| Sargasso dengizi | |
|---|---|
| Xususiyatlari | |
| Maydoni | 6—7 mln km² |
| Eng katta chuqurligi | 6995 m |
| Joylashuvi | |
| 28°20′08″ sh. k. 66°10′30″ gʻ. u.HGYaO | |
Sargasso dengizi — antisiklonik suv aylanishi kuzatiladigan Atlantika okeanining oqimlar bilan chegaralangan hududi: gʻarbda — Golfstrim oqimi, shimolda — Shimoliy Atlantika oqimi, sharqda — Kanar oqimi, janubda — Shimoliy passat oqimi.
Geografiyasi

23—35° shimoliy kenglik va 30—68° gʻarbiy uzunlik oraligʻida joylashgan. Hududning maydoni 6—7 mln km² (oqimlarning joylashuviga bogʻliq). Qirgʻoqlardan ancha uzoqda joylashgan. Shimoli-gʻarbiy qismida vulqon kelib chiqishiga ega Bermuda orollari joylashgan. Suv yuzasining harorati qishda 18—23 °C, yozda 26—28 °C. Shoʻrlanish darajasi 36,5—37 ‰. Dengiz tubining katta qismi Shimoliy Amerika botigʻida joylashgan boʻlib, chuqurligi 6000 metrdan ortadi; eng katta chuqurligi — 6995 m.
Suv yuzasida suzib yuruvchi qoʻngʻir suvoʻt — sargassumning katta toʻplamlari uchraydi. Dengizdagi ushbu suvoʻt zaxirasi 4—11 mln tonna deb baholanadi. Ularning koʻpligi Sargasso dengizida yuzaki oqimlar tutashadigan hudud mavjudligi bilan bogʻliq. Bu yerda turli xil koʻplab hayvonlar yashaydi: ayrimlari erkin suzadi (skumbriyasimonlar, uchar baliqlar, dengiz ignabaliqlari, qisqichbaqalar, dengiz toshbaqalari va boshqalar), ayrimlari esa suvoʻtlarga yopishib yashaydi (aktiniyalar, mshankalar (Bryozoa) va boshqalar).
Sargasso dengizida Yevropa ilonbaligʻi uvildiriq tashlaydi. Buning uchun u Atlantika okeanidan sakkiz ming kilometr masofani suzib oʻtadi. Shundan keyin ilonbaliq nobud boʻladi, tuxumdan chiqqan lichinkalar esa Golfstrim oqimining iliq suvlari taʼsirida Yevropagacha yetib boradi.
Dengiz tubi qizil gil va loyqa choʻkindilar bilan qoplangan. Suvning oʻziga xos aylanishi tufayli dengiz yuzasi okean sathidan deyarli 1 metr yuqorida turadi. Bu dunyoda qattiq qirgʻoqlarga ega boʻlmagan yagona dengiz boʻlib, faqat oqimlar bilan chegaralanadi. Sargasso dengizini ilk bor koʻrgan yevropaliklar — Xristofor Kolumbning dengizchilari.
Sargasso dengizida 0,5 sm gacha boʻlgan zarrachalardan tarkib topgan juda koʻp plastik chiqindi mavjud.
Madaniyatda
Sargasso dengizida kechadigan voqealar tasvirlangan asar — Aleksandr Belyayevning «Halokatga uchragan kemalar oroli» (1926-yil).
Havolalar
- Sargassum suvoʻtlari ilk bor kosmosdan suratga olindi. www.membrana.ru. Murojaat qilingan sana: 24-fevral 2019-yil.
- Atlantika okeani dengizlari. naturewonders.chat.ru. Murojaat qilingan sana: 24-fevral 2019-yil.
- Sargasso dengizi // Brokgauz va Yefron ensiklopedik lugʻati : 86 jild (82 jild va 4 qoʻshimcha). — Sankt-Peterburg, 1890—1907.
- Britannica. Sargasso dengizi