

Kristallanish (yunoncha κρύσταλλος so‘zidan; dastlab «muz», keyinchalik «tog‘ billuri», «kristall» ma’nolarida) — kristallarning gazlardan, eritmalardan, suyuqlanmalardan yoki shishalardan hosil bo‘lish jarayonidir. Kristallanish deb boshqa tuzilishdagi kristallardan muayyan tuzilishli kristallar hosil bo‘lishiga (polimorf o‘zgarishlar) yoki moddaning suyuq holatdan qattiq kristall holatga o‘tishiga ham aytiladi. Kristallanish natijasida minerallar va muz, tish emali hamda tirik organizmlarning suyaklari hosil bo‘ladi. Ko‘p sonli mayda kristallarning bir vaqtning o‘zida o‘sishi (ommaviy kristallanish) metallurgiyada va sanoatning boshqa tarmoqlarida qo‘llanadi. Kimyo sanoatida kristallanish moddalarni sof holda olish uchun qo‘llanadi.
- Kristallanish jarayoni suyuqlik ma’lum haroratgacha sovitilgandan keyingina boshlanadi.
- Kristallanish davomida harorat o‘zgarmaydi.
- Kristallanish harorati erish haroratiga teng.
Kristallar hosil bo‘lganda fazaviy o‘tish sodir bo‘ladi, ya’ni modda bir termodinamik fazadan boshqasiga o‘tadi. Gazlar, eritmalar, suyuqlanmalar yoki shishalardan kristallarning hosil bo‘lishi birinchi tur fazaviy o‘tish hisoblanadi, polimorf o‘zgarishlarda esa kristallanish ikkinchi tur fazaviy o‘tish bo‘lishi mumkin.
Kristallanish ma’lum chegaraviy sharoit, masalan, suyuqlikning o‘ta sovishi yoki bug‘ning o‘ta to‘yinishi yuz berganda boshlanadi. Bunda deyarli bir zumda ko‘plab mayda kristallchalar — kristallanish markazlari paydo bo‘ladi. Kristallchalar suyuqlik yoki bug‘dan atomlarni yoki molekulalarni biriktirib o‘sadi. Kristall qirralari qatlamma-qatlam o‘sadi, o‘sish paytida tugallanmagan atom qatlamlarining chetlari (pog‘onalari) qirra bo‘ylab siljiydi. O‘sish tezligining kristallanish sharoitlariga bog‘liqligi kristallarning o‘sish shakllari xilma-xilligini keltirib chiqaradi (ko‘p qirrali, plastinkasimon, ignasimon, skeletsimon, dendritsimon va boshqa shakllar, qalamsimon tuzilmalar va hokazo). Kristallanish jarayonida turli nuqsonlar yuzaga kelishi muqarrar.
Kristallanish markazlari soni va kristallarning o‘sish tezligiga o‘ta sovish darajasi sezilarli ta’sir qiladi.
O‘ta sovish darajasi — suyuq metall haroratining uning kristall (qattiq) holatga o‘tish haroratidan qanchalik pastligini ifodalaydi. O‘ta sovish kristallanish jarayonidagi yashirin issiqlik energiyasini qoplash uchun zarur. Birlamchi kristallanish — metallarda (qotishmalarda va suyuqliklarda) suyuq holatdan qattiq holatga o‘tishda kristallar hosil bo‘lish jarayonidir.
Kristallarni sanoat miqyosida o‘stirish
Sanoatda monokristallar quyidagi usullar yordamida o‘stiriladi:
- Choxralskiy usuli — suyuq fazadagi metall yuzasiga tegib turadigan urug‘ kristall yordamida amalga oshiriladi. Metall atomlari urug‘ kristallga tegib, energiyasini yo‘qotadi va qotadi, natijada kristall o‘sadi.
- Bridjmen usuli — metall uchi o‘tkir tubli tigelga joylashtiriladi va pech orqali sekin o‘tkaziladi. Bu jarayonda kristall yadrolarining hosil bo‘lishi o‘tkir uchning tubidan boshlanadi, monokristallning o‘sishi esa kristallanish zonasida haroratning asta-sekin pasayishi bilan kechadi.
- Zonali suyuqlantirish usuli — suyuqlangan zona sterjenning bir uchidan ikkinchi uchiga siljiydi.
Adabiyotlar
- I. L. Knunyants tahriri ostida. Kristallanish // Kimyo ensiklopediyasi. — Sovet ensiklopediyasi. — M., 1988.