Ong nima

Ong — organizmning psixik hayotidagi holat bo‘lib, u subyektiv ravishda o‘z hayotidagi voqealar va tashqi olam voqealarini boshdan kechirishda, shuningdek, ular haqida hisobot berish va ularga javob qaytarishda namoyon bo‘ladi.

Ong kengroq yoki torroq maʼnoda tushunilishi mumkin. Masalan, aks ettirish nazariyasi nuqtayi nazaridan ong keng maʼnoda — «psixik jihatdan voqelikni aks ettirish, bu qaysi darajada — biologik yoki ijtimoiy, seziladigan yoki hissiy darajada amalga oshishidan qatʼi nazar», tor maʼnoda esa madaniyatga asoslangan «faqat insonga xos, fikrlarni talqin qilish qobiliyati bilan bog‘liq bo‘lgan miyaning oliy funksiyasi; u voqelikni umumlashtirib va maqsadli aks ettirish, harakatlarni oldindan xayolan rejalashtirish va natijalarini bashorat qilish, inson xulq-atvorini oqilona tartibga solish va refleksiya yordamida o‘zini nazorat qilishdan iborat».

«Katta ensiklopedik lug‘at»da (2000) ong «ijtimoiy jihatdan rivojlangan insonga xos, nutq bilan bog‘liq psixik aks ettirishning oliy shakli, maqsadga yo‘naltirilgan faoliyatning ideal tomoni» sifatida taʼriflanadi.

Ongning mohiyati, uning chegaralari va mazkur atamaning mavjudligi nimani anglatishi masalalari ong falsafasi, psixologiya, shuningdek, sunʼiy intellekt muammolarini o‘rganuvchi fanlarning tadqiqot mavzusidir. Amaliy jihatdan quyidagi savollar ko‘rib chiqiladi: og‘ir kasal yoki koma holatidagi insonlarda ong mavjudligini qanday aniqlash mumkin; insonnikidan boshqa ong bo‘lishi mumkinmi va uni qanday aniqlash mumkin; inson ongi qaysi paytda paydo bo‘ladi; kompyuterlar ham xuddi shunday ongli holatlarga erisha oladimi va hokazo.

Ong tushunchasi

Biror narsani idrok etayotganda, voqeani eslayotganda, sanʼat asaridan zavqlanayotganda yoki biror maqsadga erishishga intilayotganda subyekt mazkur harakatlari yoki holatlarini mumkin qiladigan o‘z psixik hayotidan bexabar bo‘lishi mumkin. Ushbu psixik hayotni anglashga refleksiv tarzda nigohni ichkariga qaratish, ichki idrokni amalga oshirish imkon beradi. Refleksiya orqali ochiladigan barcha narsalarning umumiy xususiyati — biror narsa haqidagi ong, yaʼni muayyan narsa anglanadigan ong bo‘lishidir. Masalan, idrokda biror narsa idrok etiladi, xotirlashda biror narsa eslanadi; biror narsadan qo‘rqish, biror narsani sevish va hokazolarga ham shu xosdir. Bu xususiyat intensionallik (intentionality) deb ataladi.

Fiziologiya

Ongning miya fiziologiyasi bilan bog‘liqligi hali o‘rganib chiqilmagan. Neyrobiolog Mark Solmsning fikricha, ong muammosi zamonaviy neyrobiologiyaning hal etilmagan eng buyuk siridir.

Taniqli britaniyalik neyrofiziolog Anil Setning fikricha, 1990-yillargacha tabiiy fanlarda ongni o‘rganish masalalarini «chetlab o‘tish va hatto taqiqlangan deb eʼlon qilish odat bo‘lgan».

Ongning falsafiy nazariyalari

Gap falsafa haqida ketganda, ong predmet bilan munosabat o‘rnatish, uni anglash qobiliyati sifatida qaraladi (Gegel). Bunda «ong» deganda tananing psixik qobiliyati (psixologiyadagidek) emas, balki insonning o‘z predmeti va umuman olam bilan bog‘lanishining fundamental usuli tushuniladi. Shu maʼnoda ong predmetning insonga namoyon bo‘lish shakli yoki usuli, umuman olamning namoyon bo‘lish shakli yoki usuli deyiladi. Bunday tushunilgan ong hamisha mavjud[manba 3662 kundan beri ko‘rsatilmagan], u boshlana olmaydi[manba 3662 kundan beri ko‘rsatilmagan], tugay olmaydi[manba 3662 kundan beri ko‘rsatilmagan], yo‘qolib keta olmaydi[manba 3662 kundan beri ko‘rsatilmagan], xuddi ong tomonidan o‘zaro munosabatda shakllantirilgan olam ham yo‘qola olmagani kabi[manba 4280 kundan beri ko‘rsatilmagan]. Ong va olam — bir narsaning, ongning yagona o‘zaro bog‘liqligining ikki qutbidir. Aynan shuning uchun qatʼiy falsafiy maʼnoda ongni o‘ziga bog‘liq qutbdan — olamdan ajratib mustaqil ko‘rib chiqish (psixologizm), shuningdek, olamni o‘ziga bog‘liq qutbdan — ongdan ajratib qarash (soddadil realizm) noto‘g‘ri.

Biroq ong nafaqat munosabat o‘rnatish qobiliyati, balki munosabatning o‘zi hamdir. Bu bizning ongdan chetlasha olmasligimizdan, uning chegarasidan «chiqa» olmasligimizdan ayon bo‘ladi. Mohiyatan bizni ong to‘liq qamrab olgan. Ong bo‘lmasa, biz uchun hech narsa mavjud emas. Shu maʼnoda ongning o‘zi muayyan bog‘liqlik, ikkilanish, o‘z ichida ajralishdir. Shu sababli ong intensional deyiladi (Gusserl). Ong doimo [biror narsa] haqidagi ong tuzilmasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, falsafa ongning bunday tabiati subyekt va obyekt, ichki va tashqi, men va olam o‘rtasidagi ajralishning o‘zini vujudga keltiradi, degan xulosani asoslashga harakat qiladi. Munosabat sifatida ong muayyan kechinma, biz olam bilan bog‘lanadigan muayyan tajribadir. Bu tajriba bir vaqtning o‘zida ham o‘zaro bog‘lanish faoliyatining yaxlit o‘zi, ham subyektning bu faoliyatda o‘zini va olamga munosabatini boshdan kechirishi sifatida tushuniladi. Aynan shu sababli falsafada baʼzan ongdan subyektning o‘zi «ajratib olinadi» va tor maʼnodagi «ong» deganda subyekt va uning obyekti o‘rtasidagi munosabat tushuniladi. Bunda subyekt obyektni biladi (anglaydi), deyiladi. Shu bilan birga, falsafada «ong» atamasi olam bilan bog‘liqlik emas, balki tafakkur «ichidagi» harakat haqida gap ketganda ishlatilmaydi. Sababi, olam bilan bog‘lanish tajribasidan tashqarida ong mustaqil ahamiyatini yo‘qotib, faqat fikrlanayotgan mazmunga nisbatan refleksiya qobiliyatiga aylanadi. Tafakkur ichida harakat subyekti ong emas, balki tafakkurning o‘zi bo‘ladi; u ayni paytda ham muayyan umumiy, shaxssiz faoliyat makoni, ham shu faoliyatning subyekti sifatida tushuniladi. Biroq ong har doim subyekt istalgan lahzada o‘tishi mumkin bo‘lgan pozitsiya — olam bilan ehtimoliy bog‘lanish tajribasi sifatida mavjuddir.

Ongning quyidagi shakllari ajratiladi: o‘zini anglash — ongning o‘zini anglash shakli, fahm — fikrlovchi, yaʼni olamni tushunchalar (fahm kategoriyalari) orqali anglovchi ong, aql — o‘zini anglovchi fahm va ruh — boshqa barcha shakllarni o‘z ichiga olgan ongning oliy shakli. Fahm va aqlning farqi shundaki, fahm o‘z tushunchalarini olam bilan muvofiqlashtiradi, shu sababli uning haqiqat mezoni ziddiyatsizlikdir[manba 3662 kundan beri ko‘rsatilmagan]. Aql o‘zini anglaydigan[manba 3662 kundan beri ko‘rsatilmagan] fahm sifatida ziddiyatlarni dialektik ravishda saqlab turish darajasiga ko‘tariladi, chunki u nafaqat o‘z tushunchalarini olam bilan, balki o‘zini ham o‘z tushunchalari bilan muvofiqlashtiradi.

Falsafa ongga oid ikkita asosiy savolga javob berishga intiladi: ongning tabiati qanday va u jismoniy voqelik, avvalo tana bilan qanday bog‘liq? Ong muammosi ilk bor aniq shaklda Dekart tomonidan ifodalangan, keyinchalik ong Yangi davr Yevropa falsafasida, shuningdek, fenomenologiya va analitik falsafa kabi turli falsafiy anʼanalarda keng yoritilgan. Ongning asosiy falsafiy nazariyalari qatoriga quyidagilar kiradi:

G‘arb falsafasida

Dualizm

Dualizm — ikki xil substansiya: ong va jismoniy obyektlar mavjudligi haqidagi nazariya. Bu nazariyaning asoschisi Rene Dekart bo‘lib, u inson o‘z ongidan boshqa hamma narsaning mavjudligiga shubha qila oladigan fikrlovchi substansiya ekanini, demak, ongni jismoniy olamga keltirib bo‘lmasligini taʼkidlagan.

Ruh va tana dualizmi — ong (ruh) va materiya (jismoniy tana) bir-biridan mustaqil, bir-birini to‘ldiruvchi va teng ahamiyatga ega ikki substansiya ekanligi haqidagi nuqtayi nazar. Odatda umumfalsafiy dualizmga asoslanadi. Uning asoschilari Platon va Dekartdir.

Platon tana moddiy olamga tegishli va shu sababli o‘tkinchi, ruh esa g‘oyalar olamining bir qismi va o‘lmasdir, deb hisoblagan. Uning fikricha, ruh tana bilan uning o‘limigacha vaqtincha bog‘langan, shundan so‘ng o‘z shakllar olamiga qaytadi. Ruh tanadan farqli ravishda makon va zamonda mavjud emas, bu unga g‘oyalar olamining mutlaq haqiqatidan bahramand bo‘lish imkonini beradi.

Dualizmning zamonaviy vakillari orasida Devid Chalmersni ko‘rsatish mumkin. O‘z qarashini naturalistik dualizm deb atab, u ongli tajribaning jismoniy bo‘lmagan tabiatini taʼkidlaydi: bu tajriba tabiat qonunlariga ko‘ra jismoniy xususiyatlarga bog‘liq bo‘lsa-da, ularga keltirib bo‘lmaydi. Chalmers psixofizik qonunlarni fizik qonunlar va tamoyillarning tabiiy to‘ldiruvchisi deb hisoblaydi.

Mantiqiy bixeviorizm

Mantiqiy bixeviorizm — psixik holatda bo‘lish xulq-atvor holatida bo‘lishni, yaʼni muayyan xatti-harakatni amalga oshirish yoki shunday xatti-harakatga dispozitsiyaga (moyillikka) ega bo‘lishni anglatadi, degan nazariya. Mantiqiy bixeviorizm psixologik bixeviorizm bilan bog‘liq bo‘lib, psixologiya doirasida ularni farqlash lozim: ikkinchi holda bixeviorizm insonni o‘rganish usuli sifatida tushuniladi, ammo ong tabiati va ong bilan tana o‘rtasidagi munosabatga oid falsafiy muammolarni hal qilishga urinmaydi. Mantiqiy bixeviorizm vakillari orasida Gempel va Rayl kabi faylasuflarni keltirish mumkin. Bu nazariya Dekart dualizmini rad etishga intiladi, chunki u ilm-fan birligi haqidagi, fizikalizm sifatida tushuniladigan tezisga zid. Ushbu nazariyaning ayrim asosiy dastlabki qoidalarini Lyudvig Vitgenshteyn ham qo‘llab-quvvatlagan.

Idealizm

Idealizm — ong birlamchi hisoblanadigan nazariya. Subyektiv idealizm ongdan mustaqil voqelikning mavjudligini inkor etadi. Subyektiv idealistlar jismoniy olam obyektlari ularning idrok etilishidan tashqarida mavjud emasligini taʼkidlaydilar. Bu fikrni eng izchil tarzda Jorj Berkli rivojlantirgan va «mavjud bo‘lish — idrok etilish demakdir», deb taʼkidlagan.

Materializm

Materializm — moddiy substansiyani birlamchi deb tan oladigan falsafiy oqim. Materialistlar ongni[qaysilari?] yuqori darajada uyushgan materiyaning xossasi sifatida tavsiflaydilar. Materialistlar dualistlar va idealistlar bilan bir qatorda bixevioristlarni ham tanqid qilib, xulq-atvor ongning o‘zi emas, balki ongning ichki jismoniy sababi ekanligini isbotlashga urinadilar. Materialistlar orasida Fridrix Engels, Devid Armstrong, Donald Devidson va boshqalarni tilga olish mumkin.

Tarixga murojaat qilib, professorlar I. Kalnoy va Yu. A. Sandulov XVIII asr fransuz materialistlari taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchini maʼrifatda, ijobiy g‘oyalarni yoyishda ko‘rganlarini qayd etadilar. Ularning ijtimoiy falsafasidagi boshlang‘ich tezis «fikrlar dunyoni boshqaradi» degan fikrdan iborat. Nemis mutafakkirlari Fransuz burjua inqilobini ortga nazar tashlab tahlil qilgach, «fikrlar dunyoni nafaqat boshqaradi, balki yangi dunyoni yaratadi ham», deydilar; bundan ongni «Ong olamni nafaqat aks ettiradi, balki uni yaratadi ham» formulasida mutlaqlashtirishga bir qadam qoladi.

Funksionalizm

Funksionalizm (ong falsafasi) — psixik holatda bo‘lish funksional holatda bo‘lishni, yaʼni muayyan funksiyani bajarishni anglatadi, degan nazariya. Funksionalistlar nazarida ongning miyaga munosabati, masalan, vaqtni ko‘rsatish funksiyasining muayyan jismoniy soat mexanizmiga munosabatiga o‘xshaydi. Funksionalizm materializmga tanqidiy munosabatda, chunki u ong va miya orasidagi zaruriy bog‘liqlikni inkor etadi. Funksionalistlar fikricha, ong turli jismoniy obyektlarning, masalan, kompyuterning funksiyasi bo‘lishi mumkin. Funksionalizm sunʼiy intellekt va kognitiv fan nazariyasining metodologik asosidir. Funksionalistlar qatoriga Devid Lyus, Hilari Patnem, Daniel Dennet va D. I. Dubrovskiyni kiritish mumkin.

Ikki aspektli nazariya

Ikki aspektli nazariya — psixik va jismoniy hodisalar narsalar asosida yotuvchi, mohiyatan na psixik, na jismoniy bo‘lgan muayyan voqelikning ikki xossasi ekanligi haqidagi nazariya. Shu sababli ikki aspektli nazariya psixik yoki jismoniy substansiyalar mavjudligi haqidagi tasavvurlar sifatida dualizm, idealizm va materializmni rad etadi. Bunday qarashlar, masalan, Benedikt Spinoza, Bertran Rassel va Piter Strosonga xosdir.

Fenomenologik nazariya

Fenomenologiya — tajriba mazmunini, uning predmeti haqiqatan mavjudligi haqida hech qanday tasdiqlarsiz, oldindan qabul qilingan farazlardan xoli tarzda tavsiflashga urinishdir. Fenomenologiya inson tafakkuri va idrokining har qanday empirik hamda individual qo‘shimchalardan xoli bo‘lgan ideal (mohiyatga oid) belgilarini ochishga va shu tariqa tafakkurga asoslangan barcha boshqa fanlarni asoslashga intiladi. Fenomenologiyaga ko‘ra, inson ongining asosiy xususiyati intensionallikdir. Bu nazariya tarafdorlari orasida Edmund Gusserl va Moris Merlo-Pontini keltirish mumkin.

Emergent nazariya

Emergent nazariya — ong muayyan jismoniy obyektning (odatda miyaning) xossasi bo‘lsa-da, uning jismoniy holatlariga keltirib bo‘lmaydigan, o‘ziga xos xususiyatlarga ega alohida, reduksiyalanmaydigan mohiyat ekanligi haqidagi nazariya. Bu suv molekulasi xossalarini vodorod va kislorod atomlarining xossalariga keltirib bo‘lmasligiga o‘xshaydi. Biroq ong boshqa barcha obyektlar bilan teng ravishda ilm-fan tomonidan o‘rganilishi lozim bo‘lgan odatiy real obyektdir. Ushbu konsepsiya tarafdorlaridan biri — Jon Serl.

Sharq falsafasida

Hinduizmda

Gap hinduizm haqida ketganda, ongga Purusha («sukut saqlovchi oliy guvoh») mos keladi, u Prakriti («moddiy tabiat») harakatlarini kuzatadi. Ruh ongi gunalar («tabiat sifatlari») taʼsiriga berilgan va ular bilan bog‘langan holda o‘zini moddiy tana bilan adashtirib, aynanlashtirishga moyildir.

Buddizmda

Hozirda ayrim tadqiqotchilar va buddizm arboblari (jumladan, XIV Dalay Lama) buddizmni «ong haqidagi fan» deb taʼriflaydilar.

Buddizmning mashhur Dharma g‘ildiragining uch burilishi haqidagi taʼlimotiga ko‘ra, uchinchi burilish vaqtida Budda «faqat ong» haqidagi taʼlimotni targ‘ib qilgan, unga ko‘ra, «barcha uch olam faqat ongdan iborat». «Eng chuqur sir tugunini yechish sutrasi» eng to‘liq va yakuniy deb tavsiflaydigan bu burilish Yogachara maktabining taʼlimoti bilan bog‘liq.

Baʼzan Buddaning ong maktabi deb dzen maktabi ataladi; mashhur chan ustozi Szunmi chan maktabini «mushohada maktabi» (chanszun) va «ong maktabi» (sinszun) deb atagan. Dzen maktabi asoschisi Bodhidharma dzenni «anʼana va muqaddas matnlarni chetlab o‘tib, uyg‘ongan ongga bevosita o‘tish» deb taʼriflagan.

Ong (sanskritcha: vidjnyana) buddizmda umumiy sezish va tanib olish qobiliyati, shuningdek, tashqi va ichki qo‘zg‘atuvchilarga tanlab javob berishdan iborat torroq funksional qobiliyat bilan aynanlashtiriladi. Shu munosabat bilan olti vidjnyana ajratiladi: ko‘rish, eshitish, teginish, hid bilish, taʼm bilish va aqliy vidjnyana. Ong turli sabab-oqibat majmualari tarkibiga kiradi: u besh skandhadan biri (individning sababiy omillari) va o‘zaro bog‘liq vujudga kelishning 12 bo‘g‘inli zanjiridagi bo‘g‘indir (nidana).

Buddizm taʼlimotiga ko‘ra, ong substansiya emas, u o‘zgarmas, yagona va mustaqil holda mavjud bo‘lmaydi, balki bir lahzalik psixik holatlar (dharmalar) oqimidan (santana) iborat. Buddaning so‘zlariga ko‘ra, ong «bir narsa sifatida boshlanadi, boshqa narsa sifatida tugaydi»; yaʼni u beqaror va turli vaqtlarda o‘z-o‘ziga aynan mos emas. Buddizm taʼlimotining 12 bo‘g‘inli modeli — «shartlarning birgalikda vujudga kelishi» (pratitya samutpada)ga ko‘ra, ongning paydo bo‘lishi «shakllantiruvchi omillar» (sanskara) — xatti-harakatlar (karma) qoldiradigan izlar, taassurotlar, yashirin moyilliklar bilan shartlangan. Demak, buddizm nuqtayi nazaridan ong o‘tmishdagi karmaning natijasidir. Shuningdek, ong o‘zining ikki asosi (ayatana) — sezgi organi (indriya) va sezgi obyekti (alambana) tomonidan bir vaqtning o‘zida shartlanish natijasidir. Indriya — sezgi organining sezish qobiliyati; insonda bunday organlar 6 ta: ko‘z, quloq, tana, burun, til, aql (manas); olti sezgi organiga idrok qilinadigan obyektlarning olti turi mos keladi: ko‘rinadigan, eshitiladigan, tegib seziladigan, hidi bilinadigan, taʼmi bilinadigan, fikrlanadigan narsalar (jami: 12 ayatana). O‘zaro bog‘liq vujudga kelishning 12 bo‘g‘inli modeliga ko‘ra, olti sezgi organi (nama-rupa) va ularning olti sezish qobiliyati (shad-ayatana) mavjudligi ham «shakllantiruvchi omillar» (sanskara)ga bog‘liq; yaʼni o‘tmishdagi karmaning natijasidir.

Madaniy-tarixiy psixologiyada ong haqidagi tasavvurlar

Emergent konsepsiya evolyutsion konsepsiyalarda nazarda tutiladi va rivojlantiriladi. Ular qatoriga haqli ravishda klassikaga aylangan L. S. Vigotskiy va A. R. Luriya g‘oyalari kiradi. Ular oliy psixik funksiyalarning (jumladan, belgilash, anglash, ixtiyoriy harakat qilish qobiliyatlarining) ham filogenezda, ham ontogenezda bosqichma-bosqich rivojlanishini taʼkidlaganlar. Shu yo‘nalishda rivojlantirilgan madaniy-tarixiy nazariyada ikkita eng muhim jihat mavjud edi: ong funksiyalari va qobiliyatlarining belgilar (nutq, til) orqali amalga oshishi hamda muayyan (tarixan belgilangan) madaniy tajriba uzatiladigan zaruriy ijtimoiy, kommunikativ o‘zaro taʼsir jarayonida ongning shakllanishi. Belgilar maxsus vositalar sifatida dastlab boshqa insonlarning xatti-harakatlarini o‘zgartirishga, shundan keyingina o‘z xatti-harakatini boshqarishga yo‘naltiriladi. Shunday qilib, ong qobiliyatlari (L. S. Vigotskiy terminologiyasida «oliy psixologik funksiyalar») rivojlanishi asosida interiorizatsiya (ichkilashtirish) jarayonlari yotadi. Ijtimoiy ravishda o‘zlashtirilgan belgilar tufayli ongda «tajribaning ikkilanishi» yuz beradi. So‘z diqqatni ixtiyoriy yo‘naltirish, xossalarni mavhumlashtirish va ularni maʼnoga birlashtirish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi; u tasavvurda o‘z psixologik operatsiyalarini ixtiyoriy nazorat qilishning, «tajribani ikkilantirishning» vositasiga aylanadi. Bu g‘oyalar psixika va ong rivojlanishining bir nechta nazariyalari (xususan, A. N. Leontyev, M. Tomasello nazariyalari) va psixolingvistika uchun asos bo‘ldi.

Ongning zamonaviy konsepsiyalari

Vigotskiy g‘oyalariga yaqin bo‘lgan Rendall Kollinz konsepsiyasiga ko‘ra, individning psixikasi va ongi boshqa insonlar bilan ritual o‘zaro taʼsirlari zanjirlarining qatlamlanishidan hosil bo‘ladi. Aslida bu yerda o‘sha interiorizatsiya haqida gap ketmoqda.

Jerri Fodor Vigotskiy anʼanasidan mustaqil ravishda (Fodor o‘z kitobida Vigotskiyni tilga oladi, biroq uning asarlariga havola bermaydi) ongning modulliligi konsepsiyasini rivojlantirdi. Bunda ong ko‘plab parallel va funksional jihatdan nisbatan mustaqil jarayonlar mozaikasi sifatida tushuniladi. B. M. Velichkovskiy ushbu yondashuvni davom ettirib, ongni turli vaziyatlarda ishlatish uchun qulay universal vosita — Shveysariya pichog‘iga qiyosladi.

Stiven Horst o‘zining kognitiv plyuralizm konsepsiyasida shunga o‘xshash g‘oyalarni rivojlantiradi. Inson ongi bitta emas, balki ko‘plab reprezentativ tizimlardan foydalanadi, ularning har biri muayyan alohida muammo yoki muammolar guruhini hal etishga moslashgan. Horst ko‘plab mental modellar haqida yozadi: ular olamning turli qismlari haqidagi tasavvurlarga javob beradi va neyron tarmoqlarining muayyan qismlari bilan bog‘liq. Horst o‘z konsepsiyasini evolyutsion yondashuv bilan muvofiqlashtiradi: ongning alohida modullari (turli qobiliyat va funksiyalar) aynan evolyutsiya jarayonida asta-sekin shakllangan, chunki barcha muammolarni hal qilish uchun yagona universal tizimning birdaniga shakllanishi mumkin emas.

Ong tabiatiga oid har qanday tadqiqotda tilni, madaniy tajribaning uzatilishi bilan bog‘liq ijtimoiylikni hisobga olish zarurati «ongning murakkab muammosi» va kvalia (qualia) muammosi kabi qizg‘in muhokama qilingan mavzularda siljishning sustligi, amalda olg‘a siljish yo‘qligida yaqqol ko‘rinadi. Ularda odatda bitta ong, bitta individ, bitta miya haqida mulohaza yuritiladi. Zamonaviy kognitiv fanlarda madaniy-tarixiy nazariyaga borib taqaluvchi quyidagi tasavvurlar tobora ustunlik qilmoqda: til, ong, aql individlarga emas, balki guruhlar, tarmoqlar, hamjamiyatlarga tegishli; ularni faqat filogenez va ontogenezda paydo bo‘lishi va rivojlanishini hisobga olgan holda tushunish mumkin (M. Tomasello va R. Kollinz bilan bir qatorda, S. Fuks, D. Dor, Kr. Nayt, J. Zlatev va boshqalar ham). Bu g‘oyalarni N. S. Rozov o‘zining til va ongning kelib chiqishi konsepsiyasida rivojlantiradi.

Hayvonlarda (jumladan, inson, shimpanze, bonobo, gorillalarning umumiy ajdodlarida) mavjud vaziyatni idrok etish va «shu yerda va hozir» sodir bo‘layotgan voqealarga diqqat qaratish maydonini ongoldi holati — ehtimoliy evolyutsiya uchun dastlabki asos sifatida ko‘rib chiqish lozim). Hayvonlarda diqqat maydoni va subyektiv hissiy mazmunlar (kvalia): ko‘rish, eshitish, ayniqsa hid bilishga oid mazmunlar mavjudligiga ham shubha yo‘q. To‘laqonli inson ongiga o‘tish ko‘plab kognitiv va nutqiy qobiliyatlarning, ularga moyilliklarning uzoq davom etgan evolyutsion to‘planishi sifatida tasavvur qilinadi (Derek Bikerton, Merlin Donald). Tug‘ma layoqatlar har bir bolada doimo o‘zaro bog‘liq bo‘lgan til va ongni egallashni «o‘stirish» imkonini beradi. Ontogenezda tegishli qobiliyatlar interiorizatsiya (Vigotskiy bo‘yicha) va interaktiv rituallar (Kollinz bo‘yicha) mexanizmlari orqali egallanadi. Bu belgilar va ular orqali uzatiladigan madaniy namunalar vositasida amalga oshadigan ijtimoiy o‘zaro taʼsirlarda yuz beradi. Filogenezda (kognitiv evolyutsiya va tilning dastlabki evolyutsiyasida) qobiliyatlar rivoji tovushlarni o‘zgartirib aytish va ularning maʼnosini topish rituallari orqali o‘zaro tushunmovchilikni bartaraf etishga qaratilgan kundalik urinishlar hamda ko‘p darajali tanlanish mexanizmlari tufayli yuz bergan. Kundalik muloqot darajasida nutq shakllari tanlangan, shuningdek, individual tanlanish, jinsiy tanlanish va guruhlararo tanlanish ham amal qilgan. Evolyutsiyaning har bir bosqichida yangilanib borayotgan texnotabiiy nishalar va ijtimoiy tartiblar bilan bog‘liq maxsus tashvishlar harakatlantiruvchi kuch bo‘lgan. Iqlimning keskin o‘zgarishlari, jumladan, Sharqiy va Janubiy Afrikada, ayniqsa 250 ming yil avvaldan boshlab, ko‘payish va populyatsiyalar qisqarishi to‘lqinlariga, texnologiyalar, kommunikativ ko‘nikmalar va genlar almashgan guruhlarning tez-tez to‘qnashuviga olib kelgan. Ko‘plab gominidlar guruhlari, populyatsiyalari va turlari sharoit yomonlashuviga bardosh bera olmay va/yoki raqobatda yutqazib nobud bo‘lgan. Faqat bitta tur — Homo sapiens omon qolib, deyarli barcha qitʼalarga tarqalgan. Barcha xalqlar vakillarining ham to‘laqonli tillarga, ham ong qobiliyatlariga egaligi bejiz emas.

Ushbu nuqtayi nazardan o‘zini anglash birligi va «subyektiv voqelik» maydonining yaxlitligi ortida (I. Kant, K. Popper yoki J. Serl bo‘yicha) qobiliyatlarning murakkab qatlamlanishi yotadi. Ong elementlari diqqatni ixtiyoriy ko‘chirish va ularning istalgan biriga qaratish qobiliyatimiz tufayli, odatda tilga oid ramzlashtirish yordamida, teng ahamiyatli bo‘lib ko‘rinadi. Ichki nutq va fikrlashga oid yo‘nalganliklar bilan taʼminlanadigan diqqat markazini boshqarish qobiliyati inson ongini hayvonlarning diqqat maydonidan farqlovchi asosiy xususiyatdir; u hayvonlarning quyidagi tafakkur turidan ham farq qiladi: «amaliy tafakkur».

Antropogenezda egallangan ong xususiyatlarining ketma-ketligi mavjud vaziyatda qabiladoshlarning guruh tomonidan maʼqullanadigan yoki maʼqullanmaydigan, hissiy jihatdan muhim harakatlariga diqqatni birgalikda qaratish qobiliyatidan boshlanib, predmetlar (jumladan, xayoliy va mavhum predmetlar) o‘rtasida diqqatni oson va tez ko‘chirish, ularni o‘zlashtirilgan turli assotsiativ, predmetga oid, fazoviy, mifologik, magik, mantiqiy yoki boshqa sxemalar orqali o‘zaro bog‘lash qobiliyatlarigacha davom etadi (D. Dor, K. Sterelni). Yuqoridagi evolyutsion, ijtimoiy, tilga oid va madaniy jihatlarni hisobga olgan holda, tahliliy ravishda ajratilgan individual ong hissiy va maʼnoviy tasavvurlar maydoni sifatida taʼriflanadi. Uning xossalari diqqat markazini bir predmetdan boshqasiga ko‘chirish, boshqa joy va vaqtlarda sodir bo‘layotgan voqealarni hisobga olish, bu makonda yo‘l topish, maʼnoviy kontekstlar bo‘ylab harakatlanish, ilgari to‘plangan tasavvurlardan sodir bo‘layotganlarni tanish va o‘ylab ko‘rish, qarorlar qabul qilish va tegishli xatti-harakatlar uchun foydalanish qobiliyatlari bilan belgilanadi. Ongning bunday tushunilishi madaniy evolyutsiyada (ayniqsa falsafa, psixologiya, kognitiv fanlar rivojlanishida) refleksiya va o‘zini tahlil qilish bilan bog‘liq yangi qobiliyatlarning ustma-ust shakllanishini istisno etmaydi. Bundan tashqari, ayrim individlarning ongi ajoyib qobiliyatlar (intuitsiya, empatiya, shaxmatni mahorat bilan o‘ynash, tez og‘zaki hisoblash, sanʼat buyumlari yoki vino navlarini mutaxassis sifatida nozik farqlash, «superintuitsiya» va hokazolar) bilan tavsiflanadi. Bu qobiliyatlar universal emas, ular ham tug‘ma layoqatlarga, ham o‘rganishga bog‘liq (qarang: Isteʼdod, Ko‘p turdagi intellekt nazariyasi).

Adabiyotlar

Havolalar