| Kalsiy sulfat | |
|---|---|
| | |
| | |
| Umumiy ma’lumotlar | |
| Sistematik nomi |
Kalsiy sulfat |
| An’anaviy nomlari | kalsiy sulfat, "angidrit", gips, alebastr, selenit |
| Kimyoviy formula | CaSO4 |
| Fizik xossalari | |
| Agregat holati | kristall |
| Molyar massa | 136,1406 g/mol |
| Zichlik | 2,96 g/sm³ |
| Termik xossalari | |
| Erish | |
| • harorati | 1450°C (qisman parchalanish bilan) |
| • Parchalanish harorati | 1560°C |
| Molyar issiqlik sig‘imi | 99.660 J/(mol·K) |
| Hosil bo‘lish | |
| • entalpiyasi | −1434,5 kJ/mol |
| Solishtirma erish issiqligi | 28 kJ/mol |
| Bug‘ bosimi | 0 Pa |
| Kimyoviy xossalari | |
| Eruvchanlik | |
| • suvda | 0,2036 g/100 ml suv |
| Tasnifi | |
| Ro‘yxat raqami CAS | 7778-18-9 |
| PubChem | 24497 |
| Ro‘yxat raqami EINECS | 231-900-3 |
| SMILES | |
| InChI | |
| Kodeks Alimentarius | E516 |
| RTECS | WS6920000 |
| ChEBI | 31346 |
| ChemSpider | 22905 |
| Xavfsizlik | |
| NFPA 704 | |
| Ma’lumotlar standart sharoitlar (25 °C, 100 kPa) uchun keltirilgan, agar boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa. | |
Kalsiy sulfat (CaSO4) — anorganik birikma, kalsiyli tuz, ya’ni sulfat kislotaning kalsiy tuzi.
Tabiatda digidrat CaSO4•2H2O (gips, selenit) va suvsiz holatda — angidrit.
Tabiiy gips ehtiyotkorlik bilan qizdirilganda, suvining bir qismini yo‘qotib, kuydirilgan gipsga (CaSO4•0,5H2O) yoki alebastrga aylanadi.

Fizik xossalari
Suvsiz kalsiy sulfat normal sharoitda rombik kristall panjarali rangsiz kristallardan iborat. Zichligi 2,96 g/sm³, erish harorati 1450 °C. Yuqori haroratlarda (1200 °C dan yuqori) barqaror kubik modifikatsiya yoki ikkita metastabil α- va β-geksagonal modifikatsiya ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Suv bilan juda sekin birikib, 1/2 yoki 2 molekula suvni 1 molekula sulfatga bog‘lovchi kristallogidratga aylanadi: CaSO4 · 0,5H2О va CaSO4 · 2H2О. Suvda oz eriydi. Harorat ko‘tarilganda eruvchanligi kamayadi: 20 °C da 0,2036 g/100 g suvni tashkil etsa, suvning qaynash haroratiga (100 °C) yaqinlashganda eruvchanlik 0,067 g sulfat/100 g suvgacha kamayadi. Tabiiy suvda erigan kalsiy sulfat suvning qattiqligini belgilovchi omillardan biridir.
Kalsiy sulfat digidratining fizik xossalari
Harorat oshirilganda, lekin 180 °C dan yuqori bo‘lmaganda, kalsiy sulfat digidrati suvining bir qismini yo‘qotib, yarimgidratga — alebastrga aylanadi. Undan keyinchalik bog‘lovchi modda sifatida foydalanish mumkin. 220 °C gacha yanada qizdirilganda gips barcha suvini yo‘qotib, suvsiz CaSO4 hosil qiladi; u faqat uzoq saqlanganda namlikni yutib, yarimgidratga aylanadi. Agar kuydirish 220 °C dan yuqori haroratda olib borilsa, suvsiz CaSO4 hosil bo‘ladi. Bu modda endi namlikni yutmaydi va suv bilan aralashtirilganda «qotmaydi» (uni ko‘pincha «o‘lik gips» deb atashadi). 900—1200 °C gacha yana qizdirilganda «gidravlik gips» olinadi; u sovitilgach suv bilan birikish xususiyatini qayta tiklaydi. Qisman suvsizlantirishning birinchi usuli sanoatda kalsiy sulfat yarimgidratini (kuydirilgan gips, alebastr) CaSO4 ∙ 0,5H2O olish uchun qo‘llanadi: digidrat taxminan 140 °C gacha qizdiriladi. Reaksiya tenglamasi: CaSO4 · 2H2О = CaSO4 · 0,5H2О + 1,5H2О.
Olinishi
- Sanoat miqyosida tabiiy minerallar tarkibidan qazib olinadi, masalan, gips, selenit yoki alebastr sifatida; shuningdek, sintetik yo‘l bilan — quyidagi moddalarni suyuqlantirish orqali ham olinadi: CaCl2 va K2SO4.
- Sulfat kislota ta’sirida kalsiy oksididan, gidroksididan, xlorididan, karbonatidan, oksalatidan yoki atsetatidan olinishi mumkin. Shuningdek, kalsiy sulfidi 700—800 °C gacha qizdirilganda oksidlanib, quyidagi reaksiya bo‘yicha kalsiy sulfat hosil qiladi: CaS + 2O2 = CaSO4.
- Suv ishtirokida magniy sulfat va kalsiy nitrat o‘zaro reaksiyaga kirishganda, magniy nitrat ajralib chiqishi bilan kalsiy sulfat olinishi mumkin.
Qo‘llanilishi
Alebastr qurilishda katta miqdorda ishlatiladi (undan quruq suvoq, to‘siq devorlar uchun plita va panellar, gips toshlari, me’moriy detallar va boshqalar tayyorlanadi). Gips mahsulotlari nisbatan past zichlikka, yonmaslik xususiyatiga va pastroq issiqlik o‘tkazuvchanligiga ega. Alebastrning suv bilan aralashtirilganda qotish xususiyati tibbiyotda ham, san’atda ham qo‘llanadi. «Gipsning bu xususiyatidan ortopediyada, travmatologiyada va jarrohlikda tananing ayrim qismlarini harakatsizlantiruvchi gipsli bog‘lamlar tayyorlashda keng foydalaniladi. Qotish jarayonida suv bilan aralashtirilgan gips hajmi biroz ortadi. Bu qolipning barcha nozik detallarini aniq aks ettirish imkonini beradi; shu bois undan haykaltaroshlar va me’morlar.» .
Suvsiz kalsiy sulfat gigroskopik xossalari tufayli namlikni yutuvchi modda sifatida ishlatiladi. Maxsus qo‘shimchalar yordamida uning shu vazifadagi xususiyatlari ham yaxshilanadi. Masalan, qurituvchi Drierite deb ataladigan, tarkibida kobalt xlorid qo‘shimchasi bo‘lgan suvsiz kalsiy sulfat dastlabki ko‘k rangini pushti rangga o‘zgartiradi. Bu qurituvchi moddaning foydalanish resursi tugaganini o‘z vaqtida aniqlashga imkon beradi.
Marganes yoki samariy bilan legirlangan sun’iy kalsiy sulfat kristallari termolyuminessent material sifatida ishlatiladi.
Pirotexnikada ham yorituvchi tarkiblarda oksidlovchi sifatida aluminiy yoki magniy bilan aralashmada ishlatiladi. Talablarga qarab, gips va aluminiyning nisbati 1:1~2 bo‘ladi. Kukun holatida ham, qotirilgan holatda ham qo‘llanadi.
Kalsiy sulfat koagulyant sifatida, masalan, tofu tayyorlashda ishlatilishi mumkin.
U oziq-ovqat sanoatida ro‘yxatdan o‘tgan oziq-ovqat qo‘shimchasi — emulgator E516.
CAS ro‘yxat raqami:
- suvsiz shakli 7778-18-9 ;
- yarimgidrat 10034-76-1 ;
- digidrat 10101-41-4 .
