfsizlik tizimidagi zaifliklar , ishchilarning o‘rnini bosish va ishdan bo‘shatilishi[inglizcha], shuningdek, foydalanuvchilarni manipulyatsiya qilish va zararli axborot tarqatish xavfi kiradi.
SI agentlari internet trafigigasalbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, elektr energiyasini ko‘p iste’mol qilgani sababli atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin.
Nvidia rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda SI agentlariga eng katta LLM’larga qaraganda 100 baravar ko‘proq hisoblash quvvati talab etiladi.
Tadqiqotni o‘tkazgan Karnegi Mellon universitetiolimlarining ma’lumotlariga ko‘ra, SI agentlarining hech biri topshirilgan vazifalarning yarmidan ko‘pini bajara olmagan. Boshqa tadqiqotchilar Divine AI agentlariga ofis va frilans ishlarini topshirganida ham shunga o‘xshash natijalarni olgan.
2025-yil iyunida CNN vakillari rahbarlarning xodimlarni sun’iy intellekt bilan almashtirish haqidagi gaplari «ishdan ayrilish qo‘rquvini uyg‘otib, xodimlarni yanada qattiqroq ishlashga majburlash» uchun ishlatilgan hiyla, xolos, deb ta’kidladi.
Ayrim yuqori texnologiyali kompaniyalarda xodimlar SI agentlaridan kundalik ishlarida foydalanishga da’vat etiladi. Coinbasekompaniyasida esa bu tavsiyaga amal qilmagan bir necha kishi hatto ishdan bo‘shatilgan. Boshqa tashkilotlarda rahbariyat tajriba tariqasida ayrim xodimlarni agentlar bilan almashtirishga qaror qilgan, ammo keyinchalik agentlarni oddiy xodimlarga qaraganda tez-tez nazorat qilishga to‘g‘ri kelishini qayd etgan.
2025-yilda Salesforce kabi yirik texnologiya kompaniyalari, Klarna va IBMmijozlarga xizmat ko‘rsatish sohasida ishlagan yuzlab xodimlarini SI agentlari bilan almashtirdi. Ammo keyinchalik Klarna ayrim xodimlarni ishga qaytardi.
2025-yil martida Scale AI kompaniyasi AQSH Mudofaa vazirligi bilan, Anduril Industries va Microsoft hamkorligida, harbiylarga tezkor qarorlar qabul qilishda yordam beradigan SI agentlarini joriy etish bo‘yicha shartnoma tuzdi.
Shuningdek, agentlarning kontent joylashtirish va o‘zlari joylashtirgan kontent bilan ham o‘zaro aloqaga kirisha olish qobiliyati ularni o‘lik internet nazariyasi bilan bog‘lashga sabab bo‘lmoqda.
Agentlarning kamchiliklaridan biri — ularning cheksiz sikllarda qolib ketishidir.
Tadqiqot kompaniyasi Gartner 2025-yil iyunidagi hisobotida SI agentlari sifatida taqdim etilgan ko‘plab loyihalar aslida ilgari chiqarilgan mahsulotlarning yangi nom ostida sotilgan variantlari ekanini qayd etgan. Bu hodisa «agentli nom bilan niqoblash» deb atalgan.
Agentlardan foydalanishning yana bir xavfi shundaki, ular o‘z faoliyati izlarini yashirishi mumkin. Masalan, vayb-koding bo‘yicha tajribalardan birida Replit kompaniyasining SI agenti amalda ishlayotgan ma’lumotlar bazasini o‘chirib tashlagan, xatolar va nosozliklarni soxta ma’lumotlar hamda hisobotlar yaratib «yashirgan», shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumotlar bergan.