

O‘rmonlarning yo‘qolishi — o‘rmon bilan qoplangan yerlarning o‘rmon qoplami bo‘lmagan hududlarga, masalan, dalalar, qishloq xo‘jaligi ekinlari plantatsiyalari, yaylovlar, shaharlar, yalangliklar va boshqa yerlarga aylanish jarayonidir. O‘rmonlar yo‘qolishining asosiy sababi o‘rmon bilan qoplangan hududlardan boshqa maqsadlarda foydalanish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi uchun o‘rmonlarni kesish va yoqish hisoblanadi. O‘rmonlar yo‘qolishining yana bir muhim sababi — o‘rmonlarni kesish va ularni qayta tiklamaslik. Bundan tashqari, o‘rmonlar tabiiy sabablar, masalan, kuchli bo‘ronlar, o‘rmon kasalliklari, iqlim o‘zgarishitufayli ham yo‘q bo‘lishi mumkin, biroq o‘rmonlar yo‘qolishining asosiy sababi — antropogen omilbo‘lib, u kesish va yoqishdan tashqari, masalan, kislotali yomg‘irlarni ham o‘z ichiga oladi. O‘rmon yong‘inlari kelib chiqishining asosiy sababi ham inson faoliyatidir.
O‘rmonlarning yo‘q qilinishi Yer sharining ko‘plab hududlarida dolzarb muammo hisoblanadi, chunki ularning ekologik, iqlimiy va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarini yomonlashtiradi hamda hayot sifatinipasaytiradi. O‘rmonlarning yo‘qolishi biologik xilma-xillikning kamayishiga, shu jumladan sanoatda foydalaniladigan yog‘och zaxiralarining qisqarishiga, tuproq eroziyasiga (jarliklarning kengayishi, unumdor qatlamning yuvilib ketishi), daryolar suv miqdorining kamayishiga, shuningdek, issiqxona effektining kuchayishiga olib keladi. Bunga o‘rmon biomassasidagi uglerodning CO2 shaklida atmosferaga ajralib chiqishi sabab bo‘ladi.

Jahon resurslari instituti va Butunjahon tabiatni muhofaza qilish monitoringi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 8000 yil davomida bir vaqtlar mavjud bo‘lgan o‘rmonlarning deyarli yarmi yo‘q qilingan, yo‘q qilingan o‘rmonlar maydonining 75% qismi XX asrga to‘g‘ri keladi. Qolgan o‘rmonlarning atigi 22 foizi tabiiy ekotizimlardan iborat, qolganlari esa inson faoliyati ta’sirida keskin o‘zgargan.
Sabablari
Antropogen omillar
Insoniyat qadimdan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanish uchun o‘rmonlarni kesib, yerlarni o‘zlashtirgan, shuningdek, shunchaki o‘tin olish maqsadida daraxtlarni kesgan. Keyinchalik insonda infratuzilma (shaharlar, yo‘llar) yaratish va foydali qazilmalarni qazib olish ehtiyoji paydo bo‘ldi, bu esa hududlarda o‘rmonlarning yo‘qolishini tezlashtirdi. Biroq o‘rmonlar kesilishining asosiy sababi oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojning, ya’ni chorva mollari boqiladigan yaylovlar hamda doimiy va almashlab ekiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlarining kengayishidir.
O‘rmon xo‘jaligi daraxtlardan tozalangan yer maydonichalik ko‘p oziq-ovqat yetishtira olmaydi. Tropik va tayga o‘rmonlari odamlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashga deyarli qodir emas, chunki iste’molga yaroqli resurslar juda tarqoq joylashgan. O‘rmonlarning yo‘qolish jarayonlari bo‘lmaganida, sayyora hozirgi aholi sonini va turmush darajasini ta’minlay olmagan bo‘lardi. O‘rmonni kesib-yoqib dehqonchilik qilish usuli kulga boy tuproqdan qisqa muddat foydalanish uchun qo‘llaniladi. Undan dunyo bo‘ylab 200 mln tub aholi vakili foydalanadi.
Britaniyalik atrof-muhit himoyachisi Norman Mayers bahosiga ko‘ra, o‘rmonlar yo‘qolishining 5 % qismi tropiklarda amalga oshiriladigan chorva mollarini boqish, 19 % qismi yog‘och tayyorlash, 22 % qismi moyli palma plantatsiyalarining kengayishi, 54 % qismi esa o‘rmonni kesib-yoqib dehqonchilik qilish tufayli yuz beradi.
46 ta tropik va subtropik mintaqa mamlakati ma’lumotlari tahlili (bu mintaqalardagi o‘rmon maydonlarining 78 % qismi ularga to‘g‘ri keladi) o‘rmonlarning quyidagi sabablar tufayli yo‘qolayotganini ko‘rsatdi:
- yirik tovar qishloq xo‘jaligi — 40 %;
- mahalliy o‘z ehtiyoji uchun yuritiladigan qishloq xo‘jaligi — 33 %;
- shaharlarning kengayishi — 10 %;
- infratuzilmaning kengayishi — 10 %;
- foydali qazilmalarni qazib olish — 7 %.
Biotik va abiotik omillar
Butalar, o‘tsimon o‘simliklar, hatto lishayniklar va yo‘sinlar ham o‘rmonlarning qayta tiklanishiga to‘sqinlik qilishi va ularni siqib chiqarishi mumkin. Butazorlar, ba’zan esa boshoqdoshlar yoki boshqa o‘tlar, masalan, solidago (Solidago) yoki astralar chakalakzorlari ko‘plab daraxt turlarining o‘sib chiqishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Shu sababli ayrim hududlar 30 yildan ortiq vaqt davomida o‘rmonsiz qoladi. Tajribalarda ko‘plab o‘simliklar daraxt urug‘larining unib chiqishini susaytiradigan moddalar ajratishi aniqlangan.
Kesilgan va yongan o‘rmonlar o‘rnida hamda tashlandiq qishloq xo‘jaligi yerlarida o‘rmonlarning qayta tiklanishiga ayrim hayvonlar ham to‘sqinlik qilishi mumkin. Masalan, Buyuk Britaniyada quyonlar; ilgari Shimoliy Amerikaning O‘rta G‘arb preriyalarida bizonlar; Oltoyning qo‘riqxonalari va ovchilik buyurtmaxonalarida yovvoyi tuyoqlilar; hatto sichqonlar kabi mayda sutemizuvchilar ham urug‘larni yeyishi va daraxt nihollarini kemirishi mumkin. Shunga qaramay, o‘rmonlarga eng kuchli ta’sirni inson ko‘rsatadi, jumladan, o‘rmonda uy hayvonlarini boqish orqali.
Oqibatlari
O‘rmonlarning yo‘q qilinishi mahalliy va global o‘zgarishlarga, jumladan, iqlim o‘zgarishlariga olib keladi.
Atmosferaga ta’siri
O‘rmonlarning yo‘qolishi global isishga yordam beradi va ko‘pincha issiqxona effektining kuchayishidagi asosiy sabablardan biri deb ataladi. Yer atmosferasida mavjud bo‘lgan karbonat angidrid shaklidagi uglerod miqdori taxminan 800 Gt. Quruqlikdagi o‘simliklarda, ularning katta qismini o‘rmonlar tashkil etadi, taxminan 550 Gt uglerod mavjud. Tropik o‘rmonlarning yo‘q qilinishi issiqxona gazlari chiqindilarining taxminan 20 % qismini tashkil etadi. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rmonlarning yo‘qolishi (asosan tropiklarda) umumiy antropogen uglerod dioksidi chiqindilarining uchdan bir qismigacha bo‘lgan ulushini tashkil etadi. Daraxtlar va boshqa o‘simliklar o‘z hayoti davomida karbonat angidridni Yer atmosferasidan olib, fotosintezjarayonida o‘zlashtiradi. Chiriyotgan va yonayotgan yog‘och to‘plangan uglerodni atmosferaga qaytaradi (qarang: uglerodning geokimyoviy aylanishi). Buning oldini olish uchun yog‘ochdan uzoq muddat xizmat qiladigan mahsulotlar ishlab chiqarish, o‘rmonlarni esa qayta ekish lozim.
Gidrologik ta’siri
O‘rmonlarning yo‘qolishi suvning tabiatda aylanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, daryolarning gidrologik rejimini yomonlashtirib, gidroenergetikaga va sug‘orma dehqonchilikka zarar yetkazadi. Daraxtlar ildizlari orqali yerosti suvlarini o‘zlashtiradi, suv barglargacha ko‘tariladi va bug‘lanadi. O‘rmon kesilganda ushbu transpiratsiya jarayoni to‘xtaydi, natijada iqlim quruqroq bo‘lib qoladi. Atmosferadagi namlikdan tashqari, o‘rmonlarning yo‘qolishi yerosti suvlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, hududning yog‘inlarni tutib qolish qobiliyatini pasaytiradi. Aynan o‘rmonlar namlikning okeanlardan materiklarning ichki qismlariga barqaror ko‘chishini ta’minlab, daryolar, grunt suvlari va botqoqliklarning suvga to‘yinganligini saqlaydi. O‘rmonlarsiz suvning materiklar ichkarisiga kirib borishi beqaror va zaif bo‘ladi.
Tuproqqa ta’siri
O‘rmonlarning yo‘qolishi tuproqning adgeziyasini (yopishqoqligini) kamaytiradi, bu esa tuproq eroziyasiga, jarliklarning kengayishiga, suv bosishiga va ko‘chkilarga, ya’ni qishloq xo‘jaligi yerlarining va inson o‘zlashtirishi mumkin bo‘lgan hududlarning qiymati pasayishiga olib kelishi mumkin.
Biosferaga ta’siri
Nam tropik o‘rmonlar sayyoradagi eng boy ekotizimlar hisoblanadi (ma’lum turlarning 80 % gacha bo‘lgan qismi ularda yashaydi), shuning uchun o‘rmonlar yo‘qolishining asosiy oqibati biologik xilma-xillikning kamayishidir.
Dinamikasi


O‘rmonlar yo‘qolishining haqiqiy tezligini aniqlash ancha murakkab, chunki ushbu ma’lumotlarni hisobga oluvchi tashkilot (BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, FAO) asosan ayrim mamlakatlarning tegishli vazirliklari rasmiy ma’lumotlariga tayanadi. Ushbu tashkilot bahosiga ko‘ra, XXI asrning dastlabki 5 yilida dunyo bo‘yicha jami yo‘qotishlar yiliga 6 mln ga o‘rmonni tashkil etgan. Jahon banki bahosiga ko‘ra, Peru va Boliviyada yog‘och tayyorlashning 80 % qismi noqonuniy, Kolumbiyada esa — 42 %. O‘rmonlarning yo‘qolishi Amazoniyada, xususan, Braziliyada ham olimlar taxmin qilganidan ancha tez kechmoqda.
O‘rmonlarning yo‘qolishi XX asrda eng katta miqyosga yetdi. XXI asr boshiga kelib o‘rmonlar maydoni qisqarishining 75 % qismi XX asrga to‘g‘ri kelgan, bu, birinchi navbatda, Yer yuzidagi tez o‘sib borayotgan aholi ehtiyojlarini qondirish zarurati bilan bog‘liq. 2000-yilga kelib sayyoradagi avvalgi o‘rmon maydonining 50 % qismi inson tomonidan butunlay yo‘q qilingan, qolgan o‘rmonlarning atigi 22 % qismi nisbatan o‘zgarmagan holatda saqlangan. Qolgan o‘rmon massivlarining asosiy qismi (75 %) 3 ta mamlakatda joylashgan — Rossiya, Kanada va Braziliya. Eng katta o‘rmon yo‘qotishlari Osiyoda qayd etilgan, undan keyin Afrika va Lotin Amerikasi turadi. So‘nggi 40 yil ichida dunyoda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rmon maydoni 50 % dan ortiqqa, ya’ni bir kishiga 1,2 ga dan 0,6 ga gacha qisqargan.
Sun’iy yo‘ldosh orqali olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 1982-yildan 2016-yilgacha o‘rmon maydoni 7% ga ko‘paygan. Asosiy omillar — iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishning to‘xtatilishi. O‘rmonlarning sof yo‘qotilishi faqat tropik mintaqalarda ustunlik qiladi, biroq u o‘simlik qoplamisiz yerlar maydonining qisqarishi hisobiga qoplanadi.
Global sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ma’lumotlarining XXI asr boshidan boshlab 12 yil davomida o‘tkazilgan tahlili dunyodagi o‘rmon massivlari maydonining o‘zgarish dinamikasini aniqlash imkonini berdi. O‘rmonlar degradatsiyasi va ko‘payishining umumiy nisbatida birinchisi ustunlik qiladi: o‘rmon massivlari maydoni muntazam qisqarib, o‘n yil ichida 1,4 mln km2 ga kamaygan. O‘rmon maydonlarining ko‘payishiga nisbatan eng katta yo‘qotilishi tropik mintaqada, eng kichigi esa mo‘tadil mintaqada qayd etilgan. Braziliya misolidagi statistika qolgan tropik o‘rmonlarni saqlash uchun hukumat choralari ko‘rilganda ular samarali bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq 2013-yildan boshlab hukumat siyosati o‘zgargani sababli Braziliyadagi Amazonka changalzorlarini kesish tezligi yana oshgan.
Umuman olganda, dunyoda 2000—2005-yillarda o‘rmonlarning yo‘qolish tezligi (yiliga 6 mln ga) 1990-2000-yillardagiga (yiliga 3 mln ga) nisbatan oshgan, 1990-yildan 2005-yilgacha sayyoradagi o‘rmonlarning umumiy maydoni 1,7 % ga qisqargan.
O‘rmonlarning yo‘qolish tezligi mintaqaga juda bog‘liq. Hozirgi vaqtda o‘rmonlarni kesish tezligi tropiklarda joylashgan rivojlanayotgan mamlakatlarda eng yuqori (va ortib bormoqda). 1980-yillarda tropik o‘rmonlar 9,2 mln ga maydonini, XX asrning so‘nggi o‘n yilligida esa 8,6 mln ga maydonini yo‘qotgan. Masalan, Nigeriyada 1900-yildan 2005-yilgacha bo‘lgan davrda qadimiy o‘rmonlarning 81 % qismi yo‘q qilingan. Markaziy Amerikada 1950-yildan boshlab tropik o‘rmon maydonining 2/3 qismi yaylovlarga aylantirilgan. Braziliyaning Rondoniya shtati (maydoni 243 ming km²) hududining yarmi so‘nggi yillarda o‘rmonsizlanishga uchragan. Tropik o‘rmonlarning katta maydonlarini yo‘qotgan mamlakatlar qatoriga quyidagilar kiradi: Meksika, Hindiston, Filippin, Indoneziya, Tailand, Myanma, Malayziya, Bangladesh, Xitoy, Shri-Lanka, Laos, Kongo, Liberiya, Gvineya, Gana va Kot-d’Ivuar.
2000-yillarning boshlariga nisbatan o‘rmon soyaboni ostidagi maydon 2017-yilda 5 % ga, asosan, ko‘kalamzorlashtirish hisobiga ko‘paygan. O‘rmonlar maydonini kengaytirish bo‘yicha hukumat dasturlari tufayli dunyo bo‘yicha ko‘kalamzorlashtirishning 25% qismi Xitoyga to‘g‘ri keladi. Ko‘kalamzorlashtirishning uchdan bir qismi Xitoy va Hindiston hissasiga to‘g‘ri keladi, biroq ushbu mamlakatlar sayyoraning o‘simlik bilan qoplangan maydonining atigi 9 % qismini tashkil etadi. Dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan, Hindiston va Xitoy yetakchilik qilayotgan yashil qoplamaning ko‘payishi Braziliya va Indoneziya kabi tropik hududlardagi tabiiy o‘simliklarning yo‘qotilishidan kelgan zararni qoplamaydi. Shu bilan birga, Xitoy boshqa mamlakatlardan olib chiqiladigan arralangan yog‘och materiallariningdunyodagi eng yirik iste’molchisidir. Xalqaro aloqalar kengayayotgan sharoitda parazit turlarning introduksiyasini (yangi hududlarga olib kirilishini) nazorat qilish ham muhimdir, chunki ular yangi hududlarda epifitotiyasiga (o‘simlik kasalliklarining ommaviy tarqalishiga) — mahalliy daraxt turlarining ommaviy kasallanishiga sabab bo‘lishi mumkin[nufuzli bo‘lmagan manba].
O‘rmonlari eng ko‘p yo‘qolgan mamlakatlar
Rossiyada 2001-yildan 2014-yilgacha 40,94 mln ga o‘rmon maydoni qisqargan, 16,2 mln ga qayta tiklangan (har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rin, chunki o‘rmon hududlari eng katta — 761 mln ga), sof yo‘qotish 24,74 mln ga, ya’ni o‘rmonlarning umumiy maydoniga nisbatan 3,25 % ni tashkil etgan (taqqoslash uchun, Braziliyada sof yo‘qotish 31,21 mln ga, AQShda — 15,4 mln ga, Kanadada — 22,09 mln ga bo‘lgan). Masalan, Tanzaniyada o‘rmon bilan qoplangan hududlarning umumiy ulushi taxminan 52% ni tashkil etadi, o‘rmonlarning yillik qisqarishi 685 ming ga, ya’ni o‘rmon bilan qoplangan umumiy hudud maydonining yillik qisqarishi 0,71 % ni tashkil etadi. Kolumbiyada bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 53 %, 308 ming ga, 0,53 % ni tashkil etadi. Kongo Demokratik Respublikasida — 68 %, 311 ming ga, 0,20 % mos ravishda (qarang: Kongo Demokratik Respublikasida o‘rmonlarning kesilishi).
Rossiya Federatsiyasida o‘rmonlarning yo‘qolishi

Rossiya Federatsiyasida, Uzoq Sharq va Sibirda o‘rmonlarning yo‘qolishi xitoyliklarning taygani talon-toroj qilib kesishi tufayli katta miqyosga yetdi. Xitoylik tadbirkorlarning faol ishtiroki (bevosita yoki noqonuniy kesilgan yog‘ochni sotib oluvchilar sifatida) bir nechta holat bilan bog‘liq: ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun xomashyoga ehtiyoj va o‘z hududidagi yomon ekologik vaziyat, jumladan, foydalanish mumkin bo‘lgan mavjud o‘rmonlarning to‘liq kesib tashlangani (XXRning shimoli-sharqida ignabargli daraxtlardan yog‘och tayyorlash taqiqlangan).
Obyektiv ma’lumotlar sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini qayta ishlash asosida olingan bo‘lib, 2001—2019-yillarda Rossiya Federatsiyasining o‘rmon fondiga katta zarar yetkazilganini ko‘rsatadi.
Yog‘och tayyorlovchilarning harakatlari mahalliy hokimiyat organlarining munosib javobiga sabab bo‘lmagan, biroq mahalliy aholining noroziligini keltirib chiqargan. Karnegi jamg‘armasi baholariga ko‘ra, qayta ishlanmagan yog‘ochni olib chiqish bojini oshirishga urinish mahalliy yog‘ochni qayta ishlash sanoatining rivojlanishiga emas, balki xitoylik tadbirkorlarning Rossiya Federatsiyasiga ko‘chib o‘tib, uning hududida qoidalarni buzgan holda ishlay boshlashiga olib kelgan (xususan, yong‘in xavfsizligi qoidalariga beparvolik yong‘in xavfini yuzaga keltiradi).
Xitoy o‘zining yog‘ochni qayta ishlash korxonalariga zarar yetkazmaslik maqsadida Rossiya Federatsiyasidan yog‘ochni faol import qila boshladi, bu esa Uzoq Sharq va Sibirdagi vaziyatni keskin yomonlashtirdi. Kelgusida Rossiya Federatsiyasining shimoliy hududlaridan ham Shimoliy dengiz yo‘li orqali yog‘och olib chiqish rejalashtirilmoqda.
2024-yilda Davlat dumasi Baykalning hozircha «Baykal ko‘lini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun bilan himoyalangan muhofaza zonasida o‘rmonlarni (endi qonuniy ravishda) kesish imkoniyatlarini kengaytiruvchi qonunni ikkinchi o‘qishda ma’qulladi.
Xitoyda o‘rmonlarning yo‘qolishi
Ming yillik xo‘jalik faoliyati natijasida bir vaqtlar Sharqiy va Shimoli-sharqiy Xitoyning hamma joyida o‘sgan o‘rmonlar maydoni sezilarli darajada qisqardi, hozir tabiiy o‘rmonlar faqat tog‘ etaklarida uchraydi. 1990-yillarning boshidan, o‘rmonlarni kesishga cheklovlar joriy etilgach, o‘rmonlar maydoni ortib bormoqda.
| Yil | 1990 | 1995 | 2000 | 2005 | 2010 | 2015 | 2020 |
|---|---|---|---|---|---|---|---|
| Umumiy maydon, ming km2 | 1571 | 1671 | 1770 | 1888 | 2006 | 2103 | 2200 |
| Shu jumladan ekilgan o‘rmonlar, ming km2 | 442 | 495 | 548 | 641 | 733 | 790 | 847 |
O‘rmonlarning yo‘qolishiga qarshi kurash
O‘rmonlarning yo‘qolishiga qarshi kurash atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatni muhofaza qilish faoliyatining yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi va quyidagicha amalga oshiriladi:
- masalan, xalqaro huquq darajasida, jumladan, BMTning Atrof-muhit va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasida qabul qilingan konvensiya, Rio-de-Janeyro, 3-14-iyun, 1992-yil
- davlat darajasida
- jamoat tashkilotlari darajasida, hatto daraxtlarga metall tikanlar qoqish kabi radikal usullargacha
- ijtimoiy biznes darajasida.
O‘rmonlarni muhofaza qilishga oid tadbirlarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
- ilmiy-tadqiqot tadbirlari
- tashkiliy-texnik tadbirlar
- quyidagilarni tashkil etish: qo‘riqxonalar va boshqa muhofaza qilinadigan hududlar
- o‘rmonlarni qayta tiklash (1990—2010-yillarda ekilgan o‘rmonlar maydonining eng katta o‘sishi Xitoyda (yiliga 1 932 ming ga), AQShda (yiliga 805 ming ga), Kanadada (yiliga 385 ming ga), Hindistonda (yiliga 251 ming ga), Rossiyada (yiliga 199 ming ga) kuzatilgan)
- iqtisodiy tadbirlar
- ma’muriy-huquqiy tadbirlar. Masalan, Rossiyada 2008-yilda daraxtlar va butalarni o‘zboshimchalik bilan kesganlik uchun jazo kuchaytirilgan.
O‘rmon yong‘inlariga qarshi kurash
Davlat darajasida amalga oshiriladigan tashkiliy-texnik tadbir.
- Yong‘inlarning oldini olish va ularga qarshi kurashga tayyorgarlik choralari
- yong‘inga qarshi targ‘ibot
- o‘rmonlarni chiqindi va shox-shabbalardan tozalash
- yong‘inga qarshi himoya polosalarini yaratish
- kuzatuv va qo‘riqlash xizmati
- yong‘inni o‘chirishda yerusti vositalari va aviatsiya, shuningdek, o‘rmon xo‘jaligining yong‘inga qarshi uskunalari qo‘llaniladi.
Adabiyotlar
- Maykl Uilyams. Yer o‘rmonlarining yo‘qolishi: tarixdan oldingi davrdan global inqirozgacha, qisqartirilgan nashr. — Chikago universiteti nashriyoti, 2010. — 561 bet. — ISBN 0226899055.
Havolalar
Quyidagi mavzu bo‘yicha Vikimedia omborida mediafayllar mavjud: O‘rmonlarning yo‘qolishi- O‘rmonlarning global miqyosda yo‘qolishi
- Tropik o‘rmonlarning yo‘qolishi — mavzuga oid maqolalar Arxiv nusxasi — 19-yanvar, 2009-yil, Wayback Machine xizmatida, manba: NASA Yer observatoriyasi
- D. Lisitsin. Olov belgisi ostida o‘zlashtirish. forest.ru (mart, 1999-yil). — O‘rmon byulleteni №10. Murojaat qilingan sana: 14-fevral, 2009-yil. Arxivlangan manba: asl nusxa — 27-mart, 2012-yil.
- Google xaritalarida 1984-yildan 2020-yilgacha tropik o‘rmonlar kesilishining dinamikasi. Murojaat qilingan sana: 4-may, 2021-yil. Arxivlangan sana: 4-may, 2021-yil.