Muzliklarning erishi

Muzliklarning chekinishi (zamonaviy deglatsiatsiya) — muzliklarning erishi va yemirilishi hodisasi bo‘lib, u XIX asrning o‘rtalaridan boshlab o‘rganib kelinadi. Butun dunyo bo‘ylab muzliklar maydonining qisqarishi chuchuk suvning barqaror manbalari mavjudligiga, tog‘ ekotizimlarining saqlanishiga, insonlarning atrofdagi hududlardan foydalanishiga hamda uzoq muddatda okeanlardagi suv sathiga ta’sir qiladi. Hozirgi deglatsiatsiya glatsiologiyaning eng dolzarb masalalaridan biridir.

Tavsif

Muzliklar qoplamining eng sezilarli qisqarishi tog‘ tizmalarida, mo‘tadil va tropik kengliklarda kuzatiladi. Jumladan, Tyanshan, Himolay, Alp tog‘lari, Qoyali tog‘lar. Subekvatorial va ekvatorial kengliklardagi cho‘qqilar muzliklari, jumladan, Kilimanjaro vulqoni, Ruvenzori tog‘lari, Keniya tog‘i, Jaya cho‘qqisi, shuningdek, And tog‘larining shimoliy qismi — Syerra-Nevada-de-Merida, Syerra-Nevada-de-Santa-Marta, de-Kukuy hamda Meksika, Kolumbiya va Ekvadordagi ko‘plab vulqonlarning muzliklari so‘nggi o‘n yilliklarini boshdan kechirmoqda. Muzliklarning chekinishi ko‘pincha hozirgi va o‘tmishdagi havo tarkibi hamda harorati haqida bilvosita ma’lumot olish uchun qo‘llaniladi. Biroq muzlik tillarining harakati har doim ham muzlik holatining asosiy ko‘rsatkichi — massa balansini aks ettirmaydi.

Tarix

Tarixdagi kichik muzlik davri davomida, taxminan 1550-yildan 1850-yilgacha dunyo bo‘yicha o‘rtacha havo harorati hozirgidan biroz past bo‘lgan. XIX asrning o‘rtalaridan keyin sayyoramizdagi ko‘plab muzliklarning massa balansi manfiy qiymatga o‘tgan. Bu muzliklar maydoni va massasining kamayishida, asosan muzlik tillari qismida ablatsiya (muzlik massasining yo‘qolishi) kuchaygani sababli namoyon bo‘lgan. 1950 va 1990-yillar oralig‘idagi qisqa barqarorlashuv davrida bu chekinish sekinlashgan yoki hatto to‘xtagan (masalan, Avliyo Ilya tog‘laridagi ko‘plab muzliklar va Patagoniya, Skandinaviya hududlarining muz qoplamlari hozirgacha ijobiy massa balansiga ega bo‘lib, ularning tillari oldinga siljimoqda va muz to‘planish hududlari qalinlashmoqda).

Баланс горных ледников с 1970 г.
1970-yildan buyon tog‘ muzliklarining massa balansi

1980-yillardan boshlab sezilarli global isish butun dunyo bo‘ylab muzliklarning yana ham jadalroq erishiga olib keldi. Natijada ularning ko‘pchiligi allaqachon yo‘q bo‘lib ketdi, yana ko‘plab muzliklarning mavjudligi esa jiddiy xavf ostida qoldi. And va Himolay kabi ayrim hududlarda muzliklarning yo‘qolishi mahalliy aholi hamda ekotizimlarning chuchuk suv bilan ta’minlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqib chiqadigan va shelf muzliklarining hozirgi davrda, xususan, Antarktidada, Kanada Arktikasida, Grenlandiyada kuzatilayotgan yemirilishi mexanik ablatsiya ta’sirida jadallashib, okean sathining ko‘tarilishiga olib kelmoqda (yiliga 3,2 mm — 1990-yillardan buyon; yoki antropogen faoliyatning turli ssenariylariga qarab 0,4 metrdan 3 metrgacha — XXI asr oxiriga qadar). Bu esa butun dunyodagi qirg‘oqbo‘yi hududlari uchun salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi.

Muzliklarning hozirgi, asosan, manfiy massa balansi o‘rtacha yillik havo haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Bu ko‘tarilish ko‘p jihatdan ayrim tabiiy sikllar, jumladan, Milankovich sikllari va quyosh sikllari hamda, ehtimol, inson faoliyati ta’sirida yuz bermoqda.

Geologik tarixda to‘rtlamchi davr mobaynida zamonaviy deglatsiatsiyaga o‘xshash ko‘plab hodisalar ro‘y bergan.

Havolalar