| Hugging Face | |
|---|---|
| | |
| Turi | biznes va virtual hamjamiyat |
| Tashkil etilgan sana | 2016 |
| Asoschilari | Kleman Delang, Jyulyen Shomon, Tomas Volf |
| Joylashuvi | Nyu-York, AQSh |
| Mahsulotlari | Hugging Face HubVikimaʼlumot |
| Aylanmasi |
|
| Xodimlar soni |
|
| Veb-sayti | huggingface.co |
Hugging Face, Inc. — amerikalik kompaniya bo‘lib, mashinaviy o‘rganish yordamida ilovalar yaratish vositalarini ishlab chiqadi. U, ayniqsa, o‘zining dasturiy kutubxonasi — Transformers bilan mashhur. Bu kutubxona ilovalarda amalga oshiriladigan tabiiy tilni qayta ishlash uchun ishlab chiqilgan. Kompaniyaning platformasi esa foydalanuvchilarga mashinaviy o‘rganish modellari va ma’lumotlar to‘plamlarini o‘zaro almashish imkonini beradi.
Tarixi
2016-yilda Kleman Delang, Jyulyen Shomon va Tomas Volf tomonidan dastlab o‘smirlar uchun mo‘ljallangan chat-bot ilovasini ishlab chiqadigan kompaniya sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik chat-bot modelining manba kodi ochiq e’lon qilingach, kompaniya mashinaviy o‘rganishni keng omma uchun ochiq qilishga qaratilgan platformaga aylanishga e’tibor berdi.
2021-yil mart oyida Hugging Face B seriyasidagi moliyalashtirish bosqichida 40 million AQSh dollari miqdorida sarmoya jalb qildi.
2021-yil 28-aprelda kompaniya boshqa bir necha tadqiqot guruhi bilan hamkorlikda BigScience seminarini boshladi. 2022-yilda seminar 176 milliard parametrga ega ko‘p tilli BLOOM modeli e’lon qilinishi bilan yakunlandi.
2021-yil 21-dekabrda kompaniya Gradio nomli dasturiy kutubxonani sotib olganini e’lon qildi. Mazkur kutubxona mashinaviy o‘rganish modellarining interaktiv namoyishlarini brauzerda yaratish uchun ishlatiladi.
2022-yil 5-mayda kompaniya Coatue va Sequoia boshchiligida C seriyasidagi moliyalashtirish bosqichini e’lon qildi. Kompaniyaning qiymati 2 milliard AQSh dollariga baholandi.
2022-yil 26-mayda kompaniya o‘zining Transformers kutubxonasini Graphcore IPU uchun optimallashtirish maqsadida Graphcore bilan hamkorlik boshlaganini e’lon qildi.
2022-yil 3-avgustda kompaniya ommaviy Hugging Face Hub platformasining korporativ versiyasi — Private Hub’ni taqdim etdi. U SaaS modeli asosida yoki mahalliy infratuzilmada ishga tushirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
2026-yil sentabrida Nvidia kompaniyasi Hugging Face platformasini $12,93 milliardga sotib olishini e’lon qildi.