

Relyef (frans. relief, lot. relevo «ko‘taraman») — tekislikda bo‘rtib chiqqan yoki ko‘tarilgan narsa; yuza (hudud)ning shakli va ko‘rinishi, shuningdek, Yerning qattiq yuzasi (masalan, Yer po‘sti) hamda boshqa qattiq sayyora jismlarining shakli, o‘lchami, kelib chiqishi, yoshi va rivojlanish tarixi jihatidan turlicha bo‘lgan notekisliklari majmuidir.
Relyef musbat va manfiy shakllardan tashkil topadi. Relyef geomorfologiyaning o‘rganish obyekti va geografik qobiqning eng muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Birinchidan, relyef tabiiy hududiy komplekslar (THK) uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ikkinchidan, relyef Yer yuzasi bo‘ylab namlik va issiqlikni (yaʼni modda va energiyani) qayta taqsimlaydi.
Relyef hosil qiluvchi jarayonlar
Relyef asosan Yer yuzasiga uzoq vaqt davomida bir vaqtning o‘zida taʼsir ko‘rsatadigan endogen (ichki) va ekzogen (tashqi) jarayonlar natijasida shakllanadi va rivojlanadi. Relyefni shakllantiradigan jarayonlar relyef hosil qiluvchi omillar deb ataladi (denudatsiya yoki akkumulyatsiya).
Geomorfologiya o‘zaro bog‘liq jarayonlarni, jumladan, Quyosh energiyasining taʼsirini, suv aylanishi tezligini va tektonik plitalar harakati tezligini miqdoriy tahlil qilishga eʼtibor qaratadi. Bu tahlil relyefning alohida shakllari yoshini va ularning kelajakda qanday rivojlanishi mumkinligini hisoblashga yordam beradi. Aniq hisoblash texnologiyalari eroziya kabi jarayonlarni bevosita kuzatish imkonini beradi; ilgari esa ular haqidagi xulosalar taxmin va farazlarga asoslanardi. Kompyuterda modellashtirish ham haqiqiy hududga o‘xshash xususiyatlarga ega muayyan hudud modelini sinashda juda foydalidir.
Relyef darajalari
Geomorfologiyada relyefning uch darajasi farqlanadi:
- Relyef elementlari;
- Relyef shakllari;
- Relyef komplekslari.
Relyef elementlari
Relyef elementlari — relyefning eng sodda tarkibiy qismlari: nuqtalar, chiziqlar va yuzalardir. Relyef yuzalari yoki qirralari birinchi turdagi elementlarga, nuqta va chiziqlar esa ikkinchi turdagi elementlarga kiradi. Ikkinchi turdagi elementlar birinchi turdagi ikki elementning kesishishidan (chiziqlar) yoki undan ko‘proq elementning kesishishidan (nuqtalar) hosil bo‘ladi.
Shakliga ko‘ra birinchi turdagi relyef elementlari tekis, qavariq, botiq va aralash (qavariq-botiq, botiq-qavariq, to‘lqinsimon, pog‘onali va boshqalar) bo‘lishi mumkin. Tikligiga (qiyaligiga) ko‘ra birinchi turdagi elementlarning gorizontal (0°, Yer quruqligining 5 % qismi), subgorizontal (0° dan katta, 2° gacha, Yer quruqligining 15 % qismi) hamda qiyaliklar (2° dan katta, Yer quruqligining 80 % qismi) kabi turlari farqlanadi.
Relyef chiziqlari yoki qirralari qarama-qarshi tomonga pasayuvchi yuzalarni (talveg, suvayirg‘ich) yoxud bir tomonga pasayuvchi, lekin tikligi turlicha bo‘lgan yuzalarni (qiyalikning yuqori qirrasi (brovka), orqa tutashuv chizig‘i (тыловой шов) (qiyalik tagi, etagi)) ajratib turadi.
Relyef nuqtalariga tog‘ cho‘qqilari va konussimon voronkalarning tubi kiradi.
Relyef shakllari
Batafsil qarang: Relyef shakli
Relyef shakli — Yer yuzasidagi muayyan notekislik bo‘lib, u relyef elementlari yoki yanada sodda relyef shakllaridan tarkib topgan uch o‘lchamli jismning sirtini tashkil etadi. Relyef shakllari oddiy va murakkab, musbat va manfiy, ochiq va yopiq bo‘lishi mumkin.
Relyef komplekslari: «Relyef kompleksi» — biror belgisi, masalan, tashqi ko‘rinishi (morfologiyasi), kelib chiqishi yoki yoshi jihatidan o‘xshash relyef shakllari majmui.
Relyefning yoshi
Geomorfologiyaning eng muhim vazifalaridan biri relyefning yoshini aniqlashdir. Relyefning yoshi — notekislikni shakllantirib, unga asosiy xususiyatlarini bergan relyef hosil qiluvchi omil faoliyat ko‘rsatgan vaqt (yoki o‘sha davrdan buyon o‘tgan vaqt)dir. Geomorfologiyada ham, geologiyada ham mutlaq va nisbiy yosh tushunchalaridan foydalaniladi.
Nisbiy yoshga bir necha jihatdan yondashish mumkin. V. Devis relyefning rivojlanishini bosqichma-bosqich kechadigan jarayon deb hisoblagan, chunki relyefning har bir shaklida boshlang‘ich, yoshlik, yetuklik va qarilik (juda eskirish) bosqichlarini ajratish mumkin. Boshqa yondashuvda esa yosh relyefning boshqa shakllari bilan solishtirish orqali aniqlanadi. Bunda «yoshroq», «kattaroq» («qadimiyroq») atamalari ishlatiladi. Nisbiy yoshni aniqlash uchun geoxronologik shkaladan ham foydalanish mumkin.
Relyefning mutlaq yoshi yillar bilan aniqlanadi. Bunga radioizotop usuli, paleomagnit usuli kabi zamonaviy sanalash usullarining rivojlanishi imkon berdi.
Relyefni tasvirlash usullari
Yirik masshtabli topografik va sport xaritalarida relyef izogipslar — gorizontallar, balandlikning sonli belgilari va qo‘shimcha shartli belgilar bilan tasvirlanadi. Kichik masshtabli topografik va tabiiy-geografik xaritalarda relyef ranglar (pog‘onalari aniq yoki xira ajratilgan gipsometrik bo‘yoqlar) va soyalar yordamida ko‘rsatiladi.
Adabiyotlar
- Yer po‘sti relyefi // Brokgauz va Yefron ensiklopedik lug‘ati : 86 jildda (82 jild va 4 qo‘shimcha jild). — Sankt-Peterburg, 1890—1907.
- Relyef // Brokgauz va Yefron kichik ensiklopedik lug‘ati. — 2-nashr, qayta ishlangan va sezilarli darajada to‘ldirilgan. — 1–2-jildlar. — Sankt-Peterburg, 1907—1909.
- Morena relyefi // Katta sovet ensiklopediyasi : 66 jildda (65 jild va 1 qo‘shimcha jild) / bosh muharrir O. Yu. Shmidt. — Moskva : Sovet ensiklopediyasi, 1926—1947.
- Gipsometriya // Katta sovet ensiklopediyasi : 66 jildda (65 jild va 1 qo‘shimcha jild) / bosh muharrir O. Yu. Shmidt. — Moskva : Sovet ensiklopediyasi, 1926—1947.
- Fizik geografiya atamalarining to‘rt tilli ensiklopedik lug‘ati: ruscha–inglizcha–nemischa–fransuzcha / Tuzuvchi: professor I. S. Shchukin; professor A. I. Spiridonov tahriri ostida. — Moskva: Sovet ensiklopediyasi, 1980. — 704 bet — 55 000 nusxa (muqovali)
- Shebalin D. V. Relyef va uning tasvirlanishi // Harbiy topografiya: o‘quv qo‘llanma. — 9-nashr, qayta ishlangan. — Moskva: Voyenizdat, 1942. — B. 46—68.
- Richagov G. I. Umumiy geomorfologiya. — Moskva: MDU nashriyoti, Nauka, 2006. — 416 bet — (Klassik universitet darsligi). — 3000 nusxa — ISBN 5-211-04937-3, ISBN 5-02-034256-4. (muqovali)