RAG — qidiruv asosida javob yaratish

Qidiruv orqali boyitilgan generatsiya (ingl. Retrieval-Augmented Generation, RAG) — bu javobni yaratishda yirik til modeli (LLM) tashqi manbalardan (internet, korporativ ma’lumotlar bazalari va ma’lumotnomalar, fayllar hamda boshqa manbalardan) qidiruv orqali olingan axborotdan foydalanadigan yondashuvdir. Mazkur axborot modelning o‘quv ma’lumotlari to‘plamini to‘ldiradi. RAG tizimi ikki asosiy bosqichda ishlaydi: dastlab foydalanuvchi so‘rovi asosida tashqi bilimlar bazasidan tegishli hujjatlar yoki ularning qismlari topiladi, so‘ng olingan ma’lumotlar ulardan qanday foydalanish kerakligini ko‘rsatadigan maxsus ko‘rsatmalar bilan birga yakuniy javobni yaratish uchun til modelining kontekstiga kiritiladi. Ko‘rsatmalarga qarab yaratilgan javobda dastlabki hujjatlardan iqtiboslar yoki ularga havolalar berilishi mumkin. Bu axborotni tekshirish imkonini yaratib, shaffoflikni va foydalanuvchi ishonchini oshiradi. RAG yirik til modellariga xos ma’lumotlarning eskirishi, noaniqliklar va gallyutsinatsiyalar.

kabi cheklovlarni kamaytirishga yordam beradi. RAG’ning asosiy afzalligi shundaki, bu arxitektura modeli yirik til modelining bilimlar bazasini amalda cheksiz hajmgacha (internet miqyosigacha) kengaytiradi, modelni qayta o‘qitmasdan ixtisoslashgan bilimlar bazalari yoki korporativ ma’lumotlarga tezkor kirish imkonini beradi. RAG an’anaviy axborot qidirish tizimlarining (qidiruv tizimlari va ma’lumotlar bazalarini boshqarish tizimlari) kuchli tomonlarini yirik til modellarining imkoniyatlari bilan birlashtiradi.

Yirik til modellari paydo bo‘lgach, RAG bo‘yicha dastlabki tadqiqotlar ularning berilgan kontekstda o‘rganish qobiliyatidan foydalanishga, asosan javobni hisoblab chiqarish bosqichiga qaratildi. Keyingi tadqiqotlarda tahlil chuqurlashtirilib, RAG usullari asta-sekin yirik til modellarini nozik sozlash jarayoniga ham kiritildi. Olimlar, shuningdek, til modellarini dastlabki o‘qitish bosqichidayoq takomillashtirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

RAG paradigmalari

Qidiruv orqali boyitilgan generatsiya usullarining rivojlanishi indekslash, ma’lumotni topish va javob yaratishning oddiy ketma-ketligiga asoslangan Naive RAG paradigmasidan boshlanadi. Advanced RAG paradigmasi kontekstning sifati va dolzarbligini oshirish uchun topilgan axborotni qidiruvdan oldin ham, keyin ham qayta ishlash bosqichlarini joriy etadi. Zamonaviy Modular RAG paradigmasi esa yangi funksional modullarni birlashtirish, tarkibiy qismlar o‘rtasidagi o‘zaro ishlash usullarini o‘zgartirish va RAG’ni nozik sozlash kabi boshqa usullar bilan qo‘shish imkonini beruvchi moslashuvchan arxitekturadir. Bu tashqi bilim manbalari bilan ishlaydigan generativ modellarning aniqligi, ishonchliligi va universalligini yanada oshirish istiqbolini yaratadi.

Asosiy yondashuv (Naive RAG)

Qidiruv orqali boyitilgan generatsiyaning asosiy yondashuvi RAG paradigmasining dastlabki va eng sodda ko‘rinishidir. U ma’lumotni ketma-ket qidirib topish (Retrieve) va shundan so‘ng unga asoslanib matn yaratish tamoyili bo‘yicha ishlaydi. Uchta asosiy funksional bosqichdan iborat:

  • Indekslash (Indexing): Bu bosqichda tashqi bilimlar bazasi tayyorlanadi. Turli formatdagi dastlabki ma’lumotlar tozalanadi va ulardan matn ajratib olinadi. Olingan matn axborot bloklariga (chunk) bo‘linadi. Har bir blok oldindan o‘qitilgan embedding modeli yordamida vektorli ifodaga (embedding) aylantiriladi. Yaratilgan vektorlar tegishli matn parchalari bilan birga o‘xshashlik bo‘yicha qidirishga moslashtirilgan maxsus vektorli ma’lumotlar bazasida indekslanadi va saqlanadi.
  • Qidirib topish (Retrieval): Foydalanuvchi so‘rovi kelib tushganda, u indekslash bosqichida ishlatilgan embedding modeli yordamida vektorga aylantiriladi. Keyin tizim vektorli ma’lumotlar bazasida so‘rov vektori va indekslangan bloklar vektorlari orasidagi o‘xshashlik o‘lchovini (masalan, kosinus masofasi yoki skalyar ko‘paytmani) hisoblab, qidiruvni amalga oshiradi. So‘rovga eng yuqori o‘xshashlik ko‘rsatkichiga ega, oldindan belgilangan sondagi (K) eng mos bloklar olinadi.
  • Generatsiya (Generation): Yakuniy bosqichda yirik til modeli uchun kirish konteksti (prompt) shakllantiriladi. Bu prompt odatda foydalanuvchining dastlabki so‘rovi va oldingi bosqichda topilgan K ta blokning matnidan iborat bo‘ladi. LLM promptni qayta ishlab, yakuniy javobni yaratadi. Generatsiya davomida model taqdim etilgan kontekstdagi axborotdan ham, o‘zining ichki parametrik bilimlaridan ham foydalanishi mumkin. Yoki unga faqat topilgan ma’lumotlarga qat’iy tayanish ko‘rsatmasi berilishi mumkin.

Sodda bo‘lishiga qaramay, Naive RAG bir qator cheklovlarga ega:

  • Ma’lumot qidirish bosqichidagi muammolar: qidiruv sifati yetarli bo‘lmasligi natijasida aniqlik pasayishi (mavzuga aloqasiz parchalar olinishi) yoki qamrov to‘liqligi kamayishi (tegishli parchalar topilmay qolishi) mumkin.
  • Generatsiya bosqichidagi muammolar: fakt jihatidan noto‘g‘ri fikrlar («gallyutsinatsiyalar») yaratilishi mumkin, ayniqsa topilgan kontekst yetarli bo‘lmasa, o‘zaro zid bo‘lsa yoki model o‘zining ichki bilimlariga haddan tashqari tayansa.
  • Kontekstni birlashtirish: bir nechta topilgan parchadagi ma’lumotlarni samarali va izchil birlashtirish qiyinlashishi mumkin. Natijada yaratilgan javobda ortiqcha ma’lumotlar, takrorlar yoki mantiqiy uzilishlar yuzaga kelishi ehtimoli bor.

Advanced RAG

Advanced RAG asosiy RAG yechimlariga xos kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan. Uning asosiy farqi, avvalo, axborot qidirish (retrieval) bosqichining sifati va natijalar mosligini oshiruvchi usullardan foydalanishidadir. Bu takomillashtirishlar axborotni qidirishdan oldingi ishlov (pre-retrieval) va qidirishdan keyingi ishlov (post-retrieval) jarayonlarini qamrab oladi.

Qidiruvdan oldingi ishlov bosqichi (Pre-retrieval) ikki asosiy tarkibiy qismni — ma’lumotlar indeksini va foydalanuvchi so‘rovini optimallashtirishni o‘z ichiga oladi. Indekslashni optimallashtirish uchun quyidagi usullar qo‘llanadi:

  • Ma’lumotlarni sirpanuvchi oyna usuli bilan bloklarga ajratish (sliding window chunking).
  • Yanada mayda bo‘laklarga ajratish (fine-grained segmentation).
  • Indekslashda metama’lumotlarni kiritish va ulardan foydalanish.
  • Vektorli ifodalarni o‘zaro moslashtirishni optimallashtirish (embedding alignment).
  • Turli qidiruv usullarini (masalan, semantik va leksik qidiruvni) birlashtiruvchi gibrid qidiruvdan (hybrid search) foydalanish.

So‘rovni optimallashtirish uni qayta ifodalash (query rewriting), o‘zgartirish (query transformation) va kengaytirish (query expansion) usullari orqali so‘rovning axborotga boyligi hamda aniqligini oshirishga qaratilgan.

Qidiruvdan keyingi ishlov bosqichi (Post-retrieval) ehtimoliy mos kontekst parchalari to‘plami topilgandan so‘ng boshlanadi. Uning vazifasi generativ til modeliga uzatishdan oldin mazkur kontekstni dastlabki so‘rov bilan samarali birlashtirishdir. Qidiruvdan keyingi ishlovning asosiy usullari quyidagilar:

  • Qayta tartiblash (Re-ranking): Topilgan parchalar generatsiyaga ko‘proq ta’sir qilishi uchun ularning tartibini o‘zgartirish. Bunda eng mos parchalar ko‘pincha promptning muhim joylariga, masalan, boshiga yoki oxiriga joylashtiriladi.
  • Kontekstni siqish (Context Compression): Topilgan parchalardan eng muhim axborotni ajratib olib, uzatiladigan kontekstning umumiy hajmini kamaytirishga qaratilgan usullar. Bu modelning kontekst oynasi chegarasidan oshib ketmaslikka va ortiqcha axborot yuklamasi xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Advanced RAG doirasida qidiruvdan oldingi va keyingi ishlov strategiyalarini birlashtirish generativ til modellarini axborot bilan ta’minlashdagi murakkabliklarni chuqurroq tushunishni ko‘rsatadi. Bunday yondashuv RAG tizimi yuqori samaradorlikka erishishi uchun topilgan ma’lumotlarning sifati ham, ularning modelga samarali taqdim etilishi ham nihoyatda muhimligini e’tirof etadi.

Modular RAG

Modular RAG — RAG tarkibiy qismlarini takomillashtirishning turli strategiyalarini qo‘llash hisobiga yuqori moslashuvchanlik va universallikni ta’minlaydigan eng rivojlangan RAG paradigmasi. U Naive RAG va Advanced RAG tamoyillariga asoslanadi, biroq maxsus modullar va ular o‘rtasidagi o‘zaro ishlash sxemalarini joriy etadi.

Modullar:

  • Qidiruv moduli (Search module): Turli ma’lumot manbalaridan axborotni bevosita qidirishni ta’minlaydi.
  • RAG-Fusion: Qidiruv samaradorligini oshirish uchun bir nechta so‘rovdan foydalanish strategiyalarini qo‘llaydi.
  • Xotira moduli (Memory module): Kontekstni yaxshiroq hisobga olish uchun yirik til modelining (LLM) xotira imkoniyatlaridan foydalanadi.
  • Yo‘naltirish moduli (Routing): Turli ma’lumot manbalari orasida yo‘nalishni belgilaydi va tizimga muayyan so‘rov uchun eng mos manbani tanlash imkonini beradi.
  • Bashorat moduli (Predict module): LLM yordamida kontekst yaratadi; undan keyinchalik qidiruv yoki generatsiya jarayonida foydalanish mumkin.
  • Vazifalarga moslashtirish moduli (Task Adapter module): RAG tizimini turli keyingi bosqich vazifalarini (downstream tasks) bajarishga moslash va muayyan ilovalarda samaradorligini oshirish imkonini beradi.

O‘zaro ishlash sxemalari

  • Rewrite-Retrieve-Read: Moslikni oshirish uchun qidiruvdan oldin so‘rovni qayta yozish.
  • Generate-Read: Taxminiy javob yoki hujjat yaratish, so‘ng undan qo‘shimcha axborot qidirishda foydalanish.
  • Recite-Read: Muayyan faktlar yoki matn parchalarini ajratib olish, so‘ng ulardan batafsilroq axborot qidirishda foydalanish.
  • Gibrid qidiruv strategiyalari: Axborotni qidirib topishning aniqligi va qamrovini oshirish uchun turli qidiruv usullarini (masalan, semantik va to‘liq matnli qidiruvni) birlashtirish.
  • Kichik so‘rovlar (Sub-queries): Murakkab so‘rovni bir nechta soddaroq kichik so‘rovga ajratish va keyin ularning natijalarini birlashtirish.
  • Taxminiy hujjatlarning vektorli ifodalari (Hypothetical Document Embeddings, HyDE): So‘rov asosida LLM yordamida taxminiy hujjat yaratish va keyin tegishli axborotni topish uchun shu hujjatning vektorli ifodasidan foydalanish.

Moslashuvchan boshqaruv: Modular RAG FLARE va Self-RAG kabi moslashuvchan usullar yordamida qidiruv va generatsiya jarayonlarini moslashuvchan boshqarishni ta’minlaydi. Bu usullar tizimga generatsiyaning turli bosqichlarida qo‘shimcha ma’lumot qidirish zarurligini mustaqil aniqlash imkonini beradi. Natijada jarayon samaraliroq bo‘ladi va kontekstga yaxshiroq moslashadi.

RAG afzalliklari

RAG’dan foydalanish yirik til modellari ishini yaxshilash uchun bir qator muhim afzalliklar beradi.

Aniqlik va ishonchlilikning oshishi: RAG yirik til modellariga eng dolzarb va ishonchli faktlardan foydalanish imkonini beradi, bu esa noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumot yaratilishi ehtimolini sezilarli kamaytiradi. Javoblarni tashqi, tekshirilgan axborot manbalari bilan asoslash orqali RAG modelning imkon qadar aniq ma’lumotlarga tayanishini ta’minlaydi.

Gallyutsinatsiyalarning kamayishi: RAG’ning asosiy afzalliklaridan biri «gallyutsinatsiyalar», ya’ni yirik til modellari tomonidan o‘ylab topilgan yoki noaniq axborot yaratilishi xavfini kamaytirishidir. Modelga qidiruv orqali olingan aniq faktlarni taqdim etish tufayli RAG haqiqiy ma’lumotlarga asoslanmagan javoblar yaratilishi ehtimolini sezilarli pasaytiradi.

Javoblarning kontekstga mosligi yaxshilanishi: RAG yirik til modellariga real vaqt rejimida yangi axborotdan foydalanish imkonini beradi va ularni o‘qitishda ishlatilgan ma’lumotlarning muayyan sana bilan cheklanishidan kelib chiqadigan kamchiliklarni bartaraf etadi. Bu modellarga mavjud eng so‘nggi axborotga asoslangan javoblar berish imkonini yaratadi, bu esa tez o‘zgaruvchi sohalarda ayniqsa muhimdir.

Foydalanuvchilar ishonchining ortishi: RAG javob tayyorlashda ishlatilgan axborot manbalarini ko‘rsatish orqali foydalanuvchilarning yaratilgan kontentga ishonchini oshiradi. Manbalarni tekshirish imkoniyati foydalanuvchilarga olingan ma’lumotlarning ishonchliligiga ishonch hosil qilishga yordam beradi.

Iqtisodiy samaradorlik: Yirik til modelini yangi ma’lumotlar bilan qo‘shimcha o‘qitishni talab qiladigan nozik sozlashdan farqli ravishda, RAG qimmat va katta resurs talab qiladigan bu jarayonsiz ishlash imkonini beradi. RAG modellarning yangi ma’lumotlar va bilim sohalariga moslashuvini tejamkorroq yo‘l bilan ta’minlaydi.

Turli modellar, agentlar va chat-botlar bilan integratsiya: RAG istalgan yirik til modeli bilan birlashtirilishi mumkin va faqat bitta model ishlab chiqaruvchisiga bog‘liq emas. U chat-botlar va suhbatlashuvchi agentlarni ham o‘z ichiga olgan LLM ilovalariga integratsiya qilinib, ularga tashqi, yangi, maxfiy yoki ixtisoslashgan ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradi.

RAG muammolari va cheklovlari

Ko‘plab afzalliklariga qaramay, yirik til modellarida RAG’dan foydalanish ayrim muammolar va cheklovlarni keltirib chiqarishi mumkin.

  • Ma’lumotlarni qidirib topish aniqligi: Tizim to‘g‘ri javobni o‘z ichiga olmagan hujjatlarni topib kelsa, bunday nomos qidiruv LLM javobi sifatini yomonlashtirishi mumkin. Ayniqsa ikki xil talqin qilinadigan yoki tor ixtisoslashgan sohalarga oid so‘rovlarda eng mos va dolzarb hujjatlarni topishni ta’minlash murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda.
  • Oldindan qayta ishlangan ma’lumotlarga ehtiyoj: RAG oldindan qayta ishlangan katta ma’lumotlar bazasi mavjud bo‘lishini talab qiladi, uni yaratish va saqlash esa katta xarajatga aylanishi mumkin.
  • Kechikishning ortishi: RAG jarayoniga qo‘shiladigan qo‘shimcha bosqichlar, odatda, javob yaratishdagi kechikishni oshiradi.
  • Kontekst hajmining cheklanganligi: Ma’lumotlarning dinamik ravishda qidirib olinishi promptdagi tokenlar sonini ko‘paytiradi. Bu kontekst oynasining hajmi va modelning katta kontekst bilan ishlash qobiliyati cheklangan sharoitda yirik hujjatlar bilan ishlashni qiyinlashtirishi mumkin. Kontekst uzunligi cheklangani sababli RAG tizimi butun hujjatlar o‘rniga faqat eng mos qismlarni ajratib olishga majbur bo‘ladi; natijada muhim ma’lumotlarni o‘tkazib yuborish ehtimoli ortadi.
  • Inferens xarajati: Pulli LLM’lardan API xizmatlari orqali foydalanilganda, RAG qo‘shimcha axborot sabab prompt hajmini oshiradi va inferens (modelning javobni hisoblab chiqarish jarayoni) xarajatini bir necha barobar ko‘paytirishi mumkin. RAG tizimi topgan axborot qanchalik kam mos bo‘lsa, bu muammo shunchalik kuchayadi.
  • Ma’lumotlar sifatiga bog‘liqlik: RAG turli ma’lumot manbalarini birlashtirish va axborotning dolzarbligini saqlashda qiyinchiliklarga duch keladi; uning chiqish natijalari esa mavjud bilimlar bazalari sifati bilan cheklanadi.
  • Axborotning eskirib qolish xavfi: Tashqi bilimlar bazasi tegishli tarzda yangilanmasa, RAG eskirgan axborotdan foydalanishi mumkin. Bu aslida RAG tizimi bartaraf etishi kerak bo‘lgan asosiy muammolardan biridir.
  • RAG tizimlari topilgan ma’lumotlar to‘plamlaridagi tizimli tarafkashliklarni takrorlashi mumkin, bu esa xolis bo‘lmagan natijalarga olib keladi. Bunday tarafkashliklarni bartaraf etish doimiy muammo bo‘lib, RAG modellarini ishlab chiqish va o‘qitishda e’tibor talab qiladi.
  • Bilimlar zichligining nomutanosibligi va ortiqcha axborot olish. Ba’zan bilimlarni faqat foydalanuvchi so‘rovi asosida tanlash bilimlar zichligida nomutanosiblikka hamda takroriy axborotning keragidan ortiq olinishi holatiga olib keladi. Bu RAG samaradorligini pasaytiradi.
  • Katta va tez o‘sib borayotgan ma’lumotlar to‘plamlarini qayta ishlash samarali qidiruv algoritmlarini yaratishni talab qiladi. Bu esa RAG tizimlarining miqyoslanuvchanligi va samaradorligi nuqtayi nazaridan jiddiy muammo tug‘diradi. Qidiruv va generatsiya bilan bog‘liq yuqori hisoblash xarajatlari RAG’ni real vaqt rejimida joriy etishni qiyinlashtirishi mumkin.
  • Xavfsizlik. RAG’ning asosiy kamchiliklaridan biri uning tashqi ma’lumot manbalariga bog‘liqligidir. Bu manbalar ma’lumotlarni zaharlash (data poisoning) va zararli ko‘rsatmalarni kiritish (prompt injection) hujumlariga uchrashi mumkin, natijada model yaratadigan axborotni manipulyatsiya qilish xavfi oshadi. Shu bois kompleks xavfsizlik tizimi talab etiladi.

RAG qo‘llanilishi

Yirik til modellarining keng bilimlarini tashqi manbalardagi dolzarb axborot bilan birlashtira olishi tufayli RAG juda ko‘p sohalarda ishlatiladi. Jumladan, savol-javob tizimlari, agentlarga asoslangan RAG freymvorklari yordamida vaqt qatorlarini tahlil qilish, tibbiy tasvirlar va tilni qayta ishlovchi tizimlarda faktlarga moslikni oshirish, huquqiy va siyosiy ilovalarning aniqligini yaxshilash, nutqni avtomatik tanish (ASR) sifatini oshirish hamda axborotga ko‘p tilli kirishni ta’minlashda qo‘llanadi. Shuningdek, LLM-Ref va OpenAI Deep Research kabi xizmatlar orqali ilmiy ishlar yozishga yordam beruvchi vosita sifatida ham foydalaniladi.

Savol-javob va maslahat tizimlari

RAG’ning eng keng tarqalgan qo‘llanilish yo‘nalishlaridan biri — ochiq turdagi savol-javob muloqoti bo‘lib, unda tizimlar tegishli axborotni topib, olingan ma’lumotlar bilan asoslagan holda turli savollarga javob yaratadi. Suhbatga asoslangan sun’iy intellekt sohasida RAG muloqot tizimlarini yaxshilash, izchil va faktlarga asoslangan javoblar berish uchun qo‘llanadi. Bu ayniqsa mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatining chat-botlari uchun foydalidir. RAG’ning iqtiboslar va birlamchi manbalarga havolalar bilan asoslangan javoblar berish qobiliyati foydalanuvchilarning bunday tizimlarga ishonchini oshiradi hamda ular bilan o‘zaro muloqot sifatini yaxshilaydi.

Tibbiyot va huquqshunoslik kabi o‘ta muhim sohalarda RAG katta imkoniyatlarga ega. Tibbiy tashxislash tizimlarida RAG so‘nggi tadqiqotlar yoki muayyan bemorlarga oid ma’lumotlarni izlash va birlashtirish orqali aniq tashxisiy taxminlarni shakllantirishda qo‘llanishi mumkin. Huquqiy maslahat tizimlari esa tegishli sud pretsedentlari yoki qonun hujjatlarini topib, huquqiy jihatdan asoslangan tavsiyalar berish uchun RAG’dan foydalanishi mumkin. Ishlab chiqilgan Tc-Rag tizimi, ya’ni Tyuring bo‘yicha to‘liq RAG (Turing-Complete RAG), tibbiy savol-javob vazifalarida juda yaxshi natijalarni ko‘rsatmoqda. Bu ushbu sohalarda axborotning aniqligi va dolzarbligini ta’minlash uchun RAG naqadar muhimligini ta’kidlaydi.

Shaxsiylashtirilgan tavsiyalar va hujjatlarni qisqacha bayon qilish

RAG shaxsiylashtirilgan tavsiya tizimlarida ham muvaffaqiyatli qo‘llanadi: bunda individual takliflar yaratish uchun foydalanuvchining afzalliklari yoki oldingi o‘zaro munosabatlari tarixi olinadi. Hujjatlarni avtomatik referatlashda RAG topilgan bilimlarga asoslangan qisqa bayonlarni yaratish uchun ishlatiladi. Bu katta hajmdagi matnlardan asosiy ma’lumotlarni tez olish imkonini beradi.

Tijoriy yechimlarga misollar

Perplexity AI — RAG tamoyillariga asoslangan, o‘zini «javoblar tizimi» (ingl. answer engine) sifatida taqdim etuvchi yangi avlod qidiruv tizimidir. Havolalar ro‘yxatini qaytaradigan an’anaviy qidiruv tizimlaridan farqli ravishda, Perplexity AI foydalanuvchining tilida manbalarga iqtiboslar kiritilgan izchil javob yaratadi. Uning texnik asosini bir necha bosqichli RAG jarayoni tashkil etadi: gibrid qidiruv (BM25 + vektorli), ko‘p bosqichli qayta tartiblash va manbalarga qat’iy rioya qilish. Natijada model faqat o‘z parametrik bilimlariga emas, asosan topilgan hujjatlarga tayanadi. Qidiruv infratuzilmasi Vespa AI asosida qurilgan bo‘lib, u real vaqtda indekslashni va yuqori yuklama sharoitida kam kechikishni ta’minlaydi.

Baholash

RAG texnologiyasi orqali tashqi ma’lumotlarni yirik til modellariga birlashtirishda yaratiladigan javoblarning to‘g‘riligiga ta’sir etuvchi bir qator omillar mavjud. Asosiy muammolar quyidagilar: tashqi manbalarda mavzuga mos bo‘lmagan yoki ishonchsiz axborot bo‘lishi; RAG tizimi sifatli va ishonchli ma’lumotlar bazasida ham samarasiz qidiruv o‘tkazishi; LLM generatsiya jarayonining oldindan aytib bo‘lmasligi, ya’ni topilgan hujjatlardagi tegishli ma’lumotlardan izchil va samarali foydalanish kafolatlanmasligi. Shu bois RAG tizimlari ishlash sifatini muntazam o‘lchash usullarini ishlab chiqish va qo‘llash alohida ahamiyatga ega.

RAG’ni tizimli baholash uchun qator benchmark testlar va vositalar ishlab chiqilgan. Ular modellarning ish samaradorligini o‘lchash bilan birga, baholashning turli jihatlari bo‘yicha imkoniyatlarini batafsil tahlil qilishga yordam beruvchi miqdoriy ko‘rsatkichlarni taqdim etadi. Asosiy benchmarklar — RGB, RECALL va CRUD — RAG’ning bazaviy xususiyatlarini tekshirishga yo‘naltirilgan. RAGAS, ARES va TruLens kabi zamonaviy avtomatlashtirilgan vositalar esa sifat baholarini avtomatik qo‘yish uchun LLM’dan foydalanadi.

RAG’ni baholashning zamonaviy usullari uchta asosiy sifat ko‘rsatkichi va to‘rtta muhim qobiliyatga e’tibor qaratadi. Ular birgalikda baholashning ikkita bosh yo‘nalishini — axborotni qidirib topish va javob yaratish sifatini — tavsiflaydi. Kontekstning mosligi va shovqinga chidamlilik ma’lumotlarni qidirib topish sifatini baholashda muhim. Javobning faktlarga sodiqligi, savolga mosligi, javob berishdan bosh tortish, ma’lumotlarni birlashtirish va kontrfaktik barqarorlik esa generatsiya sifatini tavsiflaydi.

Sifat ko‘rsatkichlari

  • Kontekstning mosligi (context relevance) — topilgan kontekstning aniqligi va muayyan mavzuga qanchalik mosligini baholaydi, savolga tegishlilikni ta’minlash hamda keraksiz mazmunni qayta ishlash xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
  • Javobning faktlarga sodiqligi (answer faithfulness) — yaratilgan javobning topilgan kontekstdagi haqiqiy ma’lumotlarga mos bo‘lishini va ularga zid kelmasligini ta’minlaydi.
  • Javobning mosligi (answer relevance) — javob va savol o‘rtasida bevosita bog‘liqlik bo‘lishini talab qiladi.

Tekshiriladigan qobiliyatlar

Shovqinga chidamlilik (noise robustness) — til modellarining (LLM) shovqinli hujjatlardan foydali ma’lumotlarni ajratib olish xususiyatidir. Bunday hujjatlar savol mavzusiga tegishli bo‘lsa-da, javobning o‘zini o‘z ichiga olmaydi (masalan, 2021-yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori haqidagi xabarlar 2022-yilgi mukofot haqida so‘ralganda). LLM aniqligini shovqinning turli darajalarida (foydali axborot bermaydigan hujjatlar ulushida) baholash ikkita asosiy xulosani ko‘rsatadi: 1) RAG shovqinli sharoitda ham modellar javobini sezilarli yaxshilaydi (masalan, ChatGPT o‘rtacha shovqinda 96,33 % aniqlikni saqlaydi); 2) shovqin 80 % dan oshganda samaradorlik tabiiy ravishda pasayadi (ChatGPT — 76 % gacha, ChatGLM2-6B — 57,33 % gacha, p < 0,05). Xatolar tahlilida uchta asosiy sabab aniqlandi: matnda bir-biridan uzoqda joylashgan ma’lumotlarni aniqlashdagi qiyinchiliklar («uzoq masofa»); noaniq deb belgilangan taxminiy ma’lumotlarning ta’siri (masalan, Apple mahsulotlari yoki «Oskar» mukofoti e’lonlaridan oldingi xabarlar); atamalarning semantik yaqinligi tufayli tushunchalarning chalkashishi. RAG samaradorligini oshirish uchun katta hujjatlarni qayta ishlash va tushunchalarning nozik farqlarini ajratish usullarini rivojlantirish zarur.

Javob berishdan bosh tortish (negative rejection) — RAG yetarli yoki zarur axborotni taqdim eta olmaganda, modelning javob yaratishdan tiyilish qobiliyatini baholaydi. Amalda qidiruv tizimlari ko‘pincha javob mavjud bo‘lgan hujjatlarni topa olmaydi. Bunday vaziyatda model so‘rovga javob berishdan bosh tortishi va foydalanuvchini chalg‘ituvchi kontent yaratmasligi muhim. Modellar tahlil qilinayotgan hujjatlardagi to‘liq bo‘lmagan yoki ikki xil talqin qilinadigan ma’lumotlarga asoslanib xulosa chiqarishga moyil. Bu esa yaratilgan fikrlar yetarlicha asoslanmasligiga olib kelishi mumkin. Yana bir keng tarqalgan noaniqlik — foydalanuvchi so‘rovida ham, dastlabki matnlarda ham uchraydigan, ma’no jihatidan yaqin, ammo mazmunan farqli tushunchalarni aralashtirib yuborishdir.

Ma’lumotlarni birlashtirish (information integration) — murakkab savollarga javob topish uchun ko‘plab manbalardagi axborotni birlashtirish qobiliyatini tahlil qiladi. Ko‘p hollarda savolga javob bir nechta hujjatda bo‘lishi mumkin. Masalan, «2022-yilgi US Open turnirida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida kimlar chempion bo‘lgan?» degan savolga javob bo‘lgan ikki chempion turli hujjatlarda tilga olinishi mumkin. Murakkab savollarga yaxshiroq javob berish uchun yirik til modellari (LLM) axborotni birlashtira olishi kerak. Biroq til modellari ko‘pincha ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilmaydi va oldindan aytib bo‘lmaydigan javoblar yaratadi.

Kontrfaktik barqarorlik (counterfactual robustness) — ataylab noto‘g‘ri berilgan ma’lumotlarni aniqlash va e’tiborsiz qoldirish qobiliyatidir. Baholashda LLM’ga olingan ma’lumotlarning ehtimoliy xavflari haqida ogohlantirishlar berilgan vaziyat tekshiriladi. Modellar zarur bilimlarga ega bo‘lsa ham va bunday xavflar to‘g‘risida ogohlantirilsa ham, topilgan axborotga o‘zlaridagi avvalgi bilimlardan ko‘ra ko‘proq ishonishga moyil. RGB benchmarkining sinov to‘plamida model bevosita javob bera oladigan, lekin tashqi hujjatlarda faktik xatolar mavjud bo‘lgan misollar bor. Ko‘rsatkichlar: xatolarni aniqlash darajasi (Error detection rate) va xatolarni tuzatish darajasi (Error correction rate). RGB benchmarki ma’lumotlariga ko‘ra, murakkab savollar shovqin ta’siriga ko‘proq moyil. Shovqin koeffitsiyenti 0,4 bo‘lganda samaradorlik sezilarli pasayadi; sodda muammolarda esa sezilarli pasayish faqat 0,8 koeffitsiyentda kuzatiladi. ChatGLM2-6B xatolari tahlilida axborotni birlashtirishga oid uch turdagi o‘ziga xos xato aniqlandi: noto‘g‘ri birlashtirish xatolari (28 %), e’tibordan chetda qoldirish xatolari (28 %) va nomuvofiqlik xatolari (6 %).

Havolalar