Internet-banking nima

Onlayn-banking xavfsizligi uchun token qurilmasi

Internet-banking — masofaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish texnologiyalarining umumiy nomi, shuningdek, hisobvaraqlar va ular bo‘yicha operatsiyalardan istalgan vaqtda, internetga ulangan istalgan qurilmada foydalanish imkoniyatidir. Operatsiyalarni bajarishda brauzer ishlatiladi, ya’ni tizimning mijozga mo‘ljallangan dasturiy qismini alohida o‘rnatish talab etilmaydi.

Xususiyatlari

Internet-banking xizmati ko‘pincha bank–mijoz tizimida quyidagi texnologiya asosida ishlaydi: yengil mijoz (thin client).

Odatda internet-banking xizmatlariga quyidagilar kiradi:

  • hisobvaraqlar bo‘yicha ko‘chirmalarni olish;
  • bank mahsulotlari haqida ma’lumot berish (depozitlar, kreditlar, payli investitsiya fondlari (PIF) va hokazo);
  • depozit ochish, kredit va bank kartalarini olish va boshqa xizmatlar uchun ariza topshirish;
  • bank kartasiga ichki pul o‘tkazmalarini amalga oshirish;
  • boshqa banklardagi hisobvaraqlarga pul o‘tkazish;
  • mablag‘larni konvertatsiya qilish;
  • xizmatlarni boshqarish uchun shaxsiy kabinet.

Zamonaviy banklar brokerlik xizmatlarini rivojlantirishning yangi va istiqbolli yo‘nalishini o‘zlashtirmoqda: jismoniy shaxslarga xalqaro valyuta va fond bozorlarida operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini taqdim etmoqda (internet-treyding).

Ilmiy-texnik taraqqiyotning jadal rivojlanishi va yangi axborot texnologiyalari umumiy jozibadorlikni baholashga, jumladan, bankning jozibadorligiga beriladigan bahoga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Texnologik jarayonlarning rivojlanishi hujjatlarni qayta ishlash va kassa operatsiyalarini bajarishni tezlashtirish bilangina cheklanmay, mijozlar doirasini ham kengaytirish imkonini beradi. Internet mijoz bilan bank o‘rtasidagi aloqani tezkorlashtiradi, bu esa mijozning shaxsiy afzalliklari, tavakkalchilikka moyilligi hamda portfelini shakllantirish xususiyatlarini hisobga olgan holda unga individual xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi bank xizmatlarini ko‘rsatuvchilar bilan ulardan foydalanuvchilar o‘rtasidagi masofani sezilarli qisqartiradi, banklararo raqobatni kuchaytiradi va natijada bank xizmatlarining ham miqdoriy, ham sifat jihatdan rivojlanishiga ko‘maklashadi.

Internet-bankingning rivojlanish tarixi

Internet-banking tizimining tarixi o‘tgan asrning 80-yillarida AQSHda Home Banking tizimi yaratilgan davrdan boshlanadi. Bu tizim omonatchilarga telefon orqali bank kompyuteriga ulanib, o‘z hisobvaraqlarini tekshirish imkonini bergan. Keyinchalik internet va internet texnologiyalari rivojlanishi bilan banklar omonatchilarga hisobvaraqlari haqida internet orqali ma’lumot olish imkonini beruvchi tizimlarni joriy eta boshladi. Hisobvaraqlardan pul o‘tkazish xizmati ilk bor 1994-yilda AQSHda Stenford federal kredit uyushmasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan. 1995-yilda esa birinchi virtual bank — Security First Network Bank tashkil etilgan. Biroq salohiyatli mijozlarning kuchli ishonchsizligi sababli loyiha muvaffaqiyatsizlikka uchrab, uning asoschilarini hafsalasi pir qilgan. Onlayn-banking sohasida birinchi bo‘lib muvaffaqiyatga erishgan bank Bank of America. 2001-yilga kelib, u elektron banking xizmatini taqdim etuvchi banklar orasida ushbu xizmatdan foydalanuvchilar soni 2 mln nafardan oshgan birinchi bank bo‘ldi. O‘sha paytda bu raqam bankning barcha mijozlarining qariyb 20 % ini tashkil etgan. Xuddi shu 2001-yilning oktabrida Bank of America onlayn-banking orqali 3 mln pul o‘tkazmasini amalga oshirish ko‘rsatkichiga erishdi, ularning umumiy qiymati 1 mlrd AQSH dollaridan oshgan. Hozirgi vaqtda G‘arbiy Yevropa va Amerika mamlakatlarida katta yoshli aholining 50 % dan ortig‘i elektron banking xizmatlaridan foydalanadi, voyaga yetgan internet foydalanuvchilari orasida esa bu ko‘rsatkich 90 % ga yetadi.

Rossiyada internet-bankingning rivojlanish tarixi

  • 1997-yil. Guta-bank «Telebank» xizmatini ishga tushirdi. Bu xizmat bank mijozlariga telefon tugmalarida raqamli buyruqlarni ohangli terish orqali o‘z hisobvaraqlarini masofadan boshqarish imkonini berdi.
  • 1998-yil. Avtobank Rossiyada hisobvaraqlarni onlayn boshqarishga mo‘ljallangan birinchi internet-bankni ishga tushirdi.
  • 1999-yil. Guta-bank avvalgi shu nomdagi telefon xizmati o‘rniga «Telebank» internet-bankini ishga tushirdi.
  • 2000-yil. Alfa-Bank veb-saytida bank kartalariga buyurtma berish funksiyasi paydo bo‘ldi.
  • 2001-yil. 2001-yilning iyulida Guta-bankning «Telebank» xizmati foydalanuvchilari soni 4 ming kishiga yetdi.
  • 2001-yil. 3-chorak (2001-yil) holatiga ko‘ra, 96 ta kredit tashkiloti internet orqali bank xizmatlarini ko‘rsatgan, ulardan 56 tasi Moskvada joylashgan edi. Jismoniy shaxslarga 36 ta bank xizmat ko‘rsatgan, shulardan 22 tasi Moskvada bo‘lgan. Rossiyadagi yana 100 dan ortiq kredit tashkiloti so‘rovnomalarda 2002-yilning o‘rtalarigacha internet-banking xizmatlarini joriy etish niyatini bildirgan.
  • 2002-yil. 2002-yilning noyabrida Sitibank jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Mijozlarga shu zahotiyoq Citibank Online internet-bank xizmati taqdim etildi.
  • 2002-yil. 2002-yilning dekabrida Promsvyazbankning jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan PSB Online internet-bank xizmati foydalanuvchilarga taqdim etildi.
  • 2003-yil. 2003-yilning mayida Alfa-Bank mijozlarining plastik kartalari bilan ishlash uchun internet-bank xizmati ishga tushirilganini e’lon qildi.
  • 2005-yil. Rossiya banklaridagi jismoniy shaxs mijozlarning 5-10 % i internet-banking xizmatlaridan foydalangan.
  • 2006-yil. Alfa-Bank jismoniy shaxslar uchun «Alfa-Klik» internet-bankini ishga tushirdi.
  • 2007-yil. 2007-yilning fevralida «Russkiy Standart» banki jismoniy shaxslar uchun internet-bank xizmati ishga tushirilishini e’lon qildi.
  • 2008-yil. 2008-yilning fevralida Rayffayzenbankning Raffeisen Connect internet-banki foydalanuvchilari soni 200 ming kishiga yetdi.
  • 2008-yil. 2008-yilning aprelida Rossiya Sberbanki omonat daftarchalari bilan ishlashga mo‘ljallangan «Elektronnaya Sberkassa» internet-bankini ishga tushirganini e’lon qildi.
  • 2009-yil. 2009-yilning aprelida Rossiya Sberbanki jismoniy shaxslar uchun internet-bank xizmatini yangiladi va uni «Sberbank Onlayn» deb qayta nomladi. Yangilangan xizmat foydalanuvchilarga shaxsiy kabinet orqali bank hisobvaraqlari va kartalarini boshqarish imkonini berdi.
  • 2009-yil. 2009-yil boshida VTB24 bankining «Telebank» xizmati foydalanuvchilari soni 200 ming kishi edi. 2009-yilning oktabrida VTB24 bankining «Telebank» xizmati foydalanuvchilari soni 400 ming kishiga yetdi.
  • 2010-yil. Masofaviy bank xizmatlariga ixtisoslashgan «TKS Bank» internet orqali kredit kartalari va depozitlar bo‘yicha mijozlarni jalb etish dasturini ishga tushirdi.
  • 2010-yil. 2010-yilning iyunida Sberbank «Sberbank Biznes Onlayn» xizmatini ishga tushirdi.
  • 2010-yil. 2010-yilning iyulida Alfa-Bank «Alfa-Klik» internet-banki foydalanuvchilari soni bir milliondan oshganini e’lon qildi.
  • 2013-yil. Rossiyada internet-banking foydalanuvchilari soni 15 milliondan oshdi.
  • 2018-yil. «Sberbank Onlayn» «Innovatsiyalar davri» mukofoti g‘olibi bo‘ldi.

Internet-banking xavfsizligi

Internet-banking xavfsizligining muhim jihatlaridan biri tranzaksiyalarni bir martalik parollar yordamida tasdiqlashdir (bunda tarmoq trafigini qo‘lga kiritgan hujumchi mablag‘larga kirish imkonini qo‘lga kirita olmaydi). Nazariy jihatdan serverni soxta server bilan almashtirish ehtimoli saqlanib qolsa-da, bunday firibgarlikni amalga oshirish ancha murakkab (ayniqsa, uchinchi tomon imzolagan sertifikatga ega SSL ulanishidan foydalanilganda).