O‘simliklar biokimyosi — fitofiziologiyadan ajralib chiqqan fan bo‘lib, o‘simliklar hujayralarining molekulyar tuzilishini va ularda kechadigan kimyoviy jarayonlarni o‘rganadi.
Ushbu fan doirasida fermentlar va xlorofillning kimyoviy tarkibi kashf etilgan. Bu sohaning shakllanishida taniqli rus olimi M. V. Lomonosovning (1711—1765) «modda va harakatning saqlanish qonuni»ni ta’riflagan ishlari hamda fransuz kimyogari A. L. Lavuazyening (1734—1794) «moddaning saqlanish qonuni»ni kashf etgan ishlari asosiy o‘rin tutgan.[manba 2287 kundan beri ko‘rsatilmagan]
O‘simliklarning kimyoviy tarkibi haqidagi dastlabki ma’lumotlar fransuz kimyogari N. Lemeri (1645—1715) qo‘llanmasida e’lon qilingan. U o‘simliklardagi kimyoviy moddalar hayvon organizmlari va jonsiz tabiat obyektlaridagi moddalardan o‘ziga xos xususiyatlari bilan farqlanishini ko‘rsatgan. Keyinchalik, 1801-yilda kimyoviy bilimlar tizimiga bag‘ishlangan 10 jildlik asar fransuz kimyogari A. de Furkrua (1755—1809) tomonidan nashr etilgan. Unda olim ilk bor organik moddalarning o‘simliklarga xos turlarini (shakar, oqsil, o‘simlik kislotalari, kraxmal, bo‘yoq moddalar, mum, smola va boshqalar) alohida ajratib ko‘rsatgan hamda ularning boshqa moddalardan farqli va o‘ziga xos ekanini tasdiqlagan.
Xususan, XIX asr oxiriga kelib, olimlarga o‘simliklarning hayot faoliyatini ta’minlaydigan ko‘plab biokimyoviy jarayonlar ma’lum bo‘ldi. Jumladan, xlorofillning kimyoviy tabiati aniqlandi. XX asr o‘rtalariga kelib, o‘simlik organizmlari tarkibidagi moddalarning asosiy sinflari kashf etilib, tavsiflandi.
Zamonaviy o‘simliklar biokimyosi biosintez jarayonlarini, hujayralardagi oraliq almashinuv mahsulotlarini, moddalar sintezi va parchalanishining turli bosqichlarida fermentlarning vazifasini hamda hujayralardagi energiya almashinuvini tobora chuqurroq o‘rganmoqda. Molekulyar va bioorganik kimyoning yirik yo‘nalishlari shakllandi. Ular o‘simliklar biofizikasi bilan uzviy bog‘liq holda rivojlanmoqda.