Molekulalararo ta’sir turlari

Molekulalararo ta’sir turlari

Molekulalar o'rtasida o'zaro oriyentatsion, induksion, dispersion va donor-akseptor ta’sir bo'lishi mumkin.

Dispersion ta’sir

Ma’lumki, vodorod, azot, xlor va inert gazlar ma’lum temperaturada gaz holatidan suyuq holatga o'tadi. Buning sababini tushuntirish uchun London “o'zaro ta’sirlashayotgan molekulalar orasida dispersion kuchlar paydo bo'ladi” degan tushunchani kiritdi. Bu kuchlar har qanday atom va molekulalar o'rtasida yuzaga keladi va ularning tuzilishiga bog'liq emas.

Bu kuchlarning paydo bo'Iishiga sabab: molekulalar musbat va manfiy zaryadlangan zarrachalardan tashkil topganligi tufayli juda qisqa vaqt yashab turuvchi “dipol” hosil bo'ladi. Ana shu dipollarning kelishilgan bir vaqtda sodir qiladigan o'zaro ta’sir turi — dispersion ta’sir deyiladi.

Oriyentatsion ta’sir

Bu ta’sir qutblangan molekulalar o'rtasida ro'y beradi. Issiqlik harakati tufayli tartibsiz joylashib qolgan qutbli zarrachalar qarama-qarshi zaryadli tomonlari bilan bir-birlariga tortilib, bir xil zaryadli tomonlari bilan o'zaro itarishadilar. Bu ta’sir “oriyentatsion ta’sir” deyiladi. Molekula qanchalik qutbli bo'lsa, oriyentatsion ta’sir shunchalik kuchli bo'ladi. Temperatura qancha yuqori bo'lsa, oriyentatsion ta’sir shunchalik kuchsizlashadi va aksincha.

Induksion ta’sir

Bu ta’sir induksirlangan dipol momentli zarrachalar o'rtasida sodir bo'ladi. Ya’ni qutbsiz va qutbli molekulalar ta’sirlashib, qutbli molekula qutbsiz molekulani qutblantiradi. Bu yangi qutbli molekula doimiy qutbli molekula bilan o'zaro ta’sirlashib bir-biriga tortiladi. Bu kuch ta’sirida qutbsiz molekula induksiyalangan dipol momentiga ega bo'lib qoladi. Bu kuch temperaturaga deyarli bog'liq bo'lmasdan, qutbli molekulaning dipol momentiga va qutbsiz molekulaning qutblanuvchanligiga bog'liq bo'ladi.

Atomlarda elektron almashinuvisiz yuzaga keladigan molekulalararo ta’sir kuchlari Van-der-Vaals kuchlari deyiladi. Yuqoridagi barcha ta’sirlar ana shu kuchlar qatoriga kiradi. Kovalent bog'lanishga nisbatan Van-der-Vaals ta’sir kuchsizdir. Masalan, Cl2 ning dissotsilanishi uchun 243 kJ/mol energiya zarur bo'lsa, siqilgan gazdan hosil bo'lgan Cl2 kristallarining sublimatsiyasi uchun 24 kJ/mol energiya kerak, xolos.