Qayta kristallanish nima

Qayta kristallash — moddani uning eruvchanligi erituvchida haroratga qarab farqlanishiga asoslangan tozalash usulidir (odatda harorat oralig‘i xona haroratidan erituvchining qaynash haroratigacha bo‘ladi, xususan, erituvchi suv bo‘lganda; ayrim hollarda undan ham yuqoriroq haroratlar qo‘llanadi).

Qayta kristallashda moddaning past haroratlarda eruvchanligi past, yuqori haroratlarda esa yuqori bo‘lishi kerak. Qizdirilganda modda eriydi. Zarur bo‘lsa, aralashmalarni faollashtirilgan ko‘mir yordamida adsorbsiyalash, issiq holatda filtrlash (zarur bo‘lsa) va sovitish natijasida o‘ta to‘yingan eritma hosil bo‘ladi. Undan erigan modda cho‘kma holida ajraladi. Aralashmani Bunzen kolbasi hamda voronka (Byuxner) orqali filtrlash yoki sentrifugalash natijasida tozalangan modda olinadi.

Usulning afzalligi — moddani yuqori darajada tozalash imkoniyatidir. Asosiy kamchiligi — qayta kristallash davomida moddaning katta miqdorda yo‘qotilishidir: erigan moddaning bir qismi har doim cho‘kmaga tushmay qoladi, qayta kristallashdagi yo‘qotishlar ko‘pincha 40—50 % ni tashkil etadi.

Erituvchi sifatida suv, sirka kislotasi, etanol (95 %), metanol, atseton, geksan, pentan — sharoitga qarab tanlanadi. Erituvchi suv bo‘lsa, qizdirish suv hammomida amalga oshiriladi. Erituvchining qaynash harorati 130 darajadan past bo‘lsa, o‘ta to‘yingan eritma suvli sovitgich, undan yuqori bo‘lsa, havo sovitgichi yordamida sovitiladi.